Asosiy mavzular
19 noyabr 2021

RTdan va'z: Chirog‘i yonib turgan mamlakat haqida

Toki tashqarida qor yog‘ar ekan,

Qiyin o‘zga so‘zni yozmoq.

Qorga qarab turib shunchaki,

Mumkin emas aqldan ozmoq.

Toki aylanarkan millionlab nuqta

Qiyin bir nuqtaga tikilib qolmoq.

(Muhammad Solih, 1977 yil)

Yana siz bilan yuzma-yuz, betma-bet ko‘rishib turibman. O‘tgan haftada O‘zbekiston bo‘ylab ilk qor yog‘di. Qor – bu baraka. Sovuq bo‘lsa-da, ko‘ngilga iliq botadi. Xuddi go‘zal bir notanishning samimiy tabassumi singari. Tabassum haqida quyiroqda gaplashamiz. Hozir esa qisqa xabarlar.

Xabarlar

Ishdan olingan bosh chekist Rustam Rasulovich Toshkentda. Kayfiyati yaxshi. Ëshiga yarasha dardi bor. Ësh hamshiralar igna suqib turibdi.

+++

Andijonning eski prokurori Qurbonali Asqarov pora olayotgan paytda shonli DXX xodimlari tomonidan ushlandi. Qurbonali hokim buva Shuhrat Qo‘shoqboevichning jiyani bo‘ladi. Hokim buva qutqararmikin yoki shu bahona u kishiyam joylaridan ajralib qolarmikin?

Qurbonali ikkita metan zapravkasi, bir necha gektar yer va hamda Andijonda ko‘plab binolarga egalik qilardi. Xalq ta'limi boshqarmasida 6 milliard 700 million ortiqcha yozilgan oyliklar aniqlangan. Shularni tinchitish uchun 15 ming olayotgan paytda shappa ushlanibdi.

+++

Jizzaxlik deputatlar kinnachi tarafidan qamchi bilan savalangani ortidan saylangan, deyishdi. Kinnachi qamoqda, deputatlar kengashda.

+++

Moskvada mabodo osmondan tosh tushsa, albatta, o‘zbekning boshini yoradi. Moskvadagi yong‘inda to‘rt o‘zbek o‘ldi. Ënib-kuyib yashash, degani shumi?

+++

AQShning Guam orolida Rossiya nomidan aralash janglarda ishtirok etayotgan asli o‘zbekistonlik Akmal Hojiev shifokor Miran Ribatini pichoqlab o‘ldirdi. 27 yoshli Akmalbek do‘sti bo‘lgan Miranni o‘z uyida kovid ustida bahslashib qolib, chavaqlab tashlagan. O‘zbekistonlik polvonni olib kirib qo‘yishdi.

+++

Toshkent viloyatilik deputat opaning sevgi onlari aks etgan video tarqalgani qoralandi. Biz ham qoralaymiz. «Shum bola» kinosida aytilgani kabi yalang‘och ayollardan qo‘rqamiz.

+++

Toshkandi azimda 8-sinf o‘quvchisini aldab, butilka o‘yini o‘tkazib, zo‘rlab qo‘ygan jismoniy tarbiya o‘qituvchisi va uning do‘stlari qamaldi.

Sud qarori bilan jismoniy tarbiya o‘qituvchisi to‘rt yil, uning do‘stlari ikki yil davomida barakning parashasini to‘ldirib turishadi.

Shu yil bahorda Mirobod tumanidagi maktablardan birida jismoniy tarbiya o‘qituvchisi, uning ikki o‘rtog‘i va 14 yoshli maktab o‘quvchisi shisha o‘yini o‘tkazishadi. O‘yinda yutqazib qo‘ygan qizaloqni uch og‘ayni botirlar zo‘rlashgan.

Ana shunaqa gaplar… Uch og‘ayni botirlar qamoqxonada yotirlar. To‘rt yildan keyin sog‘-salomat qaytishadi. Erkin Vohidov ta'birida aytganda, zo‘rlaganga ikki yil, gapirganga yigirma.

+++

1964!!! Bu 10 oy ichida O‘zbekiston yo‘llarida avariyaga uchrab o‘lganlar soni. Har yuz kishi hisobiga avtoavariyadan o‘lganlar soni bo‘yicha Liberiya oldingi o‘rinda. Eng kami esa Shveytsariya va Norvegiyada.

Rizqingni sot, ravshan ol

Qadim zamonlarda ikki askar tinch hayotda uchrashib qolsa, kaftini ochib bir-biriga uzatgan. Bu qo‘limda qurol yo‘q, degan ma'noni bildirgan. Uchrashganda olqishlash turli elat va yurtlarda turlicha kechgan. Masalan, ikki tibetlik uchrashib qolsa, bir-biriga tilini chiqarib ko‘rsatishadi. Bu tilim zahar emas, degan ma'noni bildiradi.

Forslar esa ilk uchrashgan odamga sizga quvnoqlik tilayman, deya baralla aytadi. Turkmanlar ikki qo‘lini chakmon yengiga yashirib, to‘n barini ochsa, demak bilingki, u sizni olqishlamoqda. Uzoq yo‘ldan kelayotgan yo‘lchi qorong‘uda derazasidan chiroq yonib turgan uyni ko‘rsa sevinadi. Katta shahar chiroqlari nafaqat Charli Chaplin, balki barcha miskinlar uchun ham tasalli va umid qaynog‘i bo‘lib kelgan.

Hafta davomida Toshkentdagi Adliya vazirligi mulozimidan tortib Enamyaxshi qishlog‘idagi Ëxtiliq opaga qadar chiroq yo‘qligidan shikoyat qildi. Chiroq yo‘q. Tok yo‘q deyishdi. Ammo Toshkentdagi katta bir majlisda bir semizgina faol opa chiroq mamlakatning barcha joyida bor, dedi va men bu gapga ishondim.

Pul ortib qolsa, sovun ol, deydi Oyoq Do‘rmondagi donishmandlar. Anavi kuni kinoning yoshullilaridan biri bilan uchrashib qolsam, stsenariy yo‘q, deb nolindi.

Eh, azizim. Atrofga boq. Hayotimiz kino bo‘lib yotibdi.

Kino uchun sinopsis

Davlatobodlik Romeo go‘zalqishloqlik Julettani sevib qoldi. Sevginga ishontirmoqchi bo‘lsang, «moshin olib ber», dedi Juletta. Romeo bo‘lsa, shartta yiltiroq qo‘ng‘iz rangli Malibu-2 kalitini Julettaga tutqazdi. Moshinalik bo‘lgan Juletta namongonlik yoshroq bolalar bilan yurishga havaslandi. Rashk ustida Romeo o‘z sevgilisining moshinasini yoqib yubordi. Voqea 13 noyabr kuni Namangan viloyati Davlatobod tumanida sodir bo‘lgan. Voqea jarayonida uy hayvonlari va nabototga zarar yetmagan.

Yana bir film uchun sarlavha:

«Machitdagi razolat»

Rasmdagi birodar Sergelidagi machitdan juma namozi mahalida ikki telefonni o‘g‘irlab qochgan. Oldin kalish o‘marishardi, endi telefonga o‘tishdi. Ro‘mon va qissalarda qahramonlar ikkiga bo‘linadi. Ijobiy va salbiy qahramonlar. Otabek ijobiy – Homid esa salbiy. Kumush ijobiy, Zaynab salbiyroq va hokazo. O‘zbekistondagi bugungi jamiyat esa barcha salbiy qahramonlardan iborat «ujas» kinoga o‘xshaydi.

Surxondaryolik maktab direktori jurnalist kamerasini sindiribdi. Mabodo, bu holat AQSh sudida ko‘rilsa, sud direktorni oqlab, jurnalistni jarimaga tortadi (eng kamida jarima, olib kiri qo‘yishiyam mumkin). Chunki dunyoning aksar maktablarida iznsiz suratga olish, xossatan bolalarni suratga olish jinoyat hisoblanadi.

Tasavvur qiling, siz Michegandagi maktab hovlisini suratga olmoqchisiz. Hovlida 800 o‘quvchi shataloq otib yuribdi. Siz ularni suratga olish uchun kamida 1600 ta ruxsat olishingiz kerak. Har bolaning ota-enasi yoki ota-buvasidan.

Mayli, buni tushundik. Bolalar – bizning kelajagimiz. Ularning billur qalbiga gard yuqmasin. Ammo Amsterdamda oldida qizil fonar yonib turgan jalapxonalarni suratga olganlarni ham qamoq kutadi. Niderlandiya boshkentidagi «Qizil fonarlar» mahallasini akang qarag‘ay rassom Tuz rosa kezib, bitta ham surat ololmagan.

Zapret deyishdi. G‘ar va jallablar ishtonsiz turadigan bu islovot mahallada rasmga olsangiz, o‘sha yerdagi barzangilar sizni urib-urib tashlaydi. Politsiya ham o‘sha barzangilarning tarafini oladi. Janubiy Koreyada esa jamoat joyida emin-erkin yurgan xotinlarni suratga olish taqiqlangan. Ularni iznsiz suratga olgan kamida 5 yilga qamaladi.

Itlik qilgan tulki

Nuqul bizning davlatni gapirasiz, boshqa davlatda muammo yo‘qmi, deb so‘rashadi. Muammo tiqilib yotibdi. Lima turg‘uni Maribel Sotelo o‘z o‘g‘liga zoodo‘kondan kuchuk olib berdi. Sal vaqtdan keyin uning ashaddiy yirtqich yovvoyi tulki ekani ma'lum bo‘ldi. Tulki qo‘shnilarning o‘rdak va tovuqlarini yeb bitirdi. Kuchuk deb bilganimiz itvachchalar ichida tulkilar ham borligi Maribel Sotelo uchun bir umrlik dars bo‘ldi. Tulki qamoqda!

Boy bo‘laman deb…

Mojaristonlik 54 yoshli Shandor o‘z hayotini sug‘urta qildirayotib qog‘ozdagi raqamlardan ko‘z uza olmadi. Mabodo Shandorning biror tana a'zosi baxtsiz hodisa oqibatida lat yesa, u nollari juda ko‘p bo‘lgan summa egasi bo‘ladi. Boy bo‘lish orzusida Shandor yana 14 ta sug‘urta shirkati bilan shartnoma tuzdi.

Keyin esa Nirchashari qishlog‘i yonidan o‘tayotgan poezd tagiga o‘zini tashladi. Shandor tirik qoldi, lekin oyoqlaridan ayrildi. Endi sug‘urta shirkatlari Shandorga 3 million 200 ming dollar to‘lashi kerak edi. Sug‘urta shirkatlarining diqqati poezd mashinistining iqroriga qaratildi.

Mashinistga ko‘ra, Shandor o‘zini poezd tagiga tashlagan. Peshta shahri sudi ham sug‘urtachilar yonini olib qaror chiqardi. Oyog‘idan ayrilgan Shandor sud xarajatlari uchun 6300 dollar to‘ladi va yana ikki yilga qamaldi.

«Xalqmi shu?…»

Eh, Shandor, Shandor. Boy bo‘laman deb shuncha ko‘rgilikka nishon bo‘lding. Shu kunlarda yoshi bir joyga borgan chollarning: «Palonchi deputatning videosini tashlab ber, bolam», degan iltimoslariga ko‘zim tushib, ko‘nglim aynidi.

Xalq emish, kabobpaz ana «keling» der,

Ko‘zidek qizarib sixda chandiri.

Lunjqizil somsapaz piyoz qoradi,

Uyatdan qizarib, chatnab tandiri.

Xalqmi shu, birovning haqini gizlab,

besh-o‘nni yulishni poylab turganlar?

Xalqmi shu, nuroniy siymolar qolib,

soxta sumbatlarni siylab turganlar?

Xalqmi shu, xayolu orzularini,

O‘zidan balandroq tiklolmaganlar?

Xalqmi shu, xalqining nomidan so‘zlab,

mingdan bir va'dasin oqlolmaganlar?

Xalq ulkim, o‘zining peshonasida,

Yulduzlar borini bilsa, quvonsa!

Xalq ulkim, g‘ururi bo‘lsa o‘zida,

aslga ishonsa, soxtadan tonsa!

Omon Matjon

Mo‘ynoq – o‘zbek Las-Vegasi

O‘zbekistonda qimor o‘ynashga rasman izn berildi. Mo‘ynoqda «Alya Las Vegas» shaklidagi kazinolar ochiladig‘on bo‘ldi. Ma'naviyat posbonlari dooood deyishdi. Ziyolilar validol ichdi.  Ammo shu paytgacha qimor elimizning ajralmas qismi edi-ku.

Masalan, lotereya ham qimorning bir ko‘rinishi. Karta o‘yini-chi? Odamlar kartada yutqazgan odam o‘z xotinini sotishi kerak, degan o‘g‘ri aqidasini muqaddas bilishadi-ku. «Shum bola» asarida Sulton o‘g‘ri Keles tarafdagi Yaxshiqiz opaning choyxonasida qimor o‘ynaydi. Qimorda eks bachcha bo‘lgan bir mulla ham qatnashadi.

Men bilgan hammaning Las-Vegas desa og‘zidan suvi oqadi. Gapning qisqasi, ey pipllar, varningdi keragi yo‘q. Konchayte bazar.  De fakto narsa de yure bo‘ldi. O‘g‘ri panyatkasini onasi va xotinidan ham ko‘p sevadigan, Salimboyga sig‘inib unga atab qo‘shiq kuylaydiganlar vaabshe qisiiiib o‘tirsin million yil.

Mo‘ynoqdagi «Las Vegas»cha qimor shahri haqida yana bir muhim gap. Shundoq ham o‘zbeklar qozoqqa o‘tib, qimor o‘ynab kelyapti. Shu pul Mo‘ynoqda qolsin. Auvf fi der zeyn Kurva kokain, chao pomidorro.

Barakali kun

Ertalab bitta tanish telefon qilib, «tez pastga tush», dedi. Tushsam, bu og‘ayni moshinadan ham tushmay oynadan paket uzatdi. Uch yil oldin olgan qarzini qaytardi. 4800 dollar oluvdi, 4800 qaytdi. Qarzni qaytargan tanish do‘stga aylanadi, degan hikmatli gap mazmunini tushundim. Kun barakali boshlandi.

Sergelida kichikroq uchastkani sotish uchun e'lon berib qo‘yuvdim. Makler telefon qilib, «Siz aytgan summadan kattaroqqa xaridor topdim, tepvoraymi», dedi. Men mayli dedim.

Ertalabdan notariusga borib, oldi-berdini rasmiylashtirib, pul solingan qutini oshxonadagi javonga qo‘yib, novvot choy ichib tashqarida yog‘ayotgan qorga derazadan qarab o‘tiruvdim, telefon jiringladi.  Kuala-Lumpurdagi kitob nashriyoti men chizgan rasmlardan foydalangani uchun haq to‘lamoqchi ekan. Pasport nusxasini so‘radi. Pulni bugun kechgacha Miroboddagi bankadan olishim mumkin ekan. Yaxshigina pul.

Bugun 19 noyabr ekaniga e'tibor qaratdim. Chunki bultur 19 noyabr kuni «Malika» savdo markazida cho‘ntagimni kesib ketishuvdi. Lekin baribir hayot go‘zal. Labimga tabassum yugurdi. Oddiy tabassum.

Tabassum

Tabassum haqida yozmoqchiman. Tabassum artilleriyadan ham, otliq askarlar va tank diviziyasidan ham kuchli qurol.

Sizni g‘ajib tashlamoqchi bo‘lgan odamga tabassum qilsangiz, u talmovsirab qoladi.

Xoxolab kulish, tirjayish yoki kesatiqli iljayish emas.

Oddiy tabassum.

Zotan, oldingizda turgan va hayot mashaqqatlaridan charchagan¸ umri  xo‘mraygan sho‘rtumshuqlar orasida o‘tgan odam uchun tabassum xuddi bulut  ostidan chiqqan quyosh kabi tansiq va issiq.

Eng yaxshi odamlar sening yuzingga kulgi ato qilgan odamdir.

Birovning ishtoni tushib ketsa ham kulish mumkin.

Ammo men aytayotgan narsa boshqa.

Masalan, kecha bir qiz kafedagi stol ustida karmonini qoldirib ketdi.

Men karmonni olib uning ortidan sekin yurdim.

Yuz metr yurgach, qiz karmoni yo‘qolganini bilib dahshatga tushdi.

Men unga qarab jilmaydim va karmonni berdim. Qiz ham jilmaydi.

 Ko‘nglim ham ravshan bo‘ldi.

Agar siz g‘amgin bo‘lsangiz, miskinlarni o‘ylang.

Siz eshitayotgan musiqani eshitishdan mosuvo karni yoki siz ko‘rayotgan olamni ko‘rish baxtidan benasib ko‘rni o‘ylang.

Issiq uyda o‘tirar ekansiz, boshpanasi yo‘qlarni o‘ylang.

Bolangiznning boshini silar ekansiz, bolasi daryoda cho‘kib o‘lgan ota yo ona ichidan nima kechishini o‘ylang.

Darrov o‘zingizning baxtli va shodmon ekaningizni bilasiz. Eng katta bayram odamning ichidagi bayram.

Tabassum qiling. Dunyo biz o‘ylagandan ko‘ra yaxshi.

Balkim…

Balkim yutuq chiqar zayomga,

Balkim xat olarman kimdandir.

Balkim yomg‘ir yog‘ar,

Balkim zilzila…

Har kuni

Har lahza

Tinimsiz

Qarmoq po‘kagiday sirli likillar,

Yer uzra “Balkim” degan so‘z.

(1980 yil, Muhammad Solih)

Behbudiy tirik bo‘lganida…

Mabodo Behbudiy bobo bugun yashagan bo‘lsa va u kishining feysbukda sahifasi bo‘lsa, nima haqida yozar edi? Behbudiy domla bugun qadimchilarning jazavasiga istehzo bilan qarab, «Nahotki bular 100 yil davomidayam ayni jazavadan nariga o‘tmay avomligicha qoldi-ya», deb istehzo qilardi.

Va albatta, u kishi grafen haqida yozgan bo‘lardi. Grafen 21-asrda kashf qilingan po‘latdan 200 marta mustahkam bo‘lgan materialdir. Uni kashf qilgan olimlar Andrey  Geym va Konstanti Novoselov 2004 yilda Nobel mukofoti olishdi.

Grafendan bo‘lgan va yupqaligi 0.01 mm bo‘lgan plyonkadan tom qilib, ustiga eng katta afrika filini chiqarsangiz ham grafen tom darz ketmaydi. Grafen kashf qilinmaganida qo‘limizdagi smartfon bu qadar mukammal bo‘lmasdi. Yana nima haqda yozar edi Behbudiy? Menimcha, mayiblar uchun yaratilgan smart protezlar va karbin haqida yozardi. Kabmin emas, karbin! Karbin – bu grafendan ham pishiq materiya.

Darvoqe, jadid degan kalima yangilik degan ma'noni bildiradi.

Men bu chiroqni ham o‘chirdim –

O‘n ikki pilikli bir yilni.

Ko‘zlarim achishdi o‘chirayotib,

Qo‘zlarim yoshlandi,

Chiroqning oxirgi dudidan!

(1980 yil, Muhammad Solih)

Uyingizda chiroq o‘chmasin. Ko‘zingiz yoshlanmasin.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
31 mart 2017
Amnesty International tashkiloti 31 mart kuni «Qayda bo‘lma biz seni topamiz» deya nomlangan hisobotini chop qildi. Ayni hisobotida, inson ...
4 iyul 2018
Samarqanddagi Registon maydonida pulli 3D shouni «begonalar»dan to‘sish uchun o‘rnatilgan devor ijtimoiy tarmoqdagi o‘zbeklar g‘azabini keltirdi. Kirish chiptalari mahalliy ...
12 aprel 2017
Erkaklarning doyalik qilishiga qarshi ma'ruzasi bilan tanilgan toshkentlik 42 yoshli imom Sayfuddinov mavzuni yoritgan jurnalistlarni fitnada aybladi. «Erkak kishini ...
3 oktyabr 2018
Dubaydagi qimmatbaho mehmonxonaga 2 oktyabrda kelib joylashgan Gulnora Karimova aslida boshqa odam bo‘lib chiqdi. «Eltuz» manbasining xabar berishicha, Dubayga ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...