Asosiy mavzular
1 mart 2023

G‘assollik kasbmi yoki hunar?

Chumchuq so‘ysa ham qassob so‘ysin¸ o‘likni yuvg‘uchi yuvib¸ go‘rkov ko‘msin. Bu maqollarda har bir ishni o‘z mutaxassisi qilishi zarurligi urg‘ulanadi. Dunyoda shunday kasb-kor egalari borki, ularga ko‘pchilikning ishi tushsa ham kasb egalari haqida ko‘p gapirilmaydi. Ulardan biri go‘rkovlar bo‘lsa, yana biri – o‘lik yuvadigan g‘assollar. Ayrim mahallalarda bu savob yumush bilan shug‘ullanuvchi alohida kishilar bor. Ammo, g‘assol yo‘q payti xotin qizlar o‘ligini yuvish va kafanlashni asosan otinoyilar bajaradilar. Eltuz muxbiri Andijondagi kafando‘z otinoyi maskanida bo‘ldi.

– Dunyo shunday bir ko‘prik-ki, undan hamma o‘tadir,
O‘lim shunday bir sharbat-ki, uni hamma totadir.
Kafan shunday bir libos-ki, uni hamma kiyodir,
Qabr shunday bir makon-ki, unga hamma kirodir.
La -ilaha-illalloh…
Vafot etgan insonlarga kafan bichayotib Oytoji opa har doim mana shunday marsiya aytadi.
– La – ilaha-illallohu Muhammadur Rasulilloh…

Tug‘ilmoq bor joyda albatta, o‘lmoq ham bor. Oytoji opaning taqdiriga esa inson dunyoga kelganida kutib olib, dunyodan o‘tganida kuzatib qo‘yish bitilgan ekan. 

-Yoshligimda – quvonchu shodliklar bilan, dunyoga kelgan chaqaloqlarni kutib olib, poklab, yo‘rgakka o‘ragan bo‘lsam, yoshim o‘tganida – oxiratga rixlat qilayotganlarni yana poklab, kafanga o‘rab, so‘nggi manziliga kuzatayapman. Yaratgan shunday mas'uliyati, savob ishni bajarishni taqdirimga bitibdi, alhamdulillah! – deydi u.
Uzoq yillar tug‘ruqxonada doya bo‘lib ishlagan Oytojixon Hamroqulova mana 10 yildirki, otinoyilik qilib keladi. Ayollarga dinimiz yo‘l-yo‘riqlarini ko‘rsatib, turli maslahatlar beradi, ma'raka-marosimlarda bosh bo‘ladi. Eng asosiysi, aza chiqqan xonadonlarda mayitni yuvib, kafanlaydi.
-Inson vafot etgach, uni shariatga muvofiq yuvib-kafanlab, oxiratga kuzatish farzu kifoya sanaladi, – deydi otinoyi. – O‘lim haq, u eshik taqillatib, oldindan xabar berib kelmaydi. Shunday bo‘lgach, mayit yuvish, kafanlashni har bir musulmon kishi bilishi, bilmasa o‘rganishi shart! Ona vafot etsa qizlari yo kelinlari, ota o‘tsa o‘g‘illar yuvishi kerak. Ammo, ba'zi bir odamlar mayitdan qo‘rqadilar. Shu sabab, xonadon egalari darrov g‘assol chaqiradilar. “qo‘rqish kerakmas, mayit ham odam, faqat ruhi chiqib ketdi xolos, yaqinroq keling, u hozir sizga muhtoj” deya, ularga yuvish sirlarini, qonun-qoidalarini o‘rgatamiz.
-Ilk marta mayit yuvganingizda nimalarni his qilgansiz?
-Faqat qayg‘u bor edi, chunki, ilk marta onam rahmatlini yuvishga kirganman. Oilada besh qiz edik. Onam “Agar vafot etsam, yuvgani faqat o‘zinglar kirasizlar”, deb vasiyat qilgan. Yana, “ruhim ajralishi bilan ko‘zimni uqalab-uqalab yumib qo‘ygin, odamlarning ko‘ziga qo‘rqinchli ko‘rinib qolmayin, jag‘imni tang‘ib, chiroyli qilib yasantirib qo‘yinglar, yuvintirayotganinglarda suvga rayhonlardan solib qo‘yinglar xushbo‘y bo‘lib tursin!”, deb aytardi.
-Mayit yuvishda qanday amallar bajariladi?
-Avvalo, niyat qilinadi. Yuvishdan oldin mayitni najosatlardan xoli qilish uchun bir oz o‘tirishga moyil qilib, qorni silanadi. Shuni ham aytib o‘tish kerakki, mayitni usti ochiq holatda yuvishlik, ko‘z tashlashlik makruh sanaladi. Mayitni usti barcha avratlari berkitilgan holda, mato bilan yopilgan bo‘lishi kerak. So‘ng mustahab qildiriladi.
G‘assol qo‘liga qo‘lqop kiyib(kafanlikdan oshgan matodan tiksa ham bo‘ladi, tibbiyot qo‘lqopi ham ishlatish mumkin), u bilan avrat a'zolarini suv quygan holda yuvib chiqadi. Qo‘lqopsiz, qo‘l bilan ushlash – xarom. So‘ng inson tirikligida qanday tahorat olsa, shunday tahorat qildiriladi, lekin og‘iz-burniga suv oldirilmaydi. Negaki, ichiga suv kirib ketsa, uni chiqarish qiyin. Qo‘lqopni xo‘llab, mayyitning labi va burnining atroflarini yuvib chiqadi. Mato ostidan chiqarib, avval o‘ng qo‘lini, so‘ngra chap qo‘lini tirsaklari bilan qo‘shib yuviladi. Oyoqlari ham shunday tartibda, to‘piqlari bilan yuviladi.
Tahorat qildirilgach, sovun bilan avvalo mayyitning boshi, yuzi yuviladi. So‘ngra mayyitni chap yoni bilan yotqiziladi va bosib yotgan joylarigacha suv boradigan qilib o‘ng yelkasidan boshlab, oyog‘igacha suv quyib, sovunlab, ishqalanadi.So‘ng suv quyib, chayiladi.
Keyin esa o‘ng tarafiga yonboshlatib, xuddi shunday qilinadi. Mana shunday tartibda o‘girib yuvish uch marta takrorlanadi. Yuvib bo‘lingach, kafan ho‘l bo‘lmasligi uchun mayyitning butun badani toza latta bilan artib, quritiladi.
-G‘assollikning qanday shartlari bor?

G‘assol – yuvish ishlarini yaxshi biladigan, tahoratli (tahoratsiz bo‘lsa ham joiz), ishonchli, taqvodor bo‘lgani afzal. Mayit erkak bo‘lsa, er kishi, ayol bo‘lsa, ayol kishi yuvishi kerak. Erkakni ayol kishi yoki aksincha, ayolni erkak kishi yuvishi mumkin emas. Hanafiy mazhabi ulamolari “kishi o‘z xotinini ham yuvishi mumkin emas”, deydilar. Chunki, ayol vafot etishi bilan o‘rtalaridagi nikoh uziladi va  xotin eriga nomahram bo‘lib qoladi. Ammo istisno tariqasida xotin o‘z erini yuvishi mumkin. Balog‘atga yetmagan o‘g‘il yoki qiz bolani erkak ham, ayol ham yuvishlari mumkin. G‘assol yolg‘iz o‘zi yuvishga qiynalsa, boshqani yordamga taklif qilishi durust. Mayitni yuvganda avratiga qarash mumkin emas. Shuningdek, g‘assol mayitning badanidagi ayb va nuqsonlarni boshqalarga aytmasligi shart. Yuvintiriladigan suv qaynatilgan bo‘lishi, issiqroq bo‘lishi lozim.
-Kafanni oldindan bichib qo‘ysa bo‘ladimi?

Ba'zilar, “menga oldindan bichib beringlar, saqlab qo‘yaman”, deydi. Ba'zilar esa, “vafot etganimda, ko‘pchilik bo‘lib, hislatlarimni gapirib o‘tirib, tayyorlaysizlar”, deydi. Har kimning o‘z xohishi. Unisiyam ma'qul, bunisiyam. Avvaldan bichib qo‘ysayam, zarari yo‘q. Ana shu kunda bichilsayam nur ustiga a'lo nur.
-Kafanlik uchun necha metr mato kerak bo‘ladi?
-Agar eni enlik surp matosi bo‘lsa, 25 metr, eni ensiz bo‘lsa, 30 metr ketadi. Uni hammasiyam o‘rash uchun ishlatilmaydi. Bichayotgan paytimizda yonidan yondamalari chiqib qoladi. Ana shulardan fartuk, qo‘lqop tikiladi. Sochlari, badanlarini artib quritish uchun ham ana shu qiyqimlari ishlatiladi. Erkak kishi va ayol kishining kafanligida farq bor. Erkaklarga uch, ayollarga besh qavatlik kafanlik buyurilgan.

Oytoji opa ilmi, hayotiy tajribasi, jamoatchilik ishiga mehri sabab Jalaquduq tumaniga bosh otinoyi etib tayinlangan. Uning qo‘l ostida 30 dan ziyod otinoyilar faoliyat ko‘rsatadilar. Ularga “So‘fiqishloq” jome masjidi binosidan xona ajratib berilgan.

– Tuman bo‘yicha 63 ta mahalla bor. Tan olish kerak, otinoyilarimiz yetishmaydi. Shu sabab mahallaning kelinlari, qizlari orasidan o‘zlari xohish bildirganlarini shogirdlikka olamiz. Ularga O‘zbekiston Musulmonlar idorasi tomonidan berilgan qo‘llanmalar, kitoblar asosida din ahkomlari, shariatimiz mezonlarini o‘rgatamiz. Otinoyi yo g‘assol emas, har bir ayol bilishi va bajarishi lozim bo‘lgan vazifalarni tushuntiramiz, – deydi u.

Inson – moddiy ta'minot uchun ishlaydi. Mehnatiga yarasha haq oladi, tirikchilik o‘tkazadi. Ammo, otinlarning oylik maoshlari yo‘q. “Bepul qanday ishlaysiz?” deb bergan savolimga, Oytoji opa “savob uchun ishlayman”, deb javob berdi:

– G‘assollik – kasb yo hunar emas, otinoyining yelkasidagi vazifa. Har bir otinoyi g‘assol topilmaganda g‘assollik vazifasini, kafanlovchi bo‘lmasa kafanlash ishini bajarishi lozim. Lekin, unga haq olmasligi kerak. Bu – har bir otinoyining vijdoniga havola. Xolis xizmat qilayotganda go‘rkov ham, g‘assol ham haq olmasa, Yaratgan unga boshqa tomondan o‘z mukofotini yetkazib qo‘yadi.
Suhbat asnosida otinoyi shu kunlarda janoza ko‘pligi, hatto yoshlar orasida ham tasodifiy o‘lim holatlari ko‘p kuzatilayotganini aytib qoldi. Shogirdlaridan biri mahalladagi yoshi ulug‘ onaxonning qazo qilganini aytib kirganida esa:

Inna lillahi va inna ilayhi rojiun. Biz Allohnikimiz va bir kun unga albatta qaytamiz!”, – deya yuziga fotiha tortib, o‘z vazifasini bajarish uchun otlandi.

Muazzam SOBIRJON qizi

@eltuz

Tag‘in o‘qing
26 may 2018
Feysbuk tarmog‘ida Haqiqat ko‘chasi tugagan joydagi yo‘l belgisi mashhur bo‘ldi. Aftidan selfida Toshkent viloyatining, Yangibozor tumanidagi poytaxtga ketadigan yo‘l ...
5 may 2016
Turkiyada o‘zbekistonlik er-xotin turkiyalik taniqli yahudiy tadbirkor Jak Karako va uning rafiqasi Jorjiya Karakoni o‘ldirganlikda ayblanib, 2014 yili hibsga ...
2 may 2015
Bu baxslar NKVD- KGB propagandasi yaratgan zaharli zaminda o‘sgan mutant daraxtlar mevasi kabi tuyuldi menga. Mamlakatda na Chor mustamlakachilariga ...
14 mart 2023
Salom qadrli muxlislar bugun 13 inchi mart, studiyada Qudrat Bobojon, e'tiboringizga Eltuz «600 sekund»ning  navbatdagi sonini taqdim etadi.+++Bo‘kada bir ...
Bloglar
6 aprel 2024
Bugungi kunda rus propagandasi faqat rus telekanallari orqali berilyapti degan odam qattiq yanglishadi, chunki propaganda ...
28 mart 2024
Rossiya gumondorlarini qiynagani IShID versiyasini yo‘qqa chiqarmaydi.  Bu yerda bir eski siyqa tryuk ishlatiladi. Spetsslujbada bu ...
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...