UzPoster
25 may 2023

Osmondan tushgan ikki milliard

Navoiy nomli  o‘zbek tili adabiyot universiteti birovning loyihasini o‘zlashtirib davlatdan 2 milliard so‘m  undirmoqchi bo‘lganmi?

«Adabiyot universiteti nadur?» Rassom Tuz 21 may kuni yozgan va Eltuzning barcha platformalarida nashr bo‘lgan bu maqola oliy ta'lim maskanidagi nepotizm¸ moliyaviy sxemalar bilan pul «uxlatish» va «otkat motkatlar» haqida edi. 

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Sirojiddinov Shuhrat Samariddinovich «o‘z atrofiga qarindosh urug‘ini yig‘ib, kamida bir nechta podstavnoy firma ochib, kontrakt pullarni ularga kachat qilgani haqidagi iddaolar sohani biladigan qatlam tarafidan yaxshi qarshilandi. Iddaoni quvvatlaydigan qo‘shimcha ma'lumotlar ham yuborishdi. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universitetida ishlaydigan doktor maqomidagi insayderning Eltuzga yozishicha¸ maqola chop qilingani ortidan  universitetda «otpor raddiya» beradiganlarning otryadi tuzilgan. Ularga nashrni  raddiyalar bilan bombardimon qilish vazifasi yuklatilgan. Ammo Eltuz nashri bu xolatga ham «yaxshi gumonda» bo‘lib aksar raddiyalarni chop qildi. Raddiya yozgan universitet rasmiylari bilan Rassom Tuz aloqaga chiqib «haqiqat baxslarda tug‘ilishi» «jurnalist dushman emasligi» «hamkorlik» haqida samimiy fikrlashdi. Umuman maqola muallifining universitet jamoasi haqida fikri ijobiy. 

Maqolada tilga olingan «otao‘g‘il» Shoxrux Sirojiddinovnng javobini alohida «Rassom Tuzga maktublar» ruknida nashr qilindi. Shu bilan Eltuz bu mavzuni yopdi. 

Ammo O‘zbek tili va adabiyoti universitetining maqoladan norizo bo‘lgan vakili «plintusdan past» uslubga o‘tib qamoqda sindirilgan va o‘z ustozini 33 tetradraxmaga oshkora sotgan A.M ismli «shunos»ni «yollab»,  Eltuz jurnalistlarini linch qilish chaqiriqlaridan iborat haqoratni buyurtma qildi. Bu «shunos»ning xanuz shartli bo‘lsa ham jazo o‘tayotgani va erkin bo‘lmagan odamning fikri inobatga olinmasligini bilgan xolda unga to‘xtalmaymiz. O‘zbek tili va adabiyoti universiteti raxbarlari o‘ziga ep ko‘rgan uslubni Eltuz qoralaydi.

Matchon suqilish: Og‘a bu Shuhrat Sirojiddinov oshiqi beqaror majnun bo‘lib o‘z sevgilisini noziyayi yakto¸ joriyai oliya¸ allada aziz¸ to‘rvada mayiz qilgani haqida nega yozmaysiz?

Matchonboy bu rektorning shaxsiy ishi noziyani sevadimi joriyanimi bu uning tanlovi. Eltuz kimning layli kimning majnun ekanini muhokama qilmaydi. Bu haqda maksimum rektorning xotini qayg‘urishi mumkin. Ammo o‘z sevgilisini prorektor lavozimiga tayinlashi korruptsiya deb baholanadi.

Ishdagi ishq  Eldor Ryazanov filmida jozibali bo‘lib ko‘rinsa ham  joriy mehnat qonunlari va yangi trendlarda  bunday munosabatlar olqishlanmaydi. Mavzudan chalg‘imaylik.

Eltuz O‘zbek tili va adabiyoti universiteti atrofida yuzaga kelgan muammolar bundan oldin ochiq manbalarda muhokama qilingani ammo samarasiz qolganiga e'tibor qaratdi.

Shunday nizolardan biri  o‘zbek tilini elektron taxrir qiluvchi dasturni yaratgan  Manuchehr Usmonov va Habiba Usmonovalar va O‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘rtasida bo‘lib o‘tgan. 

Butun dunyo bo‘yicha o‘zbek tilida gaplashadiganlar  soni ellik millionga yetadi. Lekin har doim o‘zbek tilidagi yaxshi bilimga ega odamlar yetarlicha emas. Ko‘p holatlarda yozgan matnlar yoki hujjatlarimizda turli imlo xatoliklar amalga oshirishimiz tabiiy. Aynan shunday vaziyatlar boshqa mamlakatlar muloqot qiladigan tillar  (ingliz¸ nemis¸ ispan) bilan yuzaga kelganda o‘sha mamlakatdagi til institutlari dasturchilar bilan hamkorlikda avtokorrektor programmalarini yaratishgan. Ilm dargoxidan millat va jamiyat kutadigan samara ham shu. Ammo O‘zbekistonda xuddi shunday programmani o‘z kuchi bilan yaratgan Usmonovlar  korrektor.uz dasturini o‘zbek tili va adabiyoti universitetiga taklif qilishganida aynan universitet rahbariyati tarafidan qattiq qarshilikka duch kelishdi. 

Loyiha mualliflridan biri Habiba Usmonova yozadi:

«korrektor.uz  loyihamizdan xabaringiz bo‘lsa kerak.  Mashmashalar o‘sha bilan bog‘liq.  Til rivoji uchun harakat qilib shu loyihani erim Manuchexr Usmonov ikkalamiz yaratgandik.  Nazariy qismini kelajakda kimlargadur as qotar degan mazmunda ilmiy ish darajasida yoritmoqchi bo‘lib universitetga borganmiz. Universitetda kafedra mudiri lavozimida ishlaydigan,  hozirgi rektorning o‘g‘li ochayotgan xususiy universitetning direktori bo‘lmish Elov Botir deganlari bizni ishimizni ilmiylik yo‘q degan vaj bilan kamsita boshladi.  Garchi o‘zi aynan axborotlashtirish bo‘yicha ilmiy darajasi bo‘la turib korrektor darajasida biror bir ilmiy yangilik ham qilmagan bo‘lsa ham.» 

Zamonaviy trendlardan xabardor bo‘lgan Usmonovlar o‘z pozitsiyasida mustahkam turishdi. O‘zbek tili va adabiyoti universiteti  «alximiklari»  esa bu tayyor loyihadan foydalanib davlatdan 2 milliard undirishni o‘ylashdi. (Kimga amma kerak, kimga go‘mma) 

Yana Xabiba Usmonova yozganlarini o‘qiymiz:

«Shundan keyin menga Manzura Abjalova degan o‘qituvchi orqali bizning korrektor loyihamizda qilingan ishlarni 2 milliardga baholangan loyiha qoralamasini yuborishdi.  Agar shunaqa loyiha qilinib universitet uchun grand loyiha qilib bersak, sun'iy intelekt orqali imlo tekshiradigan funktsiyalarni ham qo‘shsak ilmiy ish qilishimga rozi bo‘lishini aytibdi Elov deganlari.  Nima uchun ilmiy izlanish qiladigan men qaerdagi kafedra mudirining talabi bo‘yicha qilishim kerak degan savolni berdim.  Sun'iy intelekt uchun bizda resurs javob bermaydi,  qolaversa server xarajatlari ham hozirgi iqtisodiy holatimizdan kelib chiqib hisoblangan ekanligini aytdik.»

Universitetning korruptsion sxemalar va davlatdan pul sog‘ib cho‘ntakka urish bo‘yicha «etuk» mutahassislari bu ikki dasturchi «soqqali» taklifga rozi bo‘ladi deb o‘ylashdi. Unday bo‘lmadi. Raqamli texnologiya generatsiyasi mansubi bo‘lgan Manuchexr Usmonov o‘z g‘oyasini qutqarish uchun shaffof yo‘lni tanladi. Zotan soyada giyox unmasligini bilardi u deydi Habiba Usmonova:  

«Shundan keyin erim universitetni tanqid qilgan holda o‘zining telegram kanalida yozib chiqdi.  Buni universitetning Filologiya fakulteti kanalida ham ko‘chirib chiqarishdi.  O‘shandan keyin universitet matbuot xizmati erimni sudga berganligini yozib chiqishdi.  Va oldingidan ham badtarroq tanqid qilingan post yozdi o‘z kanalida.  Menga universitetdagilar aloqaga chiqishdi.  Shaxsan birinchi prorektorining o‘zlari tel qilib universitetga kelishimizni so‘radi.  Biz bordik,  borishdan oldin daryo.uz bizdan intervyu oldi,  universitetdagilar bilan ham suhbatlashishgan.  Borganimizdan keyingi suhbatni esa to‘liq audio yozuvini yuboraman.»  

Ammo daryo.uz  usmonovlardan  olingan intervyu asosida maqolani  chiqarmadi.  Daryochilar qaytib aloqaga chiqishmadi.  Balki universitetdagilar bu maqola chiqmasligi uchun nimadirlar qilishgandur.  

«Har qalay xolis matbuot degan narsa daryo.uz uchun emas degan xulosaga keldim.» deydi Habiba Usmonova:  

«Uchrashuvda Elov Botir deganlari aytgan gaplarini tan olmadi.  Rektor janoblari esa universitet faqat pedagog kadr yetishtirishga ixtisoslashgan,  ilmiy yangiliklarni FA Til va adabiyot universitetidan talab qilishimiz kerakligini aytdi. 

Unda nima uchun Lingvistika va Adabiyotshunoslik bo‘yicha ilmiy kengash universitetda tuzilganligini so‘rasak javob yo‘q… «

Ilm¸ argument va shaffoflikning qo‘li  ta'magirlik¸ xo‘jako‘rsinlik va korruptsiyadan baland keldi. Yana Habiba Usmonovadan iqtibos:

«Yengilganligini tan olib oxirida bizga sulh taklif qilishdi.  Hatto istisno qilgan holda Innovatsiya vazirligi doktoranturaga qabul platformasini ochib bersa o‘qishga qabul qilishga roziligini ham aytishdi.»

Oxiri nima bilan tugadi buni deb so‘raymiz Usmonovadan.   

«Qisqasi bizning loyihamiz hisobidan universitet byudjetdan 2 milliard pulni uxlatmoqchi bo‘lishdi.  Bizning aqliy salohiyatimiz sabab byudjetdan pul uxlatisholmadi.  Hozirda loyihamiz UZINFOKOM tasarrufida,  mualliflik huquqimiz saqlangan holda hukumat darajasidagi loyihaga aylandi.  Gov. uz,  muxlisa … kabi loyihalar bilan integratsiya qilinmoqda….»

Mana o‘sha dastur. Foydalanish tekin.  https://korrektor.uz/

Ayni maqola yuzasidan ko‘rsatuvni tugatayotgan paytimizda Eltuz tahririyatiga Universitetning o‘zbek tili ta'limi fakulteti dekani Saodat Muhammedovaning quidagi e'tirozli audiosi yetib keldi…

So‘ng so‘z o‘rnida

Navoiy nomli  o‘zbek tili adabiyot universiteti haqidagi maqola yuzasidan munosabatlar kelishda davom etmoqda. Quvonarlisi shuki, vazirlik darajasidagi mulozimlar ham chiqib  bu maqolani «universitetda shakllangan yetti yillik korruptsiya saltanatiga berilgan zarba» deb aytishdi. 

Ammo oldin ham aytganimizdek jurnalist har ikki tarafga birday qaraydi. Jurnalist universtitetni tanqid qilgan diydiyochining tog‘asi emas. Shu bilan birga universitet rektorining amakivachchasi ham emas. Jurnalist maslak qoidalariga rioya qilgan xolda har ikkala tomonga teng minbar beradi. Xulosa chiqarmaydi. Tavqi la'nat qilmaydi. Mavzuni yana davom ettiramiz shekilli. Bugungi maqolaga so‘ng so‘zni esa yigirmannchi asrning eng mashxur shoiri yozgan kitobdan oldik.

«Ular o‘z yolg‘onlarini himoya qilish uchun qanday uyushqoqlik va g‘ayrat qilishadi. Sen haqiqatni himoya qilarkansan laoqal ular qilayotgan g‘ayratning yarmini qil»

(Muhammad Solih «Ko‘zi tiyran dard» kitobidan)

Aziz Eltuz o‘quvchilari. Agar sizda Navoiy nomli  o‘zbek tili adabiyot universitetida kechayotgan muammoli jarayonlar haqida qo‘shimcha ma'lumotlar bo‘lsa  telegramdagi @Rassom_tuz manziliga yuboring. Shaxsingiz sir qolishi ta'minlanadi. Va albatta Eltuzning yutubdagi kanaliga obuna bo‘lishni, videolarimizga layk bosishni unutmang.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
11 dekabr 2024
Suriya diktatori Rossiyaga qochdi. Yevropa davlatlari suriyaliklarning boshpana olish murojaatlarini ko‘rib chiqishni to‘xtatdi. Tramp Zelenskiy bilan uchrashdi. U Rossiyaning katta talofati ...
21 may 2017
O‘zbekiston prezidentining tergov jarayoniga oid yangi qarori ijobiy baholanayotgan bo‘lsa-da, mamlakatda kuchli advokatura, fuqarolik jamiyati va mustaqil ommaviy axborot ...
6 noyabr 2016
Shanba ertalab joni uzilgan Abdulla Oripov toshkentliklar kommunist-mozor deb aytadigan Chig‘atoy qabristoniga dafn qilinishini Eltuz.com manbalari tasdiqladi: «Shoir jasadi ...
6 dekabr 2017
4 dekabr kuni Shvetsiyaning Stokholm shahrida O‘zbekistonning Germaniyadagi konsuli Azimjon Ozodov o‘zbek migrantlari bilan uchrashdi. Konsulning gapidan O‘zbekiston hukumatining ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...