Asosiy mavzular
20 iyun 2024

Ta'tildagi «ma'naviyatchilar» Farg‘onada yig‘ilishga majburlanmoqda

Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari Sherzod Rahimov imzosi bilan bugun viloyatdagi barcha tuman-shaharlarga quyidagi mazmunda xat chiqarilgan.

“2024 yil 19 iyun kuni soat 15:30 da Farg‘ona shahridagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Farg‘ona filialining majlislar zalida, hududlarda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirishga daxldor bo‘lgan ma'naviy-ma'rifiy soha vakillarining faoliyatini takomillashtirish, Davlat rahbarining muborak Qurbon hayiti munosabati bilan yurtdoshlarimizga yo‘llagan tabrigi hamda yurtimizdan muborak Haj safariga borgan hojilarga yo‘llagan murojaatida belgilangan vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkaziladi”.

Unda taklif etiluvchilar ro‘yxati ham keltirilgan.

Bu xat yig‘ilishga 20 daqiqa qolganda viloyatning barcha tuman, shaharlarining maktab guruhlariga tashlab berilgan.

Xat bilan birga bu topshiriqni bajarishga mas'ulning izohi ham kelgan. Ya'ni, topshiriqni bajaruvchi mas'ul hamma “ma'naviyatchi”lar 15:30 da tuman xalq ta'limi bo‘limiga yetib kelishi zarurligini qayd etgan.  

«Men mehnat ta'tilidaman, ammo kunda kunora qandaydir topshiriqlar bilan goh maktabga, goh “Rayonoga” chaqirib turishibdi. Rahbarlarning ko‘ziga yomon ko‘rinmaslik uchun, garchi qonuniy haqqim bo‘lsada ta'tilda ham ularning topshirig‘ini bajarishga majburman. Agar ular berilgan topshiriqni menga o‘xshaganlarga bajartira olmasalar, albatta o‘zlaridan katta lavozimdagi amaldordan gap eshitishadi. Shuning uchun ularni ham to‘g‘ri tushunaman», – deydi “ma'naviyatchi”lardan biri.

«Menga bu xabar 15:20 da keldi. Uyim tuman markazidan 17 kilometr uzoqlikda. Ana-mana deb yuz qo‘limni yuvib, kiyinib yo‘lga chiqqunimcha yarim soatdan ko‘p vaqt ketadi, hozir adashmasam kunning eng isigan payti. Quyosh yondiraman deb yotibdi. Bu issiqda “Damas”chilar ham yurmaydi. Mashina kutib, omadim kelib birorta mashinaga ilinib olsam ham tuman markaziga yarim soatda yetib boraman. Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, har qancha harakat qilsam ham yig‘ilishga baribir 15:30 da yetib bora olmayman. Kech qolib bo‘lsa ham borish kerak. Noiloj taksi chaqiraman. Unga ham kamida 20-30 ming so‘m xarajat qilaman. Olgan oyligim va ta'til pulini esa ishlatib bo‘lganman. Ro‘zg‘or uchun ozgina orttirib qo‘yganim esa hisobli. Biz yig‘ilishga borganimiz uchun Rayono yoki viloyat hokimligi yo‘lkiralarimizni to‘lab bermaydi», – deydi yana bir direktor o‘rinbosari.

Garchi o‘qituvchilar majburiy mehnatdan ozod qilindi, ular paxta termayapti, pilla yetishtirmayapti, yagana va chopiqqa chiqmayapti, deb maqtanilayotgan bo‘lsa ham, majburiy mehnatning boshqa ko‘rinishlari hali ham ta'lim tizimida saqlanib qolmoqda.

Sizningcha, maktab direktorlari o‘rinbosarlarining ta'tilda ham yig‘ilish va turli topshiriqlar bilan qiynash majburiy mehnat emasmi? deya kuyinadi farg‘onalik yana bir o‘qituvchi.  

O‘qituvchilar va “zamdirektorlar” o‘z ismi familiyasi va tumani, maktabini ko‘rsatuvda aytishimizni istashmadi. To‘g‘rirog‘i, keyin bosim bo‘lishidan qo‘rqishdi. Eltuz O‘zbekistondagi majburiy ko‘rinishlariga oid xolatlarni yoritishda davom etadi. Videolarimizga layk bosing. Kanalimizga obuna bo‘ling.

Tag‘in o‘qing
14 fevral 2022
Bu hikoya Qoraqalpog‘istondagi turkman qishlog‘ida tug‘ilgan jamoatchilik faoli va bloger Jumasafar Dadaboev haqida. 2016 yilda, hali u jamoatchilik faoliyati ...
19 yanvar 2016
«Devona farishta», «Qo‘rg‘oshin» va «Jodugar» filmlarida o‘ynab tanilgan artist Otabek Musaev «O‘zbekkino» Milliy agentligi raisi etib tayinlandi. Bu haqda ...
2 dekabr 2016
Ayrim viloyat gazetalari ehtiyotkorlik bilan imkon qadar dadillikka qo‘l urayotganga o‘xshaydi. Samarqandda chop etiladigan «Zarafshon» gazetasining internetdagi sahifasida bu ...
2 fevral 2021
«Eltuz» shoir va muxolifatchi Muhammad Solihning yangi badiiy asari, falsafiy esse formatida yozilgan – «Imperativ» kitobining audioversiyasini taqdim qiladi. ...
Bloglar
28 may 2024
Men millatchi emasman! Lekin qaytadan ta'mirlatilgan va Toshkent shahrining sobiq hokimi J. Ortiqxo‘jaev tomonidan Pasxaga ...
11 may 2024
1944 yilning 11 mayida Stalin barcha qrim tatarlarini Qrimdan surgun qilish haqidagi mash'um qarorni imzoladi. ...
6 may 2024
Hayrli kun! Urganch shahrida yashayman. Bugun quyidagi voqea yuz berdi: men avtobusda telefonda gaplashib turgandim. ...