Asosiy mavzular
22 iyul 2024

O‘zMTRK – korruptsiya qurboniga aylangan propaganda quroli

Eltuz O‘zMTRKning inqirozi, korruptsiyaga botgan kanal direktorlari haqida bir necha bor xabar berdi. Ahvol o‘nglanmadi – televidenie Abdurashid Jo‘raboev raisligida cho‘kishda davom etmoqda. Bu haqida mamlakatning eng nufuzli telekanali “O‘zbekiston 24” xodimi ma'lum qildi.

Teleradiokompaniyaning eng “erka” kanali “O‘zbekiston 24”da oyliklar keskin kamaydi. Telekanal xodimlarining aksariyati maoshni yarim oyga yetkazolmasdan kirakashlik qilishga majbur.

Telekanaldagi ayrim mutaxassislar turli vazirliklarning matbuot kotibi bo‘lib ham ishlaydi. Masalan, Qurilish vazirligi matbuot kotibi Saidnosir Usmonov, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi axborot xizmati rahbari Jamoliddin Qalandarovning asosiy ishi televidenieda o‘z vazirligini maqtab, vazirlikni Prezidentga ko‘z-ko‘z qilishdan iborat.

O‘zMTRKning “Sport”, “Yoshlar”, “Mahalla” telekanalida bo‘lgani kabi “O‘zbekiston-24” telekanalida ham o‘lpon tizimi, ya'ni rahbarga soliq to‘lab ishlash avj olgan.

Telekanal direktoriga “otkat” berib ishlovchilar boshqalardan 3-4 barobar ko‘p oylik olishadi. Kanal direktorining o‘rinbosari Madamin hoji Safarovga yaqin boshlovchi ayollar D.E. va H.B., shuningdek, Shunqor Choriev hamda Sherzod Ro‘zievlar mana shu turkumga mansub.

O‘zbekiston 24 telekanalida jurnalistlar bilan bir qatorda texnik xodimlarning maoshi ham tushib ketdi – kanalning video injenerlari (montajchilar) e'tiroz bildirib ish tashlashini ma'lum qilishdi.

Shundan so‘ng Madamin hoji Safarov ularning maoshini yanada pasaytirib “erkak bo‘lsalaring gapingda turib ishdan bo‘shalaring” dedi. Video injenerlarning ko‘pi ishdan bo‘shadi.

Bugungi kunda telekanalda montajchilar yetishmayotganligi bois Televidenie va radio kollejida o‘qib, amaliyot o‘tash uchun kelayotgan o‘quvchilar montaj ishlariga jalb qilinyapti.

Faqat Prezident faoliyati bilan bog‘liq ko‘rsatuvlar tayyorlash jarayoniga yaxshi e'tibor qaratiladi. Resurs yetmay qolsa, tepadan buyruq bilan xususiy telekanallar (MY5, ZO‘R TV, UzReport) xodimlari va texnikalari jalb qilinadi.

Chunki Prezident bilan bog‘liq telemahsulot sifatsiz chiqsa, bunga avvalo rahbariyat javobgar bo‘ladi.

“O‘zbekiston 24” jiddiy axborot kanali – mamlakatning tashrif qog‘ozi bo‘lishi kerak. Biroq montajchilar – havaskor talabalar, boshqa mutaxassislar sariq chaqa oylik uchun nomiga ishlab yuribdi.
Telekanallar telemarkazdan texnika ijaraga oladi – bu eng katta o‘g‘rilik. Shu kameralar, kompyuterlarni televideniedan boshqa hech qaysi tashkilot ishlatmaydi axir.
Har bir kanalda o‘z texnikasini sotib olishga shart-sharoit bor. Lekin davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘ni aynan texnika ijarasiga deb “otkat” qilish qulayroq. MTRK katta va mayda korruptsiyaning qurboni bo‘lib, ichdan chiriyapti.

Eltuz MTRK atrofidagi xabar va murojaatlarni tahlil qilib, yoritishda davom etadi.

Eltuz tayyorlagan videolavha bilan tanishing.

Tag‘in o‘qing
29 avgust 2016
«XXI asr» gazetasida (25.08.2016) O‘zLiDeP partiyasi Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisining «istiqlol bergan ulkan imkoniyatlar, erishilgan bemisl yutuqlar»ga bag‘ishlangan ...
6 dekabr 2018
2018 yilning 4 dekabr kuni Toshkent shahri sudida bo‘lib o‘tgan apellyatsiya mahkamasida ayblanuvchi Shahnoza Boyqunusova mahkamaga O‘zbekiston ichki ishlar ...
20 mart 2016
Ekipaj a'zolarining barchasi BAA fuqarolari bo‘lgani, shuningdek, yo‘lovchilardan 5 nafari xorijlik ekani aytilmoqda. Xabar qilinishicha, yo‘lovchilarning 2 nafari ukrainalik, ...
22 iyun 2020
Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida 15 iyun kuni ochilgan “Oq kema” bolalar oromgohi O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi byudjeti, ya'ni ishchi-xizmatchilar kasaba ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...