Asosiy mavzular
4 sentyabr 2022

Milliardlar ovi. O‘zbekiston Karimovaning xorijdagi barcha pullarni qaytara oladimi?

16 avgustda O‘zbekiston Adliya vazirligi Gulnora Karimovaning 131 million dollar puli Shveytsariya hukumati bilan kelishuv doirasida “darhol” respublikaga qaytarilishini xabar qildi.

Yevropa davlatlari mamlakatning birinchi prezidenti Islom Karimovning qizi xorijda “yuvgan” pulni birinchi marta qaytarayotgani yo‘q. Ammo bu transh qaytarilayotgan pullarning eng yirigidir.

“Mediazona” bir vaqtlar qudratli bo‘lgan bu biznesmen ayolning xorijda qancha mablag‘i borligi va ularni O‘zbekistonga qaytarish imkoniyatlarini o‘rgandi.

Xasis va qudratli

Nolinchi yillar boshlarida O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora o‘z biznes imperiyasini yaratib, mamlakatdagi ta'sir doirasini kengaytirib bordi.

Mustaqil OAV “O‘zbekiston malikasi” deya nom bergan bu ayol juda ko‘p sohalarda faol edi: modalar namoyishi o‘tkazar, GULI zargarlik buyumlari brendini rivojlantirar, Googoosha taxallusi ostida qo‘shiq kuylar, o‘nlab korxonalar va ko‘chmas mulkka egalik qilardi.

O‘zbekistonda Karimova cheksiz qudratga ega edi. Uni yoki atrofidagilarini qiziqtirgan har qanday kompaniyaning holiga voy edi. Karimovaning topshirig‘iga ko‘ra, firmani soliq xizmati, yong‘in xavfsizligi inspektsiyasi, SES tomonidan ko‘plab tekshirishlar boshlanardi.

Bu tekshiruvlar natijalarida odatda firma egasi ko‘plab “qoidabuzarliklar sababli” sud qarori bilan biznesidan judo bo‘lar yoki aktivlarini Gulnora Karimova kompaniyalariga ular belgilagan narxda sotardi.

Shu darajaga borib yetdiki, xorijiy kompaniyalar O‘zbekiston bozoriga kirish va keyin Gulnoraning shafeligida bo‘lish uchun unga haq to‘lardi. Rossiyaning MTS va Vimpelcom (“Bilayn” brendi), shuningdek, Finlyandiya va Shvetsiyaning Telia Sonera (UCell brendi) kompaniyalari ana shunday korruptsion sxemaga tushdi.

Bir necha yil davomida bu mobil aloqa operatorlari Karimovaning shaxsiy yordamchisi Gayane Avakyan nomiga Gibraltar ofshorida rasmiylashtirilgan Takilant firmasiga qariyb 1 mlrd dollar o‘tkazib bergani aytiladi.

Keyinroq Telia Sonera O‘zbekistondagi “qudratli shaxs”ga 320 million dollardan ortiq mablag‘ o‘tkazib berganini tan oldi. Biroq sud pora berish faktini “korporativ majburiyat” deb tan oldi – qaror qabul qilgan top menejerlar suvdan quruq chiqdi va kompaniya yirik miqdorda jarima to‘lashga rozi bo‘ldi.

Agar diplomatik yo‘nalishdagi faoliyatini aytmasa, Gulnora Karimova O‘zbekiston hukumatida hech qachon yuqori lavozimlarni egallamagan. U Tashqi ishlar vazirligida, Rossiyadagi elchixonada ishlagan, mamlakatni BMTda tamsil etgan, 2010-2012 yillarda esa Ispaniyada elchi bo‘lgan.

Aftidan, Karimova bu lavozimlarda daxlsizlik maqomini olish uchun ishlagan. Lekin bu ishlar uning Madriddagi elchilikdan bo‘shatilishi bilan yakun topdi.

Aynan o‘shanda, 2012 yilda u nafaqat o‘z yurtida, balki xorijda ham moliyaviy firibgarliklar bo‘yicha tekshiruvlar figurantiga aylandi. Shveytsariya, Niderlandiya va AQSh prokuraturalari uni tekshira boshladi. Chunki u o‘z jamg‘armalarini shu mamlakatlar banklarida saqlardi.

Aktivlarning kattagina qismi Shveytsariyada edi. Mahalliy prokuratura tekshiruvlar tugagunga qadar Karimovaning 800 million dollardan ortiq jamg‘armasiga band qo‘ydi. Tadqiqotchi Erik Fatland “Sovetiston” kitobida qayd etganidek,  bu summa Shveytsariya banklari uchun rekorddir.

2020 yilda O‘zbekiston Adliya vazirligi Bosh prokuratura bilan birgalikda “Gulnora Karimovaning jinoiy yo‘llar bilan orttirilgan” 1,3 milliard dollar qiymatidagi aktivlarini qaytarish bilan shug‘ullanayotganini xabar qildi. Vazirlik bu borada Shveytsariya, Frantsiya, Latviya, Rossiya va boshqa davlatlar huquq-tartibot idoralari bilan faol hamkorlik qilayotganini bildirdi.

Gulnora Karimova juda katta biznes imperiya egasi va O‘zbekistonning eng boy ayoli edi. 2017 yilda mamlakat Bosh prokuraturasi sobiq prezidentning qizi ko‘plab ko‘chmas mulk ob'ektlari va xorijiy banklarda hisob raqamlariga ega ekanini aniqladi. Prokuratura ro‘yxatida 12 ta mamlakat bor edi: 

1. Shveytsariya. 777,8 mln dollar, Kolonida qiymati 18,5 mln frank bo‘lgan villa.

2. Shvetsiya. 30 mln dollar.

3. Buyuk Britaniya. 4,2 mln funt, Londonda umumiy qiymati 22,9 mln funt bo‘lgan uylar, kvartiralar, villa.

4. Frantsiya. Parijda kvartiralar, “Shato de Grussi” qasri, San-Tropedagi villa, umumiy qiymati 52,5 mln yevro.

5. Latviya. 16,5 million dollar pul va qimmatbaho qog‘ozlar, Riganing park hududidagi qiymati 9 million yevrolik istirohat markazi.

6. Irlandiya. 300 million dollar pul va qimmatbaho qog‘ozlar.

7. Malta. Qiymati 48,8 mln dollarlik samolyot.

8. Germaniya. 2 mln yevro.

9. Ispaniya. 82 ming dollar.

10. Rossiya. 6 million dollar, Moskvadagi “Kamelot” turar joy majmuasidagi penthaus, Rublyovka massividagi hashamatli uy, poytaxtdagi 8 ta kvartira, mehmonxona kompleksi, Yaltadagi umumiy qiymati 2 million dollar bo‘lgan xonadon va yer uchastkasi.

11. Gonkong. 67 mln dollar, The Arch osmono‘par binosidagi qiymati 15 million dollarlik penthaus.

12. BAA. 32 mln dollar, 31,5 million dollarlik oltin va oltin sertifikatlari, Dubaydagi umumiy qiymati 67,4 million dollar bo‘lgan penthaus, ikkita villa, ikkita mehmonxona kompleksi.

Bosh prokuratura hisob-kitoblariga ko‘ra, Gulnora Karimovaning xorijdagi aktivlari miqdori qariyb 1,4 mlrd dollar, 63,5 mln yevro, 21 mln funt va 18,5 mln shveytsariya frankini tashkil etdi.

“O‘zbekiston malikasi” o‘z yurtida ham kattagina kapitalga ega edi. U nazorat qilgan kompaniya va korxonalar ro‘yxati:

— Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi;

— “O‘zbektelekom”;

— “Zeromaks” qo‘shma korxonasi va “O‘zgazoyl” avtomobillarga yoqilg‘i quyish stantsiyalari tarmog‘i;

— “Kredit standart” banki;

— Bir necha radiostantsiyalar, telekanallar, bosma nashrlar (gazetalar va yaltiroq jurnallar) va reklama agentligini o‘zida jamlagan “Terra grupp” media guruhi;

— “Kvarts” shisha zavodi;

— Quvasoy tsement zavodi;

— Bekobod tsement zavodi;

— “Koka-kola” zavodi (kompaniyaning O‘zbekistondagi filiali);

— “Basha” tungi klubi.

2019 yil iyunda instagramda Gulnora Karimova nomidan qo‘yilgan xabarda u O‘zbekistondagi barcha aktivlarini davlatga topshirishini ma'lum qilgan. Ushbu ma'lumotga ko‘ra, Moliya vazirligi qamoqda jazo muddatini o‘tayotgan Gulnoradan 1,2 milliard dollar olgan.

Ammo Moliya vazirligi bu raqamlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytdi. Vazirlikning bildirishicha, Karimovadan musodara qilingan valyuta va zargarlik buyumlarini sotishdan respublika byudjetiga tushum bor-yo‘g‘i 32 mln dollarni tashkil etadi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Shveytsariyada yashayotgan sobiq mulozimi Alisher Taksanovning ishonishicha, bu “O‘zbekiston malikasi” yashirgan pullarning hammasi emas, yana bir qism mablag‘ huquq-tartibot idoralari ko‘zidan panada qolmoqda.

“Gulnora prezident Shavkat Mirziyoevga maktubida mablag‘larni Moliya vazirligi hisobiga o‘tkazishdan mamnunligini bildirgan, ya'ni pullaridan osongina voz kechgan. Holbuki, Karimovani biladiganlarning so‘zlariga ko‘ra, u juda xasis ayol”, deb dalillaydi o‘z fikrlarini Taksanov.

Biznes imperiyaning qulashi

Gulnoraning “malika”dan jinoyat ishi figurantiga aylanishiga uning otasi bilan mujarolari ta'sir ko‘rsatdi. Karimovlar o‘rtasidagi mojaroga MXXning o‘sha paytdagi raisi Rustam Inoyatov ham o‘ziga xos rol o‘ynadi. Maxsus xizmat rahbari prezidentga Gulnora haqidagi kompromatlar: xorijiy jurnallar uchun fotosessiyalar, uning modalar namoyishi va festivallar uchun sarf-xarajatlar smetasi, yirik biznesga aralashuv va shafelik uchun poralar haqidagi ma'lumotni yetkazishning “qulay payti”ni topdi.

Oila boshlig‘ining g‘azabi ortidan Inoyatov o‘zi bilganicha harakat qilish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Gulnora Karimovani ta'qib etish 2013 yilda boshlandi – u tamagirlik, talon-taroj va soliqdan qochishda ayblandi, keyin esa xorijdagi aktivlari aniqlandi. Uning atrofidagilar hibsga olindi, o‘ziga esa 2015 yilda besh yilgacha ozodlikni cheklash jazosi berildi.

Ikki yildan so‘ng navbatdagi jinoyat ishi doirasida Karimova o‘n yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Keyinroq jazo turi uy qamog‘iga almashtirilganiga qaramay, bir necha oydan so‘ng “jazoni o‘tash shartlarini doimiy buzib kelgani” uchun mahkuma panjara ortiga qaytarildi.

2020 yilda yana bir ish – bu safar uyushgan jinoiy guruh tarkibida bo‘lish, jinoiy yo‘llar, talon-taroj va tamagirlik yo‘li bilan qo‘lga kiritilgan daromadni qonuniylashtirish ayblovlari yuzaga chiqdi. Sud Karimovaga 13 yil 4 oy qamoq jazosi tayinladi.

Aksariyat tahlilchilar Karimova biznes imperiyasi Shveytsariyada ro‘yxatga olingan “Zeromaks” kompaniyasi ishidan so‘ng qulashni boshlaganini ta'kidlaydi.

Mazkur aktiv va sobiq prezidentning qizi o‘rtasidagi bog‘liqlikning hujjatli tasdig‘i yo‘q. Ammo kompaniya O‘zbekistonda gullab-yashnay boshlagandan so‘ng uning ortida Gunora turganiga hech kim shubha qilmagandi.

AQShda 2001 yilda tashkil etilgan “Zeromaks” kompaniyasi 2005 yilda yuridik manzilini Shveytsariyaning Tsug hududiga almashtirdi. Shu paytdan boshlab keyingi besh yilda korporatsiya O‘zbekistondagi eng yirik investorga aylandi.

U iqtisodiyotning turli tarmoqlari, jumladan, neft-gaz va oltin qazib olish sohasidagi o‘nlab korxonalarni nazorat qilardi. Qizining aynan tabiiy boyliklar bilan bog‘liq “jiddiy biznes”ga aralashgani prezident otaning g‘azabini qo‘zg‘agan.

Tarkibida mahalliy o‘yinchilardan tashqari mashhur xorijliklar ham bo‘lgan “Bunyodkor” futbol klubini moliyalashtirgani “Zeromaks”ning qudratidan darak beradi. Xususan, jamoani 2022 yilgi jahon chempioni, braziliyalik Luis Felipe Skolari bir necha mavsum boshqargan va uning vatandoshi, “Oltin to‘p” sohibi Rivaldo to‘p klubda o‘ynagan.

“Zeromaks”ning Karimova bilan aloqalari to‘g‘risida yozgan shveytsariyalik jurnalistlar aynan shu kompaniya Gulnoraning xarajatlarini to‘lab bergani hatto uning uchun qimmatbaho ziynatlar sotib olganini aniqlashgan. 2006 yildan 2009 yilgacha bu xarajatlarning umumiy miqdori 128 million dollardan oshiq bo‘lgan.

Bundan tashqari, 2018 yilda kompaniyaning rasmiy egasi Mirodil Jalolovning turmush o‘rtog‘iga tegishli feysbuk sahifasida biznesmenning “O‘zbekiston malikasi” bilan munosabatlariga oid bir necha ma'lumotlar paydo bo‘ldi.

Jumladan, tadbirkor Toshkentda Forumlar saroyi qurilishini moliyalashtirish va soliq to‘lash bo‘yicha hisobot berish masalasida Shveytsariyaga chaqirilgani voqeasi eslab o‘tiladi.

Fotima Jalolovaning yozishicha, uning eri va Gulnora Karimova o‘rtasida tez-tez mojaro chiqib turgan: Karimova biznesmenga muntazam ravisha bosim o‘tkazgan, u esa “malika”ning dastyor bolasi emasligini aytib javob qaytargan.

2010 yilda “Zeromaks” kutilmaganda o‘zini bankrot deb e'lon qildi, uning qarzlari hali ham yopilmagan. Jalolovni esa o‘sha yili sentyabrda “yarim soat suhbatlashish”ga MXXga chaqirishdi.

Biznesmenning qarindoshlari ushbu “suhbat”dan ikki yil o‘tibgina uni qayta ko‘rishdi. Tadbirkorga nisbatan iqtisodiy ayblovlar bo‘yicha qator jinoyat ishlari ochilgani ma'lum bo‘ldi.

2017 yilda u 18 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Jalolovning advokatlari kurashni davom ettirishdi va 2019 yil yanvarda sud avvalgi qarorini o‘zgartirib, “Zeromaks”ning sobiq rahbariga arzimagan jarima tayinlab, ozodlikka chiqardi.

Muz eridi

Nihoyat O‘zbekiston Gulnora Karimovaning xorijiy banklarda muzlatilgan aktivlarini asta-sekin qaytara boshladi. 2020 yilda Frantsiya mamlakatga 10 million dollarni qaytardi. Joriy yil fevralida Parij Toshkentga yana shuncha miqdorda pul jo‘natdi.

Avgust oyida Shveytsariya 131 million dollarni restutitsiya qilish bo‘yicha yakuniy qarorga kelganini tasdiqladi.

Alisher Taksanovning ta'kidlashicha, bu qaror Rossiyaning Ukrainaga bosqini fonida Moskvaga, jumladan, oligarxlar va amaldorga sanktsiya qo‘llanilgani sababli rasmiy Bern jinoiy yo‘l bilan orttirilgan aktivlar uchun “jannat” emasligini ko‘rsatishni xohlagani bilan bog‘liq.

Taksanov ilgari Afrika diktatorlari va ularning oila a'zolari kapitalni olib chiqqan ketgan mamlakatlarga shunday mablag‘lar qaytarilganini qo‘shimcha qiladi.

Ammo 131 million dollar Karimovaning xorijda band solingan jami aktivlari bilan solishtirganda unchalik ko‘p mablag‘ emas. Taksanovning fikricha, “O‘zbekiston malikasi”ning mablag‘larini qaytarish uzoq davom etadigan ko‘p tomonlama kelishuvlar jarayonini talab etadi.

“2010 yillar boshida boshlangan Gulnora ishi haligacha yakunlanmagan. Marhum o‘zbek diktatorining qiziga tergovchilrning ko‘p savollari bor. Afsuski, Shveytsariya huquq-tartibot idoralarining ilki unga yetmaydi.

Uning hali Islom Karimov tirikligida jazoga tortilishi Gulnorani odil sudlov zarbasidan qutqarishga urinishdir. Chunki bitta jinoyat uchun ikki marta jazo berilmaydi.

Albatta, Jeneva prokurorlari tergovga nuqta qo‘yishni istaydi, lekin O‘zbekiston tomoni bundan manfaatdor emas. Aftidan, ular ushbu ishning hozir hukumatda yuqori lavozimlarda o‘tirgan boshqa figurantlariga oid ma'lumotlar sizib chiqishidan cho‘chishadi”, deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sobiq prezidentning qizi aktivlari uchun kurashda O‘zbekiston hukumatiga raqobatchilar ham bor. Masalan, bu mablag‘ning bir qismiga “Zeromaks”ning AQShdagi kreditorlari, Karimov rejimidan jabr ko‘rgan va tovon puli talab qilayotgan jismoniy shaxslar ko‘z tikkan.

“O‘zbekiston inson huquqlari forumi” nodavlat tashkiloti direktori Umida Niyozova Karimovaning yuzlab million dollarini vatanga qaytarish bir necha omillarga bog‘liqligini aytadi.

“Birinchidan, o‘g‘irlangan aktivlarni musodara qilish va keyin qaytarish jarayoni bu mablag‘lar saqlanayotgan AQSh, Irlandiya va Belgiyaga juda ham bog‘liq. Ikkinchidan, Shveytsariya hukumati mamlakatdagi hisob raqamlariga band solish va aktivlarni musodara qilish bo‘yicha sud o‘tkazishda qanchalik samaralarga erisha olishi muhim”, deydi u “Mediazona” bilan suhbatda.

Shveytsariya pulni O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki BMT tomonidan nazorat qilinadigan Uzbekistan Vision 2030 trast fondi orqali qaytaradi. Qaytarish shartlaridan biri mablag‘dan ta'lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi ijtimoiy loyihalarni rivojlantirishda foydalanish ekani aytilgan.

Demak, Toshkentning hamkorlarida ushbu jarayonda “malika” o‘g‘irlagan millionlardan samarali foydalanilishi borasida shubhalar bor.

Taksanov mablag‘ning bir qismi talon-taroj qilinishi mumkinligini ta'kidlaydi. Chunki O‘zbekistonda davlat tenderlari shaffof emas, kelishuvlar yashirin xarakterga ega, poraxo‘rlar keng tarqalgan. Qolaversa, loyihalarning amaliyligiga ham ko‘p narsa bog‘liq.

“Agar gap shifoxonalar, bolalar bog‘chalari, maktablar qurish, jihozlar sotib olish, suv tarmog‘i tortish, elektrlashtirish to‘g‘risida ketayotgan bo‘lsa, bu sohalarda korruptsiya uchun maydon keng.

Loyihaning qimmatlashuvi, materiallarni bozor narxidan qimmatga xarid qilish, maqsadsiz xarajatlarni nazarda tutyapman. Bularning ustidan deyarli nazorat yo‘q”, deydi O‘zbekiston TIVning sobiq mulozimi.

Taksanovning qayd etishicha, bor umid, garchi yetarlicha kuchli tashkilot bo‘lmasa-da, qaytarilgan aktivlarni taqsimlashga ta'sir eta oladigan BMTda.

Umida Niyozovaning ishonishicha, korruptsiyaning oldini olish uchun O‘zbekistonga xos bo‘lgan xatarlarni tushunadigan mustaqil tadqiqotchilar tomonidan xarajatlar monitoringini yuritish zarur.

Bundan tashqari, uning so‘zlariga ko‘ra, jarayonga byurokratik elitani yoki davlat tomonidan tashkil etilgan nohukumat tashkilotlarni emas, jamoatchilikni – quyi pog‘onadagi inson huquqlari faollarini jalb etish kerak.

“Eng yaxshi holatda ham qaytarish jarayonida fuqarolik jamiyatiga nomigagina o‘rin berilib, asosiy hokimiyat milliy va xalqaro byurokratlar qo‘lida qolishidan xavotir bor.

BMT tuzilmalari juda byurokratik, ular amalga oshirayotgan loyihalar o‘zining samaradorligi bilan ajralib turmaydi”, degan shubhlarni bildirdi Niyozova.

Shveytsariya O‘zbekistonga Gulnora Karimovaning aktivlarini BMTning Uzbekistan Vision 2030 ko‘psheriklikdagi trast fondi orqali qaytarmoqda. Bu fond pullar mamlakat xalqi ravnaqi yo‘lida foydalanilishini nazorat qilishi lozim.

Markaziy Osiyoda bu sxemaning muqobili bo‘lgan. Gap Qozog‘iston, AQSh va Shveytsariya hukumatlari tomonidan Jahon banki ko‘magida tuzilgan “BOTA” jamoatchilik fonndi haqida bormloqda.

Bu tashkilotning maqsadi Qozog‘iston mulozimlari tomonidan xorijga olib chiqib ketilgan aktivlarni vataniga qaytarish va uning xayrli maqsadlarda ishlatilishini nazorat qilish edi.

“BOTA” “Qozoqgeyt” ishiga oid mablag‘larni nazorat qilgan. Bu mojaro 2003 yilda AQSh hukumati biznesmen Jeyms Griffenni Qozog‘istonning yuqori darajadagi mulozimlari, jumladan, mamlakat prezidenti Nursulton Nazarboevga Tengiz konidan naeft qazib olishga oid shartnomalarni boshqarish huquqini qo‘lga kiritish uchun pora berganlikda ayblagandan keyin boshlangandi.

2007 yilda AQSh va Qozog‘iston bu ish bo‘yicha murosaga keldi, Markaziy Osiyo respublikasi Shveytsariya banklarida hisob raqamlariga ega ekanini tan oldi va tergovni to‘xtatish evaziga aktivlarni xayriya ishlariga yo‘naltirishga ko‘ndi. Aksariyat tahlilchilar fikricha, bu qadam pora olish aybini tan olishni anglatadi.

2008 yilda tuzilgan “BOTA” orqali yetti yil davomida Qozog‘istonga 115 mililon dollar qaytarildi. Bu pul kam ta'minlangan oilalar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga sarflandi.

Ta'kidlash kerakki, Gulnora Karimovaning advokatlari unga 300 million dollardan ortiq mablag‘ni qaytarish bo‘yicha sudda yutib chiqishdi. Shveytsariyalik advokat Greguar Manja (Gregoire Mangeat)ning “Mediazona”ga aytishicha, bu uning jamoasining mazkur ish doirasidagi o‘ninchi g‘alabasidir.

“Bu safar biz mijozimizning yana bir qism mablag‘i musodara qilinishining oldini oldik. Ish Shveytsariya Jinoyat ishlari federal sudida qayta ko‘riladi.

Har qanday holatda ham endi Gulnora Karimova O‘zbekistonning davlat xizmatchisi hisoblanmaydi. Bu masalada sudyalar bizning huquqiy tushuntirishlarimizni to‘la ma'qulladi”, dedi advokat.

Huquq himoyachisi Niyozova Shveytsariya sudi qarorini xavotirli deb atadi. Chunki Karimova telekommunikatsiya va tarmoqlardagi ko‘plab davlat masalalarini nazorat qilgani, o‘z qudratidan xorijiy kompaniyalardan pora olishda foydalanilgani xususida ko‘plab dalillar mavjud.

“Prokuratura ushbu qaror yuzasidan oliy sudga protest bilan murojat qilish-qilmasligi hozircha noma'lum. Shveytsariya hukumati vaziyatni to‘g‘rilash yo‘lini tutadi, deb umid qilaman.

Aks holda juda xavfli pretsedent yuzaga keladi. Shveytsariya soyadagi elitaning pul yuvishi uchun ochiq davlat, degan qarash shakllanadi. Avtoritar davlatlarda hukumat qarorlariga ta'sir ko‘rsatish uchun rasmiy davlat lavozimlarini egallash shart emas. Buning uchun qudratli amaldorning yaqini bo‘lishning o‘zi kifoya”, deydi Niyozova.

TIV sobiq mulozimi Taksanovning fikricha, Gulnoraning yaqinlari quvonishiga hali erta, chunki jarayon yakunlanmagan.

“Sud Gulnoraning hukumat qarorlari qabul qilinishiga ta'sir o‘tkazish maqomini tan olmadi, xolos. Sudning bu xulosasi yetarli hokimiyat vakolatlariga ega bo‘lmagan shaxs davlatning moliyaviy-moddiy oqimlarini boshqarish, byudjetga ta'sir o‘tkazish, hukumatni noqonuniy hujjatlar qabul qilishga majburlash kabi imkoniyatga egaligini shveytsariyaliklar tushunib yetmayotgani bilan bog‘liq.

Biroq Gulnora bu ishlarini o‘z otasi shafeligida bajarganini unutmaslik kerak. Men prezident Karimov qizining korruptsion kelishuvlaridan juda yaxshi xabardor bo‘lgan, deb hisoblayman”, deydi Taksanov.

U Shveytsariya hukumati Karimovaning aktivlarini boshqarish imkoniyatiga ega bo‘lmay turib, bu mablag‘larni bo‘lishga rozi bo‘lganidan ajablandi.

Taksanovning so‘zlariga ko‘ra, “O‘zbekiston malikasi” o‘z aktivlarining “toza”ligini isbotlashi hali noma'lum.

“Bundan tashqari, Takilant firmasining pullari qaytarilishiga AQSh ham qarshilik qilmoqda. Bu mamlakatda tergov ketmoqda. Amerikaliklarning ta'sir doirasida Gulnoraning advokatlarinikidan kuchliroq. Agar AQSh sudi qarori chiqsa, bu pullar musodara qilinishi ehtimoli juda yuqori.

Xullas, hali hammasi o‘zgarishi mumkin. Har qanday holatda ham bu pullar na Gulnoraga, na uning bolalariga, na onasiga qaytmasligi haqiqatga yaqin”, deb xulosa qiladi Taksanov.

Panjara ortidagi malika

Karimova ilk marta hibs etilganidayoq uning ahvoli xususida turli mish-mishlar tarqala boshlagandi. Uni MXX hibsxonasida qiynoqqa solishayotgani, narkotiklar berishayotgani haqida yozishdi. Hatto tasdiqlanmagan manbalar “O‘zbekiston malikasi”ning o‘limi haqida gapirishdi, go‘yoki u dafn etilgan joyni ko‘rsatishdi.

Aslida O‘zbekiston sobiq prezidentining qizi 2019 yil martidan buyon Toshkent viloyatining Zangiota tumanidagi 21-ayollar koloniyasida saqlanmoqda.

Greguar Manjaning bildirishicha, uning Toshkentdagi yordamchilari Gulnora bilan muntazam uchrashib turibdi, ularga mijoz bilan bir necha soatlab gaplashishga ruxsat etilmoqda.

“U juda charchagan. Bundan tashqari, unda beqaror stenokardiya bo‘lib, shifoxonaning kardiologiya bo‘limida darhol tegishli tekshiruvlar o‘tkazilishi zarurati bor”, deydi shveytsariyalik advokat Gulnoraning ahvoli haqida gapirib.

U 131 million dollarni vataniga qaytarish to‘g‘risida kelishuvga erishilgani munosabati bilan 16 avgust kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletov “Gulnora Karimovaning qonuniy vakillariga har qanday savol berishga ruxsat etilgani”ni eslatganini qo‘shimcha qildi va aslida unday emasligini bildirdi.

“Toshkentdagi navbatdagi eshituvlar oldidan O‘zbekiston hukumatidagilar jamoamizga mijozimizning hibsga saqlanish shart-sharoitlari va O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan sud jarayonlari haqida so‘rashni man qildi”, deya aniqlashtiradi o‘z so‘zlarini advokat.

Umida Niyozova Karimovaning ozod etilishi bilan bog‘liq vaziyat qanday rivojlanishini faqat taxmin qilish mumkin, deb hisoblaydi.

“Sal avvalroq Karimova ozodlik evaziga o‘z jamg‘armasining bir qismidan voz kechishga tayyorligi haqida O‘zbekiston hukumatiga sha'ma qilgandi. Aftidan, bu sxema ishlamadi.

Karimovaning advokatlari BMTning o‘zboshimchalik bilan hibsga olishlar bo‘yicha ishchi guruhiga petitsiya berib, huquqiy mexanizmlar orqali uni ozod etishni talab qildi. Nazarimda, bu vaziyatda huquqiy me'yorlardan emas, siyosiy maqsadga muvofiqlikdan kelib chiqib qaror qabul qilinadi”, deydi huquq himoyachisi.

Alisher Taksanovning ishonishicha, hukumatda Islom Karimov bilan birga ishlagan va Gulnora bilan to‘qnash kelgan shaxslar o‘tirar ekan, uning ozodlikka chiqishi dargumon.

“Uzun tilning umri qisqa bo‘ladi. Shuning uchun Shveytsariya prokuraturasi bilan uchrashtirmaslik maqsadida Karimova koloniyada saqlanmoqda. U kapitalni xorijga olib chiqib ketadigan tuzilmalarga zarar yetkazdi.

Natijada maxsus xizmatlar jalb etilgan holda yillar davomida shakllantirilgan yo‘nalishlar va sxemalarni o‘zgartirishga to‘g‘ri keldi. Maxfiylik uchun ko‘proq mablag‘ sarflashga majbur bo‘lindi. Buning uchun kechirishmaydi.

Gulnorani ham yo‘q qilisha olmaydi – unga xalqaro hamjamiyat diqqat-e'tibori qaratilgan. Hamma uning tabiiy o‘limini kutmoqda, xolos”, deydi TIVning sobiq mulozimi.

8 iyulda Gulnora Karimova 50 yoshga to‘ldi. Ammo internetning o‘zbek sigmentida bunga hech kim e'tibor qaratmadi.

Aziz Yaubov Mediazona

Tag‘in o‘qing
6 noyabr 2023
Joriy yilning 22 noyabr kuni Toshkentda o‘tishi rejalangan “Mashina vremeni” rok gruppasi kontserti qoldirildi. O‘zbekistonlik galerist Bella Sobirova, Toshkentda ...
24 yanvar 2019
Markaziy bank Navro‘z arafasida yuz ming so‘mlik banknotlarni muomalaga kiritishi haqida bildirib, bundan qulayliklar yaratish, pullarni tashish xarajatlarini kamaytirish, ...
25 yanvar 2018
MXX faoliyati ustidan parlament nazorati o‘rnatiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan qabul qilingan “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar ...
9 dekabr 2019
Turkiyada yashayotgan atoqli adib va siyosatchi Muhammad Solih shu yilning 20 dekabrida 70 yoshga to‘ladi. Muhammad Solih hayoti haqida ...
Bloglar
21 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...