Asosiy mavzular
21 yanvar 2022

RTdan va'z: Nazarboev o‘zimizning itvachcha

Azizlarim mana xafta aylanib yana siz bilan hamsuhbatman. Suhbati chor anda  mazza bor deyishadi. Kanalga obuna bo‘lgan do‘stlar soni 287 mingdan oshibdi. Ko‘plar bu ko‘rsatuvni televizoriga ulab oilaviy ko‘rishar ekan. Obuna bo‘lmay ko‘rayotganlar qancha. Demak to‘rtta odam bilan emas, balki yuzminglar  bilan hamsuhbatman.

Balki ko‘cha sovuq, balki uyingiz ko‘chadan ham sovuq. Tomdan chakka o‘tadi. Truba yorilgan. Gaz davleniyasi past. Undan ham yomoni umuman gazning o‘zi yo‘q. Bu moddiy yetishmovchiliklar sizning xomo sapiens ya'ni tafakkurli odam bo‘lishingizga halaqit bermaydi. Buyuk olim va rassom Leonardo Da Vinchi parashut, tank, vertolet va ko‘tarma kran ixtiro qilganida u yashagan shaharda  gaz ham elektr ham yo‘q edi. Ammo bu Leonardoning buyuk bo‘lishiga unchalik halaqit bermadi. Ëmon raqqosaga yumurtosi halaqit beradi deyishadi, qalovini topgan esa qorni ham o‘tin, ko‘mir o‘rnida yoqadi. O‘ngishing, bu qiyin hayotda haqqingizni talab qilmang deb sizni gipnoz qilmoqchi emasman. Lekin butun muvaffaqiyatsizliklarga qiyinchilikni sabab qilib ko‘rsatish ham insofdan emas.

Iqtisodiy qiyin va ocharchilik paytda o‘zbek kinochisi Yo‘ldosh A'zamov Toxir va Zuxra degan filmni o‘sha paytdagi hollivud standartidan ham yuksak qilib suratga olgan edi. Xozir shuncha texnika bo‘la turib, plintusdan past kino olishganiga faqat bitta sabab bor. U ham bo‘lsa kinochilarning tug‘ma ovsarligi. Tafakkur qilmaydigan odamning eshshak yoki qo‘tosdan farqi yo‘q. Aqlsiz joxil farovon yevropaga  kelsa ham faqat yomonlik qilishni o‘ylaydi. Misollar ko‘p bunga.

14 yanvar kuni Bryussel metrosida bir kimsa poezd kutib turgan ayolni temir yo‘lga itarib yubordi.  Agar mashinist o‘z vaqtida tormoz bosmaganida bu ayol majaqlanib o‘lgan bo‘lardi. Tajovuz qilgan erkak esa qochib ketdi. Uni qo‘lga olishdi. Belgiyaga chetdan kelgan migrant ekan. Yana o‘sha toshbaqa va chayon hikoyasi. Tashbaqa chayonni suvdan o‘tkazmoqchi bo‘ladi. Chayon esa toshbaqani chaqmoqchi bo‘ladi. Chunki  zaxar solmoqdir chayonlar ishi. Menga jamiyat haqidagi ilk saboqni ko‘chadagi svetofor bergan edi. Yashil chiroq yonsa eski tikoda bo‘lsang ham sen yurasan, eng krutoy Bentli ham chorraxada senga yo‘l berib kutib turadi.  Bizning hayolimizdagi erkinlik esa barcha chiroqlari yonib turgan svetofor timsolida tajassum. Uzoq kirishdan so‘ng qisqa xabarlar.

XABARLAR

O‘zbekiston prezidenti  17 yanvar kuni “Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Serdar Berdimuhamedovni qabul qildi”.

Serdar Berdimuhamedov Turkmanistonda “Arqadag‘” (“Suyanch tog‘i”) sifatida ulug‘lanadigan avtoritar prezident Gurbanguli Berdimuhammedovning o‘g‘lidir.

Tog‘ tog‘ bilan uchrashmaydi, lekin odam odam bilan uchrashadi. Protokol bo‘yicha turkman prezidentining o‘g‘li bilan o‘zbek prezidenting qizi uchrashsa yanada mantiqli bo‘lardi.

+++

Toshkent shahar sudi  18 yanvar kuni O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova mualliflik huquqini buzganini tasdiqladi va Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudi o‘tgan yilning 29 oktyabridagi qarorini o‘zgarishsiz qoldirdi. Uch marta haj qilib xoji akbar maqomini olgan Usmonova she'r o‘g‘irlagani uchun tovon to‘lashdan qochib appelyatsiyaga beruvdi. Sud shoirning haqini bersin deb, qaror ustiga qaror chiqarib bermoqda. Ashulachini yaxshi bilganlar baribir to‘lamaydi deyishmoqda.

+++

Afg‘onistonda  Tolibon mahalliy musiqachining cholg‘u asboblarini hursandchilik bilan yoqib yubordi. Musiqachi esa cholg‘u asboblari yonayotgan chog‘da ko‘z yoshlarini tiyib turolmadi.

+++

Mona Lizani o‘chirayotgan diniy ekstremist surati Toshkent devorida paydo bo‘ldi. O‘zbek Benksi INKUZARTdan shedevr. Yasha rassom Abdurahmon. Ming yasha!

+++

15 yanvar kuni amerikalik uchuvchi Hollivud osmonida Rayan ismli rasmni qoldirdi va uning yonida erkak jinsiy a'zosini «chizib qo‘ydi». Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda parvozlarni kuzatish bo‘yicha Flighradar-24 loyihasi ma'lum qildi.

Odatda mashg‘ulotlar uchun ishlatiladigan ikki o‘rindiqli Sessna 150 uchuvchisi Long Beachdan Los-Anjelesga va orqaga deyarli 4 soatlik yo‘lni bosib o‘tdi. Shu bilan birga, Gollivud hududi ustidan uchib o‘tayotganda, uchuvchi marshrutni shunday qurganki, xaritada o‘rnatilganda parvoz yo‘li «RYAN» so‘zini hosil qiladi. Hollivud tepaliklari ustidagi osmonda esa uchuvchi erkak jinsiy a'zosini shu tarzda chizdi. Mosholloh!!! O‘zi aslida rassom bo‘lishi kerak edi bu uchuvchi. Ammo uchoq izi bilan osmonda ham rasm chizsa bo‘ladi. Hatto erkaklik asbobi rasmini.

+++

Aldagani sigir yaxshi. Turkiyalik fermer sigirlariga virtual reallik ko‘zoynaklari taqib, ko‘proq sut olishni yo‘lga qo‘ydi. Sigirlarga taqilgan ko‘zoynak ularga yozdagidek yashil yaylovlarni ko‘rsatadi. Natijada sigirlarning kayfiyati ko‘tarilib, kunlik sut 22 litrdan 27 litrga ko‘paygan. Ko‘zoynaklar sigirlar ko‘ra oladigan ranglarga moslashtirilgan.

+++

Turkiya poytaxti Anqarada 30 yashar O‘zge Nur Tekin degan xotin kasal bo‘lganida mullaga olib borishdi. Mulla bunga jin kirgan, jinni quvalab chiqarish kerak deb «diagnoz» qo‘ydi. Mulla instruktsiyasiga ko‘ra, xotinning eri qo‘liga o‘qlov olib ayolini 100 marta urdi. Har o‘qlov urganda duo o‘qib turdi. Bu kor qilmagandan keyin, mulla xijoma qilish kerak, deb o‘qlov yeb o‘zidan ketgan xotin bilagidan qon chiqardi. Yana kor qilmagach qo‘y so‘yishdi. Hamma «jin chiq¸ jin chiq» deb turdi. Ammo xotin o‘lgan edi. Anqara prokuraturasi bu kollektiv jinoyat ishtirokchilari kamida 18 yilgacha qamalishi kerak degan talabni qo‘ydi.

+++

Nazarboev tug‘ishganlaridan 162 kishi Qozog‘iston boyligining 55 foiziga egalik qiladi. Eshitganingiz bu gap xabardir. Aniq xujjatgi xabar va raqamlarga asoslangan xabar. Endi shu oxirgi habar tahliliga o‘tsak. Kotlet alohida, pashsha aloxida bo‘lgani kabi tahlil xabardan alohida bo‘lishi kerak.

MATChON SUQULISh

Tahlilni O‘zbekiston siyosiy tadqiqotlar instiutida ishlamaydigan Matchon Suqulishdan eshitsak. Xo‘sh Matchonboy bir suqulishing qani. O‘zbekiston boyligi nechi odam qo‘lida?

Matchon Suqulish:  O‘zbekistonda unaqa tushunchaning o‘zi yo‘q. Nechta odam qo‘lida emish… Bizda hokimiyatda ishlaganlar biznes bilan shug‘ullanishi mumkin emas. Bizda qarindosh-urug‘chilik, tanish-bilishchilik umuman yo‘q, bo‘lmaganam bo‘lmaydiyam. Hukumatdagilarning hammasi xalq dardida kuyib, pishib, yonib xizmat qiladi. O‘zbekistondagi boylikning o‘ymog‘iga ham tegishmaydi. Kattalarning bolalari oddiy vazifalarni egallashadi: bog‘cha tarbiyachisi, boshlang‘ich maktab o‘qituvchisi, sport murabbiyi, bonk klerki, kichik ilmiy xodim va hokazo. Bittasi hattoki klasterda miroblik qilarkan. Oyliklari ham oddiy. Kuniga nari borsa 5600 so‘mdan. Ko‘plari tramvayda ishga borib kelarkan. Bittasini ko‘rdim tuflisining poshnasi yirtilib ketibdi. Yangisini olmaysanmi, desam, Xudo xohlasa, oyligimdan oz-ozdan to‘playapman, yanagi yil bahoriga chiqib, bosh-oyoq sarpo olaman, dedi. Yur, deb, tushlikka gumma olib berdim. Bechora, uch kundan buyon tuz totmagan ekan, yamlamay yutvordi. Bir oydan buyon go‘sht yemadim, deydi boyaqish. Yig‘lab yubordim ahvolini ko‘rib. Dadangni imkoniyatlaridan foydalansang bo‘lmaydimi, desam. Dadamni o‘zlari mandan qarz so‘rab yuradilar, dedi. Xullas, odamlarning xususiy samolyotlariyu orollari borligi haqidagi gaplarga ishonmanglar. O‘zbekiston Qozog‘iston emas. Bu yurt rahbarlari xalq uchun jonini shartta tikvorgan….

Rassom Tuz: Endi Matchon Suqilish aka bu gaplar sizning iddaongiz. Balki vazirlar sizga osh yedirib tilingizni moylagandir. Mana publitsist Aleksandr Nevzorov «Hukumat atigi 80 foizini o‘g‘irlab, 20 foizini xalqqa qoldirsa, dunyoning eng gullab-yashnagan davlatlaridan biri bo‘lardi.» dedi shu gapga nima deysiz?

Matchon Suqilish: Gap Rossiya haqida boryapti. Bizning O‘zbekistonda buning tom aski. Hukumat xarajatlari 20 foizdan oshmaydi. Sakson foizi xalqqa. Hukumat tunu kun xalq g‘ami bilan yashaydi. Hukumatdagilar oylikka yashashadi. Ishga piyoda yo nari borsa jamoat avtobusida borishadi. Bosh vazirimiz Abdulla Nig‘matovich velosipedda yuradilar. Ramatov janoblari esa Toshkentga Urganchjan poezdda qatnaydi yillik chipta olib. Vazirlar 20 yil navbatda turib, keyin panel uylardan ikki xonalik uy sohibi bo‘lishadi. Ta'tilga Bahmal yoki, juda oshib ketsa, Chimyon yoki Burchimullaga borishadi. Ish paytida tushlikni dietali oshxonalarda qilishadi. Vazirlarning ko‘pi ovqatni uydan olib kelishadi. Keyin ishxonada mikrovolnovkada istitib yeyishadi. Ishga kiyimini ippodromdagi uyg‘ur bozordan xarid qilishadi. Bechora o‘zbek mulozimlari kam ovqat yegani uchun oriqlab raxit bo‘lib qolishgan. Ruslar kelib o‘zbeklardan o‘rnak olishsin.

Bu Matchon Suqulishdan tahlil edi. Ko‘rsatuv davom etadi. Menam shu ruhda ikki og‘iz gapirsam.

Taraqqiyotning o‘zbekona modeli

Bosh vazir Abdulla Aripov qo‘liga payalnik olib, sinib qolgan TV pultini tuzata oladi. Uning ustozi rahmatli Komil Egamovich Rahimov bemalol magnitofonlarni remont qilar va fotoplenka proyavit qila olardi. Havo yo‘llarining ilk rahbari rahmatli Arslon Ro‘zmetov ikki qanotli «An» degan samolyotda viraj yasab, ko‘prik tagidan o‘tkaza olgan. Arslon aka – Boing boshqargan ilk o‘zbek piloti. Uzoq yillar qishloq xo‘jalik sohasida rahbar bo‘lgan Ismoil Jo‘rabekovning olmani nokka payvandlaganini ko‘rganman. Cho‘ntagidan pakki chiqarib, bir ustalik bilan, xudddi shu ishni umrbod qilgandek, ko‘chatni ko‘chatga «sopgan» edi. Toshkent shahar hokimi qo‘liga bolg‘a olib avariyada abjag‘i chiqqan mashina kuzovini to‘g‘irlay oladi yoki alyumin profildan deraza yasay oladi. Buniyam o‘zim ko‘rganman. Temir yo‘llar boshlig‘i Ochilboy Ramatov esa – usta mashinist. Hamma maktabni o‘ninchi sinfida o‘qib yurganida Ochilboy og‘a teplovoz haydab, Urganchdan Chorjo‘yga qatnardi. Surxondaryo tog‘larida temir yo‘l qurilib bitib, ochilish marosimi bo‘lganda, o‘ris mashinist teplovozni haydamayman, deb, turib oldi. Chunki tepalikka chiqish xavfli edi. Ramatov shu paytda mashinistni tushirib yuborib teplovozni ko‘prikdan o‘tkazgan edi. Bu amaldorlar, hech bo‘lmaganda, o‘z ishini biladi. Buyam – katta gap. Masalan, ovozi yo‘q pistonchi qo‘shiqchi, kino olishni bilmaydigan palonchiev kinochi, ikki jumlani to‘g‘ri yozolmaydigan tip esa o‘zini jurnalist, deb ataydi. Kasal davolay olmaydigan doktor, karra jadvalini bilmaydigan matematik va yer tortilish kuchi yoki OM qonunini bilmaydigan Oliy ta'lim vaziri bilan qiyoslasak, o‘z ishini biladigan vazirlar borligidan quvonishimiz joiz.

Qozoqlar nimaga erishdi?

Ko‘pgina qozoqlar (o‘zbeklar ham) savol berishadi: – Bu noroziliklardan qozoqlar nimaga erishdi?

Tom ma'noda bir oy oldin tarmoqning qozoq segmenti qozoqlarda jur'at yo‘q deya ularning yuziga tupurayotganlar, qarg‘ayotganlar videosi bilan to‘la edi. Tarmoqdagi «aqlli» blogerlar «qozoqlar qo‘rqoq, qul, tuzumni yengib bo‘lmaydi», deb yozishdi. Ammo, bir necha kunlik ommaviy norozilik namoyishlari ularning gapi noto‘g‘riligini ko‘rsatdi va qozoqlar juda katta natijalarga erishdi. Ulardan eng muhimlari:

Qozoqlar qo‘rquvni yengdi, birlasha oldi va ommaviy norozilik namoyishlariga chiqdi.

O‘shanda hokimiyat o‘zlarini qutqarish uchun o‘zlarining shantajchi jallodlari, Yovvoyi Arman va boshqalar kabi provokatorlarini qirg‘in va o‘t qo‘yishlar uyushtirish uchun yubordi. Bundan maqsad qo‘zg‘olonchilarga terrorchi degan tamg‘a yopishtirish edi. Ammo rasmiylar 20 000 xorijiy terrorchi haqidagi iddaoni tasdiqlay olmadi. Bitta uyg‘ur ashlachisini ko‘rsatishmoqchi edi, o‘xshamadi. Xullas ular terrorchini hech qachon ko‘rsatisha olmaydi.

Endi ob'ektiv qarab ko‘raylik. Chol ketdi, ammo u rasman hamon mamlakat boshqaruvida qolmoqda, u faqat prezidentni tasvirlaydigan Tokaevning orqasida turibdi, lekin tez orada Nazarboev Putin tomonidan butunlay chetga suriladi va Qozog‘istonni Tokaevning qo‘llari bilan boshqaradi.

Bir necha kun davom etgan norozilik namoyishlari va Nazarboev boshchiligidagi butun nafratlangan oila qo‘rqib ketgani uchun axborot maydonidan g‘oyib bo‘ldi xolos. Ular xalqning g‘azabi nima bo‘lishi mumkinligini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdilar. Yaqindagina ular bizga qanday yashashni o‘rgatib aqllilik qilishardi. Xuddi O‘zbekistondagi rahbarlar kabi. Xulosa shuki xalq kuchdir. Xalq hamma ishni qila oladi. Cho‘lpon aytgan kabi «saltanatni ag‘daradi»

Tobutdan tovush

Taqdiri haqida ko‘p taxminlar bo‘lgan Nazarboev shuncha vaqtdan so‘ng birinchi marta omma oldiga chiqdi va hatto videomurojaat ham yozib qoldirdi.

Elboshidan olingan suratga Brejnevning ovozi qo‘yilgandek tuyuladi. Pensioner hozir Qozog‘iston siyosatiga ta'siri yo‘qligini tan oldi. Chol ket, chol ket deydiganlarga ishora qilib, siyosatdan pensiyaga ketganiga uch yil bo‘lganini aytdi.  Aftidan ustoz shogirdidan ma'lum kafolatlarni olganga o‘xshaydi: Men va oilamga tegmaysan, yiqqan pulimizga ko‘z olaytirmaysan, hokimiyat tag tomiri bilan senga, dedi shekilli chol.

Shunday qilib, Nazarboevni nafislik bilan taxtdan ag‘dargan To‘qaev to‘liq hokimiyatga ega bo‘lgani rasman tasdiqlandi.

Tarmoqda esa Nazarboevning ag‘darilgan haykalini moshina ketiga bog‘lab archa atrofida aylantirgan qozoqlar videosi mashxur bo‘ldi.

Kim nima desayam Nazarboevning haykali Turkiya poytaxti Anqaradan olib tashlanmaydi. Nazarboev poytaxtni Olmaotadan Oqmo‘lloga (Tselinagrad, Ostona, Nuriksultan. balki to‘qayobod) ya'ni mamlakat qoq o‘rtasiga ko‘chirdi. Pirovardida bu qadam Turk dunyosi uchun muxim edi va muximligicha qolaveradi. Ikkinchidan Nazarboev davrida millionlab qozoq azamatlari Rossiya ko‘chalarini supurish uchun o‘rda o‘rda, poda poda bo‘lib ketmadi. Uchinchidan Nazarboev siyosiy irodasi bilan mamlakat kirill yozuvidan voz kechish qarorini oldi. To‘rtinchidan aynan Nazarboev davrida Mustafo Cho‘qay kabi jadid otalar ulug‘landi. Biz voz kechib la'natlagan Boymirza Hayit doimo Qozog‘istonda aziz mehmon edi. Bu pozitiv jihatlarni men O‘zbekistonga qiyosan aytayapman. Nurag‘a itvachcha edi ammo o‘zimizning itvachcha. «He may be a son of a bitch, but he’s our son of a bitch.»

Ertaga men o‘lgan bo‘laman…

O‘zbekistondagi har bir mulozimning ichida bitta shoir, har bir shoirning ichida bitta mulozim yashaydi. Bu yaxshimi yomonmi, bilmayman. Shavkat Rahmonni nashriyotning injiq ba'zilar nazarida noxolis mulozimi o‘laroq ko‘rganman. Bir muddat prezidentga sovetnik bo‘lib, sakkiz tugmali katta razmer kostyum ichida tariqday bo‘lib o‘tirgan Mirzo Kenjabek o‘zi o‘qigan jurnalistika fakultetini «ig‘vo ini» deya, yoptirganiga guvoh bo‘lganman. Sovetnik bo‘lishi bilan «Islom podsho ko‘nglimdadir» deya shig‘ir bitgan Omon Matjon meni hayratga solgan. Ekzyuperining «Kichik shahzoda» kitobini o‘girib, shuurimga pozitiv ta'sir qilgan¸ «Ë jamshid» kabi teran hikoyalar yozgan yozuvchi Hayriddin Sulton¸ Mayakovskiy mukofoti olganidan mamnun Usmon Azim va hokazo. Mansabda paytida ham sarkazmni yo‘qotmagan bitta yozuvchini bilaman. U Murod Muhammad Do‘st. Xullas, birovni sinamoqchi bo‘lsang, unga amal berib ko‘r deyishadi. Bu shair va yozg‘uvchilar amal sinovidan o‘tdimi yo o‘tmadimi menga qizig‘iyam yo‘q. Men ular yozgan asarlarni o‘qishda davom etavaeraman. Bir vaqtlar «Salim Ashur, senga amal yarashur» deya mulozim do‘stimga hazil qilgandim. Mana bu she'rni Salim Ashur yozgan.

Siz ertaga kelasiz,

Hozir

Xabarini yetkazdi simlar.

Bu xatarnok yo‘lda karvonni

yutgan vabo —

ohangdor qumlar. Siz ertaga kelasiz —

Salimga ham guloblar quydi.

Ko‘zingizdan o‘pdim.

Lablarim

Yulduzlarga tekkanday kuydi.

Labingizda — beshikda jahon,

Jahonlarni suydim mastona.

Siz ertaga kelasiz,

Bugun

Yangi ranglar kiyar ostona.

Siz ertaga kelasiz

«1»day, Odamlarga noma'lum sirday.

Ko‘rasiz —

Sevgimni ilib qo‘yibman –

Yakshanbada yuvib

yoyilgan kirday.

Siz ertaga kelasiz,

Hozir

Yuragimni qo‘ydim o‘rtaga.

Agar tuzlar yutib olsalar,

Topolmaysiz meni ertaga.

Siz ertaga kelasiz, qochib

Ta'qib etgan farangi kuydan.

Siz kelasiz shoshib, ammo men

Chiqib ketgan bo‘laman uydan.

Siz ertaga kelasiz…

Boqqa

Liboslarni xazonday tashlab.

Bugun mening cho‘llik qishloqqa

Ketgim kelar

ko‘zimni yoshlab.

Siz ertaga kelasiz,

Biroq

Bugun tushib qoldim men asir.

Bu dunyoda nima bo‘lsayam,

Menga hozir kerakdir,

hozir.

Siz ertaga kelasiz,

Bugun

Oy nuriga lim-lim to‘laman.

Siz ertaga kelasiz,

Ammo

Ertaga men o‘lgan bo‘laman…

Assalom O‘zbekiston, Juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
25 iyul 2016
Birinchi vidik rasmini ko‘rganimda fizika matematikaga moslashgan maktabning ikkinchi sinfida o‘qirdim. “Radio” degan jurnalning 1967 yilgi ikkinchi sonini xozir ...
4 aprel 2022
Qozog‘iston rasmiylari mamlakat prezidenti To‘qaevga suiqasd uyushtirishni rejalashtirgan “xorijiy razvedka agenti” qo‘lga olinganini ma'lum qildilar.  Lekin uning qaysi mamlakat ...
11 aprel 2021
Namangan viloyatining Kosonsoy tumani «Cuvoqova» korxonasi direktori Muhammadali Kamolov doxil jami to‘rt kishi tashkilot chilangari Abdullo Eshonxo‘jaevni 7 aprel ...
13 sentyabr 2018
«Bi Bi Si»ning O‘zbekiston Oliy sudi matbuot xizmatidan iqtibos keltirib yozishicha, sobiq bosh prokuror Rashid Qodirov ustidan sud boshlangani ...
Bloglar
23 may 2022
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 50-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan) «Sof ...
17 may 2022
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 49-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi ...
11 may 2022
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...