Asosiy mavzular
30 aprel 2021

Janoblar, bo‘ron yaqinlashmoqda!

Orzu qanotida  yoshlik ham o‘tdi

Xuddi tong tumani yo uyqu misol.

Ko‘krak qafasida Erk qushim,

Cho‘tir istibdodning tagida 

Patlari yulingan, ko‘zi o‘yilgan, 

Hanuz tirik yashamoqda-ku. 

Nafas olayapti. Hali o‘lmagan.

Qachon Vatan chorlar ekan 

Bizni o‘z xizmatiga deya entikib,

Tishni tishga qo‘yib kutyapmiz

Erk va hurriyatning g‘alabasini,

Xuddi yosh yigit sevgilisin kutgandek.

Ëki yetimxonadagi sag‘ir

ona istagida darchaga termulgandek,

Kutyapmiz sabr va bardosh bilan,

Yo‘lda tutib olib ursalar ham 

Baribir kutyapmiz intizor,

Yerga emas, ufqlarga qarab.

Hali Erk maylida yonar ekanmiz,

Yuragimiz sharaf uchun urarkan,

Do‘stim hur Vatanga atab qo‘yaylik,

Qalbimizning go‘zal entikishlarin.

Ey o‘rtoq, ishon bu sodir bo‘lajak,

Yulduzimiz balqajakdir nihoyat.

Mamlakat uyqudan uyg‘onajak

Va diktatura siniqlariga

Oltin harflar ila vatan

Bizning ismimizni yozajak.

(Pushkindan erkin tarjima)

Aziz tomoshabinim, siz bilan ro‘zaning o‘rtasidan oshib o‘tib yuzlashib turganimdan mamnunu masrurman. Mana, ko‘rsatuvni ham boshladim. Bir narsaga erishmoq uchun hech bo‘lmaganda uni boshlamoq kerak. Masalan, men piyoda yursam, bir soatda 5 km yo‘l bosaman. Ammo yurmasdan o‘tiraversam – nol kilometr. 

Jamiyat ham shunday, rivojlanish uchun maqsad sari intilmoq zarur. Urushdan keyingi Yaponiya va Germaniya 20 yilda dev qadamlar bilan ulkan zafarlar quchdi. Biz esa 30 yil o‘tib, qashshoqlikni tugatish vazirligini qurdik. O‘g‘irlikni tugatish, yurtboshilar ishtahasini tiyish vazirligi qursak bo‘larmidi? 

Bilasizlarmi, agar barcha o‘zbeklar Germaniyaga, nemislar esa O‘zbekistonga ko‘chsa nima bo‘ladi? Germaniya O‘zbekistonga, O‘zbekiston esa Germaniyaga aylanadi.

Sharqdagi Yaponiya, Xitoy, Janubiy Koreya kabi davlatlar loyga o‘xshaydi. Kesakka aylanib qolsa, suv quyilib qayta ishlanaveradi. G‘arb davlatlari Shveytsariya, Germaniya, Frantsiya esa pishiq g‘ishtlardan tarkib topgan. Har bir g‘isht individual. 

G‘ishtin bino demontaj qilinib, yana g‘ishtlar qayta teriladi. Jamiyat o‘zgarganda, bu g‘ishtlar joyi o‘zgaradi, xolos. Bizning istonlar qaysi qurilish materialiga o‘xshaydi? 

Menimcha, biznikilar qumga o‘xshaydi. Qumdan bir narsa yasash mumkin, ammo u nurab yo‘q bo‘ladi. Qumdan bir narsa qurish uchun unga tsement qo‘shish kerak. Shakl tarvaqaylab ketmasligi uchun qolip lozim. 

Ammo qumga tsement qo‘shilib shakllangan beton bino katta bolg‘a bilangina buzilishi mumkin. Buzug‘i ham hech narsaga yaramaydi. Sovet davrida bu qumdan davlat yasalgandi. Kommunistik g‘oya va totalitarzm tsement vazifasini bajargan bo‘lsa. Pashsha ham uchib o‘tmaydigan chegaralar qolip edi. Endi qisqa xabarlarni taqdim qilsam.

Rossiyaning turqi sovuq mudofaa vaziri Sergey Shoygu 28 aprel kuni o‘zbekistonlik hamkasbi Bahodir Qurbonov bilan muzokara o‘tkazdi. Ikki vazir uchrashuvi Buxoro shahrida bo‘lib o‘tdi. O‘ris mulozimlari O‘zbekistonda xuddi enasidan qolgan chorbog‘da yurganday yuribdi. Rahbarlarga qarata: «Tashqi siyosatni ham enangnikiga tiqding. Agar harf tanisang, konstitutsiyani o‘qi, O‘zbekiston mustaqil davlat», degim keladi. 

Ayni paytda biz tagida sholcha bo‘lib toptalayotgan Rossiyani dunyo hamjamiyati yakkalashda davom etmoqda. Britaniya 26 aprel kuni Moskvadagi tergov hibsxonasida vafot etgan yurist Sergey Magnitskiy ishi hamda Rossiya byudjetidan 230 million dollar mablag‘ o‘g‘irlanishiga aloqador 14 nafar rossiyalikni sanktsiyalar ro‘yxatiga kiritdi.

O‘zbekistonliklar esa tosh davriga qaytishdi. Toshkentlik haydovchi uning aybini yozadigan radar uskunasini toshbo‘ron qildi. Bundan oldin kinna solib, issiq-sovuq qildirganida radarga kor qilmagan.

To‘ytepada ikki qavatli uy portladi. Gaz sizgan, deyishdi. Kamida bir o‘lik bor.

Temir zo‘ldir o‘g‘irlagan yovuz niyatli ishchilar qo‘lga olindi. Kattalar oltin g‘isht o‘marganda biz temir zo‘ldir o‘marsak nima bo‘pti, deyishdi qo‘lga olingan o‘g‘rilar.

Namanganda tualet uchun kanalizatsiya o‘rasi kavlayotgan ikki vatandosh o‘pirilgan tuproq tagida qolib o‘ldi.

Surxondaryo viloyatining Denov tumanidagi bozorda xlorli dezinfeksiyalash ishlari ketmoqda. 

Biroq tasvirlardan bu ish hech kimni ogohlantirmagan holda bajarilganini ko‘rish mumkin.

Hozircha ushbu holat bo‘yicha rasmiy ma'lumot berilmagan. Qamchini bosing, dezinfektsiyachilar. Bu gal Bi-58 dorisini odamlar ustidan samolyotlardan sepinglar. Zotan, o‘zbekning hayoti siz uchun sariq chaqalik ahamiyatga ega emas.

Namanganning Pop tumani Chodak  qishlog‘idagi 86 yashar cholni IIB xodimlari qo‘liga kishan solib olib ketib ikki kun ushlab turishdi. Bu cholni Xidirnazar Allaqulov partiyasidan imzosini qaytarib olishga majburlashdi. Shu bilan birga, cholning nabiralari ham imzosini qaytarib olishga MAJBURLANGAN. 

Bobojonov, bu ishni qilgandan ko‘ra, iste'foga ket. Kecha Senatda qanchadan qancha o‘g‘irlik va qotillik jinoyatlari ochilmagani aytildi. IIB o‘z ishi qolib siyosiy tazyiq mexanizmiga aylantirilgan. Bundan oddiy IIB xodimlari ham, oddiy vatandoshlar ham norozi. 

Pogonliklarga xizmat qiladigan trollar erkin saylov tarafdorlariga qarata, yoqmasa chiqib ket, deb aytgani ham vatandoshlar tepkisiga uchradi:

Bu millat faqat «tug‘, sot» biznesini biladi. Buxoro viloyatining Peshku tumani Valfajr mahallasida yashagan xotin onasi bilan til biriktirgan holda endigina dunyoga kelgan chaqalog‘ini 8 million so‘mga pullayotgan chog‘da qo‘lga olindi. Buvi va qiz qamoqda. Bola yetimxonada. Er eski «Tiko» ololmaganidan depressiyada. 

Dunyodagi eng bolajon xalq o‘zbek xalqidir. Bunga shubha qilmoqchi bo‘lsangiz, statistikamizga boqing.

Iftor sufrasi

Xorazmda «og‘izochar» deb ataladigan tadbirni turklar «iftor suprasi», der ekan. Xullas, turk qo‘shnim Mustafo, uning ta'biricha, «iftorga da'vat» qildi. Bordim. Onam supra deb xamir yoyganda ishlatadigan to‘rt tarafi jiyakli klyonkani nazarda tutardi. 

Turklarning supra degani oq gazlama to‘shalgan ulkan stol ekan. Usti nozu ne'mat bilan to‘la. Turklar «pistiq pindiq»  xorazmliklar esa «chaqaq» deydigan pistayu bodomlar. Xorazmliklar «g‘o‘o‘z», turklar «jeviz» deb aytadigan mag‘zi yog‘li yumuruqday yong‘oq.  

Bir paytlar «Ming bir kecha» ertagida nomini eshitganim «kunafa» (bol va pishloq qo‘shib qovirilgan shirinlik), «Dilbar dudog‘i», «Kelin buti», «Imom boyildi», pahlaviy dehlaviy, xullas, turli yemaklar. 

Yemaklarning lazzati haqida ayri fikrim bor. Masalan, «xoshlomo» degan yemakning ichidagi et sariyog‘day yumshoq. «Yema, yoninda yot», deydi turklar yaxshi taomni olqishlar ekan. 

Yana orqaga qaytsam. Mustafoning eshigidagi zil (qo‘ng‘iroq)ni bosdim. Xotin kishining amrli sasi eshitili. «Och, Mustafo, musofirimiz galdi». Generalning buyrug‘ini bajargan serjantning sasiga monand itoatli ovoz eshitildi: «Tamom, hayotim, qo‘shdim» (mayli, hurmatli xotin aka, men chopdim), degan hazin va mute sas keldi. 

Eshik ochildi. Mustafo mening sha'nimga maqtovlar yog‘diraroq tarlik (tapochka) berdi. «Xo‘sh galdingiz. Safolar gatirdingiz. Orzu buyuring, bla-bla-bla…». Sobiq sovet odami bo‘lgan men uchun bu takalluflar biroz balandparvoz va chuchmal edi. 

Komevoyajer bo‘lib ishlaydigan Mustafoning uyi eng «shik» qo‘ltiq (kreslo) va devonlar bilan bezatilgan edi. Moviy kumach ustiga qabariq oltin naqsh qilingan pardalarga «La Skala» teatri ham havas qilsa arziydi. 

Dasturxonga qo‘yilgan chotol (sanchqi) qoshiqlar piril-piril yaltillaydi. Chexiyadan keltirilgan chetiga oltin hal chizilgan idish oyoq farovonlikning tashrif qog‘ozi kabi ko‘rinadi. 

Buning yonida mutfak (oshxona)dan kelayotgan qo‘qi (ovqat hidi) kun bo‘yi och qolgan oshqozonimga taskinu tasalli berardi. «Buyuring, buyuring»lar ortidan men dasturxonga o‘tirdim. 

8 dan 27 daqiqa o‘tganida og‘iz ochiladi. Hali bir necha daqiqa bor. Uy bekasi va Mustafo bu daqiqa ichida meni xush tabassum bilan  siylashdi. «Oylar  sultoni ramazon» sharafiga olqishli gaplar aytildi. 

Oldin Mustafoning, keyin xonimning ayfonida ketma-ket muazzin sasi yangradi. Namoz vaqti bo‘lgan edi. Oldin og‘izni ochdik. Xonim ichiga limon parchasi solingan bir bardak (stakan) suv¸ bir bardak sut¸ kumush likobchada ajuva (xurmoning dodasi) va tuz keltirdi. Men suv bilan, Mustafo sut bilan, xonim esa tuz bilan og‘zini ochdi. 

Ajvadan hammamiz bir-bir oldik. Shukr duosi o‘qilgach, namozga turdik. Mustafo imomlikka o‘tdi. Sunnatlarni ayri o‘qidik. «Assalomu alaykum» deb ijtimoiy masofaga amal qilmay quchoqlashib otamlashib yana supraga (dasturxonga) qaytdik. 

«Cho‘pon sho‘rvasi» degan  yarim kosa sho‘rva keldi. Mustafo buning tarifini berdi. «Guli qo‘tir» degan gulning quritilgani solinar ekan. Guldan ham sho‘rva qilish mumkinligidan ozroq taajjublandim. 

Sho‘rvaga yarimta limonni siqib, keyin yeyish joiz ekan. Taomil shunday. Keyin, Mustafo ta'biricha, «ona yemak» keldi. Bu «maqluba» degan ovqat edi. Ikkita qozon bir-birining ustiga qo‘yilib, globus shakliga keltiriladi va navbatma-navbat aylantirib pishiriladi. 

Atrofi guruch, o‘rtasida esa qo‘y go‘shti.  Katta tovoqda gumbazday bo‘lib turadi. Mustafo ustalik bilan bu gumbazni kapkir bilan kesib, mening tovog‘imga bir parcha soldi. Men uchun bu sabzisiz palov edi. Ammo et mukammal lazzatli. 

Ovqat davomida og‘zim tinimsiz qimirlashini uy bekasi ta'minlab turdi. U eriga amr berardi. «Mustafo, lutfan misofirning tabog‘iga et qo‘y», «Mustafo, misofirga salat uzat».

Mezbonlar xafa bo‘lmasin deb men ham taboqlarni bo‘shatdim. Sunnat deya non bilan tovoq ichidagi et so‘lini artib og‘zimga soldim. Mazasiga gap yo‘q. Keyin choy fasli keldi. Totli yeb totli qo‘nishdik. (Shirinlik ustida so‘hbat qildik).  

Nihoyat men tilga kirib, Mustfodan «Turkiyada durim nasl» (Turkiyada ahvol qanday), deb so‘radim. Koshki so‘ramasaydim. Shu paytgacha halimday yumshoq bo‘lgan Mustafo xuddi Vezuviy vulqoni kabi birdan portladi. 

«Durim barbod. Mamlakat safillik ichinda. Rais masonlar bilan ish birligi yopadi. Domodbey xazinani yeb bitirdi….(Ahvol yomon. Mamlakat qashshoqlik ichida. Prezident masonlar (dushmanlar) bilan hamkor. Kuyov xazinani yeb bitirdi).

Mustafo endi o‘rnidan turib qo‘llarini havoda qilichday sirmab, siyosatchilarga kafan bichardi. Mustafoning chiqishlari Gitlerning Bavariya pivoxonasida qilgan va'zlaridan ham ko‘proq emotsional edi. 

Bir vaqt Mustafo stulning ustiga chiqib, «Razolat¸ razolat» deb baqira boshladi. Men qo‘rqib boshladim. Koshki kelmasaydim, deb o‘yladim. Shu payt xonaga qo‘lida kumush tapsi (patnis) ushlagan xonim kirib keldi. 

Tapsi ustidagi jajji moviy finjonlarda qahva bor edi. Uy bekasi o‘z xo‘jasiga qarab, «sokin vo‘l, Mustafo», dedi. Bu sehrli so‘zdan keyin Mustafo yana asliga qaytdi. «Uzr dilarim», deb stul ustidan tushdi. 

Meni qo‘ltiq(kreslo)qa o‘tqazib, qahva ikrom qildi. Sekin qavha ho‘plab o‘tirdik. Siyosat mavzusidan aylanib o‘tish uchun o‘zim qiziqmasam ham futbol haqida gap ochdim. Koshki bu temani ham aylanib o‘tsaydim. 

Mustafo yana stul ustiga chiqib sotqin sudyalar¸ epaqasiz o‘yinchilar¸ lapashang darvozabonlar¸ mason va yahudiylar¸ tog‘ut ateistlar va yana men tushunmaydigan ya'juj-ma'jujlar sha'niga la'natlar yog‘dirishni boshladi. 

Mustafo stuldan yugurib tushib, shkof yoniga borib jurnal oldi. Jurnalda «Galatasaroy» hujumchisi Arda Turonning rasmi bor edi. Mustafo bu rasmni jurnaldan yirtib oldi. 

«Uchrashuv» degan komediyadagi Ergash Karimov esimga tushib, kulgim keldi. Ammo vaziyat kuladigan emasdi. Mustafo endi Arda Turonning rasmini mayda-mayda qilib yirtib, o‘rtaga sochib yubordi. Havoni larzaga solib, «barbod», dedi. 

Men yordam nigohi bilan xonimga mo‘ltirab boqdim. Xonim yelka qisib, «bunga endi men ham  bas kela olmayman», dedi. Qo‘shnilar polis chaqirdi. Polis esa doktor chaqirdi. Doktorlar kelib tinchlantiradigan ukol qilib ketishdi. 

Yana dasturxonga qaytdik. Uy bekasi mevalarni kesib, tovoqqa solib keltirdi. Meva fasli boshlandi. Kivi. Ananas. Po‘rtaxol. Men endi siyosat va futbol haqida og‘iz ochmadim. Ammo nimadir gapirish kerak. Ro‘za oyidamiz. 

Muqaddas dinimiz haqida gaplashsak, huzur ichida bo‘lamiz, deb o‘yladim. Sekingina «Jubbali Ahmad bilan sulaymonchilarning orasi qanday», deb savol berdim. Eh, nega berdim shu savolni? Koshki din haqida gapirmasam edi. Eh. 

Xonimning aytishicha, endi na polis va na doktorning ukoli ta'sir qiladi. Afsus, armiya mamlakat ichki nizolariga aralashmaydi. Aralashsa yaxshi bo‘larmidi. 

Uzilma, ey Xalq!

Somalidagi och musulmonlarga yordam beradigan tashkilot xodimi bilan nahorgi oshda birga o‘tirib qoluvdim ro‘zadan oldin. Ularga katta qoplarda makaron, guruch, un, mosh, loviya kabi mahsulotlarni samolyotdan tashlashar ekan. 

Bu ulkan qoplar tushishi bilan o‘sha yerdagi bandit to‘daboshilar jiplarda kelib, qoplarni terib olib ketishar va qo‘shni mamlakatga sotvorishar ekan. Unda nega bu korruptsionerlar yurtiga yordam beryapsiz? Samarasiz ish-ku, dedim. 

Javob mana bunday: «Tepadan tashlaganda o‘nta qopdan kamida bittasi yorilib ketadi. To‘daboshi va kuyovlari bu yorilib ketgan qoplarni olmay tashlab ketishadi. O‘sha yerdagi ochlar kelib, yirtiq qopdan to‘kilgan don-dunni olishadi. Shu samara uchun ham bu ishni to‘xtatmaymiz, dedi bu odam. Negadir, bu hikoyani bugun esladim.

Kim nima desa desin-u, Mirziyoev kelgandan keyin ko‘kragimizga shamol tegib, peshanamiz yarqiradi. Birimiz ikki bo‘ldi. Ikkimiz to‘rt. Islohotchilarni doim yomon ko‘rishgan. 

Tasavvur qiling, siz kasalsiz. Ko‘richak bo‘lgansiz. Buni duo o‘qib, kinna solib yoki boshqa cho‘pchak bilan davolab bo‘lmaydi. Jarroh kelib qorningizni yorib, o‘sha ko‘richakni kesib tashlashi lozim. Bu og‘riqli jarayon. Kamida bir hafta bosh yostiqda. Tuzalib ketishga oylar kerak. 

Islohotchining qo‘lida pichog‘i bo‘ladi. U tabassum qilib ehson tarqatadigan Tereza ona emas. U parazitlarni boqadigan Hotamiy Toy ham emas. Jamiyat bu jarrohlik amaliyotidan narkozsiz o‘tishga rozi bo‘lishi kerak. Yig‘lab-siqtamay. Doktorni la'natlamay. Chidab. Busiz bo‘lmaydi. 

1991 yilda o‘tishi kerak bo‘lgan jarayon edi. O‘shanda shok terapiyadan o‘tganimizda immunitetimiz baquvvat bo‘lardi.  Afsuski, ko‘richak vaqtida olib tashlanmadi. Ërilib vujudni zaharladi. Endi uni oddiy operatsiya bilan davolab bo‘lmaydi. U o‘limga mahkum. Uni tuzatadigan doktor yo‘q. 

O‘layotgan odamga shafqat yuzasidan morfiy ukol qilinadi. Morfiy miyani falaj qilib, og‘riqni unuttiradi. Ammo falaj bo‘lgan miyadan sal narida organizmdagi butun a'zolar o‘layotgan bo‘ladi. 

Bugungi kunning rentgen surati edi bu. Uzilma, ey xalq. Tanazzulga uchrab, yo‘qlik botqog‘iga botgan birinchi ulus sen emassan. Oxirgisi ham.

Inson kapitali

Inson kapitali – eng qimmat narsa. Oltin konlari, gaz va neft zaxirasidan ham ustun u. O‘zbekistonning 2019 yildagi davlat byudjeti 57 milliard dollar. Oddiy amerikalik tadbirkor Tsukerbergning cho‘ntagidagi pul esa 110 milliard. 

1991 yil Karimov ko‘tini taxtga svarka qilgani ortidan odamlar guras-guras bo‘lib mamlakatdan keta boshladi. Mutaxasislar¸ olim va muhandislar ketdi. Urra, «o‘rislar» ketdi, deb sevindi xalq. 

Ammo ketayotganlar o‘z kasbining ustalari edi. Urra, «yahudiylar ketdi», deya sevindi zombilar. Ammo ketayotganlar olimlar edi. Ipirisqi shair Iqbol Mirzo «vatangadolar» ketdi, deb ko‘tini yirtdi. Ammo ketganlar vatansevar daholar edi. 

Chaqimchi, o‘g‘ri, shalaqi paparozalar qoldi. O‘g‘ri va kalamushlar urchidi. Keyingi 4 yilda esa MDHdagi o‘g‘ri-qaroqchilarga muhtaram eshiklari lang ochildi. Inson kapitalini hech kim qadrlamadi. 

Limon, echki, qalampir, siti, butxona va cho‘pchak markaziyu muz saroyini muhim deb o‘ylashdi bu qovoqboshlar to‘dasi. Pandemiya kelib qizil karta ko‘rsatdi. Bundan oldin doktorlar chiqib ketgan va dunyodagi kinnachi zoti bo‘lsa bu O‘zbekiston degan chiqindi qutini kalamushday to‘ldirgan edi. 

Pandemiya vaqtida Rossiyada gop-stoplik qilib kampirlarni zo‘rlab yurgan fuqarolar ham qaytdi. Qamoqlardagi o‘g‘ri, kissavur va qotillarning afv qilib chiqarilgani ortidan baxtimiz tugal bo‘ldi. Jamiyat degan ichimlikning gradusi oshdi.  

Natija: Hamma grin kard o‘ynab, o‘zlari ertadan kechgacha qarg‘aydigan Amerikaga qochmoqchi. Hamma kassaning oldida navbatda turib Rossiyaga chipta olmoqchi. Supurgiga minib bo‘lsa ham bu mamlakatdan qochib badar ketishmoqchi. 

Har kuni menga va «Eltuz»ga yuzlab odam bir iltimos bilan murojaat qiladi. «Meni bu jahannamdan olib chiqib keting», degan bir jumlada jamlangan hasrat. 

Men inson kapitali haqida gapirdim. Ya'ni homo sapiens haqida. Homo sapiens – bu tafakkurli inson. U kamida o‘ngacha sanashni biladi. Gazetalar sarlavhasini tutilib bo‘lsa ham o‘qiydi. Oq rang bilan qora rangni ajratadi. Uchburchakning beshburchakdan farqini biladi. Chunki u homo sapiens. Tafakkurli inson. 

Ammo 34 million inson o‘z boshida 30 yil bir eshakning o‘tirishiga rozi. Bu 34 million inson o‘z orasidan chiqqan «millatni yaxshi ko‘rguvchini» to‘pponcha birla otishga tayyor. 

Xullas, oldin aytganimdek biomassa. Bu massaning inson kapitali degan tushunchaga aloqasi yo‘q. Inson kapitali qimmat narsa. U Shovvozsoydagi saroydan ham qimmat.

«Eto Kara, Kara, Karakum»

Sovet paytida Moskvadagi Praga yoki Izmailova restoranlarida oqshom yemagi yerdim. Xiva gilam kombinati bosh rassomi bu yemaklar homiysi edi. Restoran chetida orkestrda mashshoqlar jamoasi soz chalardi. 

10 so‘m bersangiz, siz istagan qo‘shiqni kuylardi. Men borib 10 so‘m berib qo‘shiq buyurtma qilib, kelib stolimga o‘tirdim. Qo‘shiqchi «Gornaya lavandani» aytib turibdi. 

Keyin to‘xtab, «Qadimiy Xorazmning ikki rassomi uchun «Eto Kara, Karakum» degan qo‘shiqni aytamiz», dedi. Bu men kutgan qo‘shiq edi. Hozirgi matbuot ham shunday, kimdir buyurgan qo‘shiqni aytadi. Matbuot erkinligi haqida vatandoshlar tilidan yangraydigan gaplar odamni hushyor torttiradi.

Bu gaplar indallosida «Matbuot erkin bo‘lsin, ammo…», degan jumla bor. 

Ya'ni bu erkin matbuot Amir Temur haqida¸ mullalar haqida¸ o‘zbek tarixidagi ziddiyatlar haqida sukut saqlasin, deyishadi.

Ya'ni matbuot faqat ma'qul¸ ijobiy¸ tarbiyaga chorlovchi¸ millat va dinni maqtovchi xabarlarni bersin, deyishadi.

Bu odamlar nazarida, masalan, o‘zbek bachchabozligi haqida yozsak, «osmon uzilib yerga tushadi» yoki «butun dunyo o‘zbeklarni bachchaboz deb o‘ylaydi». 

Agar ularning fikrini davom ettirsak, «o‘zbeklar erkin matbuotga tayyor emas». Ular «yomonini yashirib, yaxshisini oshirib» yozadigan matbuotni istashadi. 

Shu o‘rinda buning teskarisiga ishonadigan kam sonli odamlar ham bor. 

Shulardan biri menman. 1994 yildan to 1999 yilgacha Urganchdagi TV ALC  telekanalida ishlab, G‘arb ulgisidagi matbuot va so‘z erkinligining millatimiz uchun suv va havodek zarurligini his qildim.

Bu gapni shu telekanalda ishlagan Sergey Naumov¸ Nigora Abdullaeva¸ Shahlo Qodirova¸ Mehribon Bekieva¸ Shuhrat¸ Hurmat  va G‘ayrat Bobojonlar ham ayni tarzda ayta oladi.

Biz bilan hamkorlik qilgan Malohat Eshonqulova ham bu gapni tasdiqlashi mumkin.  

Ya'ni matbuot erkin bo‘lishi kerak.

O‘zbekistonda qabriston jimligi abadiy davom etadi, deb o‘ylagan g‘ofillarga aytadiganim shu:

Janoblar, bo‘ron yaqinlashmoqda.

Agar aqlli bo‘lsak¸ uzun minorali shamol parraklar qurib, bu bo‘rondan elektr quvvati olamiz.

Zimiston O‘zbekistonni yoritadigan chiroqlar yoqamiz.

Ammo johilligimizcha qolaversak, bu bo‘ron millat va mamlakatni ostin-ustun qiladi. Bo‘ron yaqinlashayotganining xabarchisi o‘laroq, osmonda bo‘ron qushlari uchmoqda.

Bu kitobiy gaplarimni Maksim Gorkiyning mana bu jumlasi bilan tugatsa ham bo‘ladi. «Yana ham kuchliroq gurlasin bo‘ron». 

Ammo ro‘zai ramazon oyida qilayotgan suhbatimizni bunday shafqatsiz nota bilan tugatishni istamadim. Derazamni ochib qarasam, borliq yashillikka burkangan. Ko‘klam nozlana-nozlana, bizni qiynagan tabiat yozlana-yozlana tovus kabi o‘z go‘zalligini namoyon qilmoqda. Navoiy aytganidek, «bir-bir ne deyin, boshdin ayog‘ing yaxshi»…

Bundan besh asr oldin yashagan Alisher Navoiy asarlarini tarjimonsiz tushunganimiz – katta yutug‘imiz. 

Masalan hayotni sevish haqidagi mana bu ruboiy:

Jondin seni ko‘p sevarmen, ey umri aziz,

Sondin seni ko‘p sevarmen, ey umri aziz.

Har neniki sevmak ondin ortuq bo‘lmas,

Ondin seni ko‘p sevarmen, ey umri aziz .

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
25 oktyabr 2015
Bugun dunyo matbuoti Rossiya migratsiya xizmati va politsiyasi ushlagan tojik oilasining olib qo‘yilgan besh oylik emizikli bolasi Umarali Nazarov ...
7 dekabr 2017
1 dekabr kuni O‘zbekiston fuqarolik jamiyati tashkilotlari – Markaziy Osiyoda inson huquqlari uyushmasi va O‘zbek-german inson huquqlari forumi Vashingtonda ...
18 mart 2020
Rassom Kirpi
29 may 2020
Jahonning shodligi yig‘ilsa butun, Do‘stlar diydoridan bo‘lolmas ustun. Ulug‘ demokrat shoir Rudakiyning bu misrlari kimgadir siyqa tuyular, ammo zinhor ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...