Asosiy mavzular
10 may 2021

Yoymachi ayol: Soliqchilarning yordam bergani haqidagi gaplari yolg‘on

Olmaliq shahrida soliqchilar yoymachilik ortidan tirikchilik o‘tkazayotgan ayollarni sudra-sudra qilgani ortidan ko‘tarilgan shov-shuvdan so‘ng voqea ishtirokchilari Davlat soliq qo‘mitasining bu tadbirkor ayollarga har tomonlama ko‘mak berilgani haqida tarqatgan xabari yolg‘on ekanini bildirishdi.

E'tiborlisi shundaki, soliqchilar yoymachilarni tortqilagani va tovarlarini musodara etgani tasvirlangan videolavhalar tarqalib ketganidan so‘ng DSQ raisi Sherzod Kudbiev bu voqeaga munosabat bildirib, xalqdan uzr so‘ragandi. 

Shundan keyin DSQ mazkur holat yuzasidan xabar tarqatib, shu paytga qadar noqonuniy faoliyat yuritgan fuqarolarga (ya'ni yoymachi ayollarga) “Soliqchi-ko‘makchi” tamoyili asosida tegishli huquqiy yordam ko‘rsatilib, faoliyati qonuniylashtirilgani aytgandi. 

Xabarda ularga Olmaliq shahridagi savdo markazidan tegishli joy ajratib berilgani, shuningdek, kredit olishda amaliy yordam ko‘rsatilib, ulardan biriga tikuv mashinasi hadya etilgani ma'lum qilingandi. 

Ammo yoymachi ayollardan birining “Eltuz”da mavjud videomurojaatiga ko‘ra, DSQ raisi o‘rinbosarlari tomonidan ko‘plab va'dalar berilganiga qaramay, ularning hech biri bajarilmagan.

“O‘sha voqeadan keyin o‘rinbosarlaringiz va boshqa mutasaddilar kelib, bizga qop-qop va'dalar berishib, bizdan yolg‘ondan intervyu olishib, hech qaysi va'dalarini bajarishmadi. 

Bir oy muddatda davlat ro‘yxatidan o‘tkazib, patent ochib beramiz, deyishdi. Hammasini qilib beramiz, kredit olib beramiz, deyishdi. Hammasi yolg‘on. Hech narsa qilib berishmadi. 

Joy ham yo‘q, kredit ham yo‘q. Qani tadbirkorga yordam bergani? Hammasi yolg‘ondan intervyu olgunlaricha ekan”,  deydi u DSQ raisi Sherzod Kudbiev nomiga qilingan videomurojaatida. 

Umuman, kuzatuvchilar fikricha, davlat idoralarining bu kabi ko‘zbo‘yamachiliklari kundan kunga ko‘payib bormoqda. Shov-shuvli voqealarga tezkorlik bilan munosabat bildirilayotganiga qaramay, ular bosti-bosti qilinib, dolzarbligi yo‘qolishi bilan yana e'tibordan chetda qoldirilib kelinyapti. 

Shu o‘rinda tarixning bir sabog‘i esga tushadi. 

2010 yilda Tunisda soliqchilar ko‘chada aravada meva sotib yuradigan Muhammad Buaziziy ismli oddiy bir kishining meva-chevalarini musodara qilgandi. Bunga javoban u o‘ziga o‘t qo‘yib yuborgandi.

Shundan so‘ng xalq Tunisning korruptsioner prezidenti Bin Ali va klaniga qarshi isyon ko‘tarib, uni taxtdan ag‘darib, mamlakatdan qochib ketishga majbur etgandi. 

Bugungi O‘zbekistondagi voqealar mamlakatdagi hukmron doiralarga Tunis sabog‘ini eslatmayotgani ajablanarli. 

Bundan ikki xulosa chiqarish mumkin – hukumat o‘zbek xalqini bunday isyonga qodir emas deb o‘ylaydi yoki bir hovuch amaldorlar o‘zining xalqning har qanday noroziligini bostirishga qodirligiga hamda el ularning har qanday yolg‘oniga ko‘nib ketaverishiga ishonadi!

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
18 oktyabr 2015
Assalomu alaykum aziz hamyurtlar! Men bu voqeani sizlarga aytmasam bir umr bo‘ynimda qarz bo‘lib qoladi. Shu sababli uzoq o‘ylab ...
2 mart 2021
Bugun men uchun va men mansub bo‘lgan millat uchun aziz inson – Sovet Ittifoqining ilk va so‘nggi prezidenti Mixail ...
13 dekabr 2015
2015 yilning 13 dekabrida, Jasliq turmasi mahkumi, huquq himoyachisi A'zam Farmonov 37 yoshga to‘ladi. 2006 yilning aprelida uni hibsga ...
2 sentyabr 2016
Konstitutsiya chekloviga qaramasdan 27 yil prezidentlik lavozimida o‘tirgan Islom Karimov dafn qilinar ekan, undan keyin kim bo‘ladi degan savol ...
Bloglar
25 may 2021
O‘zbekistonda yaqinda o‘tkazilgan so‘rovnoma respondentlarning 10 foizdan ko‘prog‘i oiladagi zo‘ravonlikka qarshi emasligini ko‘rsatdi. Bu mamlakatdagi gender munosabatlardagi tashvishga soladigan holatdir. Bu haqda Eurasianet nashri yozdi. 15 may kuni BMTning ...
19 may 2021
Toshkent shahrida bunyod etilgan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida harbiy xizmatni o‘tayotgan oddiy askarlar 9 may ...
18 may 2021
1914 yilning 18 mayi deya tarix yozilgan bu surat markazida turgan Abdullabekning evarasi, shu kunlarda ...