Asosiy mavzular
29 sentyabr 2022

Dardi dostonga aylangan Qiziriq fermerlari

Asrlardan beri surxonliklar o‘z dardu muammolarini qo‘shiqqa solib aytishadi. Yer¸ suv talashi va beklar zulmi baxshilarning yuz yillik repertuaridagi doimiy mavzu. Qo‘shiqda aytilishicha yo‘lingizda muammolar daryosi bo‘lsa uning ustidan kechib o‘tish uchun ko‘prik lozim. Agar ko‘prik bo‘lmasa, qo‘lbola sol yasab o‘tasiz. Hamma gap muammo yechimida. Kimdir xalaqit bermasa odam o‘z muammosini o‘zi yecha oladi.
Og‘zingdagi oshingni oldirib
Xaltangni va'daga to‘ldirib
Umiding batamom o‘ldirib
Yelkangda bo‘sh xalta dehqonim
Qiziriqlik Shodmon baxshi bu qo‘shig‘i bilan o‘zining yerga bo‘lgan huquqini sud orqali himoya qilgan bo‘lishiga qaramay, mahalliy mulozim va klasterchi boylar bosimi ostida qolayotgan qiziriqlik fermerlar dardini doston qiladi.

Taslim bo‘lmagan qiziriqlik fermerlar

Gap O‘zbekistondagi fermerlarning klasterga taslim bo‘lmagan qiziriqdagi so‘nggi otryadi haqida.
Butun mamlakatdagi kabi qiziriqlik fermerlar ham 30 yildan beri yaxshimi yomonmi o‘zlari davlatdan yer ijaraga olib ishlab kelishgan. Bu dehqonlardan biri Nortoji ota Qulto‘raev prezident bilan ikki marta uchrashib xizmat ko‘rsatgan paxtakor unvonini ham oldi. Ammo 2018 -yilga kelib prezident Shavkat Mirziyoevning taklifi bilan qishloq xo‘jaligini asta-sekin klaster tizimiga o‘tkazish boshlandi. Buning ortidan 2021- yilga kelib qiziriqlik fermerlarga yerni “o‘z ixtiyori bilan davlat zaxirasiga o‘tkazish” haqida majburiy ariza yozish taklif qilindi. Fermerlar rad qilishdi. Viloyat va tuman hokimliklari ichki ishlar xodimlari yordamida fermerlardan majburan ariza yozdirib olishga urinishdi. Aksar fermerlar ariza yozishdan bosh tortishdi. Zotan, qonun fermerlar tarafida edi. Fermerning paxta, g‘alla rejasini bajarmaganligini asos qilib yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasini bekor qilishga hokimning haqqi yo‘q edi.

«Yer maydonlarimizni mahalliy deputatlar sessiya qaror bilan olingan deb bizga vaj qilinyapti. Fermerlarning yerini olib qo‘yishga faqat sudning vakolati bor, boshqa hech kimga bunday vakolat berilmagan…» deydi «Parda Turop” fermer xo‘jaligining rahbari Turopov Olimjon.

Isyon

Qiziriqlik fermerlar va ularning yerlarini tortib olayotgan mahalliy hokimlik orasidagi ziddiyat 2021 -yil boshiga kelib kuchaydi. Surxondaryoda adolat qaror topishidan umidini kesgan qiziriqlik 275 ta fermer 60 ta avtomobilga o‘tirib Toshkentga bordi. Ammo ular prezident qabulxonasiga kiritilmadi. Ularni Bosh vazir Abdulla Aripov qabulxonasi rasmiylari qabul qildi.Garchi maxsus komissiya Surxondaryoga borib, ularning muammosini hal qilib berishni va'da qilgan bo‘lsa ham, bu va'da bajarilmadi.

Qiziriq sudi eng adolatli sud

Bu arizalar samara bermagach, fermerlar birin- ketin sudga murojaat qilishdi. Sud fermerlar talabini inobatga olib ularning yerini olib qo‘yish bo‘yicha viloyat va tuman hokimlari qarorlarini bekor qildi. Hozirgi kunda qiziriqlik 14 fermer sud qarori bilan mahalliy hokimiyat changalidan o‘z yerini qutqarganday bo‘ldi.. O‘zbekistonning alohida olingan bir tumanida fermerlar mahalliy hokimlik ustidan g‘alabaga erisha oldi.

«Biz o‘sha yerning o‘zida Termiz tumanlararo sudiga murojaat qilganimizda, 2021- yil 6- iyun holatiga ushbu yer maydonini qaytarib berish haqida ariza olinmagani isbotini topdi», deydi «Mamatqul» FX ish yurituvchisi Mardaev Xo‘jayor. O‘z haqini sud orqali himoya qilganlardan biri «Parda Turop fx rahbari Olimjon Turopov esa sud qarori qog‘ozda qolayotganidan xavotirda.

«Yer maydonlarini qaytarish bo‘yicha ariza berishni so‘rashganda rad qilganmiz. Biz arizalarni bermaganmiz. Majburlaganda ham arizani topshirmaganmiz. Shunga qaramay yerimizni olib qo‘yishdi. Bu yuzadan sudga da'vo ariza kirtitdik. Sud talabimizni qanaotlantirdi…» deydi u.

Nega aynan Qiziriqda?

Bu savolga javob bergan fermer Ne'mat Ishchanov «Qiziriqdagi fermerlar respublikadagi fermerlar bilan taqqoslaganda eng ko‘p jabr ko‘rdi. Yerlari majburan olib qo‘yildi. Shu bois yerga urilgan fermerlar ko‘kka sapchidi»-, deya izohladi.

Qiziriqlik fermerlarga qilingan adolatsizlik ko‘lamini 2021- yil iyun oyida bo‘lib o‘tgan Termiz tumanlararo ma'muriy sud materiallaridan ham bilsa bo‘ladi.

«Xalq deputatlari Qiziriq tuman Kengashining 10.12.2020 yildagi qarori bilan Qiziriq tumanidagi barcha yo‘nalishdagi fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jalik korxonalarining yer maydonlarini tuman hokimi ixtiyoriga qaytarish va ushbu yer maydonlarini yangi tashkil etilgan «Surxon Cotton Textile Cluster» MChJ ga ajratish to‘g‘rsida qaror qabul qilingan.»

Tuman kengashi qarori asosida 436 ta fermerning yeri «o‘z arizasiga ko‘ra» olib qo‘yilgan. Eltuz muxbiriga gapirgan fermerlar bu arizani IIB zobitlari va prokuratura xodimlari bosimi ostida majburan yozganligini aytishdi.

Ammo 39 nafar fermer bosimlarga qaramay o‘z yeridan ixtiyoriy voz kechish haqida ariza yozmadi. Qiziriq tuman Kengashi qarorida bu isyonkor fermerlar yuridik shaxs sifatida tugatilishi yuzasidan taklif keltirilgan.

Pirovardida tuman hokimligi qarorining 6 -bandiga muvofiq maxsus komissiyaning 05.05.235 sonli yig‘ilish bayoni bilan Qiziriq tumanidagi 25313 gektar yer. Shundan 22409 gektari sug‘oriladigan ekin yer. 455 gektar bog‘. 140 gektar uzumzor. 82 gektar tutzor¸ 300 gektar yaylov va pichanzor o‘tloqlar¸ 386 gektar yo‘l¸ 1542 gektar ariq zovur fermerlardan olinib klaster ixtiyoriga o‘tkazildi.

Aslida qonun oldida klaster ham fermer ham bir xil maqomdagi biznes sub'ekti. Davlat ulardan birining boshini silab yana biriga o‘gay ko‘z bilan qarashi qonunan mumkin emas. Termiz sudi o‘z qarori bilan «haqqini talab qilgan» 14 fermerning yeri noqonuniy olib qo‘yilganini tasdiqladi. Qiziriqdagi 436 fermerdan 14 nafari uchun «adolat tantana qildi»

Boz ustiga hukumat o‘zining klasterlarga bo‘lgan otashin muhabbati darajasini mo‘'tadillashtirganday bo‘ldi.

2021- yilning 16 -noyabr kuni prezident Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini muvofiqlashtirish respublika komissiyasini farmon bilan tasdiqladi.

Farmonga ko‘ra, klasterlar bilan shartnoma asosida ishlaydigan fermerlar endi klasterlarni o‘zlari tanlash huquqiga ega bo‘ldi va klaster faoliyatidan norozi bo‘lgan fermerlarning soni uchdan ikki hissa bo‘lsa, hukumat qarori bilan tashkil qilingan klaster bilan tuzilgan bitim sudda ko‘rib chiqiladi.

Qiziriqlik fermerlar shu asosda faoliyat olib bora boshladi. Ammo mavjud qonunga ko‘ra fermerlar paxta xom ashyosini to‘g‘ridan to‘g‘ri sota olmaydi. Fermer mahsulotini to‘g‘ridan-to‘g‘ri faqat klasterga sotadi.

Mavjud qonun darchasiga ko‘ra fermer tola sotishi mumkin. Paxtani tolaga aylantirish uchun zavod kerak. Zavodlar esa fermerlar nizolashgan klasterlar qo‘lida. Xuddi shu nuqtada fermerning sud qarori bilan himoyalangan huquqi yo‘qqa chiqib u yana klaster zanjirining halqasiga aylanishga majbur bo‘ladi. Sud qarori qo‘lida bo‘lsa ham fermerlarning ishi yurishgani yo‘q.

«Parda Turop fx rahbari Olimjon Turopov ikki yildan beri qo‘lidagi sud qarorining ijrosi bo‘lmagani bois muallaq vaziyatda qolayotganini aytadi.

Hukumatning iddao qilgan maqsadi «qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiradigan fermerlarni hukumat nazoratidan chiqarib, bevosita maxsus klaster korxonalariga birlashtirish ekanligi» edi. Qiziriq tuman hokim o‘rinbosari Otabek Poyonov Eltuz muxbiri bilan suhbatda muammoning huquqiy o‘zanda hal qilinishi zarurligini aytishga uringan bo‘lsa-da savollarimizga batafsil javob bera olmadi.

Klasterchi boylar fermerlar va qishloq ahli bilan uchrashuv paytida infrastrukturani yaxshilash¸ yo‘llarni ta'mirlab, yangi ish o‘rinlarini ochishni va'da qilishgan. Bu va'dalar bajarilmayapti deydi qiziriqlik keksa dehqon¸ shuhrat medali sovrindori Nortoji ota Qulto‘raev.

Ko‘p hollarda bu va'dalar “12 stul” filmi qahramoni Ostap Benderning «Vasyuki» degan shaharni dunyo shaxmat poytaxtiga aylantirishga o‘xshagan utopiya ko‘rinishini kasb qildi.

Klaster bilan ishlash tizimida fermerlar avval bo‘lgani kabi paxta va g‘alla yetishtirishda uch tomonlama (hokimlik – paxta yoki g‘alla qabul qilish korxonalari – fermer) shartnoma emas, balki faqat klaster korxona bilan shartnoma imzolaydi.

Bu shartnomaga ko‘ra, klaster fermerga urug‘dan tortib, yonilg‘i, mineral o‘g‘it, mablag‘ bilan ta'minlash kabi barcha ishlarni o‘z zimmasiga oladi. Bu zanjir sxemani mana bu jadvalda ko‘rish mumkin:
Fermer mahsulotini to‘g‘ridan to‘g‘ri faqat klasterga sotadi. Klaster bu mahsulotni qayta ishlab, ichki va tashqi bozorga sotadi. Klaster tizimida mahalliy hokimiyat fermerning ishiga aralashmasligi, fermer bevosita klaster bilan qilgan shartnomani bajarishi kerak.
Fermer bilan klaster korxona o‘rtasida chiqqan nizolarni sud hal qiladi.

Jadvaldagi oxirgi jumlada nizolarni hal qilishda so‘nggi so‘zni sud aytishi ta'kidlangan.
Qiziriqdagi 14 nafar fermer qo‘lida sud qarori turibdi. Ammo nega sud qarori bo‘la turib fermer o‘z yeriga o‘zi to‘laqonli ega bo‘la olmayapti?

Qiziriq dalalarini kezib¸ fermerlar va klaster egalari bilan gaplashish asnosida muammo ildizi O‘zbekistonda yerning hususiy mulk emasligiga borib taqalgani tushunildi.. Shu manzara fonida klaster ham¸ fermer ham birday ehtiyoj tuygan erkinlik yo‘qligi ham yuzaga chiqdi.
Erkinlik klasterga ham kerak.

Fermerlar muammosini ko‘tarib kooperatsiyaga birlashish talabi bilan chiqqan Ne'mat Ishchanov nazarida klasterlar ham xuddi fermerlar kabi erkinlik yo‘qligi va hokimiyat bosimidan birday jabr ko‘rishadi. Agar erkinlik bo‘lib hukumat nazorati va bosimi o‘rtadan yo‘q bo‘lsa¸ klasterchi va fermer qishloq xo‘jaligi tizimining teng huuquqli a'zolari o‘laroq o‘zaro manfaatli hamkorlik qilib murosaga kela oladi.

Hozircha Qiziriqdagi 14 ta isyonkor fermer kooperetsiyaga birlashib o‘z puliga paxta yetishtirmoqda. Bu paxta hosilini qanday sotish va kimga sotish bugun va ertaning katta muammosi. Bu muammo yechimi esa mamlakat qishloq xo‘jaligi reforma qilinishiga bog‘liq. Hozircha o‘zgarish qiziriqlik baxshi qo‘shiqlarida kesatiq bo‘lib yangramoqda.

Qiziriqda xirmon uygan dehqoningdan aylanay
Senga shunday imkon bergan davronimdan o‘rgulay
Senga ilhom pari bergan ilhomlaring bir talay
Yeng shimarib zafar quchding ketmoningdan aylanay…

Video: https://youtu.be/gmFNCeVWuz8

@eltuz, Qiziriq, Stokgolm

Tag‘in o‘qing
20 yanvar 2020
O‘zbekistonda Oliy Majlis Senatiga saylanganlarning aksariyati, to‘g‘riroq aytganda, asosiy roldagilar yana o‘sha eski amaldorlarning o‘zlaridir. Bundan avvalroq O‘zbekiston prezidentining ...
17 dekabr 2019
O‘zbekistonda saylov o‘yinlari avj olishi fonida Xalq demokratik partiyasi vakili Boymurod Yusupov mamlakatda 25 yil davomida amaliyotda bo‘lgan ta'lim ...
28 fevral 2022
27-fevraldan 28 fevralga o‘tar kechasi Vena shahar maydoni namoyishchilar bilan to‘ldi. Ular Ukrainani qo‘llab quvvatlashmoqda. Tarixiy binolarda Ukraina bayrog‘i ...
15 oktyabr 2018
Xorazmlik taniqli xonanda Aziza Niyozmetova 14 oktyabr kuni 46 yoshida olamdan o‘tdi. Bir yil avval saraton kasaliga chalingan xonanda ...
Bloglar
19 aprel 2024
Kartinani kecha uyimga olib keldim. Bir kecha termilib yotmoqchi edim. Lekin imkon bo‘lmadi. Doimgidek hayot ...
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...