Asosiy mavzular
20 may 2022

RTdan va'z: Ikkichiga diplom beradigan davlat

«Mening maktab aro buldur murodim, xatimdek chiqsa imloyu savodim.»

Demokrat shoir Furqat bu misralarni yozganida 9 yoshida edi. Faqat chiroyli yozish emas balki orfografiya va grammatikaga rioya qilingan savod chiqarish istagi bor edi shoirda. BMT madaniyat idorasi YuNYeSKOning 2018 yilgi ma'lumotiga ko‘ra, dunyoda 750 million odam o‘qish va yozishni bilmaydi.

Matchon Suqilish: Shundan biror yigirma millioni O‘zbekistondan bo‘lsa kerak. Lekin asli tug‘ma ovsar bo‘lsa. O‘qishni istamasa bu tupoylar uchun nega davlat javobgar bo‘lishi kerak.
RT: Davlat ikkichilarga diplom bermasligi kerak. Kecha harf tanimaydigan oliy malumotlilar xaqida yozsam, tupoylar uchun davlat javobgar emas deyishdi. Davlat o‘zi imzolagan diplom uchun javobgar. Shu tariqa, bu diplom xalqaro dunyoda bir parcha qog‘oz kabi qadrsiz bo‘lib qolgan. Germaniyada tupoy ham universitetga kirishi mumkin, ammo u diplom ola olmaydi. Universitet chiqish eshigi tupoylar uchun yopiq.
MS: Mana qarang Eltuz do‘stlar klubi faoli G‘ayrat Omon nima deb yozibdi.
RT: Nima deb yozibdi? O‘qib berchi. Umuman bu boradagi barcha fikrlarni o‘rtaga tashlasak.

Ikkichi o‘qituvchilar

G‘ayrat Omon: O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist degan unvonlarga ega artistlar oldimda qo‘lida ruchka bilan jovdirab o‘tirgan. «Oka, mani o‘rnimga o‘ziz yozib bering» deb, «o‘qib bering, nima yozilgan» deb. Bitta yoshi kattasi «Ko‘zoynaksiz yozolmayman» degan. Oldiga 20 ta ko‘zoynak tashlaganimda, «uka bizni davrda maktabda yaxshi o‘qitmagan, o‘qish yozishdan uzoqroqman» deb tan olgandi.
Dilya Nizomova: Rossiyada O‘zbekiston elchixonasiga bordim ish bilan. Anketa to‘ldirish kerak edi ruscha-o‘zbekcha. Ikki kishi iltimos qildi. Yozib bersam, atrofim odamga to‘lib ketibdi, «Iltimos menga ham yozib bering!» deb. O‘ylab qolgandim, «Nahotki maktabni bitirgan odam bir anketani eplab yozolmaydi» deb.
Botirjon Achilov: Rashidovning mevalari. Vaqtida Rashidov o‘zbeklarga ilmdan ko‘ra, paxta terish afzal deb, maktabdan tortib, student va aspirantgacha – hammani paxtaga tiqdi. Ikki avloddan keyin natijasini ko‘rayapmiz.
Dilya Nizomova: Rashidov vaqtidagi odamlar paxta tergan bo‘lsa ham bilimi kuchli edi. Super kontraktning natijasi bu.
Botirjan Achilov: Men rus tili haqida gapirmayapman. Aniq fanlar, jamiyatshunoslik sohasida tushuncha yuk, nainki bolalarda, o‘sha sohani o‘qitgan o‘qituvchilarda ham. O‘zbekiston akademiyasining boshidagi odam 5-10 yilda Nobel laureati tarbiyalaymiz, degan va'dasi vaziyatni kursatayapti. Domla bilmasa, o‘quvchi qanday o‘rganadi?
Biror yangi dastgoh keltirib, uni o‘rnatmokchi bo‘ling, ko‘rasiz bizning injenerlar va professorlarning xolatini. Instruktsiyasi bo‘lsa ham hammasi sokqov bo‘lib qoladi. Qaysi sohani olmang shu hol. Sotib olingan ilmiy darajayu diplomlardan nima foyda? Ular keyin nimani o‘rgata oladi bolalarga?

Chizma geometriya

MS: Sovet paytida o‘zbekfilm ishlagan kinolarda ham savodsizlik reklama qilingan. «Suyunchi» filmidagi Anzirat xola o‘qiganlarni prapessor deb kamsitadi. O‘qimagan kelin oladi. Tuz og‘a, o‘zi ilm olishning nima keragi bor? Tinchgina pul topib yursa bo‘lmaydimi? Pulniyam sanaydigan moshinlar chiqqan hozir. Masalan, deylik geometriya yoki chizma geometriya nimaga kerak?
RT: Chizma geometriya aniq fan. Biror narsani ishlab chiqarish uchun uning texnik suratini yaratish kerak. Bu surat qanday yaratilishini chizma geometriya o‘rgatadi. Har bir mahsulotning uch tarafdan ko‘rinishi bo‘ladi. Ën taraflaridan va yuqoridan. Misol beray. Qalamning yon tarafdan ko‘rinishi uzun chiziqday bo‘lsa, ustidan ko‘rinishi nuqta kabi bo‘ladi. Chizma geometriya doim mafkuradan holi bo‘lib kelgan. Ammo negadir O‘zbekistondagi badiiy grafika fakultetlarida chizma geometriya o‘qituvchilari darsda «Mirziyoevning gaplari, ma'naviyat va hadislar» haqida gapirishayotgan ekan. Hech tushunmadim shuni. Oliy ta'lim tizimini kim bu ahvolga soldi. Praga do‘konida qorovulik qilayotgan bola O‘zbekistonda arxeologiya fakultetini tugatib, oliy ma'lumot olibdi. Diplomini ko‘rsatdi menga. Lekin bu bolaning MO xududida Baktriya, Kushon va Xorazm davlati 1400 yil ilgari mavjud bo‘lgani haqida elementar bilimiyam yo‘q. «Xorazm bu viloyat emasmi?» deb menga qarab jovdiradi. Kecha G‘ayrat Omon harf tanimaydigan 35 yashar o‘zbek yigiti haqida yozuvdi. Yaxshilab tekshirsang, o‘sha yigitning ham oliy ma'lumotli ekani ma'lum bo‘ladi.
Bir marta O‘shdan Bishkekka uchayotib bir anjanlik oliy ma'lumotli yigit menga yo‘ldosh bo‘ldi. O‘sha yigit uchoq illyuminatoridan qarab: «Qarang, yer tep tekkis ekana» dedi. Men unga yer yumaloq, xuddi manovi olma kabi desam, «Oka, yer yumaloq bo‘lsa, pastdagi odamlar tushib ketadiku» deydi. Men unga yana stolim ustidagi olmani ko‘rsatib, Nyuton degan olim o‘z bog‘ida olma tagida yotganida yer tortilish qonunini kashf qilgan, desam, u yigit: «Aka, qo‘ying bu gaplarni – oxiratga poydasi yo‘q» deydi.
Bu yigit institutda imtihon topshirayotganida domlaga «Aka, asl imtihon qiyomatda bo‘ladi. Bu gaplarning oxiratga poydasi yo‘q» deb domlaning e'tiqodiga xitob qilib, zachet olar ekan (o‘zi aytib berdi). O‘shdan Bishkekkacha bir soat uchiladi. «Uka, rostdan ham institutni bitirdingmi», desam, telefonida diplom suratini ko‘rsatdi. Andijanskiy injenerno-ekonomicheskiy institut deb yozilgan. «Uka, Nyuton kimligini bilasanmi?», desam. «Oka, variant bering», deydi. Bu yigit Bishkekdan Anjanga dindor ayollar uchun kiyim, sajjoda tashirkan. Hammol desayam bo‘ladi qaysidir ma'noda. Bu ishni injenerno-ekonomicheskiy institutni tugatmay qilsayam bo‘ladi. Xullas, chizma geometriya aniq fan.

Savodsiz prezident boshqargan davlat

MS: O‘zbekiston tarixida mamlakatni mutlaqo savodsiz prezident boshqargan. Yo‘ldosh Oxunboboev yozishni ham, o‘qishni ham bilmagan. Nutqida nuqsoni borligi va kelib chiqishi uyg‘urligi bois, o‘zbek adabiy tilini deyarli bilmagan. Ruscha faqat Karasho deyishni bilgan.
RT: Matchonboy uka, bu savodsiz odam 1937 yili kommunistlar o‘ldirgan Fayzulla Xo‘jaev kabi zakiy va millatsevar arboblar o‘rniga Kreml tarafidan qoziq qilib qoqilgan edi. Kelib chiqishi qo‘ng‘irot o‘zbeklaridan bo‘lgan aslzoda milliarder Fayzulla Xo‘jaev o‘zbek fors tillaridan boshqa ingliz, nemis va ruschani mukammal bilgan.

MS: Ko‘p marta davlatni Fayzulla Xo‘ja tuzgan dedingiz, bu uning qo‘lida bo‘lganida Kaspiyga chiqqan bo‘lardik. Orqamizdan kesib Qozog‘istonga bergan Rudzutak va Kuybishevku.

Xo‘jaevdan bizga o‘rnak!

Markaziy Osiyo tarixida Amir Temurdan keyin uchta xonlikni bitta O‘zbekiston shaklida birlashtira olgan odamning ismi – Fayzulla Xo‘jaev. Tarixda istak mayli yo‘q. O‘sha davr sharoitida, Kremlning qonli qilichi ostida Markaziy Osiyodagi barcha katta shaharlarni o‘z ichiga olgan «Katta Buxoro» loyihasi, ya'ni O‘zbekistonni tuza olgan odamning ismi Fayzulla Xo‘jaev. Xo‘jaev bu ishi uchun hayotini qurbon qildi. Amalda O‘zbekiston 1991 yilgacha Markaziy Osiyoni birlashtirgan davlat edi. Asosiy ilmiy markazlar Toshkentda edi. Hatto kosmosga odam uchirish loyihasi Toshkentdan boshqarilgan (Qozog‘istonda infratizilma yo‘qligi uchun) Energetika, ob-havo masalalari Toshkentdan boshqarilgan. Turkiston harbiy okrugi va SaDum (musulmonlar idorasi) Toshkentda bo‘lgan. Xo‘jaevdan bizga meros tuproqqa bir santimetr qo‘sha oldikmi? Yo‘q.
2002 yili Karimov mamlakatning g‘arbiy qismidagi yuzlab gektar yerni Turkmanistonga taqassiz berdi. Mirziyoev davrida ham Qirg‘iziston va Qozog‘istonga hududlar berildi.
O‘lgan odam Xo‘jaevning yoqasidan, olib nega palon shaharni ham qo‘shmading, deyishdan oldin real politika nima, mavjud imkonlar ichida nima qilsa bo‘lar edi, deb o‘ylang.
O‘zbekistonni bugungi nomda¸ bugungi chegaralar ichida tuzgan odamning nomi – Fayzulla Xo‘jaev. U kishiga shon va sharaflar bo‘lsin. Vatan uchun jon berish – Xo‘jaevdan bizga o‘rnak!

MS: Fayzulla Xo‘jaev nega unda Lenin bilan gaplashib yurgan. Lenin bizga dushman emasmi?
RT: Yana bir bor Fayzulla Xo‘jaev haqida tushuntirsam. Chor hukumati ag‘darilganidan keyin, Rusiya musulmonlari ichida eng faoli Qozon totorlari edi. Hatto xozir O‘zbekistonda saqlanayotgan Usmon mushabini ham totorlar talabi bilan Lenin muzeydan olib, musulmonlarga bergan. (Avvaliga Ufada turgan, keyin urush paytida O‘zbekistonga olib kelingan) O‘sha paytda totorlar alohida respublika qurmay, RF ichidagi avtonom Respublika maqomiga rozi bo‘lib qo‘ya qolishgan. (Ular 70 yildan keyingi davr uchun o‘ylashmadi) O‘sha paytda Turkiston ASSR ham Rossiya tarkibida, xuddi Totoriston kabi avtonomiya edi. Katta siyosiy zakoga ega Xo‘jaev MO dagi barcha shaharlarni o‘z ichida birlashtirgan O‘zbekiston SSR g‘oyasini o‘ris kuratorlariga o‘tkaza oldi. Natijada RSFSR tarkibidagi Turkiston avtonom respublikasi, Buxoro XSR va Xorazm XSR birlashib bugun VATAN deb bilganimiz territoriya vujudga keldi. Bunga erishish uchun Xo‘jaev Xorazm respublikasining katta qismini Turkmaniston SSR tuzish uchun berishga ko‘ndi. Katta minus. Lekin Xo‘jaev real siyosatchi edi. Bugun O‘zbekistonda Xo‘jaevning haykali yo‘qligi vaqtincha xolos. Millat o‘z muallifi kimligini biladi.
MS: O‘qigan odam ekan Fayzulla Xo‘jaev. Ammo maktabda o‘qishni istamaganlarni nima qilish kerak? Fayzulla Xo‘jaevning safdoshi bo‘lgan jadid yozuvchi Ayniyning yozishicha, eski maktabda bollarni urib o‘qitishgan ekan. Manavi videoda esa Yangi O‘zbekistonda ham bolalar urilayotganini ko‘ramiz.

RT: Surxondaryoda bir o‘quvchining kaltaklanishi ortidan 5 kishi ishdan ketdi. Surxondaryo viloyati Bandixon tumani 4-sonli maktab direktori X.B. ishdan ketishga ariza yozgan.
Maktab direktorning ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari O.S., o‘quv ishlar bo‘yicha o‘rinbosari N.A. va Ingliz tili fani o‘qituvchisi Yu.Sh. va 9-B-sinf rahbari E.J. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
MS: Ammo G‘ayrat Omon bollarni urib o‘qitish kerak deb yozdiku.
G’ayrat Omon: ”Men bo‘lganimda o‘qituvchilarga o‘quvchilarni kaltaklash huquqini berardim! Biomassa va uning bolalari faqat kaltakdan qo‘rqadi va kaltak yemaslik uchun ham ozgina savod chiqararmidi… Yaqinda 34 yoshli bittasini ko‘rdim, o‘qish-yozishni bilmaydi. Qo‘lida falon ming dollarli ayfon, lekin ayfoniga telefon kontaktini qo‘shishni bilmaydi, ya'ni ism yozolmaydi va telefon raqamlarining o‘zini eslab qolarkan. Lekin aytishicha, bolalarining o‘qishini shaxsan nazorat qilarmish»

O‘ratepalik o‘qituvchi va prezident

MS: Tuz og‘a Mallimlar bachalarni ursinmi yo urmasinmi?
RT: Bir o‘ratepalik o‘quvchi bolani maktab mallimi rosa urardi. Xivich bilan savalardi. Maktab oldidagi behi daraxtidan tol kesib olib, o‘sha tol bilan savalardi. O‘sha bacha dunyoi-dun labirintlarinda adashib-adashib, prezident bo‘pqolibdi. Birovlar uni kattaroq qo‘shni tog‘a prezident qib qo‘ygan, deydi, lekin gap bu haqda emas. Gap boshqa yoqda.
O‘sha prezident o‘z ayfonida yutub titkilab, bitta videoni ko‘rib qopti. Videoda bir mallim bir bolani hipchin bilan rosa dodlatib savalardi. Buni ko‘rgan prezidentning yoshliq davri esiga tushib, xo‘rligi kepti. O‘zini urgan mallimdi obkelib, savalattirmoqchi bo‘libdi. «Nizomidino‘p baxga ke. Meni bir ormonim bor. Borib, behi tolidan hipchin kesib kel» debdi. Nizomidino‘p zo‘rg‘a botanika bog‘idan bir behi daraxti topib, hipchin kestirib kepti. Zo‘rg‘a deganim ma'nosi shuki, hammayoqqa archa ekilgandi. Ammo gap archa haqida emas.
«Bu kalamush¸ xiyonatchi mallimdi bir savalayman,» debdi preizdent. Boyagi mallim davno pensiyaga chiqib, hajga borib kelib, tuya qumolog‘idan pol boqib tirikchilik qib yurgan edi. Ammo gap tuya qumalog‘i haqida ham emas. Jizzax hokimi kelib: «Davay boboy, na viyxod s veshami» debdi. Hokimniiyam shu mallim o‘qitgandi. Eng ikkichisiyam shu hokim edi. Ammo gap savodsiz hokimlar haqida emas. «Bacham katta meni chaqirishdan oldin, boshqalarga ham topshiriq berdima?» deb so‘rabdi mallim. «Ha, Nizomiddino‘pdi tol chiviq kesishga yubardi» debdi ikkichi hokim. Mallim nima gapligini tuya qumalog‘i bilan pol boqmasdanam bilvolibdi. Uyida ichini yorib bol solib, dimlab, ichburg‘iga em qilmoqchi bo‘lgan ikkita behi bor edi. Shuni yengining ichiga sovolibdi. Ammo gap ichiga bol to‘ldirilgan behining ichni bo‘shatishi haqida ham emas.
Xullas, mallimni obkelishibdi kottaning oldiga. Kotta bo‘lsa, tog‘oraga tuzli suv solib, behi xipchinlarini ivitib qo‘ygan ekan.
«Menga qara mallim. Sen meni kichik bala ekanimda urarding. Endi gal meniki. O‘ch olman. Yech ishtondi,» debdi kotta.
«Balam ursang – un oshi, so‘ksang – so‘k oshi. O‘zim o‘qitganman seni. Yetim eding. Enang o‘lib, emchi otang olgan o‘gay totor qo‘lida qolib eding. Meni savalashdan oldin bitta padarkam bor, shuni ogin bacham,» debdi mallim.
Kotta o‘grilib Nizomidino‘pga qarasa, «Oluur. Padarkani olishlik sunnat» dermish.
Kotta sap-sariq oltinday behini olib «hidini qarang, keyingi hafta osh qisam, tagiga bosaman. Ammo men osh qisam, anavi Eltuz fosh qimasin,» debdi. Gap Eltuz fosh qilishi haqida emas. Yana kattaning qo‘lidagi sariq oltin kabi behiga qaytsak.
Xo‘sh, debdi katta «dalshe shto‘?»
«Balam, manavi xipchin bo‘maganda, manovi behi ham bo‘masdi»
«Daaa,» dedi kotta. Pouchitelno. Demak, siz meni hipchin bilan savalamaganingizda, men bu yurtga podshoh bo‘lmasdim. To‘g‘rimi?» debdi katta.
«Urganimdan pushaymonman. Koshki savalamasaydim. Koshki, sen bu martabalarga…»
Mallim gapini tugatmay, bo‘yin egibdi.
«Mayli kechirdim. Nizomidino‘p bunga bitta Sparkning kalitini bervor, shundan shunga behi ko‘tarib kepti. Baribir mallim. Yaqinda mallimlarning oyligini ming do‘llar qilaman.»
Gap mallimlardi oyligi ozligida emas. Gap mallimlar ballarni ursinmi yo urmasin degan mavzu ustinda edi. O‘tlab ketdim. Menimcha urmasin. Har urilgan bacha prezident bo‘vursa, hamma yoq bardak bo‘p ketadi.
Gap hamma yoq bardak bo‘ganida emas. Gap bu bardakni kim qiganida.
Turklar stakonni «bardak» der ekan. Gap stakan haqida emas.

Portal ham kerak emas, mortal ham

MS: Tuz og‘a, shu hafta Eltuzga ikki qanor xat keldi. Odamlarni rosa muammosi ko‘payibdi
“Krandan suv tomyapti, portalga shuncha yozdim, prezidentga ham. Ammo hech kim kelib tuzatib bermadi. Prezident aytuvdiki, sizning muammongiz – mening muammom deb»
Bu arizago‘y 21 marta Eltuzga yozdi. Keyin undan adresini so‘radim. Chilonzor 3 dagi dom ekan 4 qavatlik.
Prokuratura orqasidagi dom. Bordim. «Tog‘a eski kalish bormi?», dedim. Obchiqib berdi. Qaychi bilan yumaloq o‘rtasi teshik shayba yasab, kran jo‘mragidagi eskisi bilan almashtirdim.
Mana tog‘a bo‘ldi, dedim. Portal ham kerak emas, mortal ham.
MS: Hamma yomonlik boylikda. Hamma yomon odamlar boy odamlar. Qashshoqlar yaxshi. Yashasin qashshoqlar va faqir fuqarolar.

Yashasin yo‘qsullar!

Yashasin yo‘qsullar!
Sovet davridan meros qolgan tushuncha bor: «Xalqning ichidagi kambag‘al odam yaxshi» degan gap. Bu yolg‘on gap. Qashshoqning kamida to‘rtta qusuri bor.

  1. Parazitlik. (Ishlamasdan birovning hisobidan yashash)
  2. Laganbardorlik (Mikrofon tutsang, prezident qizi va kuyovlariga yaloqilik qiladi)
  3. Mayda o‘g‘irlik (otvertkangni berib tur deydi va qaytarib bermaydi.)
  4. Ichi qoralik (Sal boyigan odamning uyiga o‘t qo‘ysam, uning qashshoq bo‘lganini ko‘rsam, deb orzu qiladi)
    Aytmoqchi bo‘lgan gapim O‘zbekistonda «eng kichik zarradan yupiterga qadar» kasalga chalingan.
    Bu radiatsiya paytida barcha nurlanganiga o‘xshash holat.

«Yer osti konlari kerakmas…»

Instititutning oxirgi kursida bir yoshgina domla dars beryapti: «Leninning bir gapi bor, bizga yer osti konlari emas balki aqlini ishlatadigan odamlar kerak»
1994 yilga kelib bu domlaning darsida tasodifan videokamerachi bo‘lib qatnashdim. Domla «Yaponlarning bir gapi bor, bizga yer osti konlari emas, balki aqlini ishlatadigan odamlar kerak» der edi.
Kecha studentlar video yubordi. Qarib qolgan domla mana bu gapni aytyapti «Hadisning bir gapi bor, bizga yer osti konlari emas balki aqlini ishlatadigan odamlar kerak»

O‘qituvchiga nima bor Yaltada?

MS: Tuz og‘a, mana o‘qituvchilar ham otpuskaga chiqadi. Ularning puli bo‘lsa, Yaltada dam olardi. Puli bo‘lmagach xaltada, o‘qituvchiga nima bor Yaltada?
RT: Kitob o‘qisin o‘qituvchilar. Bir muallim qiz otpuskada nima o‘qisam bo‘ladi deb so‘radi. Odri Kaplanni o‘qi dedim. «Calendar Girl. Har narsaning o‘z narxi bor» degan roman. Kasal otasining qimmat muolajasini ta'minlash uchun yosh qiz boylarga qimmat eskort yo‘ldosh bo‘lishga qaror qiladi. Buyurtmachi kim bo‘lishidan qat'iy nazar kuniga 100 ming dollar to‘lasa bo‘ldi. Bu romanni nega o‘qish kerak? Bo‘libam muallima qiz? Qalbining to‘rida, fohisha bo‘lib pul topish qanday bo‘larkan degan savol bor har ojiza bu kitobni o‘qishi joiz deb bilaman. Kitob, ingliz, turk, ukrain va rus tilida mavjud. O‘zbekchasi bormi yo yo‘qmi bilmayman. Kitob ustida 18 qo‘shuv ishorati bor. Ammo kitob insoniy kechinmalar va katta muammoning kichik inson taqdiridagi rolini taftish qiladi.
Kitob o‘qimaydigan o‘qituvchilar
MS: Adabiyotdan dars beradigan muallima sevgi haqida yoki masalan, fohisha dil izhorini kitob qilgan Moravia, Markes, Kaplan kabi mualliflar kitobini o‘qisa, buzilib, g‘ar bo‘lib ketmaydimi?
RT: Eh, Matchon! Senga o‘xshash degeneratlar kecha biz qo‘ygan postga shunaqa fikr bildirishdi. Xullas, erinmay Toshkent, Dubay va Istanbuldagi g‘ar o‘zbeklar orasida so‘rov qildim. Bittasiyam badiiy kitob o‘qimagan. Yutubdan do‘mlalarning nravoucheniyasini ko‘rganmiz, deyishdi aksari. Ishonmasangiz, o‘zingizam g‘arlardan so‘rab ko‘rsangiz bo‘ladi. Aytchi, Sumaya nima kitob o‘qiding? «Dekameron»ni o‘qib buzilib ketdingmi? Garantiya beraman, «Dekameron»ni ham, boshqa klassiklarni ham o‘qimagan. Hatto, Solih Qahhorning bemaza kitobini ham varaqlamagan.
MS: Aytishga tilim kelishmaydigan Markes, Parkes, Borxeslar o‘rniga bu muallima qizlar o‘zbek yozg‘uvchilari kitobini o‘qisa bo‘maydima?
RT: Barcha muhaddislar yaxshi, deya ittifoq qilgan bir zamonaviy prozaik hikoyasiga ko‘zim tushdi. FBda qo‘yiluvdi. Izza bo‘lmasin deya ism bermaylik.
Aytadigan gapi, hissiy mujdasi bo‘lmagan, tamal savodi yo‘q¸ faqat inshodan besh olgani bois yozuvchi bo‘lib yurgan o‘zbek nosirlarini allaqachon o‘qimay qo‘ygandim. Xullas, bu yozg‘uvchining hikoyasini ichimdagi skeptitsizmga isyon o‘laroq o‘qidim. Koshki o‘qimasaydim. Mabodo o‘qimaganimda uning bu qadar tuban saviyada ekanligini bilmasdim. Bir navi yozg‘uvchi ekan. Shu xalqqa shu yozg‘uvchi, deb, qo‘ya berardim.
Hikoya mag‘zi axloq va odobdan aql o‘rgatib, mentorlik qilishga qurilgan. O‘ta ijobiy qahramon (IShID formatidagi sof islom istaydig‘on bo‘lib tuyuldi bu qahramon xotin) bir to‘yga borib, isrofgarchilik va maishatparastik va erkagu ayol birga o‘tirganini (nega o‘tirmasligi kerak?) ko‘rib, taassuf qiladi.
Mabodo, realizm to‘rtburchagidan qarasak ham, bundayin hodisa yo‘q. Bundayin ijobiy qahramonlar hayotda yo‘q.
Mayli, badiiy to‘qima desak, yana savol tug‘iladi: Nimaga kerak bu yolg‘on?
Bu yozg‘uvchilar sharofati bilan bola sotadigan va bolalardan nafratlanadigan xalqqa «bolajon» tamg‘asi urildi. Tabiatan ziqna, hatto bolasidan ovqatni qizg‘anadigan, kampitlarini qo‘shnining uyida saqlaydigan, ovqat tagidagi yuvindini ichadiganlarga saxiy, jo‘mard va mehmondo‘st sifati taqildi.
Bitta yozg‘uvchining yozishicha, Qodiriy NKVDda otilganida NKVD bog‘boni Qodiriyni kapanlab, ko‘mib, yettisiyu qirqini o‘tkazib, duoyi fotiha o‘qiganmish?
Tamal savod yo‘q deganim shu. GPU, NKVD, KGB tizimidagi barcha o‘sha sohaning sodiq kadri bo‘ladi.
NKVD faytonini haydaydigan aravakash ham, bog‘bonu farrosh ham. Buni beshinchi bo‘limda ishlagan lyuboy kadrovik aytib beradi.
Yo‘q, albatta yolg‘on to‘qib, pushtirang ijobiy hikoyalar uydirilishi kerak.
Bunday adabiyot nimaga kerak? Birovlar o‘zbek prozasi o‘ldimi, deyishadi. Tirik narsa o‘ladi. Aslida yo‘q narsa qanday qilib o‘ladi? Proza-mroza yo‘q. Besh yoki olti eksprement bor, xolos.
Qodiriy, Qahhor, Ne'mat Aminov, Odil Ëqubov va Murod Muhammad Do‘st. bo‘ldi. Bu eksprement xolos.
Misol beray, bitta avtozavod eksprement uchun qanotli mashina yasadi. Mosholloh. Tasanno. Ammo bu mashina konveerda ishlab chiqarilib, xalqqa sotilsagina voqea ro‘y berdi, deb hisoblanadi. Eksprement to‘rtta asardan nariga o‘tilmadi. Endi bag‘iga umuman to‘xtaydi. Yana 10 yildan keyin O‘zbekistondagi oxirgi savodli odam o‘ladi va…. Ag‘i daxshat. Yaxshisi aytmay qo‘yaqolay.

Konstitutsiyani o‘zgartirish kasofati

MS: Tuz og‘a, O‘zbekiston kosntitutsiyasini o‘zgartirishmoqchi ekan. Bu kimga yaxshiyu kimga yomon?
RT: Konstitutsiya o‘zgarsa joriy prezident uchun yana ikkki marta prezidentlikka qayta saylanish imkoniyati yaratiladi. Rim huquqiga ko‘ra shunday. Joriy prezident bu huquqdan foydalanadimi yo yo‘qmi bilmayman. Odam tabiati o‘zi shunaqa. Issiq o‘ringa o‘rganib qoladi. Tegirman navbati bilan degan gap faqat og‘izda.
Assalom O‘zbekiston, Juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
13 fevral 2017
O‘tgan juma rasman so‘roqqa tutish uchun Silviri qamog‘iga yuborilgan O‘zbekiston vatandoshi Abduqodir Masharipovning Reina tungi klubiga hujum oldidan kamera ...
5 noyabr 2018
Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi noroziligiga qaramay, 3 noyabr kungi majlisida AIBA – Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi 66 yashar G‘afur Rahimovni ...
10 may 2017
Andijon viloyatidagi tuman maktablari xodimlari yo‘l bo‘yida joylashgan aholi xonadonlarini tozalashga biriktirilgan. O‘qituvchilarning ma'lumot berishicha, bu yumushlarning barchasi xokimiyat ...
17 oktyabr 2020
15 iyul kuni Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida 8 yoshli qizni 29 yoshli M.Z. erkak maktab hojatxonasida zo‘rlamoqchi bo‘lgan. Bu ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...