Asosiy mavzular
7 avgust 2024

Urganchda Kolizey qurgan tadbirkor «semirtirib so‘yilmoqda»

Bugungi hikoyamiz O‘zbekistondagi korruptsiya va reyderlikning navbatdagi qurboni, Urganchdagi «Kolizey Xauz» shirkati egasi Sarvar Amonov faoliyati bilan bog‘liq mojaroga oid. Uning Eltuzga yuborgan videolari, audio va hujjatlaridan ma'lum bo‘lishicha, tadbirkorning Urganch markazida qurgan ko‘p qavatli uyi davlat yo‘l idorasi mulozimi Anvar Ro‘zmetov tomonidan tortib olinmoqda.

Davlat amaldorlarining tadbirkorlar ishiga aralashib “dolya” olishi. Korruptsiya, nepotizm, bo‘la bo‘l kompaniyabozlik, manfaatlar to‘qnashuvi. Bularning bari yaqinda ishdan olingan qurilish vaziri Botir Zokirov davrida ko‘zga tashlangan va hanuz yechimini topmagan muammolar kontsentrati. 2019 yilda Qurilish vaziri bo‘lgan Botir Zokirov 5 yillik faoliyatida sohani o‘zgartira olmadi. Tizimda korruptsion holat yaxshi tomonga o‘zgarmadi. Amaldor va qurilish shirkatlari  o‘rtasidagi manfaatlar to‘qnashuvi ham shundayligicha qoldi. Qonun taqiqlashiga qaramay, mahalliy mulozimlar uy qurish bilan bog‘liq biznesga kirib, tadbirkorlarni qon qaqshatmoqda. 

Buni bugun ko‘p qavatli uy qurib bo‘lgach ertakdagiday teshik tog‘ora oldida qolgan  va mahalliy mulozim ochko‘zligi bois zarar ko‘rgan urganchlik quruvchi Sarvarbek Amonov dardi hasratidan bilib olamiz.

Ëzning so‘ngi oyida Urganch markaziga yig‘ilgan bir guruh odamlar o‘z noroziligini bildirmoqda. Shu kunlarda dod voy bilan odamni hayratga solish qiyin. Barchaning dardi o‘ziga yetadi. Ammo bu odamlarnimng dardi xasrati sizni hushyor torttiradi. Bular uyga pul to‘lab mulkini ololmaganlardir. Uy o‘ta qimmat narsa. Odamning bir umr topgan tutkani uyga harj bo‘ladi. Pulini to‘lab uyini ololmaslik esa katta muammo.

Mana ko‘rib turganingizday uy bitgan. Unda qanday muammo bor? Gap shundaki hukumat dasturiga kirgan deya bo‘la-bo‘l qilib tadbirkorni uy qurishga undashgan. Tadbirkor, bor budini sotib, qolganiga kredit olib mulkini garovga qo‘yib, bu uyni bitkazgan. Shundan keyin “yo‘l idorada ishlaydigan” mulozim o‘rtadan chiqib tadbirkorning qo‘lidagi mulkni olib qo‘ymoqchi bo‘lyapti. Gap Urganch shahar yo‘l qurilish idorasi rahbari Anvar Ro‘zmetov haqida. Quruvchi tadbirkorning mulkini olib qo‘ymoqchi bo‘lgan tolonchi davlat mulozimi bo‘lib ishlaydi. 

Qassoblar tilida buni semirtirib so‘yish deyiladi. Tadbirkor Sarvar Amonov butun sarvatini sarflab qurgan uyini korruptsioner amaldorga shunchaki berib qo‘ymoqchi emas.

Qodiriyning Mehrobdan chayon romanida Anvar degan obraz bor. Haq adolat uchun kurashishga jonini tikkan, xon saroyida mulozim bo‘lsa ham fuqaroning bir tiyiniga qaramagan pokdomon ijobiy obraz.  Yangi O‘zbekistondagi mulozim anvarlar esa tadbirkorni qaqshatishni o‘ylaydi xolos. Qonun bo‘yicha mulozim tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi mumkin emas. Lekin amalda, ayniqsa qurilish soxasida buning teskarisini ko‘ramiz. Qonun izn bermasa ham tadbirkorlik bilan xar xil sxemalar asosida shug‘ullanayotgan mulozimning oti Anvar Ro‘zmetov.  Urganch shahri va atrofidagi yo‘llarning o‘ydim chuqurini tuzatish vazifasi bo‘lgan bu yoshulli davlat ishini bir chetta surib quruvchi qurgan uyni tortib olish bilan band. 

Rasm o‘qituvchim qora rang ichida yana ham qoraroq ton bo‘ladi deb o‘rgatgan edi.  Yangi O‘zbekistonning qurilish soxasi qop qora rangli kvadrat. Lekin bu soxaning eng qora nuqtasi Xorazm viloyatida. Urganchning Ashxobod ko‘chasidaga qo‘zg‘olon ham uy joy muammosidan chiqqandi. 

Shu kunlarda  Urganchda Kolizey_House bilan bog‘liq muammolar uchquni chiqdi.  Uchqundan alanga chiqishini maktabda fizika o‘qimay cho‘pchak eshitib ulg‘aygan yoshullilar biladimi?  

So‘z navbati O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripovga. Abdulla Nig‘matovich uy joy bilan bog‘liq mojarolar butun O‘zbekiston bo‘ylab rak kasal o‘simtasi kabi tomir yoygan. Lekin uy joy bilan bog‘liq muammo Urganchda qanday oqibatlarga olib kelishini siz yaqin tarixdan yaxshi bilasiz. Urganchning Ashxobod ko‘chasidagi uy joy bilan bog‘liq g‘alayonlarni eslang. Bu jiddiy signal. Marhamat qilib korruptsioner mulozimlaringizning ishtaxasini tiyib qo‘ying. O‘zbekiston prezidentining  joriy yil 31 yanvar kungi  uy-joy, qurilish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida aytilgan so‘zlar u qulog‘ingizdan kirib bu qulog‘ingizdan chiqib ketkan bo‘lsa yana eslatib qo‘ya olamiz. 

Biz bu lavha qaxramoni quruvchi tadbirkor  Sarvar Amonovni yagona mazlum bechora deyishdan yiroqmiz. Qonunlarni aylanib o‘tib «rashalo mulozimlar» tirgagida muammo yechishga moyillik bu tadbirkorga ham yot emas. Eltuz muammo to‘rtburchagidagi boshqa personajlarga ham minbar berishga tayyor.

Xozircha xayr. Kanalga obuna bo‘ling, koment qoldiring, boshqalarga ham ulashing. Super raxmat tugmachasini bosib kanalni qo‘llab quvvatlang. Eltuz uydagi gapni ko‘chaga chiqaradi. Zero davogar sust bo‘lsa qozi muttaxam bo‘ladi. 

Tag‘in o‘qing
1 iyun 2016
25 may kuni Toshkentda 15 yashar bola boshqargan Nexianing militsiya mashinasiga urilishi oqibatida bir ichki ishlar xodimining halok bo‘ldi. ...
6 mart 2018
Sorri, albatta, biroq men progressiv Prezidentimizning kechagi farmonini tushunmadim. Nimaga to‘y industriyasini buzish kerak? Hozir to‘y an'analaridan, ayniqsa badavlat ...
2 sentyabr 2019
«Aka, men ularni oqlamoqchi emasman, unday niyatim ham yo‘q. Men ularning odam ajratishiga ishonqiramay turgandim, xolos. Agar haqiqatan ham ...
7 fevral 2023
Bu odamni etini jimirlatgan dahshatli o‘g‘irlik 2 fevraldan 3 fevralga o‘tar kechasi Vobkentning Xalach qishlog‘ida sodir bo‘ldi.  Qop qora ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...