Asosiy mavzular
4 oktyabr 2021

Guvohlar qotillikda gumon qilinayotgan qashqadaryoliklarning aybsizligini aytishmoqda

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati sudida 4 oktyabr kuni uch shaxs – Mirishkor tumani Chandir qishlog‘ida yashovchi Jonqul Navro‘zov, uning o‘g‘li Alimardon Allamurodov va jiyani Panji Navro‘zov ustidan navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi.

Sudlanuvchilarga qarshi Jinoyat kodeksining 97-moddasida ko‘rsatilgan “qasddan odam o‘ldirish” ayblovi ilgari surilmoqda. Ular shu qishloqda yashovchi qarindoshlari 62 yoshli Asqar Hazratov va xotini O‘g‘ilxon Aymatovani o‘ldirganlikda gumon qilinib, joriy yilning 8 mayida hibsga olingan edi. Qotillik bir yil burun, 2020 yilning 4 oktyabrida sodir bo‘lgan.

«Eltuz»ning sudda ishtirok etayotgan manbasiga ko‘ra, dastlabki sud majlisi surishtiruvlarida da'vogar va ayblanuvchilar, keyin esa jabrlanuvchi tomon guvohlarining iddaolari tinglangan.

Asosiy da'vogar, marhumning kichik o‘g‘li Ibrohim Payg‘ambarqulov ota-onasini o‘ldirganlikda kuyovi Panji Navro‘zovni ayblamoqda.

Payg‘ambarqulovning 4 oktyabr kuni guvohlik bergan xotini Shalola Jo‘raeva qotillik sodir bo‘lgan kuni yuziga ro‘mol o‘ragan Panji Navro‘zov uning ikki yashar o‘g‘lini yerga bosib urayotganini ko‘rgani, keyin esa uni ham urib hushidan ketkazganini iddao qilgan.

Ayblanuvchi tomonning yaqinlari va guvohlar esa bu iddaolarni inkor qilishmoqda. Sud tanaffus e'lon qilgan paytda «Eltuz» bir qancha guvohlar bilan telefonda bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi.

“Marhumning kelini iddaolari noto‘g‘ri. Chunki shu kuni mening qaynim (Panji Navro‘zov) bug‘doy o‘rimida, qaynotam (Jonqul Navro‘zov) esa qo‘shnimiznikida mehmonda bo‘lishgan. Erim (Alimardon Allamurodov) umuman qishloqda bo‘lmagan, mashinasini olib kelgani Denov shahriga ketgan edi”, dedi Munojot Egamova «Eltuz»ga.

Egamova, shuningdek, eri, qaynotasi va qaynog‘asiga nisbatan bo‘yniga ayb qo‘yish uchun qiynoqlar qo‘llanganini iddao qilmoqda. Uning «Eltuz»ga bildirishicha, qaynog‘asi avvaliga qiynoqlarga dosh bera olmay qilmagan jinoyatiga iqror bo‘lgan. 

Shundan so‘ng Munojat Egamova va uning yaqinlari xalqaro tashkilotlarga videomurojaat yo‘llab, bu nohaqliklarga barham berish va Turkmanistondan boshpana olishga yordam so‘rashga majbur bo‘lgan edi. Egamovaning eri va yaqinlariga tergov paytida qiynoqlar qo‘llanilganining rasmiy tasdig‘i yo‘q.

«Eltuz» suhbatlashgan, shu kuni asosiy gumonlanuvchi bilan birga bo‘lganini aytayotgan fermer Zamon Hakimov voqea yuzasidan o‘zining kichik bir surishtiruvini o‘tkazganini aytadi.

“Men uchun Panji yaqin do‘stim yo bir qarindoshim emas, shunchaki qo‘l ostimda 6-7 yil ishlagan mehnatkash bola. Nohaqlik bo‘layotgani uchun o‘z ixtiyorim bilan guvohlik bergani daladagi ishlarimni tashlab sudga kelib o‘tiribman”, deydi Hakimov «Eltuz»ga.

Hakimovning so‘zlariga ko‘ra, shu kuni u kechki 5 yarimgacha asosiy gumondor Panji bilan birga bo‘lgan, u bilan g‘alla hosilini topshirish uchun shiyponga borishgan.

Uyiga qaytgan Panji xo‘roz so‘yib, ovqat qilgan, soat 6.30 larda qaynotasi (shu kuni o‘ldirilgan Asqar Hazratov) bilan o‘n minutcha telefonda gaplashgan.

Keyin kechqurun 7.30 larda ovqat pishgan. Uni soat 8 largacha yeyishgan xotini bilan. Keyin qolganini tugib, qo‘shnisi Bahodir degan yigitnikiga uning kasal o‘g‘lini ko‘rishga borishgan. Soat 10 largacha ular o‘sha qo‘shnilarning uyida bo‘lishgan.

Buni sudga Panjining guvohlik berish uchun besh kundan beri sudga qatnayotgan qo‘shnisi Bahodirning o‘zi ham tasdiqlamoqda.

Hakimovning aytishicha, Panjining va uning yaqinlari aybsizligini tasdiqlovchi o‘nlab guvohlar bor, lekin o‘tgan hafta boshlangan sud bu guvohlarning dalillarini hanuz tinglamayapti.

Uning fikrlarini qashqadaryolik mahalliy huquq faoli, O‘zbekiston inson huquqlari mustaqil tashkiloti vakili Shukurullo Parpiev ham qisman tasdiqladi.

“Bugungi sud majlisining yana bir nohaqligi jurnalistlardan sud hukmi chiqquniga qadar uning tafsilotlarini ommaviy axborot vositalari orqali yoritmaslik talabi bo‘ldi. Shundan so‘ng mahkama ishini kuzatayotgan “Effekt.o‘z” jurnalistlari zalni tark etishdi”, dedi «Eltuz» bilan suhbatlashgan huquq faoli Shukrullo Parpiev.

4 oktyabr kuni ertalab boshlangan sud kechki 6.00 gacha davom etdi. «Eltuz» Chandir qishlog‘ida sodir bo‘lgan qotillik surishtiruviga oid sud jarayonini kuzatishda davom etadi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
4 dekabr 2019
O‘zbekiston prezidenti 3 dekabr kuni qabul qilgan Tojikiston prezidentining katta o‘g‘li Rustam Imomali Shavkat Mirziyoevga otasining «salomi va eng ...
4 aprel 2018
Bog‘chadagi bolalarni urgani videosi tarqalgan, Jizzax shahrining «Navro‘z» nomli 39-bog‘cha tarbiyachisi 37 yashar Mohira Mamatqulova ishdan bo‘shatildi. Uch nafar ...
14 dekabr 2015
Malohat Eshonqulova Eltuz.com Ular “Do‘stlik” tuman sog‘liqni saqlash tizimi tibbiyot xodimlari edi. Dam olish kuni bo‘lishiga qaramay ular, erta ...
4 yanvar 2017
Ukrain xalq artisti, “Verka Serdyuchka” taxallusi bilan sharaflanadigan 44 yashar Andrey Mixaylovich Danilko yangi yilni Toshkentda qutladi. Danilko Toshkentdagi ...
Bloglar
18 yanvar 2022
Tarmoqda ikki toifa mullalar bir-biri bilan qirpichoq bo‘lmoqda. 1-toifa: Hukumat va DXX yo‘rig‘ida yurib chiziqdan ...
16 yanvar 2022
O‘zbekistondagi har bir mulozimning ichida bitta shoir, har bir shoirning ichida bitta mulozim yashaydi. Bu ...
10 yanvar 2022
O‘zini bir guruh faollar deb tanishtirgan guruh Eltuz telegram kanaliga yozib, quyidagi murojaatni chop qilishni ...