Asosiy mavzular
30 may 2022

«Eltuz» Portali: Qashqadaryoning harob tibbiyot punktlari

Telegramdagi «Eltuz» Portaliga har kuni ko‘plab shikoyat maktublari kelishda davom etmoqda. Ba'zan ularni mustaqil manbalar orqali tekshirish imkoni yo‘q. Ayni nuqsonlarni to‘ldirish maqsadida Eltuz endilikda videofaktlar va hujjatlar keltirilgan holatlarga ko‘proq e'tibor qaratishni lozim topdi.

30 may kuni e'tiboringizga taqdim etmoqchi bo‘lganimiz navbatdagi ikkita videoshikoyat Qashqadaryo viloyatining G‘uzor va Koson tumanlaridagi e'tiborsiz qolayotgan qishloq tibbiyot punktlarining bugungi ahvoli haqida.

Eltuzga videoshikoyat jo‘natgan Qashqadaryo viloyat Koson tumani Xo‘jaquduq mahalla yig‘ini turg‘unlari qishloq tibbiyot punktining harob ahvoliga e'tibor qaratishni so‘rashgan.

Xo‘jaquduqning qarovsiz tibbiyot punkti


Xo‘jaquduq Tibbiyot pukti mas'ul shifokori Jumanazarov G‘ayratning so‘zlariga ko‘ra, Koson tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli bu binoda 3400 nafar aholi yashaydigan mahallaga emlash hizmati ko‘rsatiladi.

Mahalla turg‘unlari esa 90-yillarda qurilgan bu binoda ilgari qishloq akusherlik feldsherlik punkti joylashgani, keyinchalik esa e'tiborsiz qolib ketganini aytishmoqda.

Mahalliy tadbirkor Xudoyberdiev Asror bugun mahalliy hokimiyat oqsoqol saylovi bilan ovora bo‘larkan, oddiy infrotizilmalarga, yo‘llar qurilishiga e'tibor berilmayotgani, Tibbiyot punktida esa zamonaviy tibbiyot jihozlari tugul, hatto oddiy hojatxona ham yo‘qligini aytadi.

Qishloq tibbiyot punktidagi ahvolni «Eltuz» nashri uchun borib yaqindan o‘rgangan kosonlik faol Keldiyorova Nargiza esa shunday izohlaydi.

«Bu yerga Koson tuman Tibbiyot birlashmasidan mas'ullar umuman kelmaganligi ko‘rinib turibdi. Bundan ilgari mahalliy fuqarolar zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jixozlangan tibbiyot punkti qurilishini talab qilib chiqishgan edi. Bu masala bo‘yicha mas'ullarga, deputat Dilmirzaev Azamatga murojaat qilganimizda telefonni ko‘tarmadi. Hozir mana mahalla fuqarolari bilan suhbatlashib kelayapman, ular «haqiqatan ham biz e'tibordan qolgan fuqarolar bo‘lsak kerak» deyishmoqda. Hurmatli deputatlar, tuman raxbarlari mana shu tibbiyot punktida davolanishni, emlanishni istagan bo‘larmidi?» deya savol qo‘yadi Keldiyorova.

Xarobaga aylangan Qovchin qishloq tibbiyot punkti

Navbatdagi videoshikoyatda esa Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani Zarbdor MFY Qovchin vrachlik punktidagi ahvol aks etgan. «Eltuz» nashri roppa rosa bir yil burun 2021 yilning 9 martida u yerdagi ahvol haqida kichik bir reportaj tayyorlagan edi. Videoshikoyat muallifiga ko‘ra, shundan keyin quruvchilar kelib binoda buzish ishlarini boshlashgan.

«O‘tgan yili Yutub kanalingizda videolavha qilib bergan edingiz, buning uchun tashakkur albatta, mana bu yil ham Quruvchilar kelib binoni buzib tashlashdiyu, yana shu holicha qoldirib ketib qolishdi. Joriy yilning 7 mayidan to 17 maygacha ishlashib, yana ketib qolishdi, biz yana hayronmiz, iltimos yordam bering», deydi Eltuz portaliga video jo‘natgan mahalla turg‘uni.

Bir yil burun Eltuzga videoshikoyat jo‘natgan G‘uzorlik fuqaro Qishloq tibbiyot punkti Qashqadaryo viloyati markazidan 25 km uzoqlikda, Qarshi-Shahrisabz yo‘lida joylashgani. Binoda dorixona, tez yordam va oilaviy poliklinika bo‘limlari mavjud bo‘lgani. Binoni ta'mirlash “Obod qishloq” dasturiga kiritilgani, biroq boshlangan ishlar to‘xtatilganini aytgan edi.

O‘shanda ham bino tashlandiq bir ahvolda, Antisanitariya hukmron. Deraza oynalari siniq. Quvurlar chirigan. Bino tomi nuray boshlagan va shifer qilinmagan edi.

«Eltuz»ga qashqadaryolik fuqaro jo‘natgan keyingi videoda oradan bir yil o‘tib G‘uzor tumani Qovchin qishlog‘i tibbiyot punkti binosining xarobaga aylantirilgani aks etgan.

Eltuz Qashqadaryodagi qishloq tibbiyot punktlarida yuzaga kelgan yuqoridagi ikki holat yuzasidan tegishli idoralarning izohini kutib qoladi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
20 dekabr 2023
Mana bu tarixiy suratni eslaysizmi? «Hududgazta'minot»ning kishanlangan Toshkent viloyat bo‘limi boshlig‘i Muzaffar Aliev. Uning qo‘liga kishan solishni kimsan o‘sha ...
18 yanvar 2019
O‘zbek matbuoti Buxoro viloyatining Olot tumani hokimi Sherali Salomov yig‘ilishda fermer Orif Durmatovni kaltaklagani va shu yilning 9 yanvarida ...
21 yanvar 2019
(bu bor-yo‘g‘i hajviya, faqat qaysidir hokim o‘z aksini ko‘rsa, xafa bo‘lish yo‘q) Tumanga kimsan viloyat hokimi kelib xalqni qabul ...
2 iyun 2017
17 iyundan ishga tushirilishi mo‘ljallanayotgan «O‘zbekiston 24» telekanali ko‘rsatuvlari mazmunining eskisidan farqli bo‘lishiga ishonish qiyin. Chunki, yangi telekanal boshqa axborot ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...