Asosiy mavzular
26 avgust 2022

Rassom Tuzdan va'z: Gitler tomonida turganlar nega osildi?

Gitler tarafida turganlar nega osildi?
Tarix ulug‘ murabbiy. Ustozlar yodi muqaddas.

MS: Tuz og‘a bugungi kun ham ertang uchun tarix. Siz bugundan gapiring.
RT: Matchonboy mana bu rasmga diqqat bilan qara. Ukrainlar o‘z yurtiga bosib kelgan o‘rislardan tozalangan shaharga bayroq tikishmoqda. O‘z yurtining har qarichini dushmandan qutqarish uchun jonini, molini va qonini berishdi. Mustaqillik tarixini ular bugun yozishmoqda. Darvoqe 24 avgust Ukraina mustaqilligi kuni nishonlandi.
MS: Ha bildim, Turkmanistonni tozo sardori Berdimuhammedov tabriklabdi.
RT: Matchonboy, Vladimir Zelenskiiyni hatto Belerus prezidenti Lukashenko ham tabrikladi. Britaniyaning oldingi rahbari Boris Jonson esa o‘zi Ukrainaga borib Zelanskiyni tabriklab keldi. Butun dunyo tabriklab olqishladi.
MS: Ammo nega O‘zbekistonning optom xojiga aylangan rahbariyati Ukrainanai tabriklamadi. Putindan qo‘rqdimi?
RT: Ha, qo‘rqdi. Qo‘rqqanda ham ishtoniga siygan boladay qattiq qo‘rqdi. Shu kunlarni ham ko‘rdik. O‘zbekiston rahbariyati Ukrainani mustaqillik bilan tabriklashga qo‘rqib, kallasini qumga tiqib oldi.

Rossiya tarafida bo‘lish sharmandalik

Ikkinchi jaxon urushi davrida Gitler tarafida bo‘lganlar oyog‘idan osilgandi. Bugun 21 asr gitleri Putin tarafida bo‘lgan besh davlatdan biri O‘zbekiston ekani sharmandalik.
Ukraina mustaqilligi kuni harbiy jinoyatchi Shoygu va Rossiya prokuraturasi yetimchalarining Toshkentda yurishi isnod. Ey, muarrix. Oltin yozg‘ichlaringiz bilan bu sharmandalikni tarixga oltin xarflar bilan yozib qo‘ying. Sotqinlaru vatanfurushlar nomini kelajak avlodlar bilsin. Ukrainaga shon sharaflar! Rossiya bosqinchilarini ularning tarafdorlariga qo‘shilib dorga osilishini yaqin kunlar ichida ko‘raylik.
MS: Tuz og‘a, men mustaqillik desa Yulduz xajanani kansertini tushinaman. Anavi boru, katyusha aytgan o‘risqullar bilan krujkada ruskiy vodka ichib za stalina deydigan dvoynoy xoji ona Usmonova.
RT: Mustaqillik – maydonlarda qo‘shiq aytgan hezim otarchilar xonishi bilan emas, balki urushda dushmanni yenggan askarning yengish dovulini chalgani bilan belgilanadi. 1991 yili ham Ukrainlar nafaqat o‘z mustaqilligi balki O‘zbekiston mustaqilligi uchun ham hissa qo‘shgan edi. Bugun ham Ukrain askarlari nafaqat o‘zini, balki O‘zbekiston mustaqilligini qon va joni bilan himoya qilmoqda.

Ukraina qanday qilib O‘zbekiston mustaqilligini ta'minlagan edi?

MS: O‘zbekiston 1991 yil 31 avgustda mustaqil bo‘lgandiku. Ukrainananing nima aloqasi bor?
RT: Gapning boshida aytagimidek, tarix ulug‘ o‘qituvchi. 31 avgustda mustaqil deb e'lon qilingan O‘zbekistonning o‘sha paytdagi rahbari Karimov oradan ikki oy o‘tib  1991 yilning 14 noyabr kuni Rossiya, Belorussiya, Kazaxstan, Kirgiziya, Tadjikistan, Turkmaniston bilan birga SSSRni SSG  ya'ni Soyuz Sovestskix gosudarstv degan nom bilan qayta tiriltirishga rozi bo‘lishadi. Bu 12 davlat rahbarlari, SSSR  prezidenti Mixail Gorbachyov  bilan birgalikda bayonot chiqarishadi. O‘zbekiston mustaqilligi yo‘qqa chiqishi kerak edi.
MS: Keyin nima bo‘ldi? Nega soyuzni qayta tuzishmadi?
RT: 1991 yilning  8 dekabrida  Belarus, Rossiya  va Ukraina rahbarlari Belarusdagi Belovej o‘tlog‘i degan sanatoriyada to‘planib, majlis qilishdi. Yeltsin Boltiqbo‘yining 3 davlatidan tashqari 12 respublikadan tashkil topgan SSSRni tuzish taklifini muhokamaga qo‘ydi. Shunda Ukraina prezidenti Leonid Kravchuk so‘zga chiqib «24 avgust kuni Ukraina mustaqil bo‘ldi. Men bu mustaqillik kafolati bo‘laman deb qasam ichdim. Shu bois SSSR tiklanishiga qarshiman» deydi. Shundan keyin Yeltsin «Agar Ukraina bo‘lmasa SSSR bo‘lmaydi. Demak tarqalarkanmiz» deydi. O‘sha kuni, ya'ni 1991 yilning sovuq 8 dekabrida SSSR rasman tarqaldi. Kreml gumbazidan qizil sovet bayrog‘i tushirildi. Gorbachev o‘z kabinetini tark qildi. Aynan 1991 yilning 8 dekabrida O‘zbekiston mustaqilliigi yanada mustahkamlandi. Chunki, SSSR yo‘q bo‘lgan edi. SSSR yo‘q bo‘lishiga esa Ukraina rahbarining kuchli siyosiy irodasi sabab bo‘lgandi.
MS: Karimov nega bormagan bu belovej o‘tlog‘iga?  Ë chaqirishmaganmi?
RT: Karimov kasalman, deb Toshkentdan chiqmay berkinib o‘tirgan. Nazarboev borishga rozi bo‘lgan, ammo Moskvagacha borib, keyin fikridan aynib qaytib ketgan. SSSR kafanini tikib O‘zbekistonni mustaqil qilganlar uch kishi. Yeltsin, Kravchuk va Shushkevich.
MS: Qiziq tarix ekan. O‘shanda ham O‘zbekiston rahbari qo‘rqoqligi bilan tarixga yozilibdi. Nega qo‘rqoqlik peshanasiga yozilgan O‘zbekistonning? O‘zbekiston qachon va kim tomonidan tuzilgan. Tarix kitoblarida O‘zbekistonni Karimov tuzib bergan deyiladi.
RT: Matchonboy, yolg‘on yozilgan bu kitoblarni musorga tashavor. Haqiqiy tarix arxivlardagi hujjatlarda yozilgan.
MS: Oytib baring shuni, Biz ham bilaylik torixni. Oytib, oytib tashang.

O‘zbekiston tashkil topgan kun

RT: O‘zbekiston respublikasi 1924 yilda,  Xorazm, Buxoro Respublikalari va Rossiya tarkibiga kirgan Turkiston Avtanom SSR hududida tashkil qilindi, Ilk poytaxti Buxoro shaxri bo‘lgan, keyin poytaxt Samarqandga, undan keyin Toshkentga ko‘chgan. Respublika 10 ta okrugdan tashkil topgan.
MS: Ha esladim. Safo Mug‘anniy degan ashulachining qo‘shig‘i bor edi. Xorazmdir uzoq okrug, boray desam temir yo‘l yo‘q. Xo‘ja o‘g‘li Fayzulla. Yurtimizning oqsoqqoli. Xo‘sh galdingiz Xorazimga… Xorazmga, Xorazmga… Garmon bilan aytgan. Oxirida g‘iyt-g‘iyt qilib cho‘zib qo‘yar adi.

Millat otasi

RT: Amerikada davlat tuzgan asoschi otalar degan tushuncha bor. Inglizcha The Founding Fathers. Bu odamlar AQShni tuzgan siyosiy arboblar sifatida sharaflanadi.
Djon Adams, Bendjamin Franklin, Aleksandr Gamilton, Djon Djey, Tomas Djefferson, Djeyms Medison i Djordj Vashington.
MS: Benjamin Franklinni bilaman. 100 dollarning ustinda rasmi bor. Kal.
RT: Birovni kal deb kamsitguncha o‘zingga boq, Matchon. Tarixni bilmaysan. Kitob o‘qimaysan. Iliming, biliming yo‘q.
MS: O‘rgating axir. Mana savol. O‘zbekistonni tuzgan kim. Leninmi? Ëki kal Leninmi. Darvoqe ikkisi ham kal bo‘lganku.
RT: Kalinin kal bo‘lmagan. O‘zbekistonni esa  jadid otamiz  Fayzulla Xo‘jaev tashkil qilgan.
FAYZULLO XO‘JAYeV 1924 yil 29 oktyabr kuni Buxoro shahridagi teatr saxnasidan qurultoy qatnashchilariga qarata, tarixga kirgan quyidagi murojaatni qildi:
“Biz bugun Buxoro, Qo‘qon va Xiva xalq sho‘'rolar respublikalari ixtiyoriy ravishda birlashib O‘zbekiston Sovet Respublikasini tuzganimizni e'lon qilaman.
O‘zbekiston Respublikasining poytaxti Buxoro shahri.
Davlat tili – o‘zbek tili”
FAYZULLO XO‘JAYeV O‘zbekiston Sovet Respublikasi tashkil etilishining bosh tashabbuskori va birinchi rahbari bo‘lgan.
Ya'ni FAYZULLO XO‘JAYeV O‘zbekiston Respublikasining OTASIDIR! Bu gapni Xalqaro Inson va Tabiat Xavfsizligi, Ekologiyasi fanlar akademiyasi a'zosi Anvarmirzo Husainov ham tasdiqlaydi.  
O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol buni she'r qilib yozgan.

Gul diyorim, sharaflaysan
kechangni ham ertangni,
Bilarmisan buzrukvoring,
toparmisan otangni?
Bu savolim qarshisida
O‘zbekiston lol edi,
Xomush edi, karaxt edi,
tilsiz bir timsol edi.
Dedim: o‘lkam, tingla bir dam,
men so‘ylarman sidq ila,
Otang edi bu dunyoda
Xo‘ja o‘g‘li Fayzulla.
Poydevoring o‘sha qurgan,
o‘sha yopgan tomingni,
O‘zbekiston deya rasman
e'lon etgan nomingni.
O‘sha edi og‘iringni
elkasiga yuklagan,
Jahon aro seni bitta
davlat qilib tiklagan.
Buxoroning tillolari
etmaganda garovga,
O‘sha edi milyonlarni
nisor etgan Maskovga.
Iqtisodu ma'rifatni
ko‘targan ham o‘shadir,
Maktab, ilm, tarbiya deb
bong urgan ham o‘shadir.
Uch yuz o‘ktam yigit-qizni
jo‘natarkan Olmonga,
O‘sha demish: olim bo‘lib,
qayting O‘zbekistonga.
Hayhot, ular ta'lim olib,
ilm olib qaytishdi.
Stalinchi zulmkorlar
hammasini otishdi.
O‘qqa uchdi necha ustoz
adiblaru olimlar,
Fayzulloning o‘zini ham
yo‘qotishdi zolimlar.
Buyuk edi xizmatlari,
orzulari – el baxti,
U tufayli Toshkent bo‘ldi
O‘zbekiston poytaxti.
Joiz edi bugun uni
otam deya eslasang,
Buxoroyu Samarqandda
haykallarin tiklasang.
Ko‘chalaru maydonlarda
nomi bo‘lsa, qaniydi,
Sen tanisang padaringni
butun dunyo taniydi.
Undan o‘zga, falonchilar
senga ota bo‘lolmas,
Har ne o‘g‘ri, talonchilar
senga ota bo‘lolmas.
O‘z otangni tanib, so‘ngra
e'zoz ayla, ulug‘la,
O‘zbekiston, otang edi
Xo‘ja o‘g‘li Fayzulla!…

Taffoncha birlan otamiz…

MS: Tuz og‘a, taqdiri nima bo‘ldi O‘zbekistonni tuzgan bu biratni?
RT: Cho‘lpon aytgan kabi bo‘ldi. Ya'ni «Oramizdan chiqsa bir millatni yaxshi sevguvchi, biz uni dushman bilib taffoncha birlan otamiz» Fayzulla Xo‘jaev 1938 yilning 15 mart kuni Moskvada otib o‘ldirildi.
MS: Keyin sovetlar oqlaganmi uni?
RT: 1965 yilning mart oyida Fayzulla Xo‘jaev qonxo‘r Stalin rapressiyasi qurboni sifatida reablitatsiya qilindi. O‘sha davrdagi isloxotchi rahbar Nikita Xrushchev sharofati bilan Fayzula Xo‘jaev haykallari qo‘yildi, uyi muzeyga aylantirildi.
MS: Karimov davrida nega Fayzulla Xo‘jaevning haykali ontarildi. Uy muzeyi devoridagi yozuv olib tashlanib, boy savdogar uyi degan mavhum tablichka qo‘yildi. Nega?
RT: Karimov mafkurasini yaratganlar uning «yangi o‘zbeksiton otasi» bo‘lishini istashgan. Shu bois mamlakatni tuzgan haqiqiy ota nomi yashirilgan. Bugun mustaqillik arafasida O‘zbekiston davlatini tuzib, unga O‘zbekiston nomini bergan shonli Fayzulla Xo‘jaevni eslab minnatdor avlodlar nomidan ta'zim qilaylik. Fayzulla Xo‘jaev rahbarlikka kelganida milliardlari bor edi va u o‘z milliardlarini O‘zbekiston davlati uchun xarjladi. Shu sifati bilan u davlat tepasiga kelgunicha qashshoq bo‘lgan, keyin esa qizlari, kuyovlari bilan qo‘shilib davlat milliardlarini yeb yutgan rahbarlaridan tubdan farqlangan. Davlatchilik va millatni tamsil qilgan ulug‘ odam edi Fayzulla Xo‘jaev. Bo‘linmas va butun O‘zbekistonning mustaqillik kuni qutlug‘ bo‘lsin.
Assalom O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
21 iyun 2018
Besh yil xalq ta'limi vaziri bo‘lgan Ulug‘bek Inoyatov 20 iyun kuni ishdan olindi. O‘rniga Innovatsion rivojlanish vazirligi mulozimi Sherzod ...
25 sentyabr 2018
Toshkentda KFC fastfud restoranlari tarmog‘i ish boshladi. Dastlabki restoran «Buyuk ipak yo‘li» metrosi yaqinida 12 sentyabrda ish boshlagani haqida ...
11 fevral 2021
Andijonlik fuqarolardan birining aytishicha, u bir necha oydan beri viloyat hokimi qabulga kira olmayotir. Fuqaro omadi chopib uning qabuliga ...
11 oktyabr 2016
«O‘zbekistonda chiqish vizasini bekor qilishga da'vat» deya nomlanib, o‘zbek, rus va ingliz tillarida Shange.org ijtimoiy tarmog‘ida e'lon qilingan petitsiya, ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...