Asosiy mavzular
18 iyun 2021

RTdan va'z: Bir kelgan sayyoh qaytib bormaydigan O‘zbekiston

Qo‘ylar chiqdi bugun deng namoyishga,

Dersiz nima g‘ami bor o‘tloqdan o‘zga?

Yaylov, yashil maysa dardida aynan

Yomon ko‘rinibdi, hokim ko‘ziga!

Ba-balashib rosa talab qilishdi,

Yaylovni qaytar ey, ochko‘z hokimcha!

Hokim-chi, qahrdan bujmayib yuzi,

Mirshab deb baqirdi yuzi-ko‘zicha.

Ilojsiz, bemajol cho‘pon qaltirar,

Ko‘zida ming yillik dard ifodasi.

Go‘yoki qo‘y o‘rniga uni bo‘g‘izlar,

Yuzida qo‘rquvning ming ifodasi.

Pichoqni oling, ana, so‘ying hammasin,

Ayamang, qonin to‘king o‘sha qo‘ylarning!

Zabonsiz jonzot-ku, beozor dardkash,

Kimligimiz eslatgan bizdek qo‘ylarning!

G‘ayrat Omon

O‘qiganim bu she'rda qo‘ylar madh etilgan.

Chunki qo‘ylar ham o‘z haqini talab qila olishini isbotladi. G‘animlari tomonidan xalqi ayni hayvon nomini olgan O‘zbekistonda buning haqiqat ekanini ko‘rdik. Bir marta emas, ikki marta. Shu yilning o‘zida.  Qo‘ylar galasi ikki marta namoyishga chiqdi. Ikki marta g‘alaba qildi. Avvaliga qisqa xabarlardan boshlasam.

Qisqa xabarlar

Markaziy saylov komissiyasi oktyabrdagi prezident saylovi xarajatlar smetasini 300 mlrd so‘m etib tasdiqladi. Unga ko‘ra, siyosiy partiyalarning tashviqot va targ‘iboti uchun 15 mlrd 486 mln so‘m, har bir nomzodga esa 3 mlrd so‘mdan ajratiladi. Ha, bu 300 milliard so‘m nima bo‘lardi? Shovvozsoyning unitaziga ham yetmaydi-ku…. Shuncha pulni vaktsina sotib olishsa sarflashsa bo‘larmidi….

Bir necha oy oldin Samarqandda qo‘ylar bilan hokimlikka «hujum» qilishgandi. Bunday jasurlikdan ilhomlangan namanganlik qo‘ylar ham «isyon» ko‘taribdi. Qo‘ylar o‘rnak bo‘lishmoqchi shekilli.

Buxoro viloyatida OIV infektsiyasini yuqtirganini bilib,  himoya vositasisiz bir erkak bilan jinsiy aloqada bo‘lgan ayol ushlandi.

Buxoro viloyatining Jondor tumanida melisa vobkentlik 34 yoshli S. D.ni ushladi. Bu ayol 2019 yildan buyon viloyat OITS-OIV markazida ro‘yxatda turgan. Ayol OIV virusini yuqtirib olgan esa-da, fuqaro S.Ch bilan jinsiy aloqada bo‘lgan.

Ushbu fakt bo‘yicha tuman IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 113-moddasi (zaharli kasallik yoki OITS tarqatish aybi) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ayol qamoqda, erkak bannisada.

—-

O‘zbekistonlik imom Abdug‘affor Ergashev Janubiy Koreyada masjid qurish tashabbusi bilan chiqqan. Ikki yil oldin masjid qurish uchun pul to‘plashni boshlab yuborgan bu shovvoz Kimxe shahrida musulmonlardan 50 ming dollar to‘plangan. Janubiy Koreyada yashovchi o‘zbekistonliklarning aytishicha, o‘zini O‘zbekiston musulmonlar idorasidan jo‘natilgan imom sifatida taqdim qilgan shaxslar bu ishga bosh qo‘shganlar.

Ammo masjid qurilmagan. Masjid qurilishi uchun to‘plangan ehson puli gumdon bo‘ldi. Masjid uchun pul to‘lab qo‘yganlar yig‘ilgan ehson pullar qani, degan savolni o‘rtaga tashlamoqda. Masjid qurilmagan, uni qurish uchun ehson yig‘ishni tashkillashtirganlar esa O‘zbekistonga surib yuborishgan. Lyubaya biznes xarasha!

—-

Buxoroda 32 yoshli yigit o‘zini hokimning jiyani deya tanishtirib,  17 million so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirgan.  Mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilning mart oyida Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanida bir yigit o‘zini hokimning jiyani sifatida ko‘rsatib, ba'zi fuqarolarga imtiyozli asosda uy olib berishga va'da bergan.

Shundan so‘ng bu firibgar 10 nafar shaxsning qulog‘iga lag‘mon ilib, ulardan jami 17 million so‘m olgan. Erkak qamoqda, qarzlarni besh yarim yildan keyin beradi. Hurmatli fuqarolar, pulingizni “hokimning jiyani”ga ishonib topshirib yurmang.

—–

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi jahon chempionati saralash bosqichining ikkinchi davrasida Saudiya Arabistoniga 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Shunday qilib, O‘zbekiston keyingi yilda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati saralash bosqichining uchinchi davrasiga chiqish hamda Qatarda o‘tkazilajak JChda ishtirok etish imkoniyatidan mahrum bo‘ldi.

O‘yindan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov futbol muxlislarining ishonchini oqlay olmagani uchun ulardan uzr so‘radi. Har galgi plastinka. O‘zbekiston finalga chiqmaydi. Chiqolmaydiyam-da! Bosh murabbiy kechirim so‘raydi, so‘rovradi-da!

Endi esa mana bu videoga boqing.

Video – 2

Bu o‘zbek futbolchilari emas. Bu o‘zbek bokschilari. O‘zbekiston boks terma jamoasi mana shunday shug‘ullanadi. Shu xivchinni bizning palovxo‘r futbolchilarimizga ham olib qo‘yish kerak. Ana o‘shanda jahon chempionati final bosqichiga ham chiqishadi, Braziliyani ham yutishadi. Otvechayu!

Saakashvili islohotchi emas, isyonchi ekan. Bu gapni mulla Abror Muxtor Aliy aytdi. Gruziyaning korruptsiyaga qarshi modeli bizga zid ekan va oxirida Saakashvilining hamma muxlislariga gey tamg‘asi yopishtirilgan.

Video – 3

Nimayam derdik,  Muxtor Aliy uslubi har galgidek.

Endi Saakashvili haqida qisqacha:

54 yoshli Mixail Saakashvili 2004 yildan 2013 yilgacha, ya'ni to‘qqiz yil davomida Gurjistonga prezidentlik qildi. Qonsiz kechgan «Atirgul inqilobi»dan keyin prezident etib saylangan payti Saakashvili bor-yo‘g‘i 36 yoshda edi va dunyodagi eng yosh prezident hisoblanardi.

Uning rahbarligi ostida Gurjiston Jahon bankining dunyodagi birinchi raqamli iqtisodiy islohotchisiga aylandi. Jahon bankining biznes yuritish reytingida to‘qqiz yil ichida 127-o‘rindan 8-o‘ringa ko‘tarildi.  «Transperensi interneyshnl» reytingida korruptsiyani kamaytirish bo‘yicha 70 pog‘ona yuqoriga ko‘tarildi.

Hillari Klinton va Jon Makkeyn favqulodda yutuqlari uchun Saakashvilini Nobel mukofotiga tavsiya etganlar. Wall Street Journal tahririyati uni «Gurjistonning Jorj Vashingtoni» deb ta'riflagan.

Abror Muxtor Aliy da'vatidan bir necha kun oldin Soli domlaning va'zlari chiqdi. Bu qori aka zulm haqida gapirarkan, zolimdan mazlumning maqomi yuqori ekaniga jamoatni ishontirishga urindi. Soli domla «ustingizdan siyvorganning peshonasidan o‘pish kerak», deya o‘git berdi. Mana qori domlaning aytganlari…

VIDYeO – 3 B

Mamlakatni olimlar, muhandislar, vrachlar va boshqa aqliy mehnat sohiblari tark eta boshladimi — demak, millat va xalq o‘zining gultojlaridan judo bo‘lmoqda. Bunday mamlakatda «biznecmenlar» hokimiyatga keladi, tagi pastlar va ko‘chada tarbiya topgan qalloblar siyosatdon bo‘ladi, bozordagi chayqovchilar, sportchilar va artistlar deputatga aylanadi.

Xars YeNSYeN (1904-1971), Shvetsiya sotsial-demokratik ishchi partiyasi raisi siyosiy maslahatchisi.

Hokim e'tirofi

Zoir Mirzaev ochiqlik siyosatiga zo‘rg‘a chidayotganini tan oldi

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzaev prezident Mirziyoevning ochiqlik siyosatiga, jurnalist va blogerlarga berilgan erkinlikka tishini tishiga qo‘yib chidayotganini oshkor qilib qo‘ydi. Dodasi Islom Karimovning davrlarini qumsab yashayotganini bildirib qo‘ydi.

Video – 4

“Og‘izdan lop etib chiqish” voqeasi o‘tgan haftada Yakkabog‘ tumani Tezob qishlog‘ida uyushtirilgan sayyor qabul paytida ro‘y bergan. Qabulga kelgan “Ezgulik” inson huquqlarini himoya qilish takshiloti a'zosi Odil Elmurodga qarata Qashqadaryo viloyati hokimi Zoir Mirzaev: “Majlisni boshlasam bo‘ladimi? Ruxsat berasizmi?!» deb kesatik gaplar qilgan.

Kesatik gaplardan keyin Zoir Mirzaev huquqbonga va sayyor qabulga kelgan odamlarga qarata: “Mana shu zamonlarga ham yetib keldik, Xudoga shukr”, degan.

Odil Elmurodning bildirishicha, qabuldan oldin tuman va viloyat hokimliklarining matbuot xizmati rahbarlari huquqbondan qabulni videoga olmaslikni talab qilgan. Viloyat hokimi Zoir Mirzaev ham xuddi shuni talab qilgan.

Lekin “Ezgulik” jamiyati vakili o‘z haq-huquqlarida turib olgach, Zoir Mirzaev yangi otasi Mirziyoevning yangi siyosati tufayli ezilib ishlayotganini ochiq aytgan.

Qolgan tafsilotlarni quyidagi videolardan ko‘rib bilishingiz mumkin.

Video

Zoir Mirzaev bundan bir necha yil oldin Toshkent viloyatida tuman hokimlari va fermerlarni kesak ko‘tarishga, ariqdagi suvda turishga va mashinaning oldida yugurishga majburlab, elga “kesakmen” va “ariqmen” nomlari bian mashhur bo‘lgan edi.

Yakkabog‘ voqeasidan keyin xalq Zoir Mirzaevni “iqrormen” deb atasa, ajablanarli joyi bo‘lmaydi.

Fleshkaxo‘r mulozim

Samarqandda Ishtixon tumani hokimligi matbuot xizmati xodimi co‘z erkinligi borasida qashqadaryolik hamkasblaridan ham o‘zib tushdi.

Ishtixon tumani hokimligi vakili “My 5” telekanaliga tegishli kameraning xotira kartasi – fleshkani g‘arch-g‘urch chaynab, yeyu yubordi. 

Ana hokim buvaga bo‘lgan sadoqat.

Qayd etilishicha, 14 iyun kuni “My 5” telekanali vakillari Ishtixon dehqon bozorida yuz bergan yong‘in haqida material tayyorlash uchun voqea joyiga borgan.

Telejurnalistlar u yerda Ishtixon tumani hokimligi vakili Ilhom Boboev qarshiligiga uchragan.

Suratga olish jarayonida axborot xizmati xodimining kamera kartasini sug‘urib olayotgani ham tushib qolgan.

“Biroq hokimlik axborot xizmati aynan yong‘in joyidan tasvirlar olishimizga qarshilik ko‘rsatib, muammo hal bo‘lganini ayta boshladi. … To‘satdan kameramizdan xotira kartasini olib qo‘ydi. Sheriklarim uning kartani og‘ziga solib chaynab yuborganini aytmoqda», dedi “My 5” muxbiri.

Shunday qilib, Ishtixon tumani matbuot xizmati xodimi Ilhom Boboev “fleshkaxo‘r” degan nom oldi.

Mayli-da, biz yaxshi gumonda bo‘laveraylik. Masalan, o‘sha fleshka hajmi 64 GB bo‘lsa, shu bolaning miyasi endi 64 GBga kengayibdi. Ana o‘sish, ana rivojlanish…

Oshqozonda hazm bo‘lgan xotira kartasi hojatxonada…

Insof, adolat, kamtarlik

Dunyodagi eng qudratli va boy davlatlardan birining rahbari Angela Merkelni Berlindagi oziq-ovqat do‘konida ko‘rib qolishdi. Kechga yaqin Merkel odatiy tarzda arava olib do‘konga kirdi. Peshtaxtalarda turgan yeguliklarni olib, aravachasiga soldi. Kassaga navbatda turdi. Egnida yillardan beri kiyadigan moviy jemper. Aravadagi yeguliklarni bittalab kassa tasmasiga qo‘ydi.

Video – 5

Merkel Berlindagi ko‘p qavatli uyda ijarada yashaydi. Shaxsiy uyi yo‘q. Uning qo‘shnilari oddiy ishchi va muhandislar. Uyning oldida qorovul yo‘q. Ishga kortejsiz boradi. Bittagina mashinaga o‘tirib ketadi. Nari borsa, yana bitta mashina ortidan yuradi. Yo‘lchiroq qizil yonsa, kutib turadi.

30 yevro turadigan sumka ko‘taradi. Qimmat taqinchoqlari yo‘q.

Germaniya madaniyat vaziri Merkelni «yurt onasi» deb atab qo‘shiqqa solmaydi.

Bularning hammasi Abror Muxtor Aliy ijirg‘anib «geyropa» deya aytadigan Germaniyada yuz bermoqda. Insof. Adolat. Isrofsiz kamtarin hayot. Endi o‘zingiz solishtiring.

So‘kilgan kinochilar

Xullas, gapning qisqasi, nemis hukumati o‘zbek kinosiga yordam bermoqchi. Ammo yordam berishdan oldin «O‘zbekkino» degan voqelik nimadan iborat, bu matoh qanday yeyiladi¸ qanday qilib qoshiqlanadi yoki qay tarzda non botiriladi, degan savollarga javob topishmoqchi.

Nemislar mendan konsultant bo‘lishimni so‘rashdi. Xo‘p dedik. Vatan uchun jon fido. Xullas, ertalabdan beri 6 ta o‘zbek kinosini ko‘rishga harakat qilib, sira ko‘ra olmadim (oltita kinodan birining oti «Yolg‘iz bo‘ri» va yana biri «Fohisha kelin»).

Ko‘rishni boshlashim bilan ko‘nglim aynib qusgim keldi. Qon bosimim ham oshdi. Xuddi shunday holat o‘zbek kinosini tomosha qilmoqchi bo‘lgan nemis vatandoshida ham aynan sodir bo‘libdi. Xulosa: o‘zbek kinosi inson sog‘ligi uchun xatar.

Tavsiya: O‘zbekistonda kino olayotgan barchaga (Musoqovga ham) kasbiy taqiq qo‘yish kerak. Ular nima qilsa qilsin, lekin kino olmasin. Kinolarning hammasini yig‘ishtirib olib yo‘q qilish kerak. Chunki bu kinolar didni o‘tmaslashtiradi. Faqat chet elda ishlab chiqilgan kinolarni o‘zbekchaga dublyaj qilib namoyish etish kerak.

Nemis opadan iltimos qildim. Shu o‘zbek kinosi degan alvastini o‘ldirib yo‘q qilishga yordam bering, dedim. Bermoqchi bergan pulingizga Enamyaxshi qishlog‘ida maktab qurib bering¸ ortsa, Hazoraspning Pichoqchi qishlog‘idagi maktabga hojatxona qurib bering, dedim.

Mening o‘zbek kinosi haqidagi nafrat to‘la gaplarimni nemis jurnalida chop qilishmoqchi. Yaxshiyam Germaniyada tsenzura yo‘q. Rosa so‘kdim o‘zi kinochilarni.

Xalq dengizdir,

Xalq to‘lqindir,

Xalq kuchdir,

Xalq isyondir,

Xalq olovdir, xalq o‘chdir…

Xalq qo‘zg‘alsa, kuch yo‘qdirkim, to‘xtatsin,

Quvvat yo‘qkim, xalq istagin yo‘q etsin.

Xalq isyoni saltanatni yo‘q qildi,

Xalq istadi, toj va taxtlar yiqildi…

Xalq istagi: ozod bo‘lsin bu o‘lka,

Ketsin uning boshidagi ko‘lanka.

Bir qo‘zg‘alur, bir ko‘pirar, bir qaynar,

Bir intilur, bir hovliqar, bir o‘ynar,

Yo‘qliqni-da, ochlikni-da yo‘q etar,

O‘z yurtini har narsaga to‘q etar…

Butun kuchni xalq ichidan olaylik,

Quchoq ochib xalq ichiga boraylik!

Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon.

O‘zi kal – ko‘ngli nozik

Mudofaa vazirligi oltin ruchka sotib olmoqchi bo‘lgani haqida yana bir bor. Nima, biz urushda g‘olib bo‘ldig-u, oltin ruchka bilan yengish yorlig‘iga imzo qo‘yamizmi? Urushsiz ham gektarlab yerlar qo‘shnilarga bervorilyapti. O‘tmas pichoqqa oltin sop, deganidek.

Adolat yo‘q bo‘lgan mamlakatdagi Adliya vazirligi o‘z ta'mirini maqtab yotibdi. Buyam xuddi oltin ruchka kabi gap. Qishloq maktablari qishda isitilmaydi¸ hojatxona yo‘q. Ammo o‘zi posmonda bo‘lsa ham ko‘ngli osmonda bo‘lgan bir chaqaga qimmat o‘zbek mulozimlariga oltin ruchka kerak bo‘libdi.

Dunyoning eng qudratli mamlakati rahbari Merkel 28 yevrolik ruchkada imzo qo‘ygan iqtisodiy rafoq ostida «Mersedes» va «Bugati»lar ishlab chiqarilmoqda. AQSh prezidenti Bayden uchun ham 90 dollarlik ruchka yetib ortyapti. Bizni yetimcha mulozimlar 1200 dollarlik ruchka omoqchi. O‘zi kal, ko‘ngli noziklar.

Ko‘z tegmasin

Bir o‘ris sayyoh «O‘zbekistonga boshqa bormayman,» deb yozibdi.

Men bu gapni nemis sayyohidan ham eshituvdim.

Sayyoh – bu O‘zbekiston va har bir o‘zbek uchun puli shilib olinishi joiz bo‘lgan pul daraxti.

Shtaynbax ismli nemis hikoyasi:

«Buxorodagi mehmonxona nomeriga kirdim. Doimiy odatimga ko‘ra o‘zimni yotoqqa otdim. Mayib bo‘lishimga sal qoldi: karavot qattiq taxtadan (DSPdan) edi. Ustiga yupqa gulli ko‘rpacha solingan ekan.

Eshik taqilladi.

Suzilibgina turgan bola buzuq ingliz tilida bir nima dedi.

Qo‘lida qog‘oz.

Milisada registratsiyadan o‘tadigan forma.

Mayli, deb olsam, «choychaqa bermiysizmi, akun», deb termuldi.

So‘m uzatsam, dollar yoki yevro yo‘g‘midi, namuncha qurumsoqsiz, degan ta'na aks etdi ko‘zlarida.

«Uyda yolg‘iz» kinosidagi tamagir eshikbonga o‘xshardi.

Saqich berib ham qutulib bo‘lmadi.

Hali nomerga joylashib ulgurmay¸ agressiv marketing nishoniga aylana boshladim.

Qog‘oz olib kelgan bola qo‘ltig‘idan ustiga rasm chizilgan bir noskovoq chiqarib: «Shuni oling, aka, arzon beraman», deb boshladi.

Nos chekmasam. Nima qilaman uni?

Shuni o‘ylab tursam: «Shkafga qo‘yasiz, esdalik, ten dollar, ten dollar», deya chuldirab boshladi.

Maylimi siyvolsam, deb eshikni yopdim.

Vannaga kirib suvni ochsam, suv zo‘rg‘a jirillab turibdi.

Isroilga borganimda tomchilab sug‘orish tizimini ko‘ruvdim.

Buxorodagi dush ham shu tizimning bir parchasi kabi ko‘rindi.

Nomerdan chiqib birinchi qavatga tushsam, zardo‘z kashta¸ matryoshka qo‘g‘irchoq¸ miniatyura rasm va allambalolarni ko‘tarib olgan sotuvchilar menga tashlanishdi.

Nemis¸ ingliz¸ frantsuz tillarida molini maqtashdi.

Ular qurshovini yorib o‘tib ko‘chaga chiqdim.

Ko‘chaga chiqib Minorai Kalon qaysi tarafda deb qarab tursam, bir odam turtdi.

Qarasam, bittasi elakcha tutib turibdi.

Davay, plati, deydi.

Nega pul to‘lashim kerak, desam, kontsert ko‘rding, deydi.

Qani qontsert, qaerda ko‘ribman, desam, qo‘li bilan ko‘rsatdi.

Zardo‘z choponlarga o‘ralgan bochkaday uchta xotin va doira ushlagan olachapon erkak «talasapeta, talasapet», deb turishibdi.

Azbaroyi xudo, ularni ko‘rganim yo‘q edi.

Ko‘rding, endi haqini to‘la, deydi artistlarning sutenyori.

Yo‘q, men Minorai Kalonga qarovdim, desam ham «cherez nas» qaraysan Minorai Kalonga, deb yoqamdan oldi.

Ënimga o‘siq qoshlari qo‘shilib ketgan bir milisa yaqinlashib, koburesiga qo‘lini tiqdi.

To‘pponchasini chiqarib otib tashlaydimi, deb tursam, kobureni ichidan bodring olib, g‘arch etib tishlab, kumush tishini ko‘rsatib iljaydi.

Velkom tu Buxara, diya gest, dedi mentlarning tilida.

Xullas, Minorai Kalonni ko‘ra olmay mehmonxonaga qaytdim.

Tushlik payti bo‘libdi. Restoranga borsam, guruhing qani, deyishdi.

Guruhim yo‘q, dedim.

Ular bo‘lsa: «Tushlik yo‘q. Nega guruhing yo‘q? Biz faqat guruhga ovqat beramiz», deyishdi.

Bittasi kelib, sizni boshqa guruhga qo‘shib ovqatlantirishimiz uchun talon kerak, dedi.

Talonni retsepshndan olib, guruch va shubhali kotletdan iborat ovqatni yeb boshladim.

Yeb boshladim-u, oxirigacha bora olmadim.

Ichim buzilganini his qildim.

Ën atrofdan hojatxona izlay boshladim.

Do‘kon bor¸ paynet¸ bankomat, bir gala sotuvchi bor, hojatxona yo‘q.

Xonamga qaytib kirib, hojatga chiqdim.

Zir-zir degan mashhur ichketar kasalga chalinibman.

Eshik taqilladi.

Ochsam, hezimsifat eshikbon turibdi suzilib.

Qo‘lida levomitsitin degan dori.

Ten dollar, dedi.

Jon deb pulni to‘lab, dorini ichib ichketishni to‘xtatdim.

Xonadan chiqmadim.

Ertasiga bizni avtobusga chiqarib, Urganchga olib ketishdi.

Avtobusni tanidim.

Ikkinchi jahon urushidagi mag‘lubiyatdan keyin Germaniyada ishlab chiqarilgan MAN avtobusi.

Men qadimiy asarga qaraganday bu yo‘lko‘likni ko‘zdan kechirib, abadiy dvigatel yaratgan vatandoshlarim nemis muhandislariga hamdu sano aytdim.

Ketyapmiz. Ikki taraf cho‘l.

Birdan sho‘pirning yonidagi gid mikrofonni olib: «Sho‘pirning bachalari kasal. Shunga ozroq yordam qivorish kerak Xido yo‘liga», dedi dunyoning barcha tillarida.

Keyin usti naqshli qutini olib, hammadan pul tilanib chiqdi.

Sal o‘tmay sho‘pir ham Haynrix Heyne tilida biyron gapirib, ekskursovod yaqinda eridan ajragani¸ uchta kasal bolasi va erga tegmay uyda qolgan singillarini boqish uchun pul yetmayotganini aytib: «Shu singlimizga yordam bervoriylik, savob bo‘ladi», dedi.

Quti yana bir oralab chiqdi……

Urganch va Xivadagi ko‘rgan kechirganlarimni yozmay qo‘ya qolay.

Xullas, gapning qisqasi, O‘zbekistonga boshqa bormayman.»

Men bu nemis sayyohiga hozir mo‘htaram sharapati bilan ahvol yaxshilanganini aytsam, kecha Samarqandga borib kelgan frantsuz sayyohi menga o‘rta barmog‘ini ko‘rsatdi.

Tarbiyasiz.

Kelmasang kelma, o‘zimiz ichki turizm qilib eplab olamiz.

Lanka tepish bo‘yicha jahon olimpiadasi o‘tkazsak, hamma yugurib keladi.

Ko‘z tegmasin jannatmakon yurtimizga.

Demang, shoir tinib ketdi,

Siyosatga inib ketdi.

Va yo aytmangki, mo‘rt toldek,

Shamollarda sinib ketdi.

Siz, ey lutf bahrida g‘avvos,

U sizni sog‘inib ketdi.

Demang, shoir jimib ketdi,

G‘azal yozmay tinib ketdi.

Tinib ketsa, bilingizki,

Yog‘och otga minib ketdi.

Erkin Vohid

Shoir bitiklaridan ilhomlanib aytadigan bo‘lsam, demang rassom Tuz tinib ketdi, siyosatga inib ketdi… Tinib ketsa bilingizki, yog‘och otga minib ketdi..

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
1 noyabr 2016
Rossiyada Karimov nomidagi hiyobonning paydo bo‘lishi birinchi noyabrga, boshqacha aytganda jodugarlar kuni – Hellouinga to‘g‘ri keldi. Moskva meriyasi shuningdek, ...
11 iyun 2019
Veterinar bilan gurunglashib qoldim. Qo‘ylarga bitta ukol qilaman, ikkita, uchta tug‘adi, dedi. Oxirgi bir-ikki yilda O‘zbekistonda uchta tug‘adiganlar ko‘payib ...
29 avgust 2016
O‘zbekistonni 27 yil davomida shafqatsizlik va qonunga xilof ravishda boshqargan avtoritar prezident Islom Karimov 78 yoshida o‘ldi. Bu haqda ...
17 aprel 2017
«Erk» Demokatik partiyasi lideri Muhammad Solih Qozog‘istonning yil oxirigacha lotin yozuviga o‘tish qarorini qo‘llab quvvatlashini bildirdi. Qozog‘iston prezidenti Nazarboev ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...