Asosiy mavzular
8 iyun 2021

Hokimlikka yordam so‘rab borgan kosonlik shaxs kaltaklanganini aytmoqda

Imtiyozli kredit ajratilishiga yordam so‘rab, 2 iyun kuni Koson tumani hokimligiga borgan ikkinchi guruh nogironi, 35 yoshli Dilshod Otaev hokim yordamchisi tomonidan kaltaklaganini iddao qilmoqda.

Bu haqda u Koson tumani IIB boshlig‘i va tuman prokurori nomiga uni sababsiz kaltaklagan hokim yordamchisi Sohib Pardaevga chora ko‘rilishini so‘rab 2 iyun kuni ariza yozgan.

Dilshod Otavevning IIB boshlig‘i va tuman prokurori nomiga yozilgan arizasi

«Eltuz»ga bergan intervyusida Dilshod Otaev bir yilcha oldin Xalq banki orqali kredit rasmiylashtirishga harakat qilgani, rad javobi olgach, Koson tumani hokimligiga yordam so‘rab ariza yozgani, arizasiga bankda rasmiylashtirgan barcha hujjatlarni ilova qilganini aytadi.

“27 may kuni men hokimlikka ariza topshirganman. Oradan bir hafta o‘tib, 2 iyun kuni bordim. Meni u yerda (hokimlik xodimasi – tahr) Halima Sattorova qabul qildi. Avvaliga u: “Sening hujjatlaringni Nodira Qodirova (Koson tumani hokimi o‘rinbosari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i – tahr) olib qolgan, u kishiga murojaat qil”, dedi.

“Nima qilasizlar odamni umidvor qilib, o‘yin qilyapsizlarmi”, dedim. U senga Qodirova kerakmi deb, telefon orqali Sohib Pardaev deganni chaqirdi”, deydi Otaev.

Shundan so‘ng, Otaevning so‘zlariga ko‘ra, hokim yordamchisi Sohib Pardaev uni qabul bo‘limidan kichik zalga olib o‘tadi. O‘sha yerda eshikni qulflab oladi va uni kaltaklaydi. Otaevning aytishicha, Pardaev uning yelka qismiga tepadi. Boshiga zarba beradi.

Otaev shu kuni uyiga kelgach, o‘zini yomon his qilib, tez yordam chaqirgan, boshida shish paydo bo‘lgan, rentgen qilishgan.

Shifokorlar uning badanida ochiq jarohat alomatlari yo‘qligi, boshini esa ekspertiza qila olmasliklarini bildirishgan.

«Eltuz» voqeaga oydinlik kiritish uchun 6 iyun kuni Koson tumani hokimligiga qo‘ng‘iroq qildi. O‘zining umumiy bo‘limda ishlashini aytgan xodim haqiqatan ham Sohib Pardaev hokim yordamchisi ekanini tasdiqladi.

Biroq u «Eltuz»ga hokimlik binosida Dilshod Otaevning kaltaklanganidan xabari yo‘qligini aytdi.

“Birinchidan, uning kredit so‘rab qilgan murojaati qanday qilib hokimlik tomonidan ijro etilishi mumkin? Ikkinchidan, bu insonning qanday janjal qilganini bilmayman. Lekin unga kredit kerak bo‘lsa, bankdan olavermaydimi, gapidan ham ko‘rinib turibdi-ku qanday murojaat qilgani…”, dedi hokimlik mulozimi «Eltuz»ga bergan izohida.

«Eltuz» Dilshod Otaevni kaltaklagani iddao qilingan hokim yordamchisi Sohib Pardaevdan ham izoh olishga urindi. Biroq uning telefoni kun davomida qo‘ng‘iroqlarga javob bermadi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
26 oktyabr 2021
Farida Sharifullina  O‘tgan yilning yozida O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida uylarni buzish paytida xususiy mulkni himoya qilish to‘g‘risidagi ...
30 yanvar 2018
Rassom Dumham Eltuz.com
19 avgust 2018
2000 yilning oktyabri oxirlarida Muhammad Bekjonni IIV yerto‘lasidagi 14-kameraga olib kelishadi. Uni Toshkent portlashlari yuzasidan sudda guvohlik berishga «maxsus ...
8 mart 2017
Rossiya Tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkinning O‘zbekistonga sirli tashrifi na mahalliy matbuotda, na biz kuzatishga muvaffaq bo‘lgan rus ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...