Asosiy mavzular
26 yanvar 2022

Vaqt mashinasi: “Birlik” harakatining tuzilishi va mustaqillik

“Vaqt mashinasi” ko‘rsatuvining oldingi sonlarida biz O‘zbekiston tarixining xonliklar davri, Rossiya istilosi va Stalin qatag‘onlari davri haqida hikoya qilgan edik. Bugun biz O‘zbekistonning qay tarzda siyosiy mustaqillikka erishgani haqida hikoya qilamiz.

Bugungi kunda Rossiya dastaklayotgan mustamlakaga qaytish ritorikasi, O‘zbekistonda davlat tili to‘g‘risidagi qonunni o‘zgartirish takliflari, bundan 30 yil burun tashkil topgan «Birlik» xalq harakati qanday tuzilgani va uning g‘oyalari haqida eslash yanada dolzarbligini anglatmoqda.

Chunki amalda o‘zbek tiliga rasmiy davlat tili maqomining berilishida va keyinchalik O‘zbekiston mustaqilligi g‘oyalarining ko‘tarilishida bu harakat muhim rol o‘ynagan edi.

“Vaqt mashinasi”ning bugungi sonida “Birlik” harakatini tuzishda ishtirok etgan, o‘tgan asrning 80-90 yillarida “Birlik” va “Erk” partiyasining Qoraqalpog‘istondagi bo‘limini boshqargan, mang‘itlik o‘qituvchi Bahodir Qutlimurodov ishtirok etadi. 

1987 yilda Birlik halq harakatining tashkiliy ishlari boshlandi… Bu davrda muammolarning avj olishi va ijtimoiy himoyaning yo‘qligi natijasida xalqda ma'lum bir norozilik vujudga keldi…” deydi Baxodir Qutlimurotov.

Birlik qanday tuzildi

«Birlik» xalq harakatini tuzish g‘oyasi 1988 yilning 16 noyabrida  hofiz Dadaxon Hasanovning uyida o‘rtaga tashlandi. Bu majlisda 19 nafar yozuvchi, shoir, jurnalist va boshqa ijodkorlar ishtirok etishgani aytiladi.

Keyinchalik 1989 yilning 28 may kuni Harakatning ta'sis qurultoyi maqomidagi ilk majlisi O‘zbekiston Yozuvchilar Uyushmasining Pushkin ko‘chasi 1-uyda  joylashgan binosi zalida bo‘lib o‘tdi. Bu majlisda «Birlik» xalq harakatinining Raxbarini saylash,  nizomi va dastur qoralamasini tasdiqlash masalalari ko‘rib chiqilgan.

Majlisda ishtirok etgan Qutlimurodovning so‘zlariga ko‘ra»Birlik»ning nomini bergan va ilk muxtasar programmasini yozgan  bo‘lishiga qaramasdan, Muhammad Solih xarakatga raxbarlik taklifini qabul qilmagan. U “Birlik”ka Yozuvchilar uyushmasi kotibi o‘laroq ko‘proq yordam berishi mumkinligini bildirdi.

Shu tariqa, ilk muxolifat harakatiga shoir-yozuvchilar, xususan Muhammad Solihning qo‘llovi bilan kommunist Abdurahim Po‘latov rais qilib saylandi.

O‘sha davrda Moskvadagi Xalq jamg‘armasining Axborot markazini boshqargan Vitaliy Ponomaryov 1988 yili “Birlik” va Muhammad Solih himoyasiga tashkillashtirilgan mitinglarni kuzatib, Muhammad Solih bilan uchrashganida, uning kuchli siyosiy arbob sifatida taassurot qoldirganini aytadi. “Albatta, Muhammad Solih bu siyosiy jarayonlarda juda muhim va hal qiluvchi shaxslardan biri edi.” deydi Vitaliy Ponomaryov, Qutlimurodov ham ayni shu fikrni ta'kidlaydi.

Politbyuroga xat

Shu yerda yana bir tarixiy chekinish yasab, xalqning ko‘chalarga chiqishiga va talablarining bajarilishiga erishgan bu jarayonlargacha bo‘lgan voqealar silsilasi haqida gapirsak.

1984 yili, O‘zbekiston SSR Kommunistik partiyasi kotibasi Ra'no Abdullaevaning siyosatidan norozi bo‘lgan Muhammad Solih yetakchiligidagi 56 nafar yozuvchi va ziyolilar Markazqo‘mga xat bilan murojaat etishadi.

U paytlarda Mixail Gorbachevning “Qayta qurish va oshkoralik” siyosati hali boshlanmagan. Sharof Rashidov o‘limi ortidan “O‘zbeklar ishi” deya tarixga kirgan ommaviy korruptsiya yuzasidan Gdlyan va Ivanovlar tomonidan Respublikada surishtiruv jarayonlari boshlangan, Andropov ketib Sovet Ittifoqiga Chernenko raxbarlik qilgan qisqa bir davr edi.

Markazqo‘mga yozilgan maktubga javob 1985 yili Gorbachev davrida beriladi. Ya'ni O‘zbekiston Markazqo‘miga shikoyatchi yozuvchilar bilan suhbat o‘tkazish taklif etiladi. Suhbat asnosida 56 nafar shaxsdan ikkitasi o‘z imzolarini qaytib olishadi.

Poltitbyuroga xat yozganlarning aksariyati, jumladan Muhammad Solih nomi shu tariqa hukumatning alohida “qora ro‘yxati”ga kiritiladi va shoirni badnom qilish kampaniyasi boshlanadi. Ayni kampaniya asnosida shoir Muhammad Solih nomi siyosatchi o‘laroq oddiy xalq orasida tanila boshladi. Liberal postsovet va  horijiy matbuot esa uning siyosiy fikrlariga ko‘proq minbar bera boshladi.

“Birlik” halq harakati tuzilgach, yuqorida aytganimizdek Muhammad Solih nomi tez-tez og‘izga tusha boshladi. Hususan, 1988 yil Amerikaning “Nyu York tayms» gazetasi Muhammad Solihning O‘zbekistondagi paxta monokulturasi va Moskvaning mustabid siyosati haqidagi fikrlari aks etgan suhbatni chop qildi.

“Uncha katta bo‘lmagan bir guruh o‘zbek yozuvchilari, iqtisodchilar va rasmiy doiralar O‘zbekiston paxta plantatsiyalari Moskva qaramligi ostida ekanligi masalasini ko‘tarib chiqa boshladilar. Shoir va Yozuvchilar uyushmasi kotibi Muhammad Solihning fikricha, barcha fojealar Stalinnining mamlakatni paxta mustaqilligi bilan ta'minlash haqidagi ko‘rsatmasidan so‘ng boshlangan. SSSRning bu “mustaqilligi” O‘zbekistonning qulligi evaziga paydo bo‘ldi…” deya yozilgan edi jumladan 1988 yilning 6 dekabrida “Nyu York tayms” gazetasi jurnalisti Bill Keller maqolasida.

Moskvaparast hukumatning javobi unchalik ko‘p kuttirmadi. 1988 yilning 20 dekabr kuni “Pravda Vostoka” va “Sovet O‘zbekistoni” gazetalari TASS muxbirlari Yuriy Krujilin va Hisomovlarning “Haqiqatgo‘y Muhammadning ikki qiyofasi”  maqolasini chop qildi.

Maqolada Muhammad Solih  “Nyu York tayms”da chop etilgan intervyusi uchun Stalin davridagi an'anaga xos uslubda «vatan xoini» darajasiga chiqarilgan edi.

Biroq, allaqachon mamlakat ostonasida hurriyat, oshkoralik va qayta qurish davri boshlangandi. Muhammad Solihni qoralovchi maqola xalqning “Oktyabr inqilobi” maydonida 1988 yil 20 dekabr kuni norozilik namoyishiga chiqishiga sabab bo‘ldi.

Ilk namoyish

Bu voqealardan sal oldin, 1988 yilning fevralida O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi talabi ostida studentlar shaharchasida “Til bayrami” nomi bilan tarixga kirgan ilk namoyish bo‘lib o‘tgan edi.

“O‘zbekistonda o‘zbek tili davlat tili bo‘lishi kerak!” – eni 6 metrlik katta bir matoga yozilgan bu jumla namoyishning asosiy shiori bo‘lgan edi.

Bu miting keyinchalik “O‘zbekiston yoshlari erkin uyushmasi”ning tuzilishiga xamirturush bo‘ldi va O‘zbek tilining rasmiy davlat tili maqomini olishiga erishish,  “Birlik” Xalq harakatning asosiy missiyasiga aylandi.

1989 yilning 19 martida Toshkent markazidagi Lenin (hozirgi Mustaqillik) maydonida “Birlik” xalq harakatining ko‘p ming kishilik yirik norozilik mitingi bo‘lib o‘tdi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish talabi yig‘ilganlarning asosiy talabi edi. Bu kabi namoyish va mitinglar Toshkentning boshqa maydonlarida va O‘zbekistonning boshqa shaharlarida ham o‘tkazildi. 1989 yilning 21 oktyabrida “Birlik” xalq harakati o‘z talabini amalga oshirishga erishgan va o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi qonun bilan mustahkamlangan edi.

“Birlik”ka qarshi dastlabki fitnalar

Yuqorida aytganimizdek, bu mitinglardan so‘ng rejim “Birlik” Xalq harakati va shaxsan Muhammad Solihni millatchilikda ayblashda davom etdi. 

Lekin “Inqilob hiyoboni”dagi namoyishlardan so‘ng KGB o‘z taktikasini biroz o‘zgartirib, endi matbuot orqali ochiq chiqishlar bilan emas, harakat ichiga tashlangan ayg‘oqchilar armiyasi vositasida qilinadigan fitnalar tarzida ko‘zga ko‘rina boshladi.

O‘zbekiston raxbarligidan Inomjon Usmonxo‘jaev ketib, o‘rniga Rafiq Nishonov tayinlanganidan so‘ng,  1989 yilning 23 mayida Farg‘ona viloyatida mesxeti turklariga qarshi qonli fitna uyushtirildi.

Ko‘plab uylar yondirildi, etnik ozchilik bo‘lgan mesxeti turklari millatchilik qurboni bo‘ldi.

“80 yillarning oxirida ko‘tarilgan mustaqillik to‘lqinida, rusiyzabon aholini O‘zbekistondan haydashni rejalagan  “Birlik” millatchilari aftidan Moskvaning himoyasidan qo‘rqishgan va ishni mesxeti turklaridan boshlashgan” deya yozdi jumladan Rossiyaning RIA novosti nashri oradan 30 yil o‘tib chop etgan maqolada.

Ammo, Muhammad Solih o‘sha 1989 yil may oyida birinchilardan bo‘lib Moskvada chikadigan «Literaturnaya Rossiya» gazetasida  millatchilikni qoralab chiqdi. Voqea joyiga “Birlik”ning va O‘zbekiston erkin yoshlari uyushmasining murosaga chaqiruvchi va surishtiruv guruhlari jo‘natildi.

“Birlik”ni mesxeti turklariga qarshi millatchilikda va qon to‘kilishida ayblashga zaif urinishlar bo‘ldi, biroq ayblov uchun xech qanday asos va dalil yo‘q edi. 

Qutlimurotovning so‘zlariga ko‘ra, “Birlik”ni mustaqillik g‘oyalaridan og‘dirishga urinishlar u tuzilganidayoq boshlangan edi.  «Birlik» dasturida mustaqillik g‘oyasi aks etmagan bo‘lsa-da, xushyor KGB bu tashkilot tabiatida mustaqillik g‘oyasi  yashayotganini ko‘rib turardi.

«Birlik» harakatining dastlabki g‘alabasi mitinglar, namoyishlar va boshqa tadbirlar natijasida 1989 yilning 21 oktyabrida o‘zbek tiliga davlat maqomining berilishi bo‘ldi.

Harakatga asos solgan Muhammad Solih va tarafdorlari uchun so‘nggi hadaf albatta O‘zbekistonning siyosiy mustaqilligi edi. Biroq, Kremlga itoat etuvchi Kommunistik partiya a'zosi bo‘lgan shaxs – Abdurahim Po‘latov yetakchiligidagi bir tashkilot bilan mustaqillik g‘oyasi uchun kurash olib borilishi imkonsiz edi. Bunday kurash uchun harakat boshida ana shu g‘oya odami bo‘lishi kerak edi.

Bir misol: 1989 yili muxolifatga qo‘shilgani uchun Abdurahim Po‘latovni  u ishlagan Ilmiy Institut Kompartiya yacheykasi KPSS dan o‘chirdi. Po‘latov esa  o‘zini Kompartiyaga tiklash uchun “Birlik”chilarni  mitingga chorladi. Shu kabi voqeala 1989 yilning oxirlari kelib, “Birlik”ni bo‘linishga olib keldi deya hikoya qiladi o‘sha paytlarda navqiron yigit bo‘lgan Qutlimurodov.

SSSR referendumi

Bu vaqtga kelib SSSRni saqlab qolish muammosi yuzaga keldi. Chunki Boltiqbo‘yi doxil bir qancha davlatlar ittifoq tarkibidan ajralib chiqa boshlagan, O‘zbekiston hukumati jumladan Islom Karimov ittifoqni saqlab qolish targ‘ibotchisiga aylangan edi. 1991 yilning 17 martida esa SSSRni saqlab qolish uchun referendum o‘tkazildi.

Qutlimurotov o‘sha paytlarda Qoraqalpog‘isto bo‘yicha referendum ishtirokchisi bo‘lgan. 98-foiz ovoz olib mag‘lubiyatga erishilgan kunni u yaxshi eslaydi.

Erk” Demokratik partiyasining tuzilishi

1990 yilning aprelida Yozuvchilar uyushmasida yangi milliy tashkilot ta'sis etildi. Uning ilk qurultoyida Muhammad Solih bu tashkilotning nomi “Erk” bulib,  u  O‘zbekiston mustaqilligi uchun kurashadigan siyosiy partiya ekanligini  e'lon qildi.

Bu voqea Boltiqbuyida ham Xalq harakatlari tugatilib, o‘rniga siyosiy partiyalar tuzilayotgan bir davrga to‘g‘ri keldi.

Bu tashkilotlar tarixiy zarurat mahsuli edi. Sovet Ittifoqining mazlum xalqlari o‘z ozodligini norasmiy tashkilotlar vositasida emas, endi siyosiy partiyalar vositasida talab qila boshlagandi.

Ya'ni «Birlik»ning «parchalanishi» yo “bo‘linishi” deymizmi, «tugatilishi» deymizmi,  bu jarayonlar mutlaqo ob'ektiv sabablarga asoslangan tarixiy jarayon edi.

Oradan ko‘p o‘tmay, 1990 yilning 20 iyunida O‘zbekiston Oliy Kengashi aynan usha “Erk” Demokratik Partiyasi tayyorlagan O‘zbekistonning Mustaqillik Deklaratsiyasini qabul qildi.

Bu tarixiy voqea “Birlik”ning emas, O‘zbekiston parlamentidagi “Erk” Demokratik partiyasi va uning g‘oyasini Parlamentda qo‘llagan millat vakillarining yutug‘i edi.

GKChP

1991 yilning 19 avgustida SSSRda ilk bor davlat to‘ntarishi yuz berdi. GKChP tashkil qilindi va bu tashkilot mamlakatda favqulodda xolat e'lon qildi. O‘sha paytda Interfaks agentligining yozishicha O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov mustaqillikka qarshi bu pozitsiyani qo‘llab chiqqan. “sovet jamiyatining demokratiyani tiklashga bo‘lgan umidlarini tug‘dirgan qayta qurish g‘oyasi boshi berk ko‘chaga kirdi” degan so‘zlar bilan boshlangan edi o‘sha 19 avgust kuni kechqurun partiya xo‘jalik faollari bilan uchrashuvda chiqish qilgan Karimov nutqi.

Lekin Qutlimurodovning so‘zlariga ko‘ra, Referendum ham, GKChP ham SSSR ning saqlab qolinishiga yordam bermadi. GKChP mag‘lubiyati SSSRning tarqatilishiga olib keldi. O‘zbekiston mustaqillikka erishdi.

Qudrat Bobojon

Eltuz.com nashri muharriri

Tag‘in o‘qing
17 sentyabr 2021
Bir paytlar o‘zbek teatrlari qaynona-kelin haqida mahalliy kallavaram yozgan go‘to‘yinlarni emas, balki insoniyat tafakkuri gultoji bo‘lgan Shekspir asarlarini sahnalashtirardi. ...
28 fevral 2023
Bundan bir yil oldin bosqinchi Rossiya mustaqil Ukraina tuproqlariga xoinlarcha bostirib kirib, yosh go‘daklar, xotin-qiz, qariyalar hamda jami vatansevar ...
2 avgust 2018
Muhammad Bekjonning «Alvido, Jasliq!» kitobidan navbatdagi qism 1999 yilgi Toshkent portlashlarining asosiy guvohi Zayniddin Asqarov bilan yuzlashuv haqida. 2003 ...
7 oktyabr 2023
Avgust oyida Qashqadaryo  viloyati  Koson  tumanidan  o‘tgan  katta  kanalning Guvalay  qismi tuproq bilan  yopib  quyilgan. Buning oqibatida 20 mingga ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...