Asosiy mavzular
22 fevral 2022

Bizga klaster emas, kooperatsiya kerak! Mahalliy amaldorlar fermerlarning bu niyatiga qarshi

Xorazmlik fermerlarning klaster bilan shartnoma imzolashdan bosh tortib, o‘zlari kooperatsiya tashkil etib ishlash sa'y-harakatlari mahalliy hokimiyat vakillarining kuchli qarshiligiga duch kelmoqda.

Bu haqda ularning prezident ma'muriyati rahbari va bosh vazir doxil bir qator amaldorlarga yo‘llagan ochiq xatida ma'lum qilingan.

“Eltuz”da mavjud ushbu ochiq xatda aytilishicha, Shovot tumani fermerlari 2018 yildan boshlab paxta yetishtirish bo‘yicha tumanda tashkil etilgan “Textile Finance Khorezm” MChJ bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzib, paxta yetishtirib keladi.

Ammo fermerlar bu MChJ umuman klaster maqomiga to‘g‘ri kelmasligi, umuman, respublika bo‘yicha ham klaster sifatida ishlayotgan MChJlarning taxminan 95 foizi bu maqomga mos emasligini bildirgan.

Ochiq xatda “soxta klasterlar” sifatida ta'riflangan bu MChJlar faqat fermer xo‘jaliklaridan paxta sotib olib, qayta ishlab, realizatsiyadan kelgan yuqori qo‘shimcha daromaddan ularga tegishli ulushini bermasligi iddao qilinadi.

Fermerlar xatidan tushunilishicha, ular 2020 yilda Shovot tumanida paxtani qayta ishlovchi kooperatsiya tashkil etishga kirishgan. O‘tgan yillar mobaynida kooperatsiyaga qo‘shilishni istagan fermerlarga tuman hokimligi, prokuratura, ichki ishlar va qishloq xo‘jaligi bo‘limi xodimlari tomonidan qo‘rqitish va bosimlar o‘tkazilib kelinmoqda.

Yuqori tashkilotlarga qilingan ariza-murojaatlarga “sizning tumaningizda paxta tozalash zavodi yo‘q va tumanda klaster mavjudligi uchun kooperatsiya tashkil eta olmaysiz”, degan javoblar bo‘lgan.

Ma'lum bo‘lishicha, shovotlik fermerlar mavjud qonunchilikni o‘rganib, tumanlararo paxta xomashyosini qayta ishlash kooperatsiyasini ro‘yxatdan o‘tkazgan.

“Kooperatsiyamizga Shovot, Gurlan, Yangibozor, Xonqa va Urganch tumanlaridan fermerlar ta'sischi bo‘lib kirmoqdalar. Eng zamonaviy texnologiyali paxta tozalash zavodi qurish uchun investor o‘z mablag‘idan 40 mlrd so‘m investitsiya kiritishini kelishib olganmiz”, deyiladi fermerlarning ochiq xatida.

Undan anglashilishicha, 2022 yil 10 fevral kuni soat 17.00 da kooperatsiya ta'sis yig‘ilishi o‘tkazilishi to‘g‘risida “Respublika fermerlari” va boshqa telegram kanallarda e'lon berilgan.

Yig‘ilishga 4-5 soat qolganida fermerlarga tuman IIB boshlig‘i telefon qilib,  soat 15.00 da investor bilan birga tuman hokimligiga kelish tayinlangan.

Bu yerda ular bilan gaplashish va yig‘ilishni bekor qilish uchun viloyat hokimining qishloq xo‘jaligi ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Komiljon Sobirov, viloyat prokurori o‘rinbosari M.Bahriddinov, viloyat IIB terrorizm va ekstremizm bo‘linmasi xodimlari, tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Azamat Yoqubov, hokim o‘rinbosari Bahrom Shukurboev, tuman prokurori, ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i va “soxta klaster” rahbari kelgan.

Viloyat hokimi o‘rinbosari Komiljon Sobirov fermerlarga kooperatsiya emas, klaster tashkil qilish, kooperatsiyaning ta'sis yig‘ilishi qoldirish talabini qo‘ygan. Shu bois, ular ta'sis majlisini qoldirishga majbur bo‘lgan.

Ochiq xatda aytilishicha, qo‘shni Urganch tumanida fermerlar tashkil etgan kooperatsiyaga shu voqeadan keyin “Agrobank”ning tuman bo‘limi hisob raqam ochib berishni rad etgan.

Fermerlar mamlakatning oliy idoralari rahbarlariga o‘zlarining kooperatsiya tashkil etish huquqlari bor-yo‘qligi borasida murojaat etib, Adliya vazirligidan bu masalaga yechim so‘ragan.

“Viloyat hokimi o‘rinbosari, viloyat prokurori o‘rinbosari, viloyat IIB xodimlari, tuman hokimi o‘rinbosari, tuman prokurori, IIB boshlig‘i, tumandagi to‘qimachilik korxonasi boshlig‘i fermerlarni chaqirib, tumanda kooperatsiya tashkil qilish yoki qilmaslik, tumanda klaster bor, kooperatsiya mumkin emas, deb bosim o‘tkazishga haqlimilar”, deya savol qo‘yadi fermerlar.

Shuningdek, ular o‘z ishlarini rejalashtirish uchun yig‘ilish o‘tkazishga tuman hokimligidan rasman ruxsat olish talab etilayotgani, hokimlik turli bahonalar bilan fermerlarning uyiga IIB xodimlarini jo‘natib, “soxta klasterlar” bilan oq qog‘ozdagi shartnomaga imzo qo‘ydirib olayotgani masalalariga ham to‘xtalib o‘tgan.

Fermerlar mamlakatning oliy idoralaridan kooperatsiya tuzish va mahalliy amaldorlarning noqonuniy xatti-harakatlariga baho berish uchun malakali mutaxassislardan iborat ishchi guruhlar yuborilishini so‘ragan.

Ochiq xatni Shovot, Yangibozor, Gurlan, Xonqa, Urganch, Xiva tumanlari fermerlari, shuningdek, “Respublika fermerlari” telegram guruhiga a'zo fermerlar imzolagan.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
14 oktyabr 2019
Chiqib ketishi oldidan sudya qo‘limga ayblov xulosasi va hukmni tutqazib uzr so‘radi va xayrlashish uchun qo‘lini uzatdi. Lekin men ...
5 yanvar 2017
Zilziladan keyin vayron bo‘lgan Toshkent o‘z ijodiy imkoniyatini realizatsiya qilish uchun yer qidirgan sovet me'morlari uchun yangi imkoniyatlar ochdi. ...
24 may 2019
Internetning o‘zbek segmentini stakan deb qarasak, bu stakan ichida vaqti-vaqti bilan to‘fonlar yuz berayotganini kuzatamiz. Ëki Matbuot agentligi bu ...
8 avgust 2024
«Arabiston tuprog‘ida bola tug‘ish» maqsadidagi xotinlar va ularni yetaklab ketayotgan erkaklar. Arabistonda o‘qilgan sha'riy nikohga reklama tus bera boshlagan ...
Bloglar
23 yanvar 2025
O‘zbekiston mudofaa vaziri Xolmuxammedov bosqinchi gazanda Rossiya bilan 2026-2030 yillarda harbiy sohada strategik hamkorlik dasturi ...
20 yanvar 2025
O‘zbekiston prezidenti uyida yirtqich hayvon¸ ilon va xasharotlarni boqadiganlar jazolanishi haqidagi qarorni 16 yanvar kuni ...
12 yanvar 2025
Turli mavzularga o‘z qarashi bilan farqlanadigan bloger Kirpi Prezidentning 380-sonli qarori asosida 1000ta kitobning o‘zbek ...