Asosiy mavzular
10 dekabr 2021

RTdan va'z: Mirshab uchun Ferrari

Azizlar, mana, yana siz bilan yuzma-yuzman. Sizlarning yuzingizda tog‘lar qadar salobat va cho‘qqilardagi qor kabi tozalik ko‘raman. Sizlar mening qanotlarimsiz. Nega burgut baland tog‘lar ustida sarafroz, sobit va mag‘rur parvoz qiladi? Chunki u o‘z qanotlariga ishonadi.

Burgut uchayotgan tog‘lar bag‘rida yashayotganlarning uzoq umr ko‘rishi va kam kasal bo‘lishi aytiladi. Tog‘lardagi salobatning ta'siri bo‘lsa kerak. Ammo tog‘ cho‘qqilardagi muzliklarda yuzlab yil mudragan virus issiq iqlimga tushsa tirilib, yana insonlar uchun xatar o‘chog‘iga aylanadi.

Ko‘rolmaslik, yaxshilikka yomonlik, non bergan qo‘lni ilon kabi chaqish, ustoziga tuhmat qilish, shantaj va yolg‘onchilik ana shunday viruslardandir. Kanalizatsiya xandag‘iga tushib  ketib mo‘ltirab, yuzida mazlum qiyofasini yoqqan odamga achinib, yordam qo‘lini cho‘zasiz, u esa chiqa solib o‘zini qutqargan odamni xandaqqa itarib yuborish uchun chirpanadi.

Toshbaqa rahmi kelib chayonni suvdan o‘tkazib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Suvdan o‘tayotgan paytda chayon toshbaqaning ustidagi toshiga nishini tiqmoqchi bo‘ldi. Toshbaqa undan nima qilyapsan, deb so‘radi. Toshbaqa esa «zahar solmoq va yaxshilikka yomonlik chayonlar ishi», deya javob berdi. 

Yillar qa'rida mudragan yana bir illat bir qarashda beozordek ko‘rinadi, ammo bu illat millatni ichidan kemiradi. Gap dabdababozlik va ko‘rpasiga qarab oyoq uzatmaydigan amaldorlar haqida.

Fitrat va Ayniyning yozishicha, Buxoroda xalq qashshoq bo‘lgan sayin amaldorlarning ustidagi choponi va tagidagi oti qimmatlashgan. Odatda eshak minib yurgan amaldor pora olib, eshakni duldul otga almashtirish harakatida bo‘lgan.

Sovet muzliklari davrida karaxt yotgan bu illat mustaqillikdan keyin yana ko‘rina boshladi. Karimov davridagi quyushqon bois, o‘z boyligini ko‘z-ko‘z qilishga qo‘rqqan mulozimlar Mirziyov davrida eshigi ochiq qolgan qo‘radan qochgan qo‘ylar kabi shataloq otib ketishdi. Kabinetlarni Italiyadan kelgan charm mebel va oltin haykallar bilan bezash poygasi boshlandi.

Adolatning urug‘i ham yo‘q mamlakat sudyalari 200 ming dollarlik «Mersedes»larning qoraytirilgan oynasi ortiga berkinishdi. Itning bo‘yniga marjon osilsa ham it bo‘lib turaveradi. Savodsiz, ta'magir, korruptsioner, zolim milisani «Ferrari»ga mindirsangiz hech narsa o‘zgarmaydi.

Hollivud kinolaridagi qochdi-quvdini ko‘raverib fikri chalkashib ketgan, Qatar, Dubay deb og‘zining so‘lakayini oqizgan Sherzod Qudratxo‘janing IIV islohoti haqidagi tasavvuri o‘ta g‘arib ekan.

Misha Saakashivili Gruziyadagi milisa tizimini isloh qilganida mazmunga e'tibor qaratgan edi. Ya'ni tizim o‘zgargan edi. Gap katta yo‘lda qochib borayotgan o‘g‘rini quvib yetishdamas, balki milisa boshlig‘i lavozimida o‘g‘rining o‘tirmasligidadir. Mana shu masalani yechish kerak.

“To‘qlarga «Ferrari» olib berguncha, meni yarim stavka o‘qituvchilikka ishga olsangiz, Vatanga ko‘proq foyda keltirgan bo‘lar edingiz, janob oliy tabaqali hamkasbim!” deya yozdi shu kunlarda ishsiz qolgan saksoninchi yillarning afsonaviy jurnalisti Dadaxon Ëqub.

Ba'zan hashamatga o‘ch mulozimlar o‘zlarini millat yo‘lida qayg‘urganday ko‘rsatish uchun jo‘n tryuklar qilishadi.

Yevropacha uslubda qurilgan uylarda yashab, nemislarning mashinasini minib, Shveytsariyada yasalgan qimmat soatlar taqib, yaponlarning texnikasiga kliplar olib, to‘ylarda Amerikaning dollarini oladigan vaziri a'zam Ozodbek boshga do‘ppi kiyib, milliylik haqida nasihat qilmoqchi bo‘libdi.

Ey vazir, aslida do‘ppini boshdan olib qo‘yib o‘ylaydigan zamon bu. O‘z zaminida milliard-miliard kubometr gaz bo‘lgan Buxoroga gaz yo‘q. Jondorlik xotinlar sovuqqa chidolmay yo‘l to‘sdi. Buxoroga qarg‘ish tekkanmi? Ë Denovga qarg‘ish tegdimi, janob vazir.

Xabarlar

Denov shahridagi “Indenim” savdo majmuasida 7 dekabr kuni erta tongda sodir bo‘lgan portlash oqibatida, rasmiy xabarga ko‘ra, kamida ikki kishi o‘lgan, to‘qqiz odam yaralangan. Voqea guvohlarining aytishicha, portlash kuchi shu darajada kuchli bo‘lganki, tevarak-atrofdagi boshqa binolar va uylarning oynalari ham to‘kilib tushgan.

***

Bosh prokuratura mas'uli 29 ming dollar pora bilan qo‘lga olindi. Bosh prokuraturada boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan mulozim shu yilning 5 dekabrida Toshkentdagi “Mustafo” restoranida qurilish korxonasi rahbaridan 29 ming AQSh dollarini olgan paytida DXX va BP hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir chog‘ida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

***

Ukraina xavfsizlik xizmati tomonidan mamlakat xavfsizligiga tahdid soluvchi istalmagan shaxslar ro‘yxatiga kiritilgan rossiyalik dizayner, 46 yoshli Artyomiy Lebedev katta sumaga O‘zbekiston «AGROBANK»i logosini «yaratdi».

Bundan oldin Lebedov Toshkent shahrini bezash bo‘yicha o‘ta katta summadagi buyurtmani bajargan edi. Lebedev 2014 yili Ukrainaning Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrim yarim oroli logotipini chizgan edi. Ukraina mustaqilligi dushmani yangi O‘zbekistonning do‘stimi?

Qozonga yaqin yursang…

«Oddiy malim ming dollar omasa, u ishga kelishi kerakmas. Bo‘masa u nabirasini qanday boqadi». Bu gapni TVda eshitgan biologiya o‘qituvchisi Zuhra Qurbanovna G‘urbatillina «Vot, molodets!» dedi. Keyin u maktab bug‘alteriga sholdiratib, «Min qonsha maosh olam shu oy uchun?» deb so‘radi. Bug‘alter qandaydir raqam aytdi. Bu raqam besh yuz dollarning yarmidan ham oz edi.

Zuhra G‘urbatullina “Onday bulsa, min eshkә barayim”, deb trubkani ilib, puxovoy ro‘mol to‘qishda davom etdi. Sovuq boshlanib, puxovoy ro‘molning bozori chaqqon edi. Maktab direktori esa G‘urbatullinaning bo‘shab qolgan o‘rniga Absattorni ishga oldi. Absattor ho‘kizini sotib, direktorga 1000 dollar pora olib borib berdi.

10 kun o‘tdi. Maktabga mufattish kelib, barcha o‘qituvchilardan diktant oldi. Absattor yozmay o‘tiraverdi. Mufattish “Siz nega yozmayapsiz” desa, Absattor: “Men yozishni bilmayman, katta. Moldi ketidan yurgan odamman. Malimlar 1000 dollar oladi, deb moldi sotib shu yerga o‘rnashuvdim”, dedi.

Mufattish “sening diploming bormi?” deb so‘radi. Absattor paxtalik nimchasining qo‘ynidan ro‘molga o‘ralgan diplomni chiqarib, “Bu diplom uchun to‘rtta buqa va uch qo‘y berdim” dedi, diplomning charm muqovasini mexr bilan silab.

Ertasiga “Maktab o‘qituvchisi soxta diplom bilan qo‘lga tushdi, bu xalq ta'limidagi islohotlar doirasida fosh qilindi”, degan xabar chiqdi.

Absattorning otasi endi qolgan qo‘y va ho‘kizlarini sotib, sudyaga oborib berdi. Shartli jazo uchun.

Bu vaqtga kelib, mamlakatda gaz va elektr yo‘qligi bois xotinlar boshiga, erkaklar beliga boylash uchun puxovoy ro‘mol sotib ola boshladi.

G‘urbatullina esa ro‘mol biznesidan tushgan pullarni to‘plab, uy-joyini sotib, Qozonga ketvordi. Bu davrda qozonga yaqin bo‘lgan ma'qul. Och qolmaysan.

Professor ustidan kulganlar

Sovet formatida, ayniqsa, 1950 yillardan boshlab o‘zbeklar uchun olim. vrach va san'atkor bo‘lish imkoni bor edi. Real imkon. Bu imkondan armani, gurji va yahudiylar unumli foydalandi. O‘sha davrda Fanlar akademiyasi, kino olami yoki Moskvani tiz cho‘ktirgan doktoru jarrohlar ro‘yxatini ko‘rsangiz, men aytgan gap qanchalik rost ekaniga ishonasiz. Ammo bu ro‘yxatda o‘zbeklar yo‘q edi.

Qishlog‘ida yaxshi o‘qib, ko‘zlari yonib turgan o‘zbek institutda ham astoydil o‘qigan. Keyin nomzodlik yoqlash uchun aspirant bo‘ladi. Fan nomzodini olgan paytda o‘zi institutda ishlayotgan bo‘ladi. Keyin bu bechoraning ilmga sarflanadigan limiti tugaydi:

1. Poraxo‘r domlaga aylanadi;

2. Xotini va qishloqdagi qarindoshlari uchun pul bosadigan printerga aylanadi.

Uni «uylab» qo‘yishdi. Endi u «odamday » yashashi kerak. Doktorlikni ham Moskvaga qovun oborib¸ akademikning xotiniga shuba oberib oladi. Ammo!!! Ilm degan narsaga xiyonat qilinsa, u qasos oladi. Karma, deydi buni. Bir vaqtlar Eynshteyn kabi paypoqsiz yurishni orzu qilgan talaba endi meshqorin korruptsionerga aylanib bo‘lgan edi.

Qishloqda inshodan besh olib, «havoga ma'voni» qofiya qilib, tuman gazetida shig‘iri chiqqan bolakay Toshkentdagi jurfakda o‘qib, Toshkentda qolib ketadi. Na tuzukroq til biladi. Maksimum «o‘rislar yo‘qolsin» degan, ura patriot mahalliychi bo‘ladi yoki tunlari she'r qalamin ohista yo‘nib, ertangi majlisga ma'ruza yozadurg‘on psevdo ma'naviyatchi.

Ko‘zni ochib qaraylik, dunyo ilmi, adabiyoti va kino san'atida o‘zbek yo‘q. Men o‘zbek deganda 1924 yildan keyin boshpurt olgan, 1991 yil qashshoq deya tamg‘alangan massa haqida gapiryapman. Bu massa yetishgan Sovet O‘zbekistonida o‘qigan odam «prapesor» deya mazax qilinardi.

«Suyunchi» kinosida bitta savodsiz kampirning ilmga bepisand qaraganidan hamma astoydil zavqlanar edi. “Jiguli” remont qiladigan savodsiz «kostoprav» hurmatda edi. Oliy ma'lumotli o‘qituvchi esa tahqir va mazaxga nishon edi.

«Changak» filmida o‘qituvchi obrazini yaratgan Xayriddin Sultonga rahmat. Nima demoqchiman? Jo‘jalar kuzda sanaladigan, to‘r suvdan ko‘tariladigan hisob-kitob davri keldi. Jo‘jalar tovuqqa aylanmagan. To‘r esa bo‘m-bo‘sh. Hatto dengiz o‘lani ham ilinmagan. Sariq chaqa sizning narxingiz. Ishingiz yurishsa, rahbar bo‘lib o‘g‘irlab kun ko‘rasiz. Bo‘lmasa, supurgi ko‘tarib, farrosh bo‘lasiz.

«Uxlagan millat qul bo‘lib uyg‘onadi yoki umuman uyg‘onmaydi», degan edi Mustafo G‘ozi Poshsho Kamol Otaturk.

Shunaqa gaplar. Saksoninchi yillarda kitob titgan Stiv Jobs to‘qsoninchi yillarda milliardlab pul qozonib, dunyoni o‘zgartirdi. Kitobdan nafratlanganlar holini ko‘rib turibsiz. Battar bo‘ling.

Hafta surati

Ko‘rayotganingiz bu surat «Men dollarni sevaman, unga sajda qilaman», deb nomlandi. Siz bu rasmni qanday nomlagan bo‘lardingiz.

Chumchuqdan qo‘rqqanlar

Sariq chaqalik kinoni targ‘ib qilayotgan semiz ayoldan boshlab bachchaboz zombi roviylargacha “Tik-Tok”ka qarshi muqaddas urush yalovi ostida birlashdi. O‘g‘ri korruptsionerlar ham, o‘z tanasini, bolasi, ota-onasini sotayotganlar ham “Tik-Tok”ka qarshi. Bunday hamjihat xalqni urushda yengib bo‘lmaydi. Ma'naviyat engilmas kuch.

Men Oltinxon to‘ra masjidining sobiq mutavallisiman. Tiktokka arshi g‘azal yozdim. Iltimos, shuni chop qiling:

Ko‘rdingmi tik-tok,

Miltiqni olib,

Darrov otgin o‘q,

Bu jaz emas, rok

Tik-tok¸ tik-tok.

Qanday sassiq bo‘q.

Uni ko‘rgan shok.

Ko‘rmaganlar to‘q,

Tik-tok, tik-tok,

Ko‘zlaring lo‘q-lo‘q,

Ichlaring po‘q-po‘q.

Sendan yomon yo‘q,

Gitler sendan zo‘r,

Putler sendan zo‘r,

Tik-tokni yomon ko‘r,

Vatanni omon ko‘r.

Tik-tok, sen pachoq,

Lablari do‘rdoq,

Ajalga o‘rtoq,

O‘tgin endi toq.

Tik-tokni o‘ldir,

Do‘stlarni kuldir,

Ey shaldir-shuldir,

Ahvoling buldir…

(Xullas, she'r muallifiga ko‘ra, tik-to‘q tomosha qiganla do‘zzoxga o‘tin bo‘ladi).

«Eltuz» do‘stlari klubining eng faol a'zosi G‘ayrat Omonga ko‘ra, jamiyat qoloq bo‘lgan sayin taqiqlashga moyil bo‘lib boradi. Masalan, Xitoyda Mao Tszedun davrida butun jamiyat chumchuqlarga qarshi kurashgan edi.  Mana shu kunda nosni taqiqlaymiz, degan gap chiqdi.

Nosni taqiqlash haqida fikringiz qanday, deb so‘rashdi. Taqiqlamaslik kerak. 600 yil oldin Usmonli podshohi Murod Birinchi chilimni taqiqlab hech qanday natijaga erishmagan edi. Xiva madrasasini xatm qilgan Maxtumquli «Noskashning ishini, urib sindir tishini», deb she'rlar yozgan bo‘lsa-da, bu ra'iyatga ta'siram qilmadi.

1986 yili Mixail Gorbachyov aroqni taqiqlaganda odamlar antifriz ichgan. Ko‘z oldimda bir rassom vodaemulsion bo‘yoq ichidan spirt ajratib olib ichgandi. Rassom drel uchiga maxsus parrak qo‘yib, chelakdagi bo‘yoqning ichiga tiqib aylantirdi. Tsentrafuga holatidan keyin bo‘yoq ichidagi oq quyqa bir yon, spirt bir yon bo‘ldi.

Rassom bola bu spirtni ayollarning kapron paypog‘idan o‘tkazib suzdi. Keyin lo‘q-lo‘q qilib ichib kayf qildi. Mabodo nos taqiqlansa, yashirin nos yasash avj oladi. Chunki nosga o‘rgangan odam nossiz tura olmaydi. Xumori yomon uning. Sovet davrida ham nos bor edi. Lekin hukumat uni ko‘rib ko‘rmaganga olardi. Shunisi tuzuk. Nosni taqiqlash kerakmas.

Laganbardorlik haqida

Laganbardor, padxalim, paxtakor, yaloqi, lagan qoquvchi, dasmol siquvchi, poytalkash, yelpatak va hokazo. Bu salbiy atamalar o‘zi manfaat ko‘radigan odamga atayin yoqimli gaplar aytib, o‘ziga iydirmoqchi bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladi. Ayni paytda yaxshi gap bilan odamlarning ko‘nglini olish bu biznes strategiya sifatida qaralishi mumkin.

Oldingi zamonda rahbar hojatga kirib ketsa, tashqaridagi malaysifat odam kesak ushatib¸ qumg‘onda isssiq suv keltirib, yelkasiga sochiq tashab turardi. U zamonlar o‘tdi. Hozir hech bir rahbar ko‘tini kesakka artmaydi. Rahbarga iltifot qilmoqchi bo‘lsangiz, zamon va texnologiya bilan hamnafas bo‘ling.

Masalan, rahbaringiz qaydli bo‘lgan barcha ijtimoiy tarmoqlarda siz ham faol bo‘ling. Feysbuk¸ insta¸ bigolayf¸ odno¸ tvit-mvit, hatto tik-tok. Boshliq nima yozsa, layk qo‘ying. Aqlli komentlar yozib astoydil maqtab turing.

Keyin agar boshlig‘ingiz erkak bo‘lsa, diqqat bilan qarang. Qaysidir zaifa ketma-ket layk bosib o‘tirsa, bilingki u boshliqning ikkinchi xotini. Shu xotinning uyiga bozorliq tashab qo‘ysangiz kam bo‘lmaysiz.

Boshliq degani serurug‘ bo‘ladi. Qarindoshi ko‘p. Shu qarindoshlar bilan tarmoqda do‘st bo‘lib, boshliq haqida gap orasida yaxshi gaplarni yozib keting. Yetkazishadi kerakli quloqqa. Endi «tik-tok» masalasi. Boshliqning tantiq qizi yoki so‘tak o‘g‘li albatta tik-tokda o‘tiradi. Nima bo‘q yesa, tik-tokka yuklaydi. Siz shu bolaga ham layk qo‘ying. Sizdan nima ketdi. Boshliq bilan nizolashgan yovuz niyatli kishilarni tarmoqda do‘st tutmang. Ularni blok qiling.

Yangi kun soat kechki birdan boshlanishini unutmang. Soat 12 dan o‘tib tungi birga soat zang chalishi bilan darrov boshliqqa kun bilan bog‘liq qutlov yozing. Mavridini qidirsangiz, topasiz. Masalan, xalqaro irrigatorlar kuni. Ovchilar kuni. Limon yetishtiruvchi va tovuqboqarlar xalqaro bardamlik kuni. Boshliqning otasi tug‘ilgan kun. Onasi yoki o‘gay onasi tug‘ilgan kun. Boshliqning birinchi yanga bilan nikoh to‘yi. (Ikkinchilar haqida nozik istiora bilan tabrik yozmoq joiz. Bil'aks, birinchi xonim g‘azabiga duchor bo‘lib, ajdarho domida yo‘q bo‘lish ehtimoli katta). Albatta, boshliqning tug‘ilgan kuni. Tabriklarni astoydil yozing. Original bo‘lsin.

Yana bir kichik layfhak. Boshliqning telefon hisobiga bilmasdan kattaroq summa o‘tkazvoring. Keyin «voy bosilib ketibdi», deb uzr so‘rab qo‘ying. Eng muhimi, bu ishlarni astoydil qiling.

Boshliqqa xizr nazar qilmasa, boshliq bo‘larmidi. Agar tangri yorlaqamasa, somon bozorga pattachi ham bo‘lmasdi. Men padxalimlik qilyapman, bu salbiy odat, deb ezilmang. Siz mansab zinapoyasidan ko‘tarilish uchun strategik piar tadbirlarni amalga oshiryapsiz.

Maqsadga erishish uchun tadbir lozim. Bilib qo‘ying, tarixni maqsadiga erishgan g‘oliblar yozadi. Erta bir kun siz boshliq bo‘lib, sizning boshlig‘ingiz pastga qarab qulab, nochoru notavon bo‘lib qolishi mumkin. Shu paytda ham jo‘mard bo‘ling. Yiqilganni tepmang.

O‘sha eski paytlardagidek yana ikki og‘iz maqtab qo‘ying. Buni u kishi hech qachon unutmaydi. Bilib qo‘ying, ba'zan urilgan boshliqlar yana ko‘tarilib, sizga boshliq bo‘lib qolishi mumkin. Eng muhimi, tabassum qiling. Yaxshi gaplarni, maqtov va komplimentni hech kimdan ayamang. Sizga albatta qo‘sha-qo‘sha qaytadi. Hech bo‘lmasa, siz maqtagan odam buni ko‘cha-ko‘yda aytadi. Bu esa siz haqda ijobiy fikr yaratadi.

Ana shunaqa gaplar, okalar. Mendan aytish. Amal qilish esa sizdan. Amal qilmasangiz ham xafa bo‘lmayman.

Yuragingni haqiqat cho‘g‘ida yondir.

Laganbardorlik yaxshimi yoki haqiqat, deb so‘rasangiz, yosh bola ham haqiqat yaxshi, deydi.

Bitta kino ko‘rib ta'sirlandim. Kino qahramoni faqat haqiqatni aytadigan jasur edi. Men ham bugundan boshlab faqat haqiqatni aytishga qaror qildim.

Ertalab turib xotinimga yaxshilab qaradim. Ko‘ti bir tarafga, emchagi bir tarafga qarab tarvaqaylab semirib ketibdi. Ikki yuzi shishib, ko‘zi piskaday bo‘lib qolibti. Buning ustiga, Zita-Gitaning xolasiga o‘xshash qosh tatuaj qildiribdi. Mening pulimga, albatta.

Har kuni uni aldardim: «Voy, xotinjon, ochilib ketibsan, gul g‘uncha bo‘lib», deya. Bugun haqiqatni to‘g‘ri yuziga aytdim. «Zita-Gitaning xolasiga o‘xshab, xunuk bo‘lib ketibsan», dedim.

Xotin javrab, sannab, men bilan po‘m chiqdi. Ikki kun burun xotinning singlisi, ya'ni qayinsingil keluvdi. Ketay demaydi. Oshxonaga chiqsam, onasi (qayin volidamiz) bilan telefonda gaplashyapti. «Kuyovingiz Rossiyada faqat bizdi o‘ylab yuribdi. Omikron degani chiqib, topish-tutishining mazasi yo‘q. Lekin kuyovingiz oltin».

Bu gapni eshitib, men shartta telefonimni chiqarib, qayinsingilga rasm ko‘rsatdim. Rasmda bojamiz bir tatar qiz bilan achomlashib turardi. Ënida xuddi quyib qo‘ygandek o‘ziga o‘xshash semizgina o‘g‘ilchasi ham bor.

Qayinsinglim toshday qotib, dahshatga to‘la ko‘zlarini pirpiratib menga qaradi. Men bo‘lsam, «haqiqatni» aytdim: «Xullas, ering, ya'ni muhtaram bojamiz Qozonda ta'mirlash brigadasida ishlaydigan xotinga uylanib olgan. Kundoshingning oti Shinara. Koviddan oldin o‘g‘il ko‘rishdi, otini Umar qo‘yishdi. Kreditga Ufadan uy olishgan. Eringning topgani Shinaraning kreditini yopishga ketyapti. Sen o‘tiraver pochchangnikida pishgan oshga tushgan pashsha bo‘lib…».

Shu yerga kelganda qayinsinglim vag‘g‘ etib baqirib yig‘lab boshladi. Xotinim kelib menga g‘azabnok qaradi. Ey, onagni, deb ko‘chaga chiqib ketdim. Ko‘chada har kun portalga yozib, uy so‘raydigan mazgi qo‘shni cholni uchratib qoldim: «Do‘xtirdan kelyapman. Do‘xtir ahvolingiz tuzuk, deb aytdi».

Qaysi do‘xtir? Ravshanmi? Boboy, kecha Ravshan menga sizning rentgen suratingizni ko‘rsatdi. Uchinchi stadiya rak bo‘lgansiz. Uzog‘i bilan yo o‘n kun, yoki maksimum bir oy umringiz qogan. Kafanliklarni tayyorlab qo‘yavering, portalma portal yurmasdan.

Bu gapni eshitgan boboy oyog‘ida turolmay o‘tirib cho‘kkalab qoldi. Boboy do‘xtir Ravshanga telefon qilib «rostmi shu», dedi.  Ravshan ham «ha, rost», dedi chog‘i, boboyning rangi ko‘karib ketdi. Men boboyning nevarasiga telefon qilib, «dodang yo‘lda yomon bo‘lib qoldi, tez olib ket. Metan zapravkaning ortidagi yo‘lda», dedim. Kechga borib boboyning joni uzildi. Ertaga peshinga chiqaramiz. Kechgacha hali qancha haqiqatlarni aytishim kerak.

Qo‘shnim uyini qimorga yutqazgan, buni xotini bilmaydi. Mahalladagi buldog ko‘ppakka o‘xshash echki soqol parazit boboyning qizi Turkiyada jalablik qilib, spidga chalinib qamoqqa tushgan. Milisadan kelgan xatni pochtachi adashib mening uyimga tashlab ketgan.

Do‘xtir jo‘ram Ravshan kelasi hafta to‘yi bo‘ladigan Dilfuzani tikib qo‘ygan ekan. Shuning kelishgan pulini ololmagani uchun men o‘rtaga tushib, Dilfuzaning yobiridan pulning yarmini olib beruvdim. Dilfuz tikilgani haqidagi haqiqatni bo‘lg‘usi kuyovga aytib qo‘yishim kerak. Chunki haqiqat ulug‘ narsa.

Suhbatimiz boshida aytganim – qutqargan qo‘lni chaquvchi ilon chayonlarga yana to‘xtalsam. Barcha zamonlarning ulug‘ san'atori Yuriy Nikulinning gapi bu chayonlarga atalgan:

Sizning yaxshiligingizga yomonlik bilan javob bergan¸ yolg‘onchi, kazzob, hasadgo‘ylardan qasos olaman deb urinib ham o‘tirma. Qaddingni tog‘ kabi baland tutib, shod-xurram va baxtiyor yasha. Yangi marralarni zabt qilib, muvaffaqiyatga erish. Hasadgo‘y chayonlar buni ko‘rgach, ko‘tara olmay, ich-etini yeb, quyosh nurida o‘lgan viruslar kabi g‘oyib bo‘lishadi.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
23 aprel 2019
So‘nggi vaqtlarda bosh vazir o‘rinbosari Tanzila Norboeva, bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiev, mamlakatning AQSh va Belgiyadagi elchilari ...
7 mart 2019
Eski changaklar O‘zbekistondagi islohotlarga qanday to‘sqinlik qilmoqda? Fevraldagi bir yangilik O‘zbekistonni larzaga keltirdi: bor-yo‘g‘i bir yil muqaddam Davlat xavfsizlik ...
7 avgust 2020
Qishga tayyorgarlik. Pomidor va qalampirni o‘zim yetishtirib, quritib, ipga o‘tkazib devorga ildim. Ko‘o‘p bonkayam berkitganmiz. Kompotlarim ham yetarli. Ozroq ...
24 iyun 2022
Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida 2 nafar bola noma'lum kasallik sabab vafot etdi. “Xalq so‘zi” gazetasi jurnalisti Fazliddin Abilovning “Eltuz”ga ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...