Asosiy mavzular
29 aprel 2022

RTdan va'z: Ayiqchani o‘ldiradigan ikki oyoqlilar

Azizlar yana sizlar bilan hamsuhbatman. Popuk qizlar yashaydigan Popdan tortib, boy biznesmenlar pulini traktor pritsepida tashiydigan Muxomongacha, Enamyaxshi qishlog‘idan Qilichboygacha yastangan mamlakatim mansublari. Mana men gapiryapman, siz eshityapsiz.  Telefon aynagidan tomosha qilyapsiz.

Matchon suqilish: Sizni tomosha qiladiganlarning hammasi o‘risqul kremlparast. Buning ustiga och yalang‘och. Hech ishi yurishmagan. Pul bersang – pulini o‘g‘ri uradi. Uy qurib bersang – kartaga yutqazadi. Essi dardi ikkinchi xotin olish. Topkan tutganini aprs mullalarga oborib beradigan lox.

RT: Unaqa demagin Matchonboy. Boltaning teshigi qanaqa bo‘lsa, sopi ham shunga loyiq bo‘ladi. Bori shu. Sen mana bu rasmga qara. Bular sovet rus qizil askarlariga qarshi kurashgan otalarimiz.

Matchon suqilish: Bular bosmachilarku. Irrigatsiya institutida partkomlik qilgan jizzaxlik do‘mla shunday o‘qitgan edi. Huddi hozirda vatani uchun kurashayotgan ukrainlarni “bandera”, “natsist”, “millatchi” deb atayotganlaridek. «

RT: Lekin aqli bor, siyosiy ongi uyg‘oq odamlar aslida ruslar bosqinchi ekanligini, yurtini himoya qilgan vatandoshlarimiz Bosmachi emas, Himoyachi, vatanparvar ekanligini tushunadi deb umid qilaman, orzu qilamanu lekin baribir tushunmaydi.  Ming afsuski, biz yurtini himoya qilganlarga emas, uni bosib olganlarga Toshkentning Kamolonida Georgiy butxonasini qurib beradigan Stokgolm sindromi bilan kasallangan xalqmiz.

MS: Stokgolm sindromi qanday kasallik, Tuz og‘a?

RT: Stokgolm sindromi – psixologiyada mashhur atama bo‘lib, garov hibsga olish, yoki biror jinoyatda foydalanish jarayonida jabrlanuvchi va tajovuzkor o‘rtasida, tahdid yoki zo‘ravonlik natijasida yuzaga keladigan himoya va ongsiz travmatik aloqa, o‘zaro yoki bir tomonlama hayrihoxlikni anglatadi. Kuch ishlatish ta'sirida garovga olinganlar ohir oqibat ularning g‘oyalarini qabul qilib, «umumiy» maqsadga erishish uchun o‘zini qurbon qilishni zarur deb bilgan holda, jinoyatchilar harakatini oqlaydilar va ularga hamdard bo‘la boshlaydilar.

 “Stokgolm sindromi” atamasi ilk bor 1973 yilning avgustida Shvetsiyada yuz bergan jinoyat ishi sudida qo‘llangan edi. O‘shanda garovga olinganlar, o‘zlarini garovga olganlarni himoya qilishgan va keyinchalik ozod etilishganidan keyin ham,  ularga qarshi guvohlik berishga rozi bo‘lmagan edilar. Stokgolm sindromi asosidagi psixologik himoya mexanizmi birinchi marta 1936 yilda Anna Freyd tomonidan tasvirlangan bo‘lib, u «agressor bilan identifikatsiya» deya nomlangan edi.

Qalam haqida naql

Matchon suqilish: Yashasin Milliy Istiqlolimiz. Urraa!

RT: Nima deganingni o‘zing tushundingmi Matchon. Kel senga bir naql aytayin. Bir usta qalam yasadi. Yaxshi bir yog‘och parchasini qalam shakliga keltirdi. Ichini o‘yib qora grafit joyladi.  Qalamning yonboshiga o‘z ismini ham yozdi. Qalamni qutiga qo‘yishdan oldin usta ozroq nasihat qildi.

Mahoratim mevasi bo‘lgan qoravoy bolam. Qalamginam. Sen beshta narsani yaxshi uqib ol. Bu beshta narsa sening mukammal bo‘lishing uchun zarur.

1. Yaxshi ishlar qilishing uchun o‘zingni birovning qo‘liga berib qo‘yishing kerak. U seni tutib to‘g‘ri yo‘lga yo‘rg‘alatadi.

2. Vaqti vaqti bilan seni pichoq bilan yo‘nib ham turishadi. Bilaman, joning og‘riydi. Ammo chidagin bolam. Chida. Bo‘lmasa to‘mtoq bo‘lib, ishga yaramay qolasan.

3. Hamma xato qiladi. Shu qatori sen ham. Shu xatoni tuzatish uchun boshingga o‘chirg‘ich o‘rnatganman. O‘chirg‘ichni ishlatib xatongni  tuzatib turgin.

4. Sening butun komilliging, zarur va lozimliging sening ichki dunyongdir. Ichingdagi qoratosh bo‘lmasa, sen oddiy yog‘och parchasisan xolos. Boylik ichingda ekanligini unutma.

5. O‘lmasni xudo, sinmasni kulol yaratmas. Sen ham bir kun tugaysan. Ammo, sen ustida yurganing satxda yaxshi izlar qoldir. Odamlar yillar o‘tgandan keyin ham bu izlarga boqib sendan bahra olsin.

Matchon suqilish: Qani oldik! O‘sha qalam sharafiga yuz gram. Birinchi may – ichaylik may!

RT: Ro‘za paytida zaqqumning ko‘kini ichgin. Senda ozgina ilm bo‘lganida bu gapni aytmasding.

Odam borki odamlarning naqshidir, odam borki  hayvon undan yaxshidir.

Gul quchoqlagan ayiqcha

Matchon suqilish. Tuz og‘a eshitdingizmi, Kecha Dehqonoboddagi «Terakli» qishlog‘idagilar yoshgina ayiq bolasini o‘ldirishibdi. Mana rasmi. Qo‘lida gul quchoqlab turibdi, rahmatli ayiqcha.

RT: Bilasanmi Matchonboy, men bu ayiqchani tanidim. Kichik vaqtimda multtfilm bo‘lardi. Biz bu multfilmni «trallala» derdik. Chunki ayiqcha shunday qo‘shiq kuylagandi. Bu mul'tfilmni suratga olgan ukrain san'atkorlariga rahmat. Multfilm 1966 yili Kiev ilmiy ommabop filmlar studiyasida olingan.

Rejisser: Alla Gracheva. Akterlar: Aleksey Gribov, Mariya Vinogradova, Klara Rumyanova.

Film «Ayiqcha va daryoda yashaydigan kimdir» deb ataladi. Ayiqcha onasiga gul sovg‘a qilmoqchi bo‘ladi. Gul esa daryoning narigi tomonida o‘sadi. Ko‘prikdan o‘tganida ayiqcha daryodagi aksini ko‘rib, qo‘rqib ketadi. Ammo, donishmand kirpi daryodagi kimsaga tabassum qilishni maslahat beradi. Maslahat ishga yaraydi. Finalda ayiqcha qo‘lida bir quchoq guldasta bilan quvnoq va shodon yuradi.

Bu multfilm olinganidan 55 yil o‘tib, O‘zbekistonning Dehqonobod tumanida yashaydigan ikki oyoqli hayvonlar bu ayiqchani o‘ldirdi.

Matchonboy: U qanday hayvon?

RT: O‘qimagan, ilm olmagan, ikki oyoqda yurib yeb ichishni biladigan bir hayvon. Ëmonam ko‘paygan shu hayvonlar.

Tarozining bir pallasiga O‘zbekistondagi barcha zombi, putinqullarni qo‘yishsa va ikkinchi tarafga dehqonoboddagi ayiq bachasini qo‘yib: «Tanla, qaysinini o‘ldiraylik?» desa, «o‘risqul, cho‘pchaksevar zombilarni o‘ldirvoringu, ammo zinhor  ayiqqa tegmang» derdim. «Dezinfektsiya jamiyat uchun ham lozim,» degan edi Cherchill rohimahulloh. Mana G‘ayrat Omon ham yozibdi shu yovvoyilar haqida!

«Aslida shu ayiqchani urib o‘ldirganlar vahshiylardir!

Ular inson degan nomga loyiq emas!

Aynan mana shunday vahshiy va johil bo‘lgani uchun ham bir umr kosasi oqarmasdan yashaydi bular…

Ilmsizlik, befarosatlik va yovvoyilik cho‘qqisiga chiqqan bu inson qiyofasidagi vahshiylardan har narsani kutish mumkin…

Essiz inson degan sharafli nom!»

Matchon suqilish: Milisa qaerga qaraydi? Nega ayiqni otadiganlarni ushlab qomab tashamaydi panelniyga? Milisa palma qorovullarkan. Mana bir milisadan xat kepti o‘zingiz o‘qib ko‘ring.

Palma qo‘riqchisi

Assalomu alaykum Eltuz og‘a, men ko‘p yillardan beri Ichki ishlar sohasida faoliyat olib boraman. Yaqinda Qashqadaryo viloyatiga davlat rahbari tashrif buyurdi. Bu tashrifga bir oy jadal tayyorgarlik ko‘rildi. Shu jumladan, Koson tumaniga ham prezident kelishi aytildi. Bu tashrifni eshitgan tuman rahbarlari Koson tumanining prezidentga  ko‘rsatish kerak bo‘lgan qismini ertaklar olamiga aylantirdi. Tunu kun ishladik. Davlat rahbarimiz va nihoyat Koson tumaniga tashrif buyurdi. Haqiqiy ertaklar olami. Gullar, manzarali, daraxt ko‘chatlari ekildi. Eng kulgilisi, prokatga olingan gullar ham ekildi. Manzarali daraxtlardan Palma daraxtining bir donasini 9 milion so‘mdan olib kelib ekildi. Balandligi to‘rt metr  bo‘lgan Palma daraxti katta tuvaklarda ekildi. Guyoki bir joyga bir umirga ekilgandek. Mana prezident tashrifi bo‘lib ham o‘tdi. Prezident Koson tuman rahbarlaridan mamnun bo‘lib ketibdi. Tumanning Amir Temur bog‘iga ekilgan Palma daraxtiga IIB xodimlari qarovulikka turibmiz. Nima emish, Palma daraxtini tamosha qilish uchun kelgan fuqarolar rasmga tushirmasligi uchun! Qiziq nega prezident tashrifi uchun keltirilgan  daraxtni rasmga tushirmaslik kerak? IIB xodimlari o‘z vakolatiga kirmaydigan ishlarga majbur qilinmoqda. Bu majburiyat! IIB boshlig‘i tomonidan emas, tuman xokimi tomonidan majburiy  qarovullikka qo‘yilganmiz. O‘zimizning ishimiz qolib ketdi. Oy oxirida san Palma daraxtini qarovullagani borgan eding, demaydi. Yildan yilga norasmiy topshiriqlar ko‘payib ketgan. Nima sababdan qarovullikka turganimizni o‘zimiz ham bilmaymiz. Eltuz og‘a balki siz bilarsiz. Nega bu daraxt qo‘riqlanyotganligini bilsangiz aytib yuboring, iltimos!

Hamma o‘yinga tushsin!

MS. Andijon hokimi hammani «Andijon polkasi»ga raqsga tushishga buyurdi. Bunday oylik tadbir ushbu kuy yaratilganligining 100 yilligi munosabati bilan o‘tkazilmoqda. Ivan Vasilevich aytganidek, barcha raqsga tushsin.

RT: Aslida «O‘sh polkasi» edi. Bir raqs tarixi

Bugun 100 yilligini nishonlayotgan Andijon polkasining vatani O‘sh ekanligini bilasizmi? Raqs muallifi va ijrochisi O‘sh san'atkorlari ekanini bilasizmi? Musiqa muallifi o‘shlik xoreograf Ibrohim Fozilov, raqs rejissyori esa uning xotini Roziyaxon Mo‘minovadir.

Qirg‘iziston SSR Xalq artisti Roziyaxon Mo‘minova birinchi marta bu xoreografik kompozitsiyani Andijon shahrida ijro etganida ritm va hayajon kuchliligidan odamlar yoqalarini yirtib, yerlarga dumalab qolishgan. «Ram-ram-raram. rararam-raram». U vaqtda anjanda raqs gunoh deydigan aprs hojakalar yo‘q edi. Hali raqqosa Nurxonga Marg‘ilonda tikilgan haykalni zombi mullalar ontarmagandi. Devorlarda «San'atsiz hayot – vahshiylik» degan shiorlar osilgan zamon edi. San'atsevarlar esa raqsni «Andijon polkasi» deb atashdi. Ancha oldin ashulachi Aziza bilan O‘shga borganimda rahmatli Roziyaxon Mo‘minovaning qizi bilan gaplashuvdim. Qizining so‘zlariga ko‘ra, Roziyaxon Mo‘minova o‘z raqsini «O‘sh polkasi» deb atamaganidan umrining oxirigacha afsuslangan. Bu uning O‘sh teatri sahnasida hayotining so‘nggi kunlarigacha raqsga tushgan sevimli raqsi edi. 70 yoshida Roziyaxon aya bu raqsni oxirgi marta o‘zining yubiley kontsertida ijro etgandi.

Darvoqe, O‘shda 2018 yilda yuz yilligini nishonlagan Bobur nomidagi teatr – Turkistondagi eng qadimiy teatrlardan biri. Bugun burqa va niqob kiygan xotunlar va ko‘zlaridan zakiylik pishqirayotgan tujjor hojakalar bilan to‘la O‘sh bir paytlar san'at va madaniyat gullab yashnagan o‘lka edi.

Roziyaxon Mo‘minova 1918 yilning 16 fevral kuni O‘sh shahrida tug‘ilgan. Yoshligidan havaskor rassomlik va raqs san'ati bilan shug‘ullangan. Yosh, iste'dodli raqqosa 14 yoshida sahnaga chiqdi (faoliyatini 1932 yilda boshlagan) Qizig‘i shundaki, u O‘sh o‘zbek musiqali teatrining rassomi sifatida ishga qabul qilinadi.

Roziyaxon aya yarim asrdan ko‘proq vaqt davomida teatrda ishlab, 100 dan ortiq raqslar tayyorladi. Jamoatchilik tomonidan ular yuqori baholangan.

«Andijon polkasi», «Munojot», «Tanovar», «tojik raqsi», «Dilbar», «Zang», «Feruza», «Danacha», «qirg‘iz biyi», «Kizdaray», «Aichurak», Hind, Arab, Totor va Uyg‘ur raqslarining mukammal ijrochisi edi rahmatli.

«Qilichbozlar» raqsi bastakor Xachaturyanni qanchalik mashxur qilgan bo‘lsa, «Andijon polkasi» Roziyaxon ayani shuncha mashhur qildi.

«Andijon polkasi» dunyo raqs san'atining oltin fondiga kiritildi. Hatto So‘malida ham «Andijon polkasi» ijro qilingan.

Roziyaxon aya teatrda rassom, raqqosa va dramatik aktyor o‘laroq tinim bilmay ishladi. 40-70 yillarda «Rustam», «Kimmat», «Bo‘ron», «Kumushoy» obrazlarini yaratdi. «Boy ila xizmatchi»da Jamila, «Ishkalchilarga o‘lim» asarida Oksana kabi rollarni yetakchi aktrisa sifatida ijro etgan edi.

1939 yilda Moskvadagi qirg‘iz san'ati va adabiyoti o‘n yilligida «Ganji», «Xum»kabi raqslari bilan ishtirok etdi. O‘sha yili teatr san'ati rivojiga qo‘shgan hissasi uchun u birinchilardan bo‘lib Qirg‘iziston SSRda xizmat ko‘rsatgan artist unvoniga sazovor bo‘ldi, Mehnat qizil bayrog‘i ordeni bilan taqdirlandi.

1940 yilda ijodiy guruh Frunze (hozirgi Bishkek) shahrini aylanib chiqib, hali san'at nimaligini bilmagan qirg‘izlar oldida taniqli raqqosa o‘laroq o‘z mahoratini namoyish etdi, o‘sha yili u Qirg‘iziston SSR Xalq artisti faxriy unvoniga sazovor bo‘ldi. Raqs san'atidagi boy tajribasini yosh san'atkorlarga o‘rgatdi.

1982 yildan teatrning bosh xoreografi bo‘lib ishladi. Respublika ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib, o‘zbeklarning huquqlarini himoya qilgan faol edi. Raqqosa bir necha marta O‘sh viloyat va shahar Kengashlariga saylangan.

U 1988 yilning sentyabrda O‘shda vafot yetdi. O‘shning Markaziy ko‘chalaridan biriga Roziya Mo‘minova nomi berilgan.

Mana sizga raqs tarixi, mo‘htaram Sho‘hrat Qo‘shoqboevich. Balki Anjan markazidagi ko‘chalardan biriga Roziya aya nomini qo‘yarsiz. Mendan aytish.

Assalom O‘zbekiston, Juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
11 aprel 2017
Stokgolmda teraktni amalga oshirgan samarqandlik Aqilovning qo‘lga olingan sheriklari deya gumon qilinayotgan shaxslar, Eltuzning ishonchli manbalariga ko‘ra, 47 yoshli ...
16 fevral 2021
Prezident Shavkat Mirziyoev yoshlarni ish bilan ta'minlash va bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish vazifasi Davlat xavfsizlik xizmatiga topshirilganini joriy ...
29 sentyabr 2016
Paxta terish har bir musulmon uchun «vojib amal» deya hukm chiqarayotgan imomlar haqidagi mavzuni rassom Adolatxon davom ettiradi. Uning ...
18 oktyabr 2016
Sobiq sho‘rolar davrida agrar soxani mexanizatsiyalash masalasiga ozmi-ko‘pmi e'tibor berilgani, mamlakatda katta miqdorda paxta terish kombaynlari ishlab chiqarilgani, paxta ...
Bloglar
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...
11 yanvar 2024
Qirg‘iziston parlamenti kecha, ya'ni 10 yanvarda ko‘pchilik ovoz bilan deputat Emil Jamg‘irchievni jinoiy javobgarlikka tortishga ...