UzPoster
17 noyabr 2021

Inoyatov ketdi, qolgan chekistlar-chi?

15 noyabr kuni 76 yoshli Rustam Inoyatov hukumatdagi lavozimidan bo‘shatildi. MXXning (hozirgi DXX) sobiq raisi Inoyatov Prezidentning huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimini egallab kelayotgan edi.  

Endilikda uning o‘rniga Baxtiyor Islomov tayinlandi. Prezident matbuot xizmati tarqatgan xabarda Inoyatovning nimaga ishdan olingani aytilmagan. Inoyatov bu lavozimga MXX raisligidan bo‘shatilganidan bir necha oy o‘tib – 2018 yilning avgustida tayinlangan edi.

SSSR davrida sobiq KGB zobiti bo‘lgan Inoyatov O‘zbekistondagi eng qudratli bu maxfiy idoraga mustaqillikdan so‘ng – 1995 yildan to 2018 yilga qadar qariyb 23 yil raislik qilgan edi.

Inoyatov ishlagan, avval nomi NKVD, keyin KGB, MXX, 2018 yilga kelib DXX – Davlat xavfsizlik xizmati deya o‘zgartirilgan idora rahbarlari davrlar o‘tishi bilan tez-tez almashganiga qaramay, bu idoraning mohiyati bugungacha o‘zgarmagan, hanuzgacha bu idora maxfiy va qudratli tuzilma hisoblanadi.

Ayni paytda Inoyatov o‘zbeklarning sovet razvedkachisining vatanparvar, halol va pok inson bo‘lishi haqidagi tasavvurlarini mutlaqo o‘zgartirgan shaxs hamdir. Inoyatovning MXXdagi iste'fosi ortidan, prezident Mirziyoev ta'biri bilan aytganda, tuzilmaning “g‘o‘daygan” poraxo‘r chekistlari birin-ketin ketarkan, O‘zbekistonning so‘nggi tarixida bu idora  korruptsiyaga va begunoh insonlar qoniga eng chuqur botgan tizim ekani yaqqol ko‘rindi.

Lekin O‘zbekistondagi kadrlar almashinuvi Inoyatov taqdiriga deyarli ta'sir ko‘rsatmadi, u yuqorida aytganimizdek, prezidentning huquq va nazorat bo‘yicha maslahatchisi lavozimida faoliyatini davom ettirdi.

Rustam Inoyatov 1944 yilning 22 iyunida Surxondaryoda tug‘ilgan. Otasi Rasul Inoyatov KGB polkovnigi bo‘lgan.

Afg‘oniston nisbatan tinch, iqtisodi ancha barqaror va «Tolibon» singari diniy guruhlar tomonidan hali ishg‘ol qilinmagan 1976 yildan to 1981 yilga qadar KGB kontrrazvedkasi zobiti bo‘lgan Inoyatov diplomatik niqob ostida Afg‘oniston elchixonasida ishlagan.

E'tibor bering, 80-yillar boshida Afg‘oniston rahbari Aminning ag‘darilishi va 1982 yilning noyabriga kelib sovet qo‘shinlarining kiritilishi mamlakat siyosati va iqtisodini halokat yoqasiga keltirgan edi. Inoyatovning bu taloto‘plardagi ishtiroki haqida hech narsa bilmaymiz. Ammo ochiq manbalarda yozilishicha 1981 yilga kelib Inoyatov KGB zobiti o‘laroq O‘zbekistonda qaytadi. Mustaqillikdan keyin, 1995 yilning 27 iyunida MXX raisligiga tayinlanadi.

Bundan ilgari – 1991 yilning 2 noyabrida Vazirlar Mahkamasi (VM) qarori bilan O‘zbekiston SSR Davlat xavfsizligi qo‘mitasi (KGB) O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati(MXX)ga aylantirilgan edi.

Qizig‘i shundaki, mazkur qudratli idoraning bir qo‘lga topshirilishini anglatuvchi nizom haqidagi farmonni ham, VMning nizomni tasdiqlovchi qarorini ham bitta odam – Islom Karimov imzolagan edi.

Shuningdek, o‘sha paytda prezident Islom Karimov bir vaqtning o‘zida VM raisi ham edi. Bir vaqtning o‘zida ikkita alohida hokimiyat organi ustidan hukmronlik tizginini qo‘lga kiritgan Karimov arqonni uzunroq tashlash va chuqurroq ildiz otishni ko‘zlagan edi.

Inoyatov ayni Karimov qo‘li ostidagi MXXga raislik qilgan davrda O‘zbekistondagi demokratik muxolifat yo‘q qilindi. Ayniqsa, 1992 yilgi talabalar namoyishining bostirilishi va 1999 yilgi Toshkent portlashlari ortidan muxolifat vakillariga ta'qiblar boshlandi. Minglab diniy va dunyoviy muxolifat vakillari qamoqlarga tashlandi.  

Bu ta'qiblar 2005 yilning may oyida Andijonda ro‘y bergan qo‘zg‘olonning qonli bostirilishi ortidan yanada kuchaydi. Ayni qirg‘in bois o‘zbek generali, MXX raisi Inoyatov nomi Yevropa Ittifoqi qora ro‘yxatiga kiritildi.

Norasmiy manbalarga ko‘ra, Andijonda 2005 yilning 13 mayida namoyishga chiqqan  mingdan ziyod odam BTRdan otilgan o‘qlar yomg‘iri ostida halok bo‘lishgan. O‘zbekiston Yevropa Kengashi sanktsiyalari ostida qolgan. Inoyatov Yevropa hududida istalmagan shaxslardan biriga aylangan.

Ayni qora ro‘yxatga o‘sha paytdagi ichki ishlar vaziri Zokirjon Almatov, mudofaa vaziri Qodir G‘ulomov, Milliy xavfsizlik xizmati raisi Rustam Inoyatov kabi 8 nafar o‘zbek rasmiysi kiritilgan edi.

Ammo xalqaro jurnalistlar tomonidan keyingi ochilgan ayrim faktlar bu istalmagan shaxsning Yevropada ham, dunyoning boshqa hududlarida ham qo‘li uzun bo‘lganini ko‘rsatdi. Ular Inoyatovni yirik miqdorda korruptsiyada ham ayblab chiqishdi. 

«Ochiq manba tadqiqotlari» (Open Source Investigations) jurnalistlari 2018 yili Inoyatov biznes saltanatining Avstriya, Rossiya va Birlashgan Arab Amirliklari bo‘ylab yoyilgani haqida tadqiqotlar seriyasini taqdim qilishgan edi.

2018 yilning fevralida «Eltuz» «Ochiq manba tadqiqotlari» (Open Source Investigations) jurnalistlaridan iqtibos keltirib, Inoyatovlar oilasining Dubaydagi qurilishlarga 12 million dollar sarflagani haqida xabar bergan edi.

Jurnalistlar surishtiruviga ko‘ra, Inoyatovlarga tegishli Venadagi 2,5 million yevro turadigan Benif Handels qasri bor-yo‘g‘i bunga ular keltirgan oddiy misoldir.

Jumladan, «Ochiq manba tadqiqotlari» jurnalistlariga ko‘ra, Rustam Inoyatov oilasi Rossiyaning Tula viloyatida 80 mln. dollarlik parrandachilik majmuasiga egalik qiladi. Ular, shuningdek, o‘sha hududdagi bir qator yirik loyihalar, jumladan, $20 millionlik omixta yem kombinatiga ham sarmoya yotqizishgan.

«Rustam Inoyatov ortiq O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati rahbari hisoblanmaydi. Biroq uning keng miqyosdagi ittifoqchilari tarmog‘i va so‘nggi 23 yil davomida qurgan biznes imperiyasi deyarli tegilmasdan turibdi», deya yozgan edi Open Source Investigations jurnalistlari 2018 yilning fevralida.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
8 aprel 2023
Olti yilcha oldin bir aziz do‘stim Saudiyaga zaruriyat yuzasidan borib keldi. Safar tafsilotlarini aytar ekan «Saudiyada yashaydigan o‘zbek olim» ...
30 sentyabr 2021
Toshkentda ish boshlagan xalqaro kinofestivalning bosh qahramoni rus pop ashulachisi Kirkorov bo‘ldi. Tashkilotchilar esa festivalga 37 davlatdan 400ga yaqin ...
11 may 2018
Cobiq sovet davrida rangtasvir asarlar yaratib, yorqin shuhrat qozongan sanoqli o‘zbek rassomlaridan biri Ne'mat Qo‘ziboev bundan 14 yil burun, ...
30 sentyabr 2023
Eltuzga kelib tushgan anonim maktubda Ichki ishlar vazirligi Transportda xavfsizlikni ta'minlash departamentidagi korruptsiya va noto‘g‘ri boshqaruv haqida so‘z boradi.Departament ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...