Asosiy mavzular
17 yanvar 2022

Fermerlar klasterlardan 2021 yilgi hosil uchun haqini ololmayapti

Andijon viloyatining Baliqchi tumanida 11 yanvar kuni paxta pullarini ololmayotgan fermerlar norozilik bildirib, “Tetrateks” klasteri binosi oldiga to‘planishdi.

Fermerlarning aytishicha, ular “Tetrateks” oldidagi majburiyatlarini bajarishgan va klaster shartnomada ko‘rsatilgan shartlarni bajargan holda 2021 yil oxirigacha pul to‘lab berishini kutishgan. Biroq klaster 2021 yil kuzida topshirilgan hosil uchun haligacha haq to‘lamagan.

“Bu klaster bizga avans ham bermadi, faqat terim pulini berdi. Paxta yetishtirish bo‘yicha barcha xarajatlarni davlat bergan kreditlar hisobidan qopladik. Ammo bu kreditni g‘alla va pilla yetishtirishga ajratilgan avans hisobidan qoplashga majbur bo‘ldik”, deydi baliqchilik fermer “Eltuz” bilan suhbatda. 

O‘zbekistonda paxta-to‘qimachilik klasterlari fermerlar oldidagi majburiyatlarini bajarmayotgani haqida tez-tez xabarlar paydo bo‘lib turadi. Buning ortidan fermerlarning norozilik chiqishlari ham kuzatiladi. 

Masalan, o‘tgan yilning 27 dekabrida Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida fermerlar “APK Bo‘ka” klaster korxonasiga qarashli paxtani qayta ishlash zavodining kirish darvozasini avtomobillar bilan to‘sib qo‘yishgandi. 

O‘tgan yili “Eltuz” ham Andijon viloyatining Izboskan tumanida 114 ta fermer “Sohib omad baraka” klasteridan o‘z haqini ololmayotgani haqida maqola e'lon qilgan edi. 

Unda fermerlardan biri “Eltuz”ga “Sohib omad baraka” bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra, yetkazib berilgan paxta xomashyosining puli 2020 yilning 31 dekabriga qadar to‘lanishi kerakligi, klaster uning fermer xo‘jaligidan 200 million so‘mdan ortiq qarzdor ekanini aytgandi. Lekin klaster bu pulni o‘z vaqtida to‘lamagan.

“Viloyatda dardimni eshitadigan odam topilmadi. Hokim bilan ish bitmaydi. Prezident siyosati deb klasterlarga hatto tuman va viloyat hokimlarining ham so‘zi o‘tmayapti. Yana eshitishimizcha, klaster bilan hokimning tili bir emish”, degan edi o‘shanda fermer.

Bu yil ham fermerlar va klasterlar o‘rtasidagi ziddiyatlar kamaygani yo‘q. “Eltuz”ga kelayotgan xabarlar aynan shundan darak bermoqda. 

Yaqinda Qishloq xo‘jaligi vazirligi Andijon viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan klasterlar ishini baholaganda, 13 klasterdan faqat bittasi fermerlar bilan hisob-kitob qilgani ma'lum bo‘ldi. 

“Viloyatda fermer xo‘jaliklari bilan paxta yakuniy hisob-kitob ishlari faqatgina “Sayyora Favvorasi” MChJ (Bo‘ston) tomonidan 100% amalga oshirilgan… Qolgan klasterlar tomonidan yakuniy hisob-kitoblar amalga oshirilmagan (resurslar, terim pullari va boshqa xarajatlar to‘langan)”, deyiladi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Shuhrat Mirzaevning 2021 yil 25 dekabrda Andijon viloyati hokimiga yuborilgan xatida. 

Ushbu maktubda o‘tgan yili “Eltuz”da e'lon qilgan maqolada tilga olingan “Sohib omad baraka” klasteri to‘g‘risida ham so‘z boradi. Unda “Sohib omad baraka” va “Best tekstayl” klasterlari viloyat bo‘yicha eng past ko‘rsatkichlarni qayd etgani aytiladi. 

Mustaqil jurnalist va bloger Fotima Jo‘raeva o‘zining feysbuk sahifasida ma'lum qilishicha, vazirlik xatida “Sohib omad baraka”ning Andijon va Izboskan tumanlaridagi fermerlar bilan shartnoma asosidagi faoliyatini to‘xtatish tavsiya etilgan. 

Jurnalistning bildirishicha, nafaqat klasterning faoliyati tugatilgan, balki hokimlik va ichki ishlar organlari fermerlarni u bilan shartnoma tuzishga majburlash holatlari mavjud. 

Shartnoma tuzmaganlarga esa 2021 yil hosili uchun to‘lanishi kerak bo‘lgan pulni bermaslik bilan tahdid ham qilishmoqda. Bu hokimning buyrug‘i ekani, “Sohib omad baraka” va “Best tekstayl” bilan shartnoma qilmaganlarga pul tashlab berilmasligi to‘g‘risida buyruq borligini aytishgan.

“Sohib omad baraka” klasteri yuristi Otabek hokim hozir pul bo‘lmasa-da, pul bo‘lgandan keyin ham shartnmoa tuzmagan fermerlarga bermaslik to‘g‘risida buyruq qilganini aytdi”, deydi jurnalist.

Fermer Mavlonbek Ummatovning jurnalistga aytishicha, Izboskanda faoliyat ko‘rsatayotgan “Best tekstayl” klasteri bilan uch yildan buyon shartnoma tuzib keladi. 

“2019 yil hosili uchun klasterdan mening foydamga 191 million so‘mdan ortiq mablag‘ undirish haqida sud ajrimi mavjud. 38 ming so‘m jarima undirish ham belgilangan. Lekin klaster jarimani haligacha to‘lagani yo‘q. 

2020 yil hosili uchun 131 million so‘mdan ko‘proq va 5 ming so‘m jarima undirish haqida sud ajrimi bor, lekin pul to‘lab berilmagan. 2021 yil hosili uchun ham klaster terim puli va QQS solig‘i uchun 71 mln so‘mdan boshqa boshqa birorta to‘lov qilmadi”, deydi Mavlonbek Ummatov. 

Holbuki, fermer QQS uchun 100 million so‘m to‘lashi kerak. Endi u QQSdan ham qarzdor bo‘lib turibdi. Hozir klaster undan bir kilo paxta narxini 6020 so‘mdan hisoblaganda 588 million so‘mdan ortiqroq qarz. 

Jurnalist klaster rahbari bilan qo‘ng‘iroqlashganda u kreditorlardan qarzdorligi haqida kafolat xati berganini bildirgan. Ammo “Agrobank”ning Izboskan filiali kafolat xati asossizligi, 2021 yilgi paxta hosili uchun berilgan imtiyozli kreditlarni to‘lash esa fermerlar zimmasiga yuklangani haqida rasmiy xat bergan. 

Jurnalist bilan suhbatda fermerlar klaster ularga plyonkani qimmat narxda o‘tkazayotgani, hatto bayram tadbiri bahonasida har bir fermerdan 2 million so‘mdan ushlab qolganini aytgan. Bu pulni ushlab qolishayotgani haqida fermerlarning ko‘pchiligi bexabar ham qolgan. 

Eltuz.com

P.S. Ushbu maqola tayyorlanayotganida Baliqchi tumanidagi “Tetrateks” klasteri fermerlarning haqlarini bera boshlagani ma'lum bo‘ldi.

“Shartnomadagi pulimizning 60 foizini olishga muvaffaq bo‘ldik”, dedi fermer Dilyor Akromov 13 yanvar kuni “Eltuz” bilan suhbatda. 

Tag‘in o‘qing
20 iyun 2016
Tovlamachilik aybi bilan xibsda qolayotgan 38 yashar Chinozlik tadbirkor Ahmadboy Tursunboevga nisbat berilgan maktub ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi. «Maktubda» ...
19 iyun 2018
O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati o‘zining facebokdagi sahifasida bildirishicha, 2014 yili AQSh vatandoshligini olgan asli qashqadaryolik Zokir Aliev AQShda xalqaro ...
14 iyul 2016
«Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan parlamentga saylangan deputatlar o‘n kuncha o‘z saylov okruglarida bo‘lib, saylovchilari bilan uchrashgan. Bu uchrashuvlarda ular ...
7 iyun 2022
Bu kun Angliya fuqarolik jamiyati tomonidan monarxiya zo‘ravonliklarini cheklash yo‘lida tub burilish yasalgan sanadir. 1628 yilning 7 iyunida ingliz ...
Bloglar
20 iyun 2022
1990 yil 20 iyunda O‘zbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan edi. Mamlakat ...
17 iyun 2022
Biz nima uchun o‘zbek jamiyatida «ayollar huquqi» deb gapiramiz va bu ko‘pchilikka yoqmaydi?Buning sabablarini bilish ...
7 iyun 2022
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 54-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan) AMAL ...