Asosiy mavzular
21 mart 2022

Jahongir Otajonov iddaosini DXX xavotir bilan qarshi oldi

Xonanda va muxolifat faoli Jahongir Otajonovning Ozodlik radiosiga 18 mart kuni bergan intervyusi O‘zbekiston Davlat Xavfsizlik Xizmatida katta xavotir bilan qarshi olindi.

Bu haqda @eltuzga DXX bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqaga ega ishonchli manba xabar qildi.

Jahongir Otajonov Ozodlik bilan suhbatda 15 mart kuni Urganch shahri yaqinida noma'lum shaxslar uning boshiga qop kiydirib, oynalari qoraytirilgan qora “Jip”da noma'lum joyga olib borishgani va nomusiga tegish bilan tahdid qilishganini aytdi.

Mazkur intervyu uchun xavfsizlik idorasi og‘ir badal to‘lashini DXX rahbariyati hozirdanoq yaxshi tushunmoqda. Chunki xonandani badnom qilish va ovozini o‘chirish amaliyoti aynan shu idorada ishlab chiqilgan va aynan shu idora xodimlari tomonidan amalga oshirilgan.

@eltuz manbasiga ko‘ra, badnom qilish amaliyoti boshida DXXning bir generali va bir polkovnigi turibdi. Ularning ismlari @eltuz ga ma'lum.

DXX rahbariyati: “Yalong‘och holatda qo‘shiq kuylatish” tadbiridan so‘ng Jahongir Otajonov ommaviy axborot vositalari orqali chiqish qilib, o‘zi uchun uyatli bo‘lgan hodisani jamoatchilikka oshkor qilmaydi”, deya so‘nggi daqiqalargacha umid qilgan.

Ammo muxolifat faolining bo‘lgan voqeani qanday bo‘lsa, shundayligicha aytib berishga o‘zida jur'at topa olgani DXX rahbariyatining umidlarini chipakka chiqargan va “badnom qilish” amaliyotini butunlay barbod qilgan.

“Hodisaning ertasi kuni, ya'ni 16 mart kuni Jahongir Ozodlikka aloqaga chiqishga uringan va 17 mart kuni bunga erishgan. Ana shu ikki kun davomida xonandaning har bir qadamini, har bir suhbatini poylayotgan DXX tashqi kuzatuv xodimlari vahimaga tusha boshlashdi. “Jahongir barcha haqiqatlarni oshkor qilishga urinayapti”, degan operativ ma'lumot kelishi bilan, “kontora” rahbariyati qo‘shiqchi haqidagi material chiqarilishining oldini olish yo‘llarini izlay boshladi. DXXning chirkin ishi haqidagi haqiqat tarqalishining oldini olish uchun DXX o‘zining barcha agent va “quloq”larini ishga soldi. Lekin natija bo‘lmadi”,- deydi o‘zbek maxsus xizmatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqador manba.

Uning aytishicha, 18 mart kuni Jahongir haqidagi videoko‘rsatuv Ozodlikda e'lon qilingach, DXX rahbariyati tungi 22.30 gacha ish joyidan siljimay o‘tirgan.

“Prezident ma'muriyatidan qo‘rqinchli qo‘ng‘iroqni kutib o‘tirishdi. Lekin ularning baxtiga kutilgan qo‘ng‘iroq bo‘lmadi. Rahbariyat ertaga ham ishxonada o‘sha “qora qo‘ng‘iroq”ni kutib o‘tirsa kerak”, dedi o‘zbek maxsus xizmatlariga aloqador manba.

@eltuz ga ma'lum bo‘lishicha, DXX rahbariyati hodisadan mutlaqo bexabar bo‘lgan prezident Mirziyoev tomonidan jazolanishga o‘zini hozirdanoq tayyorlamoqda.

Zero, DXX o‘zining unutilib borayotgan amalini takrorlash bilan xalqaro hamjamiyat o‘ngida islohotchi nomini olishga intilayotgan Mirziyoevning hozirgacha to‘plagan obro‘yini bir tiyinlik qiladi.

@eltuz manbasi bergan qo‘shimcha ma'lumotlarga ko‘ra, DXX ichidagi general va polkovnik rahbarligidagi o‘sha guruh anchadan beri prezident Shavkat Mirziyoev hamda uning oila a'zolari haqida internetga “qora dalil” sizdirish bilan shug‘ullanadi.

“Bu ikki shaxs asosan Mirziyoev hamda uning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoeva haqidagi “kompromat”larni internetga sizdiradi. Ular bu ma'lumotlarni o‘z agentlari orqali boshqa davlat fuqarolari bo‘lgan o‘zbeklarga Internetda e'lon qilish uchun taqdim etishadi. Nega prezident va uning qizi haqidagi “kompromat”lar aynan boshqa davlat fuqarosi bo‘lgan o‘zbeklar orqali e'lon qilinmoqda? Chunki ular fosh bo‘lgan taqdirda ham, “qora” dalillarni taqdim qilgan guruh, ayniqsa, uning ikki rahbari hech qachon fosh bo‘lmaydi. Sababi shunda-ki, xorijdagi o‘zbeklar kompromat aslida “kontora”ning o‘zidan sizdirilganini bilishmaydi ham”, dedi @eltuz manbasi.

Uning aytishicha, kuni kecha ana shu guruhning Toshkentdagi agenti xorijiy davlat fuqarolari bo‘lgan o‘zbek faollariga Saida Mirziyoevaga tegishliligi iddao qilingan ulkan hovlining “Google Map”dan olingan rasmini jo‘natgan.

Shulardan kelib chiqqan holda, @eltuz: “DXX generali va polkovnigi boshqarayotgan mana shu guruh Jahongir Otajonovni yo Shavkat Mirziyoevga yaxshi ko‘rinish (“Tinchlikbuzar”ning og‘ini yopdik, mana!”, deyish) uchun, yoki bo‘lmasa, prezident Mirziyoevning xalqaro maydondagi obro‘sini to‘kish uchun ataylab o‘g‘irlagan va tahqirlagan”, deb hisoblaydi.

Nima bo‘lgan taqdirda ham, Jahongir Otajonov o‘zbek maxsus xizmatlari o‘g‘irlab ketib, tahqirlagan ikkinchi o‘zbek siyosatchisi bo‘ldi.

Undan oldin, 90-yillarning boshlarida vitse-prezident Shukrulla Mirsaidov ham MXX xodimlari tomonidan kaltaklanib, mahallasiga yalang‘och va hushsiz holda tashlab ketilgan edi.

Ikki mazlum o‘rtasidagi farq shunda-ki, rahmatli Shukrulla Mirsaidov bu xo‘rlikni elga oshkor qilmadi, Jahongir Otajonov esa – bu haqida baralla aytdi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
13 yanvar 2024
Bugungi kunda dunyoning Toshkent shahrida atmosfera havosining ifloslanish darajasi ortib borayotgani kuzatilmoqda. Bunga tabiiy va antropogen omillar sabab bo‘lmoqda. ...
18 aprel 2020
Mana, azizlar, qatordan xato bo‘lmay, yana siz bilan yuzlashganimdan baxtliman. Holbuki, bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor.  Bugun odamlar ...
4 mart 2021
Andijon shahrining yillar davomida e'tiborsiz qolgan ko‘chalari obod qilina boshlandi. Chuqurlar yamalib, loy ko‘chalarga asfalt yotqizilmoqda. Eski kanalizatsiya quvurlari ...
6 sentyabr 2016
Singlim kichkina rahbar. To‘g‘risi O‘zbekistonda porasiz, ilmi, ma'rifati va odamgarchiligi tufayli tayinlangan sanoqli bog‘cha mudiralaridan. Kechasi ikkida hokimlikdan telefon ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...