Asosiy mavzular
14 sentyabr 2021

Qochqinlar qachon o‘z nabirasini quchadi?

Bu rasmda O‘zbekistonni 27 yil boshqargan marhum prezident Islom Karimov o‘z nabirasi Maryam bilan. Maryam Tillaeva butun hayoti davomida yer kurrasining mutlaqo qarama-qarshi qismida – AQShning Los-Anjeles shahrida yashaganiga qaramay, O‘zbekistondagi bobosi bilan uchrashishida muammo bo‘lmagan.

Mana bu esa Islom Karimovning shogirdi Shavkat Mirziyoevning o‘z nabirasi bilan tushgan rasmi. Mirziyoev bosh vazir bo‘lib ishlagan payti uning nabiralari Janubiy Koreya, Birlashgan Arab Amirliklari hududida yashashlariga qaramay, doimo bobosi bilan uchrashish imkoniyatiga ega bo‘lishgan.

«Ota-ona bilan birga nonushta qilish, nevaralar qurshovida bo‘lish, bir piyola choy ustida suhbatlar… Siz-chi, bugun ota-onangiz, buva-buvingizga quchoq ochdingizmi?», deb yozdi 12 sentyabr kuni bu rasmni instagram sahifasiga qo‘ygan Saida Mirziyoeva.

Mirziyovning nabirasi bilan tushgan rasmi tezgina tarmoqda tarqaldi. Unga olqishlar yog‘dirildi. Ayni paytda Mirziyoevaning so‘zlari siyosiy sabablarga ko‘ra mamlakatni tark etgan, ota-onasi, farzandlari, nabiralarini borib ko‘rish imkoniyatidan mahrum vatandoshlar uchun savollar uyg‘otmoqda.

Bugun Kanadada yashayotgan, “Erk” demokratik partiyasi sobiq faoli, Oliy Majlisning sobiq deputati, 63 yoshli Nasrullo Sayyid 2019 yilning aprelida, ikki mamlakat o‘rtasida vizasiz rejim joriy qilinganiga qaramay, uni aeroportdan ortga kaytarishgani, keyinchalik 2020 ning fevralida Qirg‘izistonning O‘sh shahriga borganida yana chegaradan O‘zbekistonga kiritilmaganini aytadi.

“Ha, nevarani quchoqqa olib o‘tirish bobolar uchun eng lazzatli va shirin hissiyot… O‘zbekistonda uch qizim va ulardan 6 nevaram bor. Mana, 15 yilki, shu zolimlar meni o‘z Vatanimga kiritmaydi, nevaralarim bilan ko‘rishishimga yo‘l qo‘ymaydi”, deya izoh yozdi prezidentning nabirasi bilan tushgan surati ostiga kanadalik o‘zbek dissidenti.

Ayni holatni AQSh vatandoshligini olgan 65 yoshli Isoqjon Zokirov ham boshidan kechirmoqda. 2019 yilning iyulidan boshlab AQSh vatandoshlari uchun O‘zbekistonga yengillashtirilgan elektron viza tizimi joriy qilinganiga qaramay, Isoqjon Zokirovning vataniga sayohat qilish uchun barcha harakatlari besamar ketgan.

U elektron viza olish uchun sayyohlik agentligiga bir necha bor murojaat qilgan. Biroq atigi 20 dollar evaziga barcha AQSh vatandoshlari uchun ochiq O‘zbekistonga viza olish imkoniyati uning uchun yopiqligicha qolgan.

“Viza bermasligiga sabab, albatta, mening muxolif qarashga egaligim. Men sovetlar davrida «Birlik» xalq harakatining Andijon viloyatidagi faol a'zolaridan edim. 2001 yili Inson huquqlari federatsiyasi Xelsinki jamiyati a'zosi bo‘lganman, Andijon viloyati bo‘yicha”, deydi Zokirov.

Holbuki, O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi konsulligi ma'lumotiga ko‘ra, 2019 yilning uch oyi davomida 3,5 mingga yaqin amerikalik elektron viza olib O‘zbekistonga borgan. Bu o‘tgan 2018 yil davomidagi statistikaga nisbatan ham 145 foiz ko‘pdir.

Yildan yilga O‘zbekistonga ko‘plab sobiq muhojirlar qaytmoqda, biroq bu imtiyoz ayrimlar uchun hamon istisnoligicha qolmoqda. 

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
21 aprel 2020
Buyuk hofiz Komiljon Otaniyozning «Segoh»iyu «Suvoro»larini tinglab, shuurim doim boshqa taraflarga yo‘naladi… Alloh ruhiga rahmat aylasin, buyuk Hofiz dindor ...
26 may 2016
Maqolada yozilishicha, Andijon viloyatida fermerlar g‘o‘zaga ishlov berishda katta tajriba to‘plagan bo‘lib, bugun bu kuzdagi mo‘l hosil garovi bo‘lib ...
28 sentyabr 2020
Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida 7 yigit 15 sentyabr kuni 20 yashar qizni guruh bo‘lib zo‘rlaganlikda ayblanib qamoqqa olindi. Bu ...
8 fevral 2017
Namanganlik kuyov, ayni paytda tibbiyot ko‘rigi bo‘limi mijozi Ibodulla Boymatov o‘zi olgan videoni Eltuzga jo‘natdi. «Arshin mololon» kinosidagi kuyov ...
Bloglar
23 noyabr 2021
Yangi milliy kutubxona qurilishi (yangi milliy teatr qurilishi ham) yangi va yap-yangi O‘zbekistondagi eng keraksiz ...
21 noyabr 2021
Siyosatchi bo‘lish¸ siyosatga kirish bugungi O‘zbekistonda boshni kundaga qo‘yish bilan barobar. Bu haqda Jahongirga yozuvdim ...
11 noyabr 2021
Xalqaro jurnalist «Agneshkaxon voqeasi» ko‘p savollarga javoblarni ochib berdi. Kelinglar, jonajon akkreditatsiyadan boshlaymiz. Aynan ularni ...