Moskvada elchixona vakili harbiyga chorlov qog‘ozi tarqatdi
Moskvada o‘zini elchixona vakili deya tanishtirgan shaxs o‘zbek migrantlarga harbiy xizmatga chorlov qog‘ozi tarqatayotgani haqida xabar Eltuzga yetib keldi.
Suratdagi harbiy xizmatga chorlov qog‘ozi Moskvadagi Federal Migratsiya Xizmati binosiga borgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlariga tarqatilmoqda.
Suratni yuborgan Eltuz obunachisining aytishicha, chaqiruv qog‘ozlarini o‘zini “O‘zbekiston elchixonasi vakili” deya tanishtirgan shaxs muhojirlar qo‘liga majburlab tutqazmoqda ekan.
“Imzo qo‘ymasangiz, patentingizni bermaymiz deb qo‘rqitishmoqda. Eng alam qiladigani, bu ishga O‘zbekiston elchixonasidan kelgan ma'sul xodim bosh bo‘lib turganidir. Bu ish uchun elchixona xodimiga O‘zbekiston rahbariyati chora ko‘radi degan umiddaman,” deb yozadi Eltuz obunachisi.
Biroq Eltuz ushbu xabarni o‘z manbalari orqali tasdiqlay olmadi.
Biz O‘zbekiston elchixonasi vakillarining FMS (Federal Migratsiya Xizmati) binosiga borib, muhojirlarni Rossiya qurolli kuchlari safiga chorlashiga ishonmaymiz.
O‘zini elchixona vakili deb tanishtirgan shaxs mehnat muhojirlari ishonchiga kirib, ularni aldov yo‘li bilan urushga yollashga urinayotgan bo‘lishi mumkin degan fikrdamiz.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Tashqi Ishlar Vazirligi ushbu xavotirli xabarni o‘rganib chiqadi degan umiddamiz.
Eltuz o‘z ko‘rsatuvlarini davom ettiradi. Videolarimizga layk bosishni, kanalimizga obuna bo‘lishni unutmang.