Asosiy mavzular
2 aprel 2021

RTdan va'z: Arslon lavozimidagi eshak haqida

Nodonlar to‘rga chiqdi,

Zamonaga hayronman.

Oqilni go‘rga tiqdi,

Mashrabdayin giryonman.

Itbaliq dengizdadir,

Mudom ishin beshlaydi.

Kit hovuzga tashlangan,

Kit hovuzda yashaydi.

(Yusuf Juma)

Eh davr, eh davron!

Oyoqlar bosh, boshlar esa oyoq bo‘ldi.

Olomon esa quturgan itday o‘zini har yonga urayotgan payt.

Mening yoshligim Amudaryo bo‘ylarida baliqchilar orasida o‘tdi.

Daryodagi qayiqlar orasidagi suv ataylab loylatilar va bosma bilan baliq ovlanardi.

Bosma – ikki tarafi ham ochiq bochka.

Suv loylanganida talmovsiragan laqqalar tutilardi.

Yillar o‘tib, ko‘p mamlakatlarni kezib, Shvetsiyadan qo‘nim topdim.

Shvetsiya juda ko‘p o‘zbek dindorlariga, xususan, Obid qori Nazarovga siyosiy boshpana berdi.

Ayni paytda Shvetsiyada boshqa inonch mansublari, hech narsaga inonmaydigan agnostlar va geylarga ham Obid qori Nazarovga berilgani kabi teng haq huquqlar ato qilingan.

Hech kim chiqib, yapon multfilmi yoki koreys pop musiqasi eshitganlarni yoqasidan ushlab do‘pposlamaydi.

Mamlakatda turli odamlar yashashi hech kimning, xususan, Obid qori Nazarovning taqvosiga ziyon yetkazgani yo‘q.

Balkim kit hovuzda, fil sichqon kavagida yashay olmas, ammo musulmonlar Shvetsiyada bemalol yashamoqda.

Xabarlardan keyin suhbatni davom ettiraman.

Bermud uchburchagi

O‘zbekistonda ilk mustaqil profsoyuz, ya'ni kasaba ittifoqi qurgan sardobalik Roza Agaydarova lavozimidan chetlashtirilib, o‘rniga Adolat degan xotinni qo‘yishdi. O‘zbekiston – tashabbuslar izsiz yo‘qoladigan Bermud uchburchagi.

+++

Xidirnazar domlaning partiyasi talonga uchradi. Bir shallaqi xotin bilan taviya erkak kelib imzo yig‘ayotganlarga tashlandi. Bu ikki talonchini Bobojonovning milisalari yollagan. O‘zbekiston maftunkorligi kundan kun oshib bormoqda.

+++

Prezident saylovida nomzodini qo‘yishini aytgan sobiq xonanda Jahongir Otajonovga Turkiyada noma'lum shaxslar tomonidan tahdid qilindi. 27 mart kuni Otajonovning Istanbuldagi ofisiga  kirib borgan uch shaxs o‘zlariga uni do‘pposlash uchun «pul taklif qilingani»ni aytishgan.

+++

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiev 30 mart kuni O‘sh viloyatining O‘zgan tumani aholisi bilan uchrashuvda “O‘zbekistonning 13 ming gektar yeri Qirg‘izistonga o‘tdi”, deb aytdi. Ammo negadir rasmiy Toshkent bu borada jim. O‘zbekistonning hududiy yaxlitligi masalasini kim elga bildirmay ko‘rpa tagida hal qildi? 13 ming gektar yerni kimdan so‘rab, kim va nega chet davlatga bervordi?

Hurmatli do‘stlar, qizishib ketib, nega yerni bervording, deb muhtaram prezidentni so‘kib qo‘ymangar. Bugundan boshlab O‘zbekiston prezidentini telekommunikatsiya tarmoqlari yoki Internetda haqoratlash yoki unga tuhmat qilish uch  yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Adliya vazirligining bildirishicha, mazkur me'yor Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarda belgilab qo‘yildi. Prezident bu moddani amalga tatbiq etuvchi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni 30 mart kuni imzolagan.

+++

BMTning O‘zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi Helena Freyzer 28 mart kuni Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida sodir etilgan tartibsizlikni qoraladi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham har qanday kishiga qarshi qaratilgan kamsitish va zo‘ravonlikning barcha shakllarni qoralaydi”, deyiladi Helena Freyzer bayonotida.

BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi huquq-tartibot organlarini 28 martda sodir etilgan voqeani xolis tergov qilishga chaqirgan.

Helena Freyzer ommaviy axborot vositalari, blogerlar va fuqarolik jamiyatini inson huquqlarini ta'minlash maqsadida zo‘ravonlikka qarshi hamkorlikda kurashishga chaqirgan.

Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida 28 mart kuni bir guruh yoshlar yapon animesi va koreys pop musiqasi muxlislarini LGBT faollari deb o‘ylab, ularni kaltaklagan edi. Ichki ishlar vazirligining bildirishicha, zo‘ravonlik qilganlardan 12 kishi qo‘lga olingan va ularga nisbatan “bezorilik” moddasi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Rasmdagi qiz yapon multiklarini sevgani uchun Toshkent markazida kaltaklandi. Buni o‘zbek xalqining katta yutug‘i deb o‘tirgan kaltakesaklar bor ekan.

AQSh grin-kardi yoki Shengen vizasini olgan o‘zbekning xursand bo‘lganini ko‘rganmisiz? Sal bo‘lmasa, siyvoradi. Ammo AQSh va Yevropa Ittifoqi, hatto Turkiyada ham odam jinsiy taaalluqligi uchun jazolanmaydi. Nega biz rivojlanib, palon mamlakatday bo‘lmaymiz, deyishadi? Enangnikida rivojlanasanmi? Kuppa-kunduz kuni yapon multfilmi ko‘rdi, koreys pop musiqasi tingladi, deya bir qiz bolani do‘pposlashdi.

Buni xalqimizning or-nomusi deb karillab yurgan pop gaponlar uyalsin. Kitob o‘qimagan, hatto pasportidagi o‘z ismini ham o‘qiy olmaydigan johil eshaksevarlar podasiga rafoq va taraqqiyot hayf. Ular tanazzul va zillatga mahkum.

Muxolifat nima degani? 

Yaqinda menga hayotidan zada bo‘lgan bir odam xat yozdi. U «Eltuz»ning doimiy tinglovchisi ekan.  «Boshqa davlatga ko’chib ketkim keladi, chunki jarimalar mamlakatiga aylanib qoldi O’zbekiston. Ishonasizmi, to’yib ketdim nohaqlikdan! Onamni, bolalarimni oylaymanda, bolmasam qaysidir amaldorning boshini olardim, bunday nohaqlikda yashagandan ko’ra turmada o’tirardim”, deya yozdi u. 

Men unga siyosat insonlar hayotida muhim ahamiyatga ega ekanini yozdim. Agar odamlar muxolifatni qo‘llab- quvvatlashdan qo‘rqishsa, u holda rivojlanish bo‘lmaydi. 

U: «Muholifat nima degani?» deb so‘radi. 

E'tirof etishim kerak, bu men uchun kutilmagan savol bo‘ldi, chunki «Eltuz»ning doimiy tinglovchilari mening demokratiya, siyosat va so‘z erkinligi borasidagi ma'ruzalarimni ko‘p martalab tinglashgan. Masalan, o‘tgan yili men Xitoyning Uxan shahridagi shifokor bilan bog‘liq misolni keltirgan edim. U koronavirusni ilk bor aniqlagan, biroq Xitoy hukumati vahima qo‘zg‘amaslik uchun virus tarqalganini yashirishga qaror bergan edi, bu esa butun dunyo bo‘ylab ulkan fojealarga olib keldi.

Yomon siyosat degani hayot darajasining tanglashuvi, rasvo yo‘llar va ishsizlik deganidir. Ya'ni bugungi O‘zbekistonda kechayotgan ahvol.

Demak, muxolifat nima yoki, to‘g‘rirog‘i, siyosiy muxolifat degani nimani anglatadi? Muxolifat hokimiyatga kelish, ya'ni hozirgi hukumat o‘rniga mamlakatni boshqarishni istayotgan siyosiy partiyalar va harakatlar faoliyati bilan uzviy bog‘liqdir. Mamlakatda demokratiya bo‘lganida edi, muxolifat parlamentda o‘tirgan bo‘lardi. Diktatura sharoitida esa muxolifat turmada o‘tiradi.

Demokratik mamlakatlarda siyosiy muxolifat mavjud hokimiyatni doimo tanqid qiladi, prezidentning xatolarini qidiradi va bu xatolar haqida odamlarga gapiradi. Haqiqiy muxolifat o‘z g‘oyalarini targ‘ib qilib, unga tarafdorlar jalb qiladi va o‘z g‘oyalarining hozirgi hukumatnikidan afzal ekanini ko‘rsatishga intiladi.

Bu normal sog‘lom bir jarayondirki, bu holda hukumat xato qilishdan qo‘rqadi, chunki u o‘z faoliyatini muxolif partiyalar diqqat bilan kuzatayotganini biladi. Agar mamlakatda muxolifat bo‘lmasa, demak u holda hukmdor istagan ahmoqona qarorni chiqarishi, xohlagan va'dasini berishi, yildan yilga davlatni tanazzulga yetaklashi mumkin. 

Kommunistlar bormi?

Talabalik davrimizda yoshlari yetmishdan oshgan domlamiz Rahim Yoqubov tarix darsida bir voqeani gapirib berdi: “Urush tugagan yillari Ukraina qishloqlaridan birida uch-to‘rt nafar yuqori sinf o‘quvchisi o‘ynab yurib tashlandiq yerto‘laga duch keladilar. Qiziqishlari tufayli yerto‘laga tushib, nemis askarlarining kiyim-kechak va qurol-yaroqlarini topib oladilar.  Bolalardan bittasi “Tashqariga chiqib odamlarni qo‘rqitamizmi?” degan taklifni qiladi. Ular shu maqsadda kiyinib-qurollanib, yaqin masofada joylashgan kolxoz idorasiga kirishadi va “Handi hoh” deb baqirishadi.

Yaqinda urush dahshatlarini boshidan o‘tkazgan idoradagi kishilar shoshib qolib, qo‘llarini baland ko‘taradilar. Shunda yoshlardan biri ukrain tilida “Kommunistlar bormi?” deb so‘raydi. Qo‘rqqanidan o‘zini yo‘qotayozgan rais: “Men kommunist emasman. Mana bu, mana bu, mana bu kommunist” deb bir necha kishini qo‘li bilan ko‘rsatadi.

Raisning o‘zini yo‘qotib qo‘yganiga kulgisi qistab, o‘zlarini bazo‘r ushlab turgan yoshlar: “Biz shu yerlikmiz, hazillashuvdik”, deb ustidagi kiyimlarni yechadi. Bu voqea tezda yuqori tashkilotlarga yetib boradi va jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Sud bolalarga qamoq jazosi tayinlab, kolxoz raisini esa otishga hukm qiladi”.

Konservativ jamiyat

Oldin aytganimdek, rivojlangan jamiyat bir-biri bilan gazeta orqali gaplashadi. Qog‘oz gazeta urfdan qolgani bois ular «Eltuz»ning yutub kanalida gaplashishadi. Bir vaqtlar SSSR Oliy Kengashi deputati o‘laroq dunyoning oltidan birini nazorat qilgan elita ichida bo‘lgan Po‘lat Oxunov o‘zbek jamiyatini konservatorlikda aybladi:

“Bizning jamiyatimiz azaldan o‘ta konservativ. Buning sabablari sifatida turmush tarzimiz, urf-odatlarimiz, an'analarimiz, diniy talablarni ko‘rsatishimiz mumkin. Bularning barchasi mentalitetimizga ta'sir qilgan va uni shakllantirgan. Ko‘pchilik o‘zi uchun erkinliklar talab qiladi, lekin o‘zlari o‘zgarishni xohlashmaydi. Odamlar ko‘chada demokrat bo‘lishi mumkin, lekin o‘zining uyida yoki o‘zining tasarrufida bo‘lganlarga nisbatan ko‘pincha feodallarcha, diktatorlarcha munosabatda bo‘ladilar.

Buni Islom Karimov juda ham yaxshi bilar edi va bundan foydalanib, o‘ta qattiqqo‘llik bilan 25 yil O‘zbekistonni boshqardi. Prezident Shavkat Mirziyoev esa bu jamiyatni o‘zgartirish uchun ko‘p yaxshi ishlarni boshladi. Erishilgan yutuqlarni qadriga yetaylik. Hali bu yutuqlar mustahkamlanmadi, osonlik bilan ulardan ajralib qolishimiz mumkin. Demokratiya – bu uzoq muddatli jarayon. Odam o‘zgarmaguncha, jamiyat o‘zgarmaydi.”

Gegel yoki o‘zbekcha talaffuz qilsak, Heygel degan faylasuf yashagan. U bir daryoga ikki marta tushib bo‘lmaydi, degan. Ammo aql emas, jahlni tanlash kabi panshaxa tishiga qayta va qayta oyoq bosayotgan O‘zbekiston bu falsafiy doktrina aksini isbotlagandek.

Bugun Toshkent ko‘chalariga chiqib, odam urayotganlar 90-yillar boshida ildiz otgan demagogiyaning boshqa shakldagi ko‘rinishi kabi tuyulmoqda.

O‘zi bilmaydigan va umrida ko‘rmagan demokratiyadan nafratlanayotgan mulla akalar xurujini 1990 yili Namanganda ko‘rishgan edi. Namanganlik dindorlar rahnamosi Tohir Yo‘ldosh Karimov bilan uchrashganida “Muhammad Solih ishtirokidagi saylovni to‘xtatishni so‘ragan” edi.

Siyosiy muxolifat va diniy guruhlar paydo bo‘lganlaridan beri (sovet davri qayta qurish yillari) bir-biriga hech yaqinlasha olmadilar.

Mullalar o‘zlari tanlagan yo‘ldan boshqa har qanday yo‘lni xato deb bilar, ba'zida hatto «kufr» deb hisoblardilar.

Bilimsizlik va alamzadalikka qurilgan bunday dunyoqarash egasi nafaqat ko‘rgan narsasidan, ko‘rmagan, bilmagan narsalaridan ham nafratlanishga moyil edi.

Bu xususiyat balki siyosiy muxolifatni diniy oqimlardan uzoq turishga majbur etgan asosiy sabablardan biri edi.

«Ulardan boshqacha bo‘lmaganlar bilan» bir jamiyatda yashashni o‘rganmagauncha biz taraqqiyot degan katta yo‘lga chiqa olmay, orqa so‘qmoqlarda adashib yuraveramiz.

Quyon vazifasidagi ayiq

Shu o‘rinda ertak aytasam. Bu ertakni 50 yil oldin Arkadiy Raykin aytgan, men faqat yonsilayman.

Bir o‘rmonda ayiq quyon vazifasida ishlardi. Bu qanday bo‘lgan? Ayiq ishsiz qolgan edi. O‘rmonda esa faqat quyon lavozimidagi ish o‘rni bo‘sh edi. Xullas, ayiq bu lavozimda ayiqday ishlab, quyon oyligini olardi. Ayiq chin dildan odalatga ishonib, sodaqat bilan ishlab, quyonlik vazifasini do‘ndirdi. Ammo bir kuni bu ayiq buyuk sirdan ogoh bo‘ldi. Ayni o‘rmonda shalpangquloq quyon ayiq lavozimida ishlar, quyonlik qilib, ayiqday oylik olar edi. Buni eshitgan ayiqning jahli chiqdi.

Bu qanday gap? Qachondan boshlab quyon ayiqning oyligini oladi? Xullas, qani odalat? Ayiq o‘rmon portaliga shikoyat arizasi  yozdi. Portalga yuborilgan arizadan keyin arslonlardan iborat tekshiruv komissiyasi keldi. Ayiq bilan quyonni kabinetga chaqirishdi.

Komissiya raisi Arslon aka quyonga qarab «sen ayiqmisan?» dedi. Quyon bo‘lsa: «Ha, men ayiqman», deb hujajat ko‘rsatdi. Arslon aka hujjatni o‘qib: “Ha, haqiqatan ham ayiq ekan. Ayiq bo‘lganda ham qo‘ng‘ir ayiqpolvon”, deb quyonning yelkasiga qoqib qo‘ydi.

Bu gapdan ayiqning jahli chiqib: «Axir ayiq menman-ku», dedi. Portaldan kelgan Arslon aka bo‘lsa: “Hujjatingni ko‘rsak bo‘ladimi?” deya so‘radi sovuqqina qilib. Ayiq o‘z hujjatini Arslon akaga uzatdi. Arslon aka va komissiyadagi boshqa arslonlar ayiqning hujjatini ko‘rdi.

«Hurmatli fuqaro Ayiq, bekor portalga ariza yozibsiz, mana, hujjatda yozib qo‘yibdi «Quyon» deb. Demak, quyonsiz va shikoyatingiz o‘rinsiz. Mana, o‘rmonda adolat qaror topdi», dedi Arslon aka.

Siz qani haqiqat deb so‘ramoqchimisiz? 

Qanaqa haqiqat, og‘ayni! Haqiqat nima qiladi o‘rmonda!

Komissiya a'zosiman deb kelgan arslonlar aslida eshaklar galasi edi. Ular arslonman deb, o‘ziga hujjat qilib lavozimga o‘tirib olgan hangi eshshalar edi, xolos.

Ustozim deganing she'rfurush chiqsa,

Suyganim deganing erfurush chiqsa,

Podshohim deganing elfurush chiqsa, —

Chidagin, bolam-a, chidagin,

Dardlaring taningga joylansin.

Chidagin, bolam-a, chidagin,

Ohlaring qo‘shiqqa aylansin.

(Usmon Azimov)

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Tag‘in o‘qing
30 sentyabr 2019
“Bizdan jiz-z!”ning bugungi sonida shvetsiyalik o‘zbek muhojiri Do‘stnazar Xudoynazarov qizil va oq baliqdan «oltin baliq» qanday tayyorlanishini namoyish qiladi. ...
26 sentyabr 2016
23 sentyabr kuni prezident vazifasini vaqtincha ijro etuvchi Shavkat Mirziyoev tomonidan imzolangan qonun O‘zbekistonda eng yirik moliyaviy piramida qurgani ...
21 iyul 2016
Ayni holatni o‘z karikaturasi orqali hajv qilishga intilgan rassom Elsevar, yonida pasporti yoki propiskasi bo‘lmaganlar militsiya nishoniga aylanganiga e'tiborni ...
4 oktyabr 2022
4 oktyabr kuni ertalabki soat 08:30 larda Chirchiq shahrida joylashgan “Maxam CHIRCHIQ” AJ korxonasi sintez sexida portlash sodir bo‘ldi. ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...