Klaster va hokim birlashib fermerni o‘ldirdi – AOKA esa oyni etak bilan yopmoqchi
Chust tumanida bug‘doy yetishtirish bilan shug‘ullangan fermer Alimardon Tumorov hokim va klaster bosimini ko‘tara olmasdan yurak hurujidan vafot etdi.
Chust tumani hokimi fermer Alimardon Tumorovga bosim o‘tkazib, yetishtirgan bug‘doy hosilini Art Soft MChJ klasteriga topshirishga majburlagan. Art Soft klasteri to‘lovlarni juda kechikib amalga oshiradi, shu sababdan fermer ushbu klasterga hosilni berishdan bosh tortgan. Bu haqida fermer bir necha hafta oldin videomurojaat bilan chiqqan – murojaat Kun.uz nashrida e'lon qilingan.
Endigina 45 yoshga kirgan fermer Alimardon Tumorov 3 iyul kuni yurak huruji natijasida vafot etdi.
“Uzbek forum” faollaridan biri Kun.uz e'lon qilgan videomurojaat havolasini X (tvitter) ijtimoiy tarmog‘ida bo‘lishdi. (O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi qoshidagi) O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi esa tvitterdan ushbu videoni o‘chirishni talab qilib, bu qonunchilikka zid axborot ekanini bildirgan. O‘zbekiston OAVida e'lon qilingan murojaatni tarqatish qanday qonun, qaysi qonunchilikka zid ekani aytilmagan. Zotan video lavha Kun.uz da e'lon qilingan, Uzbek forumning eksklyuziv materiali emas.
O‘limidan oldin yo‘llagan videomurojaatida fermer Alimardon Tumorov yer solig‘i, suv solig‘i, daromad uchun alohida soliq to‘lashini, ishchilarga oylik sifatida bug‘doy berishni va'da qilganini aytadi. Videoda ishchilar fermer yonida turgan, fermer shu ishchilarga mo‘ljallangan bug‘doyni Art Soft tortib olayotgani haqida arz qiladi. Fermerning yuragi bu nohaqlikni ko‘tara olmadi.
Fermer o‘z hosilini, ishchilari haqini saqlab qolish uchun yordam so‘ragan, jon talashayotgan bir paytda O‘zbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (xuddi qilarga boshqa ishi yo‘qdek) San Frantsiskodagi Tvitter bosh ofisiga maktub yo‘llab videoni o‘chirishni talab qildi.
Eltuz O‘zbekistonda fermerlarga bo‘layotgan bosimlarga oid voqealarni yoritishda davom etadi. Kanalimizga obuna bo‘ling, videolarimizga layk qoldiring. Agar kanaldagi ayrim yopiq videolarni ko‘rmoqchi bo‘lsangiz super raxmat, super spasibo tugmachasini bosib bizni qo‘llang.