Asosiy mavzular
3 sentyabr 2021

RTdan va'z: Ikki marta lazgiga tushish nimani anglatadi?

Falsafaning katta bobosi Heygel “Bir daryoga ikki marta tushib bo‘lmaydi”, degan edi. Ammo bir kontsertning o‘zida korruptsioner hokimlar ikki marta lazgiga tusha olishini ko‘rdik. Ular «yana o‘ynaylik, yana kuylaylik, xalqni o‘marib davron suraylik!» deb kuylamoqda. 

Kechgan haftada O‘zbekiston o‘z mustaqilligini tantana qildi. Mustaqillikdan oshkora nafratlanadigan biomassalarning badaniga mustaqillik nishoni taqildi. Shu ko‘krak nishon chiqaradigan zavod judayam boyib ketdi-yov. Umuman, «Eltuz» va rassom Tuzdan boshqa hamma baxmal qadalgan temir olib, cho‘ntak tiktirgan boladay irg‘ishlab sevindi.

Bergan xudoga yoqibdi. Nishon taqqan kattakonlar ham saylov arafasida barchaning tomog‘ini yog‘lab, o‘zlariga iydirishdi. Sigir sog‘ilishidan oldin emchagi uqalanib iylanadi. Bo‘lmasa sut bermaydi. Polittexnologlar biladi bu jarayonni. Men olgan nishonini qaytarib bergan birgina o‘zbekni bilaman.

Rahmatli shoira Gulchehra Nurillaeva. Eh, hozirgi shayir va shayirkalarning emchagiga nishon taqilishi bilan iyib ketganini ko‘rib, Gulchexra opaning jasurligi bir istisno ekanini ich-ichdan tushundim. Aslida har qanday nishon yoki medal – og‘izni yopadigan qopqoq.

Albatta, Nobel mukofoti haqida gapirmayapmiz. Shu paytgacha birorta o‘zbek Nobel olmadi. Na adabiyot va na fizika, kimyo sohasida. Cho‘pchak aytadiganlar uchun mukofot nominatsiyasi yo‘q.  

Iqtibos: 

«24 soat davomida Mask va Geyts o‘zbeklarning boshiga chiplar qo‘ygani, jadidlar kofir bo‘lgani va Asaxi loyihasi Amerika razvedkasi tomonidan moliyalashtirilayotgani, masonlar haqida jar solib, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikni oqlab, ommaning miyasini zaharlab o‘tirganlarga davlat mukofotini berish, bu nafaqat davlat mukofotlarining, balki umuman davlatning ham to‘liq qadrsizlanishi degani. Bu davlatning tanazzuli. Boshqa hech narsa emas bu. Va davlat mana shu telbacha konspirologiya va radikalizimga  to‘liq  qo‘shildi, degani bu.

Anvar Nazir»

Xo‘p, endi bir maqol aytsam. Farmonbibi aytganidek, maqol ham o‘lsin har gapga qo‘shilmay, demang. Qazisan, qartasan, o‘z aslingga qaytasan. Ilmda buni atavizm deydi. Masalan, Bulgakovning “Ityurak” asaridagi odamga aylantirilgan it yana itligiga qaytadi. O‘zbekistonda Islom Karimov o‘limidan besh yil o‘tib mustaqillik bayrami tantanalari yana Islom Karimov formatiga qaytdi.

Karimov o‘limidan keyin mustaqillik tantanalari yopiq sahnalarda, oz sonli odam ishtirokida o‘tkazib kelinayotgan edi.

Qorinboy va poraxo‘r hokimlar bir kontsert davomida ikki marta lazgiga o‘ynadi, boshqalari qarsak chalib, hamkasblarini qo‘llab-quvvatlab turdi.

Kontsert so‘nggida Mirziyoev san'atkorlar bilan birma-bir qo‘l siqishib, ba'zilari bilan quchoqlashib ko‘rishdi.

Ushbu sahnalar marhum prezident Islom Karimov davridagi tantanalarni yodga soldi.

«Yigit boshi omon bo‘lsa, molli bo‘lar molsiz bo‘lmas», deya kuylangan qo‘shiq fonida barchani raqsga tortayotgan shahar hokimi Ortiqxo‘jaevning bedana yurishida hikmat ko‘p. Yangi O‘zbekistonda tuvagi tilladan bo‘lgan boy otalarning oyog‘i qiyshiq bo‘lsa ham o‘ynasa yarashaveradi. 

Xorazm hokimi Farhod Ermonov, Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev, Qashqadaryo hokimi Zoyir Mirzaev, Sirdaryo hokimi G‘ofurjon Mirzaev va Navoiy hokimi Qobil Tursunov sakrab-sakrab raqsga tushdi. Shunaqa xirom qiladigan raqqos hokimlarimiz bor ekan-u, bilmay yurgan ekanmiz. 

Aslida boshlanish mujdasi bo‘lgan lazgi raqsi Karimov davrida mustaqillik bayramining tugashini bildiradigan ritualga aylantirilgan edi.

Mustaqillikning 30 yilligi tantanalari O‘zbekistonda koronavirusning yangi to‘lqini avjiga chiqqan pallada o‘tkazilmoqda. Bu esa o‘lat paytidagi ziyofatga mengzaydi.

Iqtibos:

«Menimcha, hozirgi mustaqillikni MUSTAQILLIK emas, balki yangi ko‘rinishdagi KOLONIYa deb atasak, to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki davlat tili bilan birga jamiyatdagi asosiy yo‘nalishlar kolonizator davlat ko‘rsatgan yo‘l-yo‘riqda ketyapti. Mamlakat tashqi ishlarda ham erkin ish yurita olmasligini Afg‘onistonda bo‘lgan so‘nggi voqealar ham ko‘rsatdi».

Baxtiyor Shohnazar

Mustaqillikning 30 yillik sanasi qo‘shni Afg‘onistonda «Tolibon» qayta hokimiyatga kelgan, O‘zbekistondagi zombi mullalar kavaklaridan chiqib, mustaqillikka shak keltirib, «Tolibon»ga bay'at berayotgan va tashqi siyosat to‘la Rossiya nazoratiga o‘tib bo‘lgan paytga to‘g‘ri keldi.

Tashqi ishlar vaziri, SSSR davridan qolgan arvoh Komilov «Tolibon»lar advokatiga aylanganini ham ko‘rdik.

Terrorchi mullalar shaykasi bo‘lgan «Tolibon»dan tabrik oldik, deya Tashqi ishlar vazirligining sevinganidan siyvorganligini ham ko‘rdik.

Bir yumalab  terrorchi «Tolibon» advokatiga aylangan o‘zbek diplomatlari oqni qora demoqda. O‘zbek tili «Tolibon»lar tarafidan maktab dasturidan chiqarilgan, degan gaplarga raddiya bildirmoqda. O‘zbek Tashqi ishlar vazirligi yerlarga yumalab, «Tolibon»ni reklama qiladigan kontoraga aylandi. 

O‘lmagan qul ko‘raverar ekan. Yaxshisi, Anvar Nazirdan eshitaylik: 

«Tashqi ishlar vazirligi va rasmi blogerlar uchun. Mana bu hujjat o‘zbeklar yashaydigan shimoliy hududlardagi maktablarda toliblar tomonidan tayyorlangan, o‘qitiladigan darslar jadvali. Ilgari bu jadvalda bo‘lgan o‘zbek tili, bugun ko‘ryapsiz, yo‘q. Ko‘rinib turibdiki, arabcha paydo bo‘ldi o‘rniga. Oldingi postimda bu hujjat keltirilgan edi.

Men afg‘on o‘zbeklari bilan gaplashib turaman, ularning hammasi buni tasdiqlashmoqda. Va nima uchun toliblarning o‘zlari maktablarda o‘zbek tili darslari saqlanib qolishini ochiq e'lon qilishdan bosh tortyapti yoki Tashqi ishlar vazirligi endi bu hujjatni yolg‘on, deb e'lon qiladimi?

Aytgancha, bunday kolxoz-stalinizm ohangida faqat bir necha mamlakatlar – Shimoliy Koreya, Myanma, Venesuela, Rossiya, Xitoy, Belarus diplomatlari bayonot berishadi. Bu ohang diplomatik odob uchun nomaqbul hisoblanadi.

O‘zbekiston qochqinlardan voz kechib, «Tolibon»ga advokat bo‘lib, jahon hamjamiyati nazarida Shimoliy Koreya va Belarusga o‘xshash davlatga aylanmoqda. «Tolibon» Alisher Navoiy nomi bilan bog‘liq har qanday ma'lumot va ramzlarni yo‘q qila boshladi.

Sh.Mirziyoev «Tolibon»ning asosiy terrorchilaridan birini «Biradori janoblari» deb turgani fonida tolib haromilar barcha o‘zbek merosiga qarshi ochiq kurash ochgan, o‘zbek tilidan boshlashdi, o‘zbek tilini o‘qishni taqiqlab qo‘yib maktablarda. O‘zbek shashmoqomi taqiqlandi, endi esa Alisher Navoiy yo‘q qilina boshlandi.

Anvar Nazir

Bu Anvar Nazirning fikri edi. Men qo‘shimcha qilib, O‘zbekiston Turkmanistonga aylanmoqchi, deb  shivirlab qo‘ysam. Shu kunlarda O‘zbekiston prezidentini fors tilidan tarjima qilinganida boshliq ma'nosini beruvchi sardor deya atash taklifini ilgari surishdi. Shu o‘zimiz bilgan karkidon Akmal Saidov.

“Serdarima shuhrat!” deb baqirsak, baxtimiz tugal bo‘lardi. Bularni hajv qilish uchun Qodiriy va Avloniylar zarur.

Mallaxon zamoni  qaytdimi?

“Do‘kondorlarimiz ishlarini tartib-la solmay, zamonag‘a muvofiq ish yuritmay, Mallaxon zamonidan qolg‘on eski do‘kon, eski tos, eski tartiblarini yaxshi ko‘rurlar.

Onalarimiz bilim va tarbiya o‘rnig‘a erlari ila urushub-talashub qizlarig‘a mol qilmakni yaxshi ko‘rurlar.

Otalarimiz bolalarig‘a o‘qutmak va ta'lim bermak o‘rnig‘a «O‘g‘lum emdi kattakon yigit bo‘lding, shuncha o‘quganing yetar, pul top!» — deb «tashishka» — hammollik qildirishni yaxshi ko‘rurlar.

Kosiblarimiz bir-biridan mollarini arzon sotaman deb, tezgina yirtiladurg‘on, tikishlar undan urub, mundan chiqg‘on, suvni yetti chaqirim yerdan chaqiradurg‘on mahsi va etiklar tikub, sotishni yaxshi ko‘rurlar.

Zargarlarimiz yigirma tiyinlik kumush, o‘n tiyinlik tillo orasig‘a mum va saqichlar joylab, ismini qiz hayron, zebigardon qo‘yub, besh-o‘n so‘mga sotishni yaxshi ko‘rurlar.

Tabiblarimiz dolchin, zanjabil, hubbul malik, filfil kabi bir necha attorni qutisida yo‘q narsalardan murakkab doru va ma'junlar yasab, bechora nodon xalqni pulini olishni yaxshi ko‘rurlar.

Mashshoq va hofizlarimiz to‘y va bazmlarga bir mardakni(ng) ismini bachcha qo‘yub, o‘zlari ila barobar olib yurub, «milliy adabiyot» o‘rnig‘a «Xonim yalola, begim yalola» deb bachchaga tashlanayotgan pullarni bo‘lub olishni yaxshi ko‘rurlar.

Savodxonlarimiz jarida va jurnallar, tarix va ro‘monlar o‘rnig‘a Daqyonus zamonidan qolg‘on, xurofotlar ila to‘lg‘on «Andog‘ urdilarki, gard-gard bo‘lub ketdi», deb loflar yozilg‘on kitoblarni og‘izlarini qufurturub o‘qumoqni yaxshi ko‘rurlar.

Yigitlarimiz milliy majlis va suhbatlar o‘rnig‘a to‘kma va samavarlarda, rasta va do‘konlarda o‘lturub, «Falonchining o‘g‘li xo‘b yaxshi bola bo‘lubdur, kecha falonchining mehmonxonasig‘a qamab, qiyqirtirub bazm qilduk. Emdi falonchining o‘g‘lini ham bir bazm qilsak, dunyodan armonsiz ketar eduk» deb, islomiyatdan uzog‘ insoniyat nomiga yarashmagan ishlarni qilmoq va so‘zlashmoqni yaxshi ko‘rurlar.

Yoshlarimiz ilm va ma'rifatli bo‘lishni, hunar, san'at o‘rgonishni o‘rnig‘a, o‘zlariga zeb berub tor shim ila kalta kamzul, qotirma yoqalarga bino qo‘yishni yaxshi ko‘rurlar.

Ishchilarimiz ilm va hunardan mahrumligi sababli boshqa millatlar ilmu ma'rifatlari soyasida kuniga 4—5 so‘m ishlab turgan bu zamonda kuniga uch tangag‘a mardikorlikni, oyig‘a o‘n besh so‘mg‘a qorovullikni, yigirma so‘mg‘a fanar yoqishni, o‘n so‘mg‘a ko‘nka yo‘lini tozalashni va shularga o‘xshash eng past va og‘ir xizmatlarni yaxshi ko‘rurlar.

Bolalarimiz otalarimizning ilm qadrin bilmagan, ilm uchun pulni ko‘zlari qiymaganlik sababli o‘qumoq va o‘rganmoq o‘rniga «Oh pul, jonim pul», deb «tashishka» — hammollikni yaxshi ko‘rurlar.

Muharrirlarimiz ko‘b-ko‘b oqcha olib, oz-oz yozishni yaxshi ko‘rurlar.

Mushtariylarimiz foydali maqolalar o‘rnig‘a xabarlarni yaxshi ko‘rurlar.

Dumalarimiz majlisga kelub, ustulga suyolub farog‘at qilub turg‘on vaqtlarida, bir tarafdan qattig‘roq tovush chiqsa cho‘chib uyg‘onishni yaxshi ko‘rurlar.

Shoirlarimiz milliy she'r va adabiyot yozishni o‘rnig‘a muvashshahmi yoki «qoshingdan, ko‘zingdan», — deb, javonlarni maqtab fasod axloqg‘a sabab bo‘ladurg‘on she'rlar yozishni yaxshi ko‘rurlar.

Ammo men bo‘lsam, hozirgi zamonda indamasdan turishni yaxshi ko‘rurman».

Jurnalist, dramaturg, olim, shoir, davlat va jamoat arbobi Abdulla Avloniy.

Va'z boshida aytganimdek, kechayotgan paytda «Katyusha» aytishga moslashgan biomassa mustaqillik bayramini to‘yladi. Ular Putinning dnyuxasini ham ayni samimiyat bilan nishonlaydigan  to‘da. Ammo kurmak orasida guruch donalari bo‘lgani kabi zamondoshlarim orasida ham zakiy insonlar bor. Shulardan biri shoyon do‘stimiz Nodira Musa Ismoil. Bu vatandoshimiz mintaqaga tikuchar kabi nazar solib, ko‘p savollarga javob beribdi. 

 Nega AQSh Afg‘onistondan chiqib ketdi?

Shavkat Mirziyoev prezident bo‘lganida AQSh bizning region uchun “5+1” platformasini taklif qilgandi. MOga Afg‘oniston ham qo‘shilgan “Katta Markaziy Osiyo” hududi deb qaralishini va bu hududni birgalikda rivojlantirishni taklif qilgandi. AQSh taklifi MO respublikalarini birlashtirish maqsadida qilingandi. Agar MO respublikalari birlashsa, Xitoy va Rossiya vassali emas, ular uchun bir huquqdagi birlashmadek ish yuritardi. Xitoy va Rossiyaning o‘z ta'sirini majburlab o‘tkazish imkoniyati pasayardi. 

G‘arbning kreditlari va investitsion loyixalari, asosan, texnika va uskunalari MO respublikalarini rivojlangan hududga aylantirib, butun Osiyoda o‘z gapini o‘tkazadigan birlashmaga aylantirardi. Lekin MO respublikalari amaldorlari Rossiyaning vassalligini tanladi. 

O‘zbekiston Xitoyni bahona qilib AQShdan qutuldi. Rossiyaga yaqinlashib borayotganini oqlash uchun LGBT mavzusini ko‘pirtirdi va o‘zining himoyasi uchun diniy fonni kuchaytirishni boshladi. Albatta, bu AQShga yoqmadi. AQSh uchun Afg‘onistonda qolishning ma'nosi yanada yo‘qoldi. AQShga kerak emas katta xarajatlar qilish bizga kerakli, lekin AQShga keraksiz tinchlikni ta'minlab berish. Undan ko‘ra o‘sha xarajatlarni Xitoy va Rossiyaning bo‘yniga qo‘ygani yaxshi. Xarajatlar esa juda katta bo‘lgan. AQSh  Xitoy, Rossiya va Eronga haqiqiy bosh og‘rig‘ini qoldirib ketdi. 

Undan tashqari, hozir AQSh uchun dunyoda yagona raqib Xitoy bo‘lyapti. Demak, AQSh Xitoyni kuchga kirishidan oldin zaiflantirishi kerak va shunga ko‘proq e'tibor qaratishi kerak. 

AQShning Afg‘onistondagi xatosi Afg‘oniston hukumati pullarni qanday ishlatayotganini nazorat kilmaganida. 

Xitoy qanday qilib Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatmoqchi? 

Bunda, yuqorida aytganimdek, asosiy maslaxatchi – Pokiston hukumati!  Xitoy Pokiston bilan tinchlik o‘rnatish programmasini ishlab chiqdi.

Birinchidan, Pokiston hukumati anchadan beri Ashraf G‘anining lavozimdan ketishini talab qilar edi. Chunki Pokiston bosh vazirining fikricha, Afg‘oniston hukumati korruptsiyaga botgan edi va noroziliklarga sabab bo‘lyatgan edi. Va uning gapi to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Agar Ashraf G‘ani vaqtliroq ketib, o‘rniga normal odam kelishiga yo‘l qo‘yganida edi, «Tolibon» bunchalik bosh ko‘tarmagan bo‘lar edi balki. 

Ikkinchidan, Pokiston fikricha, Afg‘onistonda hamma millatlar va qabilalarning manfaatlarini inobatga olmasdan tinchlik o‘rnatib bo‘lmaydi. Bu Afg‘onistonning spetsifikasi. Ya'ni faqat pushtunlarni o‘ylaydigan emas, balki hamma millatlarni o‘ylaydigan hukumat kelishi kerak. Buning uchun hamma millatdan vakil bo‘lishi kerak. Ya'ni inklyuziv (polietnik) yoki koalitsion hukumat yoki amirliklardan iborat davlat tuzish kerak. Masalan, Birlashgan Arab Amirliklari kabi. Pokiston shuni taklif qildi. Afg‘onistonning ichki sotsial tuzilishiga va tarixiga nazar solsangiz, bu fikr to‘g‘ri ekanini tushunasiz. 

Afg‘oniston rivojlanishda ortda qolgani uchun ularda haligacha urug‘chilik va qabilaviylik saqlangan. Har bir qabilaning o‘z yetakchilari bor. Ularning tepasiga asosan pushtunlardan iborat bo‘lgan «Tolibon»ni keltirib qo‘yib bo‘lmaydi. Bu norozilik va urushning cho‘zilishiga olib keladi. Ko‘pchilik o‘ylayaptiki, bunday hukumat tuzib bo‘lmaydi, deb.  Lekin shu vaqtgacha hamma Afg‘onistonga o‘zining tushunchasi va dunyoqarashi bilan kelaverib, vaziyatni faqat og‘irlashtirishgan, xolos. 

Uchinchidan, tinchlik programmasining mazmuni yana shundan iborat ediki, har bir qabilaning yashash faoliyatiga bog‘liq bo‘lgan korxonalar ochib, odamlarni rivojlanishga hissa qo‘shdirish, odamlarni har xil ishlar bilan band qilish. Urush va giyohvandlikdan ayirib, mehnat orqali pul topishga o‘rgatish. Yashash tarziga ta'sir qilib, ommaning ongini o‘zgartirish. Infratuzilmalarni yaxshilab va iqtisodiy ko‘mak berib, Afg‘onistonni yarim feodal jamiyatdan va dinning eng qora ko‘rinishidan rivojlanganroq jamiyatga ko‘tarish.

Lekin bu ishlarni uddasidan chiqish uchun Afg‘onistonga qo‘shni davlatlarning ko‘magi juda kerak. Bunaqa vaqtda Afg‘onistonni hamma tarafdan o‘rab olib, qo‘shni davlatlar kelishib ish tutsa, samara beradi. Uzoq urushda bo‘lgan xalqni yangi tizimga o‘rgatish oson emas. Ayniqsa, «Tolibon»ni. Shuning uchun O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan katta sammitda va undan keyin Pokiston bizga alohida taklif bilan keldi.

Qo‘shni mamlakatlar qanday yordam bera oladi?

Yuqorida aytganimdek, Afg‘oniston xalqi har xil millatli qabilalardan tashkil topgan. Tinchlik o‘rnatish uchun har bir qabiladan vakil bo‘lishi kerakk. Bu vakillar «Tolibon» butun mamlakatni egallamasligi uchun unga qarshi kuch sifatida ham kerak. Qarshi kuchlarni har bir qabila yetakchilari boshqaradi. Lekin qabila yetakchilari qarshilik qila olishi uchun ular bilan aloqa o‘rnatish va qo‘llash kerak. Pokiston hamma yetakchilar bilan bir o‘zi aloqa o‘rnata olmaydi, hamma yetakchilarni moliyaviy va moddiy qo‘llay olmaydi. Ular bilan qo‘shni mamlakatlar yaxshi aloqa o‘rnata oladi va qo‘llay oladi. Shunday ham bo‘lgan. Masalan, Ahmad Ma'sud bilan Tojikiston, Do‘stum bilan O‘zbekiston, shialar bilan Eron, turkmanlar bilan Turmaniston, pushtunlar bilan Pokiston va hokazo. Shu yetakchilar orqali «Tolibon»ni doim nazorat qilish va kelishuvlarni bajarishga majburlash mumkin. Agar kelishuvni bajarmasa, yana urush bo‘ladi. Afsuski, «Tolibon»ni faqat shunday qo‘lga olish va Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish mumkin. 

Undan tashqari, qo‘shni davlatlar Afg‘onistonga kiruvchi yo‘llarni va boshqa aloqalarni nazorat qiladi. Masalan, elektr uzatuvchi simlarni va kirib kelayotgan mahsulotlarni. Bu «Tolibon»ni boshqarishga yaxshi vosita bo‘ladi. 

Nega «Tolibon» butun hukumatni egallamasligi kerak va «Tolibon»ni nazorat qilish zarur? 

Birinchidan, «Tolibon» davlat qurishni bilmaydi. Hukumat tepasiga kelib yana eski hunarlarini qaytarish ehtimoli katta, qaytaryapti ham. «Tolibon» deobandiya va salafizm mazhablariga xos dunyoqarash bilan shariat o‘rnatmoqchi. Bu esa ularning talqiniga qarshi talqinlarni noto‘g‘ri talqin, islomga qarshi talqin deb tan olinishini va boshqa karashlarni targ‘ib qilganlarni o‘ldirish kerakligini taqozo qiladi. Bu esa baribir katta diniy urushga olib keladi.

Ikkinchidan, hukumat tepasiga kelib olganidan keyin rivojlanish yo‘lidagi hamma siyosiy va iqtisodiy kelishuvlarni buzishi mumkin. 

Uchinchidan, qarshi kuch bo‘lmasa, haddidan oshib, qo‘shni davlatlarga tahdid qilishni boshlashi mumkin. 

To‘rtinchidan, «Tolibon» tarkibi boshqa terroristik guruhlardan va aloqalardan hali tozalangani yo‘q. Uning tarkibida bizdan ketgan radikallar ham ko‘p. Ularning maqsadi bizda ularning tushunchasidagi islomiy davlatni qurish. «Tolibon»ning hukumatni to‘liq egallashi boshqa terroristik guruhlarga yo‘l ochishi mumkin. Shu uchun «Tolibon» muammosiga faqat Afg‘onistonning ichki muammosiga qaragandek qaramaslik kerak. Bu regional muammo!  

«Tolibon»ning tizginini qattiq ushlash uchun mamlakatning ichida unga qarshi kuchlar bo‘lishi kerak. 

Bularning hammasi Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish programmasiga kiritilgan edi va O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan sammitda hamma shu programmaga kelishib olgan edi. Barcha MO mamlakatlari, Eron, Pokiston, Xitoy kelishib bir sxemada ishlashi kerak edi. Lekin kelishuv MO davlatlari tarafidan buzildi. Chunki har doimgidek ishga Rossiya aralashdi va Rossiyaning roziligisiz biron ish qilinishiga MO respublikalariga ruxsat berilmadi. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, hamma MO davlatlari o‘zining Rossiyaning vassali ekanini ko‘rsatdi. Tojikistondan boshqa! Faqat Tojikiston vaziyatni yaxshi tushundi.

Albatta, Tojikistonning ichki holati ham ta'sir o‘tkazdi. Tojikiston xalqi bir marta fuqarolar urushini boshidan o‘tkazgan. Tojiklar Imomali Rahmondan qochqinlarni himoya qilishni va bosqinchilikka qarshi turishni talab qildi. Imomali Rahmon o‘ylab o‘tirmay qochqinlarni qabul qildi, bosqinchilik yo‘li bilan kelgan hukumatni tan olmasligini aytdi, Afg‘onistonda koalitsion hukumat tuzilishini talab qildi. Va Panjsherda Ahmad Ma'sudni qo‘lladi. 

Nega Rahmon Rossiyadan qo‘rqmadi? 

Chunki Rahmonni Xitoyning o‘zi har taraflama qo‘lladi. Rahmon Xitoyning kuchini va Xitoy bor joyda Rossiyaning ovozini o‘chirish mumkinligini sezdi. Rossiya rozi bo‘lmasa, qochqinlar bostirib kelishi mumkin edi. Mana shunaqa qilib Tojikiston Rossiyaga xavf tug‘dirdi va gapiga ko‘ndirdi. 

Xitoyning Rahmonni qo‘llashdan maqsadi esa o‘sha-o‘sha g‘oya asosida. Bir tarafdan, «Tolibon»ni hukumat tepasiga keltirib, tinchlik o‘rnatishga undash bo‘lsa, ikkinchi tarafdan, «Tolibon»ni butun hukumatni egallamasligi uchun unga qarshi kuch paydo qilish va koalitsion hukumat tuzishga ko‘ndirish. Xitoyga shu kerak.

E'tibor bersangiz, Ahmad Ma'sud ham inklyuziv hukumat talab qilyapti. «Tolibon»ni umuman yo‘q qilishni talab qilmayapti. Hozir Ahmad Ma'sudga boqka davlatlar ham qiziqyapti yagona qarshi kuch bo‘lgani uchun. Ilohim, omadi kelsin. 

Pokiston:  

Pokiston amaldorlari o‘zlarini boburiylar, ya'ni xonlar avlodi hisoblaydi. Va anchadan beri MO davlatlari bilan aloqalarni yaxshilashga urinadi. Afgonistonda tinchlik o‘rnatish tarafdori. «Tolibon» Pokiston amaldorlarining joniga tekkan. Pokistonda toliblar bir necha marta qurolli qo‘zg‘olon ko‘tarib, Pokiston hokimiyatini tahlikaga solgan. O‘sha uchun Pokiston hokimiyati uchun ham qurollangan deobandizm xatarli kuch.

Xitoy ko‘proq o‘z loyihasini o‘ylayotgan bo‘lsa, Pokistonning proekti ruslarga qarshi ishlangan. Gap shundaki, agar biz janubga chiqsak, bizga juda katta bozor ochiladi. Iqtisodimizda katta o‘sish ro‘y beradi. Rossiyaning o‘zi ham, YeOII ham bizga umuman kerak bo‘lmay qoladi. Ruslar bizga ish qidirib keladigan bo‘ladi. Boshqa davlatlar bilan aloqalarimiz yaxshilanadi. Biz uchun janubga chiqish katta imkoniyat bo‘lsa, Rossiya uchun katta yo‘qotish.  Chunki Rossiyaning bizning regiondagi hukmronligi yo‘qoladi. Geopolitik holat tubdan o‘zgaradi. Shu uchun janubga chiqishimiz va rivojlanishimiz Rossiyaga kerak emas. 

Lekin Pokiston hukumati bilan Pokiston razvedkasining harakatlarida qarama-qarshilik bor. Pokiston maxsus xizmatining ichida deobandistlar ko‘p. Pokiston qanday qilib Hindistondan ajrab chiqqanini eslasangiz, nega Pokiston razvedkasida deobandistlar ko‘pligini tushunasiz.  Shu uchun ular ham o‘yinlar qilishi mumkin Afg‘onistonda. Chunki Hindiston omili bor. Lekin bundan bizga xavf kam. 

Bizga hukumatimizning o‘risparastligi, korruptsionerligi, bizdagi iqtisodiy nochorlik, agressivlashib borayotgan ijtimoiy va diniy muhit xavf!  Mana shu bizning zararimizga o‘ynaydi bu vaziyatda. 

Rossiya Afg‘onistonda nima qilib yuribdi?  

Rossiya har doimgidek o‘zining imperialistik repertuari bo‘yicha harakat qilyapti. Boshqalar hisobiga kun ko‘rmoqchi.

Birinchidan, Rossiya bilayapti, agar MOni qo‘ldan chiqarsa o‘zida krizis boshlanishini. Rossiya MOni o‘z nazoratida ushlab turmoqchi. Har qanday yo‘l bilan MOni Afg‘oniston masalalaridan uzoqlashtirib, hamma joyda MO nomidan o‘zi qaror chiqarishga va ishtirok etishga harakat qilyapti. MOning mustaqil harakat qilishiga yo‘l bermayapti. MOni butun dunyoga beobro‘ qilyapti. Shavkat Mirziyoevdan esa Lukashenko yasashga urinyapti. Ya'ni xalqaro maydonda MO respublikalari RFning vassali, degan fikrni tarqatyapti!

Ikkinchidan, Rossiyani o‘zining yangi Buyuk ipak yo‘li (Bir qutb -bir yo‘l) loyihasiga analog yo‘li bor. BAM – Baykal-Amur magistrali Uning ba'zi qismlari qurilyapti. Bu yo‘l Xitoy bilan Yevropani bog‘laydi. Rossiyaga yo‘llarni MO orqali o‘tganidan ko‘ra o‘zining hududidan o‘tgani yaxshi. Bu Rossiyaning iqtisodi uchun muhim. 

Mana shu ikki sabab tufayli Rossiya «Tolibon» bilan yaqin aloqa qilyapti. 

Rossiyaning MOdagi maqsadi bizni Afg‘onistondan ajratib turish va MOda hamda Afg‘onistonda temir yo‘llar qurilishiga yo‘l qo‘ymaslik, agar qurilsa ham uni o‘zi nazorat qilish, har xil biz uchun noqulay kelishuvlar bilan. 

Ya'ni MO uchun xalqaro maydonga chiqish imkoniyati faqat RF kontrolida bo‘lib qolyapti, RFning yo‘llaridan! Bu esa bizga juda katta pul faqat yo‘lga sarflanishiga olib kelyapti va mollarning narxini ko‘taryapti, raqobatbardoshligini tushiryapti. 

Agar MO janubga, ya'ni Hind okeaniga chiqsa, bu transport xarajatlarini kamaytiradi, tannarxi arzon mollar keltirishni va Hind okeani, Osiyo, Afrika davlatlari bilan savdo qilishni iqtisodiy tomondan foydali qiladi. Termizdan Bandar Abbos portigacha nari borsa 600 km temir yo‘l qurish kerak bo‘ladi. Bu yo‘l ishga tushsa, import va eksport xarajatlari bir necha bor kamayishi aniq. 

Lekin bu yo‘llar qurilsa, MO uchun RFni iqtisodiy ta'siri kamayadi. Bu RFga yoqadimi? Shundan RFning nima qilishini oldindan tushunish mumkin. Buning uchun Rossiya Afg‘onistonda inklyuziv hukumat tuzilishiga yo‘l qo‘ymaydi. Rossiya uchun Afg‘oniston hukumatining to‘liq «Tolibon»ga o‘tishi muhim. Chunki yakkahokimlik o‘rnatilsa, Afg‘onistonda urush bo‘laveradi. Bu Rossiyaga ayni muddao. Chunki Xitoyning yangi Buyuk ipak yo‘li loyihasi bizning regionda ishlamaydi. Urush bor joyda yo‘llar qurib bo‘lmaydi. Xitoy Yevropaga Rossiya orqali chiqishga majbur bo‘ladi. 

Kerak bo‘lsa, Rossiyaning o‘zi «Tolibon»ni ishga solib, notinchlik paydo qiladi va loyihalarga hamda regionga xavf solib turadi. IShID nomidan portlashlar uyushtirib, «Tolibon»ni IGIL bilan kurashuvchi yagona qahramon qilib ko‘rsatadi. Va hukumatni «Tolibon»ga topshirish kerakligi va «Tolibon»ni tan olish kerakligini uqtiradi. Shunday bo‘ldi ham. Rossiyaning IGIL bilan aloqalari borligi sir emas. Albatta, bularni isbotlash qiyin.

MO davlatlari esa urush bo‘lgan sari Rossiya quchog‘iga kirib ketaveradi, ahmoq bo‘lib qurollar sotib olaveradi, Rossiya esa xorijiy harbiy bazalari kiritilishiga qarshilik qilaveradi, Rossiyaning «vagnerchi»lari kirib keladi va qaytib chiqmaydi. Shunday qilib, Rossiya bizning regionni qo‘lga oladi. 

Shu uchun Rossiya koalitsion hukumatni qo‘llamayapti va «Tolibon»ni har tomonlama reklama qilyapti. 

Rossiya bizga hali ko‘p ofatlar keltiradi!!! 

O‘zbekiston:

Birinchidan, «Tolibon»ga zarchoponlar kiydirib, O‘zbekiston o‘zining oyoq-qo‘lini bog‘ladi. Oqibatda biz «Tolibon»ga emas, «Tolibon» bizga ta'sir ko‘rsata boshladi. «Tolibon» bilan aloqalar buziladi deb, hatto oddiy qochqinlarni ham qabul qilolmadik. Hatto tranzit yo‘l ochib berishimiz uchun BMT va boshqa davlatlarning hukumati shaxsan aralashdi. Siyosiy maydonda juda uyatli va sharmandali holat bo‘ldi. «Tolibon» bilan aloqa kerak, lekin zarchopon kiydirib, do‘stlik qilish ortiqcha edi.

Ikkinchidan, Rossiyaning chizgan chizig‘idan chiqolmadik va sammitda kelishilgan tinchlik programmasini buzdik. Bu haqida yuqorida yozdim. Biz Shimoliy alyansni qo‘llamadik. O‘zbeklar nomidan biron lider chiqarib, koalitsion hukumat tuzilishini talab qilishimiz kerak edi. O‘sha hududni qaramog‘imizga olishimiz kerak edi. Ya'ni agar «Tolibon» haddidan oshsa, o‘zbeklar nochor ahvolga tushib qolmaydigan va qarshilik ko‘rsata oladigan holatda bo‘lishi kerak edi. Buni ham qilmadik. 

Bizning hukumat, agar hozir Shimoliy alyansga yordam berilmasa va «Tolibon» Afg‘onistonni to‘liq egallasa, vaqt o‘tib ular MOga hujum qilishi mumkinligini inobatga olmayapti. Undan tashqari, «Tolibon»ga ortiqcha radikal guruhlar kerak bo‘lmay qolishi mumkinligini ham inobatga olmayapti. Ular ichida O‘zbekistonga hujum qilmoqchi bo‘layotganlar bor. Ularga «Tolibon» javob bermaydi. 

Umuman, oxirgi voqealar shuni ko‘rsatdiki, Rossiya bizning boshimizga chiqib o‘tirib olgani yaqqol namoyon bo‘ldi. O‘zbekiston Afg‘onistondagi vaziyatni yaxshi o‘rganmagan, «Tolibon» bo‘yicha to‘g‘ri strategiya ishlab chiqmagan, muammolarga yuzaki qaragan. 

Xitoy endi nima qilmoqchi? 

Xitoyga aslida hukumatga kim kelishining ahamiyati yo‘q. Xitoy bilan birga ishlasa bo‘ldi kim kelsa ham. Lekin Xitoy shuni tushunib yetdiki, «Tolibon»ga qarshi kuch bo‘lmasa, «Tolibon» hammayoqni rasvo qiladi. Shu uchun Xitoy ham Afg‘onistonda koalitsion hukumat tuzilishining tarafdori. Shu uchun Xitoy Panjsherda Ma'sudni ham qo‘llayapti Tojikiston orqali. 

Lekin Xitoyning O‘zbekiston bilan bog‘liq rejalari o‘zgardi. Xitoy O‘zbekistonning Rossiya chizgan chizig‘idan chiqishga qodir emasligini va O‘zbekistonga ishonib bo‘lmasligini tushunib yetdi. Xitoy yangi Ipak yo‘li loyihasida ham, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish programmasida ham bizga O‘zbekiston orqali o‘tuvchi yo‘llarni taklif qilgan edi. Lekin oxirgi vaqtlar bu haqida gapirmay qo‘ydi. Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha Xitoy-Eron-Pokiston tandemi ishga tushdi va yangi Ipak yo‘li yo‘nalishi o‘zgartirildi.  U endi O‘zbekistondan o‘tmaydi. Tojikistondan o‘tadi. Rasmlar postda keltirilgan. 

Turkiya: 

Turkiya bir xato ish qildi. Boshida Janubiy Turkiston g‘oyasini va uning Afg‘onistondan ajralib chiqishini qo‘lladi. Bu «Tolibon»ning shimolga e'tiborini qaratishiga va shimolda vahshiyroq harakatlar qilishiga sababchi bo‘ldi. Shundoq ham Rossiyaning maslahati bo‘yicha «Tolibon» jangni shimoldan boshlashi kerak edi. Oqibatda bu boshqa millatlarga yoqmadi va o‘zbeklar yakkalanib qoldi. «Tolibon» “Turkiston” deganlarni ayab o‘tirmadi. «Tolibon» qo‘lida halok bo‘lganlar ichida eng ko‘pi o‘zbeklar va turkmanlar bo‘ldi. Menimcha, kurashda millatga urg‘u bermaslik kerak edi. Qaytaga boshqa millatlar bilan birlashib, hukumatning to‘liq «Tolibon» qo‘liga o‘tmasligi uchun kurashish kerak edi. Na dunyo hamjamiyati qo‘lladi ajralib chiqish g‘oyasini, na Turkiya qochqinlarni qabul qildi. O‘zbeklar juda qiyin ahvolda qoldi. Bu yana bir marta shuni ko‘rsatadiki, Afg‘onistonning ichki holatini bilmay turib unga aralashish yomon oqibatlarga olib keladi. Menimcha, Turkiya Afg‘onistonga MO davlatlari orqali yordam berishi kerak.

Saudiya Arabistoni: 

Salafizmni yuragi va tarqatuvchisi – Saudiya. «Tolibon»ni moliyalashtirgan ham Saudiya. Salafiylar dunyoni zabt qilmoqchi. 

«Tolibon»: 

«Tolibon» hammani chalg‘itishga urindi. O‘zini koalitsion hukumat tuzishga tayyordek ko‘rsatdi. Eski hukumatni chaqirdi.  Oxiri hech qanday koalitsion hukumat tuzmoqchi emasligini bildirdi. Bunga Rossiya qarshilik qilyapti!

*****

Bu maqolada asosiy bo‘lib ko‘ringan ma'lumotlarni yozdim. Vaziyat yozilganidan ko‘ra murakkabroq va biz uchun muhim bo‘lgan boshqa masalalar ham bor. Shuni aytishim mumkinki, bizning regionni rivojlantiruvchi proektlarga qo‘shilmasak, infratuzilmalarni yaxshilamasak, boshqalarning rivojlanishiga hissa qo‘shmasak, bizning hudud nishonga aylanadi. Va bunga faqat o‘zimiz aybdor bo‘lamiz. Bizning hukumatning ko‘rsichqonga o‘xshab olib borayotgan siyosati aybdor bo‘ladi.

Lekin shuni angash kerakki, har qanday davlat o‘z manfaatidan kelib chiqib ish tutishi kerak. Bizning amaldorlar ham RF manfaatidan emas, O‘zbekiston va MO manfaatini ko‘zlab ish tutishi kerak. Biz uchun Afg‘onistonda tinchlik va MOda iqtisodiy rivojlanish havodek zarur. Afg‘onistondagi urush hamma qo‘shnilarga qimmatga tushyapti. Shuning uchun Afg‘oniston masalasida qo‘shnilar bilan birga harakat qilishimiz kerak. RF, AQSh, Xitoydek davlatlarning MO manfaatiga to‘g‘ri keladigan taklif va ishlarini qo‘llashni, to‘g‘ri kelmaydiganlarini inkor qilishni o‘rganishimiz kerak. Bu degani, MO respublikalari kimningdir vassali emas, mustaqil davlat ekanini tushunishi kerak kech bo‘lmasidan. Katta o‘yin ishga tushib bo‘lgan!

Mintaqamiz mustaqilligi muborak bo‘lsin! 

Nodira Musa Ismoil.

Ana shunaqa gaplar. O‘zbekistondagi aeroportni qo‘riqlayotgan bitta miltiqli odam oyligi ozligi va hukumatdagi o‘g‘riliklar bois qorinboy yoshullilarni otib tashlash ishtiyoqidan gapirdi. Kimga aza – kimga to‘y, degani shu bo‘lsa kerak. Mayli, zarimiz bor, ammo zorimiz yo‘q.

Pulli pul topar, pulsiz dardisar. O‘z armiyasini boqolmagan millat dushman armiyasini boqadi.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
28 mart 2023
Toshkent markazidagi muzeyda Rauf Parfi haykali tantanali ochilgani va Karimov davrida xor zor bo‘lgan Cho‘lpon portreti namoyish qilingani haqidagi ...
18 aprel 2018
Mirziyoev N viloyatining olis bir tumaniga vertolyotda uchib keldi. Yurtboshi tikuchar zinasidan tushib, atrofga alanglab qaradi. Atrof ivirsib yotibdi. ...
26 mart 2023
Toshkentda Rauf Parfining ilk haykali ochiladi. 27 mart soat 11 da Tadbir Amir Temur prospektidagi davlat san'at muzeyida bo‘ladi. ...
13 may 2019
Bosh vazir Abdulla Aripovning 6 mayda imzolagan IIV, mudofaa, Milliy gvardiya, bojxona xodimlari bolalarining oliy o‘quv yurtlariga imtihonsiz o‘qishga ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...