Asosiy mavzular
25 fevral 2022

RTdan va'z: Urush boshlandi birdan…

Qadrdonlarim bormisiz? Omonmisiz? O‘tgan xafta kasal bo‘lganlar bugun tuzalganidan¸ o‘tkan hafta puli yo‘qlar bugun boyib bitib ketganidan xursandman. Bugun kasal bo‘lib yotganlar kelasi juma albatta tuzalib ketadi. Bugun qo‘li qisqalarning qo‘li uzayadi. Qo‘y emas qo‘chqor so‘yib topkaningizni qozonga bosasiz.  Bir tishlasang moy tishla deydi qiyotlik o‘zbeklar. Qo‘yning shoxini paxsa devor ustiga qo‘yamiz. Balo qazodan asrasin. Qo‘yning terisini momolar oshlaydi. Yaxshi kunlar uchun po‘stak bo‘ladi. Bolalar qo‘y suyagidan lanka yasap tepadi. Suyagini oshiq qilib o‘ynaydi.

Yeganingiz qo‘y, ko‘rganingiz to‘y bo‘lsin ammo miyangizda o‘y bo‘lsin. O‘ysiz odamning hayvondan farqi yo‘q. Nima deysan, Matchon Suqulish?

Matchon Suqulish: O‘ylagandan nima foyda. Masalan men 200 ming dollar turadigan «Bentli» haqida o‘ylaganim bilan tagimdagi «Tiko» o‘zgarib qoldimi? O‘ychi o‘ylaguncha tentak suvdan o‘tibdi. Mana Toshkent hokimi Ortiqxo‘jaev umuman o‘ylamaydi. Maktabni ham uch klas o‘qib keyin ko‘chaga chiqib ketgan. Jasliqqa kirib ketgan bir becharaning biznesini olib oyna rom yasagan. Xullas Tuz og‘a siz o‘ylang. Chunki kattasiz. Mirziyoev o‘ylasin. Yaxshisi, siz nima o‘ylaganingizni ayting. Buni eshitib Mirziyoev o‘ylansin. Mening ishim esa yuvilmagan qoshiqday bo‘lib, suqulishib turish. Yaxshisi bir she'r aytib bering, Tuz og‘a.

Rassom Tuz: Eh, Matchon suqilish. She'r kam yozaman. Oldin chiroyli qizlarning sonini maqtab she'r yozardim. Keyin sifatini maqtab. O‘zi ilk yozgan she'rim urush haqida edi.

Karavotlar taxtadan,

Daraxtlar sinib yotgan, –

Urush boshlandi birdan!

Bu she'rni yozganimda 4 yosh edim. Amakim yod olib yaqinda menga aytib berdi. O‘shanda amakim mendan ya'ni 4 yashar boladan «nega karavotlar taxtadan?» deb so‘ragan. Mening javobim esa mantiqan kuchliligi bilan amakimni lol qoldirgan.

«Chunki barcha temir urushda qurol yasashga ishlatilgan» Ana shunaqa. Bo‘ladigan bola boshidan ma'lum.

Matchon Suqulish: O‘zingizni maqtadingiza og‘a. To‘chniy maqtadingiz. Lekin xozir nega karavotlar taxtadan. O‘zbekistonda urush yo‘qku.

Rassom Tuz: Taxtadan emas, Matchon. DSPdan. O‘zbekistonda taxta nima qiladi. Urush nog‘orasi esa Ukrainadan eshitilmoqda. Putin degan zamonamiz Gitleri qilichini charxlab Ukrainlarni qo‘yday so‘ymoqchi. Putinni Rossiyaning o‘zida sevishmaydi. Lekin O‘zbekistondagi vassal rahbarlar va kir ko‘rpadagi burga kabi urchigan massa sevishi ayon bo‘ldi. Mana uch kundan beri umra qilganiyam, haj qilganiyam otin oyisidan tortib qatortol jalabiga qadar Putinni maqtab yotibdi.

Eltuz telegram guruhida O‘zbekiston Rossiya singari LXR (Lugansk Xalq Respublikasi) va DXR (Donetsk Xalq Respublikasi) ni rasman tan olishi kerakmi yoki yo‘q? Degan savol qo‘ydik.  – Bu savolga 3648 kishi javob berdi. Ulardan 33% O‘zbekiston DXR va LXRni tan olishi kerak degan fikrda. 67% esa bu fikrga qarshi chiqqan.

Putin O‘zbekistonni bosib olganda,kimlar rus armiyasini non-tuz bilan kutib olishi aniq bo‘ldi. Ular anchagina ekan. Bu olomon avvaldan shunaqa. Bekorga Rus imperatori armiyasi Toshkentdek azim shaharni olishda bor-yo‘g‘i 25 ta askar yo‘qotmagan. Endi kelsa, birov pishagini pisht demaydi. Qaytangga mishig‘iz muncha chiroylik deb padxod qilishadi. Putinni maqtaganlar. «Boy ila xizmatchi»dagi G‘opirga o‘xshaydi.

Bu Hamzaga nisbat beriladigan drama. Originali saqlanmagan. Yashin uni mafkuraga moslab, qayta yozgan. Sufler varianti saqlangan. O‘sha variantga asoslanilsa, bu asar tragikomediya janrida yozilgan.

Boy Jamila degan qizni o‘ziga o‘ynash qilib oladi. Uylana olmaydi, chunki aktivda to‘rtta xotin bor. U o‘z o‘ynashini G‘ofir ismli so‘tak bir xizmatchiga erga berib qo‘yadi. Xizmatchining bo‘yniga 1700 chor Rossiyasi rubli (170 dona o‘n gramlik oltin tanga)ni qarz qilib ilib qo‘yadi.

Xizmatchi kuni bo‘yi dalada ishlaydi. «Xotin» esa boy bilan ishrat qiladi. Xizmatchi o‘zini uylantirgan boydan qarzdor ekanligini bilgani uchun ham «xotini» Jamilaning boy bilan aysh qilishiga ko‘z yumadi. Boshqa xizmatkorlar bilan suhbatda u boyni maqtab gapirib yuradi.

Bu tomoshani ko‘rganlar, G‘ofirning dayusligi Jamilaning jalabligi va Solihboyning aferist va seksterrorist ekanligidan zavq bilan kulishgan. Bu endi teatr.

Hayotda ham shunday narsaning guvohi bo‘ldim.

Bir katta viloyat idorasining rahbari o‘ziga o‘ynash bo‘lgan kotibasini o‘z idorasida ishlaydigan ishchiga olib beradi. To‘yini qiberdi.

Shundan keyin ishchi faqat tungi smenada ishlaydigan bo‘ldi.

Aytishlaricha, bu ishchi xotinining o‘ynash ekanidan rozi. Hatto maqtanib ham qo‘yarkan «xo‘jayin bizning oilaga juda yaqin,» deb.

Siniqlik va umurtqasizlik millatning asosiy sifatiga aylanmadimi?

O‘zining xotinini zo‘rlagan kimsani maqtash uchun kim bo‘lish kerak?

Nega ba'zi o‘zbeklar boy otaning asbobi kattaligini maqtab o‘tiradi.

Kechadan buyon Putinni maqtayotganlarni ham shu spiskaga qo‘shdim.

Matchon Suqulish: Menga tegib ketdi bu gap. Putin akaning yurtiga borib ko‘chalarni toppa toza qilib supurib o‘ris og‘ani rozi qilib oylik olayotgan bo‘lsak. Qizlarimiz Piterda o‘ris akalarning ko‘nglini ovlab pulini olib Arnasoydagi enasiga yuvorayotgan bo‘lsa. Nega yomonlashimiz kerak? Qo‘lidan non yeb turibmiz. Arig‘idan suv ichamiz. O‘ris ursa un oshi, O‘ris so‘ksa so‘k oshi. Tepsa ham bilinmaydi. O‘ris tepkisini o‘zbek ko‘taradi og‘a. Sotqin bo‘lay, sog‘ bo‘lay deb yuribmiz 35 million bo‘lib. Mana Rossiyada palatkalar qurilib o‘zbeklarni armiyaga olishmoqchi ekan. Gulday hunar. Uch marta ovqat. Qo‘lingga kalashnikov beradi. O‘t o‘rganday qilib ukrainlarni otib o‘ldirib kelasan. Ukrainlar o‘zlarini xoxol deyishar ekan. Shundan bilavering.

Rassom Tuz: Ey Matchon. Sening loying buzuq. Shu gaplarni aytishga uyalmaysanmi? Senga telegramdagi Bakirov yozgan gapni o‘qib beray. Zora aqling kirsa.

Iqtibos

«Asosiysi, unutmasligimiz kerak, bugun Ukrainaning boshiga tushgan kulfat ertaga, balki, indinga bizning ham boshimizga tushishi mumkin.

Agarda biz tizimli yelimga aylanib ketgan, bo‘g‘zimizgacha botgan korruptsiyani shaxsiy sadoqat vositasi sifatida ko‘rishni uzil-kesil to‘xtatmasak.

Agarda biz Kremlning agentlari bo‘lgan va umuman shaxsiy manfaatlari uchun Vatanni sotishga har doim tayyor ichki va tashqi oligarxiyani qaror qabul qilishdan butkul chetlashtirmasak.

Agar bu ishlar amalga oshirilmasa, avlodlar la'natlaydi. Xuddi la'nati Xudoyorxon, Muzaffarxon va Rahimxonni qanday la'natlashsa, xuddi shunday la'natlaydi.

Yashasin ozod Ukraina!”

Matchon Suqulish: Yashasin Nikaragua!!!

Rassom Tuz: Ey, Matchon Suqulish Videoda ko‘rayotganing ayol Valeriya Novodvorskaya bo‘ladi. Bu ayol Sovet dissidenti bo‘lgan. Bu ayol Rossiya liberallari hayotida o‘chmas iz qoldirgan. Valeriya Novodvorskaya bu gaplarini 2014 yilda o‘limidan bir oy oldin Donbass xalqiga qarata aytgan. Diqqat bilan tomosha qil va xulosa chiqar.  Rossiya faqat Putindan iborat emas.

(Video)

Hozirgacha Ukraina-Rossiya ziddiyatiga bog‘liq asosiy voqealarga to‘xtalsam:

Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga turli nuqtalardan bostirib kirdi. Kun davomida havo hujumlari uyushirib, Ukraina harbiy omborxonalari, bo‘linmalari va aerodromlarini nishonga oldi. Hozircha asosiy shaharlar ishg‘ol etilgani yo‘q. G‘arblik ekspertlar va Ukraina Mudofaa vazirligi endi Rossiya yirik shaharlarga desant tashlashi va quruqlikdan keng qamrovli hujum boshlashini aytishmoqda. Kiev muhosiriaga olib bo‘lindi hisobi. AQSh razvedkasi nari borsa ikki kunda Kiev qulaydi, degan bashoratni qildi.

Ukraina Oliy Radasi Ukraina bo‘ylab harbiy holat e'lon qildi.

Rossiya Ukrainadan diplomatlar va elchixona xodimlarini evakuatsiya qilishini e'lon qildi.

Oq uy prezident Bayden Vladimir Putin bilan uchrashmasligini aytdi;

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken ham rossiyalik hamkasbi Lavrov bilan payshanba kuni bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan uchrashuvni bekor qildi.

Rassom Tuzga Qo‘riqlash xizmatidan maktub

Qo‘riqlash xizmati xodimlari xam shu vatanni farzandlari.

Bu qo‘riqlash xizmati xodimlari hech qachon ro‘shnolik ko‘rishmas ekanda. Prezidentimiz Qo‘riqlash xizmatini IIV dan MILLIY GVARDIYa ga o‘tkazganida balandparvoz va'dalar berilgan, yangi zamonaviy xizmat kiyimi, katta maosh, rag‘batlantirish, «elitniy slujba» da xizmat qilish va xakozo. Gvardiya rahbariyatining qo‘riqlash xizmati xodimlarini ko‘rgani ko‘zi yo‘qmi bilmadim QB xodimlarini odam o‘rnida ko‘rmaydi, Harbiylarga o‘ng ko‘z bilan QB xodimlariga chap ko‘z bilan qaraydi. Gvardiyaga yangi o‘tganimizda IIV formasini pagonini olib kiydirishdi, kegin ko‘k formaga Qizil shapka (Beretka) kiydirishdi (masxaraboz) ga o‘xshatib. Kegin esa 1 tiyinga qimmat eng oxirgi sort materialdan forma tiktirib xodimlarga tarqatdi. sariq formasini xodimlar yozning jaziramasida kiyib yurishdi, ( dag‘al, qalin, noqulay) kegin esa yangi forma tarqatildi (tyomno siniy) xodimlar shu formani kiyib yurishdi, endi esa o‘sha formaga qadalgan (qizil chiziq) oshiqchalik qilmoqda ekan formaning ortidagi Milliy gvardiya yozuvi bilan endi xodimlar o‘sha yozuvlarsiz, qizil chiziqlarsiz forma kiyib yurishi kerak ekan. O‘zi shundoq xam QB xodimlarini ichiga chiroq yoqsa yorishmaydi. Prezident qarori bilan 2023 yil 1 yanvardan barcha qo‘riqlanayotgan ob'ektlar VOXR larga ya'ni harbiylashtirilgan soqchilarga o‘tib ketadi. QB xodimlarining taqdiri hali ham mavhum. Shuncha yil vataniga, xalqiga xizmat qilib, Jizzaxda paxta terib, G‘alla tadbirlarida jonbozlik ko‘rsatib, karantin vaqtida karantinga olingan fuqarolarning uyi oldida (it) dek yotib ko‘rganlari shu bo‘lmoqda. Nima QB xodimlari Eshakmi mehnati halol u go‘shti harommi? Barcha qo‘riqlanayotgan ob'ektlar VOXR larga o‘tib ketar ekan unda eski qonunlarga muvofiq xodimlarga 12.5 yil xizmat qilganlarga nafaqaga chiqishga ruxsat bersin. FVV ligi rahbariyati IIV dan o‘tgan YoXB xodimlariga shunday qildi-ku, nima bizni YoXB xodimlaridan qaerimiz kam. Ular xam shu » yangi O‘zbekistonni» farzandlari biz xam. Shaxsan meni Allox yana 20 yoshimga qaytarib qo‘yganida Alloxga qasam bu kasbni tanlamas edim. Hozir aksar xodimlar IIV dan bu chidamas Gvardiyaga o‘tganidan afsuslanishmoqda.

Matchon Suqulish: Ne kunlarga qoldik? Milisayam, prokuroram dardini Tuzga aytsaya. Ana qabulxonaga boringlar, portalga yozinglar, baraka topgurlar! Yangi O‘zbekistonda adolat tiqilib yotibdi.

Rassom Tuzga Xonqadan maktub

Xorazm viloyati Xonqa tumanidanmiz. Xonqa tumani hokimligi va idora tashkilotlar birgalikda yo‘l chetidagi shudgorlangan bog‘larni qaytadan shudgorlang, deb ezvorishyapti. Prezident Mirziyoev kelayotgan ekan. O‘zi shudgorlangan bo‘lsa, yana shudgorlashga 1,5-2 million pul kerak. O‘zi oziq-ovqat do‘konlaridan produktani qarzga olyapmiz. Bularning qilgani ishi yo‘qmi? Faqat dehqonga yetadi hokimiyat va idoralarning kuchi.

Matvon Suqulish: eltuz qabulxonasiga ushbu ariza yarim soat oldin tushdi. Xonqa tumani hokimligi, boshqa qiladigan ishingiz yo‘qmi?  Xonqali biratlar siz ham o‘zingiz haqingizda yozilgan gaplarga o‘xshang endi. Xon davrida xonqali bir soliqchini soqolidan ushab aylantirib otib yuborsa soliqchi Sarapoyonni diyvina boriiip tushibdi. Iyanngi yegan. /kulgi)

Kelajakka maktub

Kelajakka maktub yozardi ilgari shoirlar. Masalan Erkin Vohidov yozgan kelajakka maktub Xivadagi Lenin haykali tagiga kapsulaga solib ko‘milgandi.

Menam shularni yongsilab bir maktub yozvadim:

2050 yilda bo‘lg‘usi O‘zbekiston prezidentiga tavsiya, Prezident qizi o‘g‘ri bo‘lishini Gulnora Karimova misolida ko‘rdik.  Hokimiyat soyasida pul qilish master klassini Allamjonov misolida ko‘rdik.  Prezident kuyovining korrupsioner bo‘lishini Timur Tillaev, Maqsudiy va Rustam Madumarov va boshqa domodlar misolida ko‘rdik. Prezident nevarasining jinniligini instagramda ko‘rdik. Umuman, har qanday prezidentning dushmani uning urug‘ aymog‘i ekanligini tarixda ko‘rdik.

Shundan kelib chiqib, bo‘lg‘usi prezidentlarga tavsiya: Mabodo siz yurtni xotirjam boshqarmoqchi bo‘lsangiz eng avvalo “Prezident qarindoshlari haqidagi” qonunni qabul qiling. Bu qonun asosida qarindoshlarning kattagina ro‘yxatini shakllantiring.

Keyin barchasini yig‘ib, uzoq tog‘li joyda, masalan, Zomindagi qo‘riqxonada baqib qo‘ying. Ular dunyodan izolyatsiya qilingan holda yashashsin: olti mahal ovqat, sauna-pauna, tennis va futbol maydoni, golf va avtoralli maydoni, oshpazu xizmatkorlar.

Hullas, hammasini zo‘r qilib ta'minlang. Shu holatda siz davlat byudjetiga kamida 8 milliard dollar foyda keltirasiz. Siyosiy foydasi undan ham ko‘p.

Darvoqe, prezident yoshidagi odam yolg‘iz uxlasin. Toki xotin degan makkora tunda erning qulag‘iga shivirlab, arkonu davlat ishiga arlashmasin. Shu bois ul makkorani ham Zominga surgun aylashda bilxossa xayr bor. Mendan aytish, ey 30 yildan keyin keladigan yangi prezident.

Sizga qardosh bo‘lolmaymiz

Xafta ichi meni quvontirgan narsa tarmoqdagi faollarning qalbidagi mustaqillik tuyg‘usi bo‘ldi. Shahnoza Soatovadan tortib, Sardor Salimgacha Rossiyaning Ukrainaga hujumi aslida O‘zbekiston uchun jiddiy hatar ekanligini ta'kidlashdi.

Ayni paytda rasmiy matbuot qalban va fikran manqurt bo‘lgan o‘zbek boshqaruv elitasi bu haqiqatni ko‘rib, indamay o‘tiribdi.

Shu o‘rinda ukrain shoirasi Anastasiya Dmitruk she'rini Ulug‘bek Haydarov tarjimasida eshitsak. She'r rus bosqinchilariga atalgan.

Sizga qardosh bo‘lolmaymiz,

Buni biling Siz.

Vatandosh ham emasmiz,

Onamiz boshqa.

Ozod bo‘lishga yo‘qki haddingiz,

Demak sizu bizning yo‘limiz boshqa.

O‘zingizni “Katta” atadingiz Siz,

Bizga siz tanimas Kichiklar afzal.

Ha, siz ko‘psiz, ammo ruhingiz so‘nik,

Siz kattasiz, xolos, biz esa Buyuk.

Hamon pitirlaysiz. Besaramjonsiz,

Siz faqat hasaddan yonasiz, xolos.

Erk so‘zi siz uchun tamom begona,

Sizga qullik zanjiri beshikdan meros.

Siz tomonda sukut bahosi oltin.

Bizdachi, Molotov kokteyli yonar.

“Qarindosh” bo‘larmi shunchalik so‘qir?

Boqing, qalbimizda qaynoq qon oqar,

Qurolsiz ham bizlar juda xavflimiz,

Chunki zarra qo‘rquv yo‘qdir ko‘zlarda.

Merganlar nishoni ostida undik,

Yoshimiz ulg‘aydi, shahd bor so‘zlarda.

Tiz cho‘ktirdi bizni buzg‘unchi kuchlar –

Biz isyon ko‘tarib, yog‘iyni quvdik.

Sichqonning inini tillaga olgan,

Sotqinlarni o‘z qoniga yuvdik.

Siz yangi topshiriq olayotgan chog‘,

Bizda boshlanadi shiddatli isyon.

Sizda – podshoh, bizda – demokratiya.

Biz qardosh bo‘lmasmiz sizla

hech qachon.

Assalom O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
6 mart 2018
Sorri, albatta, biroq men progressiv Prezidentimizning kechagi farmonini tushunmadim. Nimaga to‘y industriyasini buzish kerak? Hozir to‘y an'analaridan, ayniqsa badavlat ...
3 noyabr 2021
Rassom Kirpi
6 dekabr 2021
Germaniyadagi O‘zbekiston inson huquqlari forumi rahbari Umida Niyozova 4-5 dekabr kunlari O‘zbekistonda fermerlar bilan uchrashdi. «Eltuz» ilgari xabar qilganidek, ...
8 fevral 2018
Bir guruh o‘zbek faollari va huquq himoyachilari 5 fevral kuni O‘zbekistonning marhum prezidenti Islom Karimovga yodgorlik yaratmaslikni so‘rab britaniyalik ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...