Asosiy mavzular
25 avgust 2021

Vatan xoini deya tamg‘alangan shoirga haykal qo‘ygan shahar

Bu Silivri shahri. Terrorchilar saqlanadigan qamoqxona joylashgan bu shahar Turkiyaning Ovrupa qismida joylashgan va uning qirg‘oqlarini Marmara dengizi suvlari yuvib turadi. Shahar tarixi eramizdan oldingi 675 yilga borib taqaladi. 1399 yildan boshlab shahar hozirgi Turkmaniston va Xorazm viloyati hududlaridan ko‘chib kelgan usmonli turklar nazoratiga o‘tgan.1878 yilda ruslar bu shaharni ishg‘ol qilishga urinishgan, ammo bugungacha shahar turklar qo‘lida qolmoqda. 

Bu shaharda tibbiyot otasi Hippokratning ustozi Gerodik dunyodagi eng birinchi kasalxonani ochgan.

Ammo shahar Turkiya hukumati tarafidan vatan xoini deb e'lon qilingan buyuk shoir Nozim Hikmatga haykal o‘rnatilgani bilan ko‘proq shuhrat topgan. 59 yoshli ulug‘ haykaltarosh Kamol To‘fon tarafidan 2013 yilda o‘rnatilgan haykal 2019 yilda ekstremist vandallar hujumiga ham nishon bo‘lgan edi.

Haykal tagiga shoirning mana bu satrlari yozilgan:

Bu mamlakat bizniki! 

Bilaklar qonga to‘lgan!

Tishlar qisilgan!

Oyoqlar yalang.

Ipak kabi yumshoq tuproq.

Bu jahannam. 

Bu jannat bizniki. 

Qo‘llarimiz musht bo‘lib tugilsin

va bir daf'a ochilmasin. 

Yo‘q qiling insonning insonga qulligini!!!  

Bu davlat bizniki!!!

Bir og‘och kabi tek va hur yashamoq. 

Va bir o‘rmon kabi qardoshlarcha..

Bu hasrat bizniki….

2008 yili Turkiya hukumati mamlakatning eng mashhur shoir va dramaturglaridan biri Nozim Hikmat vatandoshligini qayta tikladi. 

Nozim Hikmat umrining aksar qismini quvg‘inda o‘tkazgan va jami 17 yil qamoqda yashagan. Shu davrda u 20- asrning o‘ziga xos poetik tarixi — «Inson manzaralari» epopeyasi, «Turmadan xatlar» she'riy turkumi, «Bir sevgi afsonasi» hamda «Yusuf va Zulayho» pesalarini yaratgan.

1950 yili jahon jamoatchiligi Nozim Hikmatning ozod etilishiga erishdi. U keyin 1951 yili sho‘rolar mamlakatiga ko‘chib kelib, adabiy va ijtimoiy faoliyat bilan shug‘ullanadi. «Turkiyada», «Anoyi», «Bekat», «Tartyuf-59», xotini Tulyakova bilan hamkorlikda «Damokl qilichi» singari qator pesalar, she'r va dostonlar yozadi.

O‘zbekistonda Nozim Hikmat ijodiga qiziqish 1928 yildayoq boshlangan. G‘afur G‘ulom, Shayxzoda, Mirtemir, Rauf Parfi va boshqalar Nozim Hikmatning ko‘plab asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilishgan. «Turkiya haqida hikoya» pesasi hozir O‘zbek milliy akademik drama teatrida, «Bir sevgi afsonasi» pesasi asosidagi balet esa Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatrida sahnalashtirilgan.

Shu o‘rinda Nozim Hikmatning rassom bo‘lganligini ham eslash joiz.

Nozim Hikmat haykali joylashgan Silivri shahri yuzlab haykallarga sahna bo‘lgan o‘ziga xos ochiq osmon ostidagi muzeydir.

Tasviriy san'at va haykaltaroshlikka qarshi chiqadigan toliboncha zehniyatga qarshi Silivri shahri hokimligi juda ko‘p san'at loyihalariga mezbonlik qilib keladi.

Aynan bu shaharda mototsiklda avariya bo‘lib o‘lganlarni tamsil qiluvchi haykal o‘rnatilgan.

59 yoshli taniqli haykaltarosh Kamol To‘fonning turk xalq raqsiga atalgan kompozitsiyasi plastika va realizm uyg‘unligining go‘zal namunasidir. 

Silivrida kimlar yashaydi? Bu savolga etchi ham sutchi ham bir xil javob beradi: Silivrida buyuk insonlar yashaydi.

1958 yilning oktyabr oyida shoir Nozim Hikmat Toshkentga kelib mana bu satrlarni yozgan edi:

Buyuk inson kema yo‘lagining yo‘lchisi,

Buyuk inson qatorning uchinchi sinfida,

Buyuk inson katta yo‘lda yayov,

Buyuk inson sakkiz yoshida ishga kirar,

Yigirma yoshida uylanar.

Qirqida o‘lar buyuk inson.

Ekmak buyuk insondan boshqa har kasga yetar.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
17 dekabr 2019
So‘kong‘ichligi bilan nom chiqargan Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniev 2 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqda tarqalgan navbatdagi audioyozuvida gaz yo‘qligi ...
27 aprel 2016
Gap O‘zbekistonda ancha vaqtdan beri davom etayotgan benzin taqchilligi muammosi haqida bormoqda. Bugun benzin faqat Toshkentdagina bir amallab topilayotgani, ...
13 sentyabr 2018
«Navbatim yaqinlashgan sari tobora kuchayib borayotgan vahima butun vujudimni qoplab oldi. O‘ng oyog‘im tovoni zirqirab og‘riy boshladi…». Muhammad Bekjon ...
17 mart 2018
Rossiyada 18 mart kuni Vladimir Putinning yana bir bor prezidentlikka saylanishi kutilmoqda. Federatsiya hududlaridan tashqari 2014 yili Rossiya ishg‘ol ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...