Asosiy mavzular
4 yanvar 2024

Xo‘jaobod IIB xodimlari nimani yashirmoqda?

Mana bu videotasvirlarda ikki kishi o‘rtasida mushtlashuv boshlanganini ko‘rish mumkin. Ko‘p o‘tmay, orqaga chekinayotgan shaxsga to‘da bo‘lib hujum qiladilar, oyoq ostilariga olib tepkilaydilar.

Ushbu video kadrlarni yuborgan Eltuz mobil muxbiri hodisaning 2 yanvar oqshomida Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani «Do‘stlik» chegara posti oldida yuz berganini bildirdi.

Mobil muxbir bir guruh odamlar 1 kishini do‘pposlab, komaga tushirgan va 3 nafar odamning burni singanini ma'lum qildi. Oradan ikki soat o‘tib Andijon viloyati Ichki Ishlar Bosh Boshqarmasi voqea bo‘yicha mana bu xabarni tarqatdi:

2024 yilning 2 yanvar kuni soat 21 00 atrofida Xo‘jaobod tumanida yashovchi 2000 yilda tug‘ilgan Atajonov Bexruz  Jalaquduq tumanida yashovchi 1994 yilda tug‘ilgan Tursunov Abdurasul bilan oilaviy masalada Xo‘jaobod tumani, Yangi Farg‘ona MFYda joylashgan “Do‘stlik” avtoturargohida o‘zaro gap tortishib, o‘rtada janjal kelib chiqqan.

Ushbu janjal oqibatida Atajonov Bexruz yengil tan jarohati olgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Xo‘jaobod tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Oradan yana uch soat o‘tib Eltuzga voqea guvohining maktubi yetib keldi. Unda Behruz Atajonov va Abdurasul Tursunov o‘rtasidagi janjal mutlaqo boshqacha tasvirlanadi. 

Voqea guvohining da'vo qilishicha, Ichki ishlar tezkor xodimlari moddiy manfaat evaziga haqiqatni berkitishga urinmoqda.

«Hujum qilganlar Zamon Textile shirkati egasi va uning odamlari bo‘ladi. Uning juda ko‘p puli bor. Ko‘pchilik bo‘lib bir kishini mayib qilib, har joyini sindirib tashlashdi. Zamon Textile egasi ichki ishlarga pora berib, ishni yopib yubormoqchi bo‘ldi. Men voqeaga guvoh bo‘lganman. Ichki ishlar xodimlari video kameralarni o‘chirish bilan ovora edi, ammo biz ulardan oldin videoga olganimiz foyda berdi. Lekin IIB tezkor xodimlari video tarqalib ketmasin deya bizga bosim o‘tkazishdi,» dedi voqeaga shaxsan guvoh bo‘lganini aytgan shaxs.

Uning qo‘shimcha qilishicha, IIV xodimlari kasalxonadan jarohatlanganlarni ham olib chiqishga urinmoqchi bo‘lganlar. 

«Urgan odam tuman hokimiga yaqin shaxs hisoblanadi. Unga nisbatan javobgarlik ko‘rilmayapti. U pul bilan chiqib ketyapti holatdan,» deydi Behruz Atajonovning kaltaklanganiga shaxsan guvoh bo‘lganini aytgan shaxs. 

Guvoh iddaolarini mustaqil manbalar orqali tekshirish imkoni Eltuzda yo‘q. 

Ammo, hodisa haqiqatan ham u aytganchalik bo‘lsa, Ichki ishlar xodimlari jinoyatni yashirishga uringani oshkor bo‘ladi. Buni aniqlash esa Andijon viloyati ichki ishlari rahbarlari zimmasida. 

Yana bir qiziq xolat Eltuz mobil muxbirining aytishicha, mushtlashuvda guruh holida tepkilangan Behruz Atajonov ichki ishlar tarqatgan bayonotda yozilganidek «engil jarohat» olgan emas. 

«Ko‘rsangiz, yuziga qarab bo‘lmaydi. Behruz nima bo‘lganini eslay olmaydi ham. Miyasi chayqalgan. O‘zi yura olmaydi, bir ko‘zi umuman yopilib qolgan,» dedi Eltuz mobil muxbiri. 

Eltuz uydagi gapni ham, ko‘chadagi gapni ham ko‘chaga olib chiqadi. Kanalimizga obuna bo‘ling.

Tag‘in o‘qing
18 dekabr 2015
New York Times gazetasi O‘zbekiston prezidentining qizi Lola Tillaeva Karimova Los Anjelosda to‘rtta qasr sotib olganligini yozdi. Eltuz.com
19 aprel 2016
«Huquq» gazetasi qo‘shni davlatlarga kelin bo‘lib tushib, bugun chegaradan o‘tishdagi qiyinchiliklar bois yurtidagi qarindosh-urug‘lari bilan bordi-keldi qilish muammosiga duch ...
18 aprel 2017
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Samarqand viloyatiga borganida Bulung‘ur va Nurobod tumanlari hokimlari, tuman prokurorlari, tuman davlat soliq inspektsiyasi rahbarlari ...
28 dekabr 2020
O‘zbekistonda mahkumlar mehnati sharafiga qo‘yilgan yodgorlikni buzishdi. Taassufki, u faqat bir necha kungina turdi, “oq paltoli” ziyolilar va “ma'naviyatli” ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...