Asosiy mavzular
17 avgust 2022

Eltuz Revizori: O‘zbek shirkati Jahon banki sanksiyasiga tushdi. Shirkat firibgarlikda ayblanmoqda

Shu kunlarda xalqaro sanktsiyalar degan jumla matbuot mundarijasida. Sanktsiyalar – haddan oshganlarni jilovlaydigan jazo tizimi. Nafaqat birovning yurtiga bostirib kirgan davlatlar balki korruptsioner mulozimlar ham xalqaro sanktsiyalarga nishon bo‘ladi.

Bugungi Jahon banki sanktsiyasiga tushgan o‘zbek shirkati haqida gapirsam.

Sirdaryo viloyatini suv bilan ta'minlash bo‘yicha SP OOO Mega-Mebiko shirkati firibgarlik qilgani bois Jahon banki tarafidan jazolandi.

Jahon banki rasmiy saytida yozilishicha¸ Mega-Mebiko shirkatiga 30 oy davom etadigan jazo sanktsiyasi qo‘llanilgan.

Jazo muddati 2020 yil aprel oyidan boshlangan.

Jahon bankiga ko‘ra, Mega-Mebiko QK mas'uliyati cheklangan shirkati 7 mln 310 ming dollarni «Boyovut¸ Xovos¸ Mirzaobod¸ Sardoba va Oqoltin tumanlarini ichimlik suvi bilan ta'minlash» loyihasi doirasida jinoiy yo‘llar bilan o‘zlashtirilgan.

Jahon banki matbuot xabarnomasidan iqtibos: Debarment Mega-Mebiko QK MChJni Jahon banki tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalarda ishtirok etish huquqidan mahrum qiladi. Bu kelishuv bitimining bir qismi bo‘lib, unga ko‘ra kompaniya asosiy sanktsiyali amaliyotlar uchun javobgarlikni tan oladi va debarmentdan ozod qilish sharti sifatida belgilangan korporativ muvofiqlik shartlarini bajarishga rozi bo‘ladi.

Loyiha O‘zbekistonning Sirdaryo viloyatining ayrim tumanlarida aholiga suv ta'minoti xizmatlarining mavjudligi, sifati va barqarorligini oshirish maqsadida ishlab chiqilgan. Ishning faktiga ko‘ra, Mega-Mebiko moliyaviy ma'lumotlar va tajriba da'volarini noto‘g‘ri taqdim etgan va loyiha tomonidan moliyalashtiriladigan shartnomani topshirish uchun hech qanday manfaatlar to‘qnashuvi yo‘qligini “yolg‘on ta'kidlagan, bu firibgarlik amaliyotini tashkil etadi.

Mega-Mebiko QK MChJ debarmenti 2010-yil 9-aprelda imzolangan Qarorlarni o‘zaro ijro etish to‘g‘risidagi shartnomaga muvofiq, boshqa ko‘p tomonlama rivojlanish banklari (MDB) tomonidan o‘zaro debarmentatsiya qilish huquqiga ega.»

Bu gapni oddiy ifoda qilsak, pulni olishgan ammo bu besh tumanga ichimlik suvi hanuz bormagan.
«Uzsuvta'minot» idorasi Jaxon bankining bu ayblovini mahalliy matbuot orqali rad qildi. Tashkilotga ko‘ra «Sirdaryo viloyati suv ta'minotini yaxshilash uchun ajratilgan 7 million dollar mablag‘ o‘marilmagan.»
Bu xuddi afandi latifasiga o‘xshadi.

Afandi ertalab do‘kondan ikki kilo go‘sht olib kelib xotiniga beribdi, kechqurunga lazzatli bir taom tayyorlab qo‘yishni tayinlab ishga ketibdi. Xotin buzuq ekan, Afandi ishga ketishini poylab jazmani uning oldiga kelib turar ekan. O‘sha kuni ham o‘ynashi kirib kelibdi, xotin unga haligi go‘shtni yedirib-ichirib, u bilan maishat qilibdi. Kechqurun Afandi kelsa, qozon qup-quruq emish. “Ovqat qani?” deb so‘rasa, xotin: “Mushuk yeb qo‘yibdi” deb javob beribdi. Uy Mushugi xonada uxlab yotgan ekan. Afandi darrov uni olib taroziga qo‘ysa, ikki kilo chiqibdi. Afandi xotinidan so‘rabdi: “Bu mushuk bo‘lsa, go‘sht qani, agar bu go‘sht bo‘lsa, mushuk qani?”

«Uzsuvta'minot» idorasining rasmiy javobi yana latifaga o‘xshadi. Ya'ni «quvur o‘tkazilgan, ammo suv bosimiga chiday olmay, yorilib yo‘q bo‘lib ketgan»

Eltuz muxbiri bu yuzadan suv quvurlari bo‘yicha mutaxassisni savolga tutdi.

O‘zbekistondagi suvoqava tizimida ishlaydigan 58 yashar muhandisga quyidagi savolni qo‘ydi: «Qanday qilib 28 kilometr uzunlikdagi va diametrti 700 mm bo‘lgan shishaplastik quvur suv bosimiga chidamay yorilib ketdi? Holbuki, bu quvur hujjatlarida 20 yillik sifat kafolatlangan”.

Mana bu muhandisning javobi:

«Hozirgi kunda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan va Xitoydan keltirilayotgan shisha tolali quvurlar qator afzalliklarga ega. Birinchidan, ular arzon, ikkinchidan, ular kimyo sanoatida o‘zlarining sifatli ekanini yaxshi isbotlashdi. Ammo, hech qanday holatda, ularni ultrabinafsha nurlanishiga, og‘ir metallar bilan to‘qnashishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bunday ta'sir mavjud bo‘lgan joylarda ishlatish mumkin emas. Bu quvurlar zarbalarga juda sezgir. Ët jism bilan to‘qnashganda ularda darhol mikrodarzlar hosil bo‘ladi. Shuning uchun quvurlarni tanlashda mahsulotning texnik sifati kabi narxini hisobga olish kerak.

Menimcha, korruptsiya bu voqeada hal qiluvchi omillardan biri bo‘lgan xolos. Ammo bu yerda xatto loyihani amalga oshirishga professional bo‘lmagan yondashuv mavjudligi aniq.»

Muhandisning gapidan kelib chiqilsa, «quvur to‘shaydigan malakali kadr bo‘lmagan».
Malakali kadrlarning yetishmasligi¸ korruptsiya bois O‘zbekistonni texnogen katastrofalar ta'qib qilmoqda.

Sardobadagi damba o‘pirilgani bu gapimizga misol bo‘la oladi.
Qachon O‘zbekistonga ajratilayotgan pullar mamlakat aholisiga rafoh va farovonlik olib keladi? Bu ritorik savolni berishimizga yana bir sabab bor.

20 yil davomida millaradlab investitsiya o‘marilgan qo‘shni Afg‘onistonning korruptsiya va malakasizlik bois tushgan botqog‘i bizga saboq bo‘la olmaydimi?

Braun universitetining “Urush xarajatlari” loyihasiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistonnga 7300 kun davomida har kuni 290 million dollar sarfladi.

Bu ja'mi ikki trillion dollardan ko‘proq deganidir.

2016-yilda AQShning Afg‘onistondagi elchisi bo‘lgan Rayan Kroker: “Bizning sa'y-harakatlarimizdagi muvaffaqiyatsizlikning yakuniy nuqtasi, bilasizmi, isyon emas, endemik korruptsiya natijasi edi”, degandi.
Korruptsiya — hokimiyatning vatandoshlarni emas, balki faqat o‘zini boyitishga xizmat qilishidir.

Korruptsiya davlat va millatni yemiradigan zang, ya'ni korroziyadir.

Buguncha shu. Taftish kitobini yopaman. Nishonda esa bugun lavozimda va ehtimol ertaga hibsda bo‘ladigan korruptsionerlar.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
30 avgust 2021
Prezident Islom Karimov O‘zbekistonni modernizatsiya qildi, deyishganida aslida noto‘g‘ri gapirishadi. Chunki u bunday qilish uchun na keng dunyoqarashga, na ...
27 avgust 2022
Ushbu maqola The Washington Post gazetasining AQSh ittifoqchilarini va Zelenskiyni urush muqarrarligiga qanday ishontirishga harakat qilgani borasidagi tekshiruvlari asosida ...
17 may 2019
Mana, hafta aylanib yana oylar sultoni ramazonda siz bilan yuz ko‘rishdik. Ramazon oyida shaytonlarni zanjir bilan bog‘lab qo‘yishar ekan. ...
18 yanvar 2017
Shu kunlarda, ko‘plab ota onalar kollejni tamomlayotgan farzandlariga to‘rt tomonlama shartnomani imzolatish uchun ish beruvchilar eshigida sarson bo‘lishmoqda. Hali ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...