Asosiy mavzular
1 noyabr 2021

Toshkentda Shuhrat Bobojonning shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi

Toshkentdagi “Hamar” badiiy galereyasi ko‘rgazmalar zalida 1 noyabr kuni taniqli rassom Shuhrat Bobojon asarlari ko‘rgazmasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. “Gilamda aks etgan urush» (War on carpet) deya nomlangan muhtasham ko‘rgazmadan rassomning turli davrlarda chizgan 40 ga yaqin rangtasvir asari o‘rin oldi.

Ko‘rgazma ochilishida ishtirok etayotgan, oradan o‘ttiz yil o‘tib ilk bor Toshkentga kelgan Shuhrat Bobojonning aytishicha, ko‘rgazmaga O‘zbekistondagilardan tashqari hozir dunyoning ko‘plab muzeylarida va kollektsionerlar shaxsiy fondida saqlanayotgan tasviriy san'at asarlari qo‘yilgan.  

“Dunyodagi dolzarb voqealar faqat OAVda emas, balki tasviriy san'at asarlarida ham o‘z aksini topadi. Ko‘rgazmada rassom Shuhrat Bobojonning 1983 yildan to 2021 yilgacha yaratgan asarlari namoyish qilinadi. Bu asarlarda dunyoda yuz bergan voqealarga (11 sentyabr fojeasi kabi) ishoratlar bor», deyiladi ko‘rgazma kontseptsiyasida.

Ko‘rgazma kontseptsiyasiga ko‘ra, rassom asarlarida atrofda kechayotgan shiddatli voqealarning sub'ektiv manzarasi aks etgan.

«Tosh davrida yashagan eng birinchi rassom g‘or devorlariga o‘zi ko‘rgan voqealarni chizib qo‘ygan. Bu rasmlarda qo‘lida qurol bilan ov qilayotgan odamlar aks etgan. Keyinchalik miniatyura¸ keramika va to‘qimachilik mahsulotlari, xususan, gilamlarda ham qurolli odamlar tasvirlari paydo bo‘ldi. Kamondan o‘q otayottan va qilich ushlaganlar tasviri bu asarlar bosh mavzusi edi», deya tushuntirishga harakat qiladi rassom o‘z asarlarining kontseptual mohiyatini.

Ko‘rgazmalar zaliga qo‘yilgan asarlarning bir qismi Urganch davlat suratlar galereyasi fondidan keltirilgan. Ko‘rgazma tashkilotchilaridan biri bugungi kunda “Hamar” badiiy galereyada ishlayotgan rassom Shirin Toshevadir.

Ko‘rgazmani tashkil qilishda uning hissasi katta bo‘ldi. Bu bejiz emas. 2016 yilning dekabrida Xorazm viloyatidagi mahalliy amaldorlar va MXX xodimlari Shuhrat Bobojonning san'at asarlarini yoqib yuborish kerakligini aytib, tahdid qilishgan edi.

O‘sha yili ishdan bo‘shatilgan galereya bosh muhofizi Shirin Toshevaning jasurligi va madaniy qadriyatlarni himoya qilishga sadoqati tufayligina ular saqlab qolingan.

“Nihoyat, uzoq yillar surgunda yurgan rassomning chorak asr taqiqda bo‘lgan asarlari «Hamar» ko‘rgazmalar zalida namoyish qilinmoqda. Faqat mirziyoevcha iliqlik tufayli u Toshkentga kelib o‘zining shaxsiy ko‘rgazmasini ochmoqda. Rassomning bu yo‘li uzoq bo‘ldi. Uning o‘zi aytganidek, “toshlarni terish davri” kelmoqda”, dedi ijtimoiy tarmoqda ko‘rgazma haqidagi o‘z fikrlarini qoldirgan taniqli rassom va davlat arbobi Tursunali Qo‘ziev.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
17 aprel 2018
O‘zbekiston Bandlik va mehnat vazirligining Tashqi migratsiya agentligi tomonidan Rossiyaga rasman ishga jo‘natilgan yigitlar odam savdosi qurboni bo‘lganini aytmoqda. ...
18 aprel 2020
Mana, azizlar, qatordan xato bo‘lmay, yana siz bilan yuzlashganimdan baxtliman. Holbuki, bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor.  Bugun odamlar ...
2 noyabr 2016
O‘zbekiston Huquq himoyachilari alyansi (O‘HA) tarqatgan matbuot xabariga ko‘ra 2016 yilning 1 noyabri kuni Bo‘ka shahar Xalq ta'limi bo‘limi ...
2 mart 2017
Avvaliga O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi saytida bosilgan quyidagi maqola juda dolzarb bo‘lgani sababli mamlakatdagi bir necha norasmiy internet gazetalarda, ...
Bloglar
7 fevral 2023
Bu odamni etini jimirlatgan dahshatli o‘g‘irlik 2 fevraldan 3 fevralga o‘tar kechasi Vobkentning Xalach qishlog‘ida ...
3 yanvar 2023
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih bilan suhbatning 20-qismida jurnalistning «Adabiyot nima?» degan ...
25 dekabr 2022
Ulug‘ o‘zbek shoiri va muholifat lideri Muhammad Solih bilan suhbatning 18-qismidan 90-yillarda taniqli adabiyotshunos Ibrohim ...