Asosiy mavzular
10 sentyabr 2024

Rossiya mudofaasi izdan chiqdi, Yulduzning kontserti bekor qilindi – 600’67

Voronejda harbiy ombor portladi, Ryazanda saylov komissiyasi a'zosi xojatxona teshigiga tushib ketdi, Irkutskda toza suvga bag‘ishlangan festivalda kanalizatsiya yorilib sassiq oqava daryoga oqizildi,  Kievda Ukraina harbiy salohiyatini ulug‘lovchi yangi ko‘rgazma ochildi, Nyu Yorkda esa Yulduz Usmonova kontserti bekor qilindi va bu 600 SEKUND

Ukraina harbiy kuchlari Rossiyaning Kursk viloyati hududlarini egallashda davom etmoqda. Harbiy kuchlar Sudja-Kursk, Sudja-Lgov, Sudja-Rыlsk trassalari bo‘ylab harakatlanmoqda. Ukraina tomonining bayonotiga ko‘ra, harbiylar avgust oyi oxiriga kelib hududdagi 100 ta aholi yashash punktlarini egallashga muvaffaq bo‘lgan. Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Berns Financial Times gazetasiga intervyu berib, Ukraina harbiy kuchlari taktik muvaffaqiyat qozonayotganini ta'kidladi. Berns fikriga ko‘ra, ushbu hujum Rossiya mudofaasi zaifligini yana bir bor tasdiqladi.

+++

Voronej viloyatidagi harbiy zahiralar omboridagi portlash natijasida o‘q dorilar detonatsiyasi davom etmoqda. Yo‘q qilingan Rossiya zahirasidagi qurollar orasida jumladan Shimoliy Koreyadan keltirilgan raketalar ham bor. Yo‘q qilingan qurollar KN-23 ballistik raketalari bo‘lishi mumkin. Qurol aslaha ombori joylashgan Soldatskoe qishlog‘i aholisi evakuatsiya qilinib, bu hududda favqulotda holat e'lon etildi. Ayni paytda Voronej viloyati dronlar hujumiga tutilmoqda. Dron qoldiqlari 7 sentyabr kuni harbiy omborga tushgach yong‘in chiqqan. Ukraina mudofaasining bayon qilishicha hujumdan maqsad Rossiyaga Shimoliy Koreya bergan raketalarni yo‘q qilish bo‘lgan.

+++

5 sentyabr kuni Kursk mudofaasi uchun jo‘natilgan Rossiya harbiy mashinasi ag‘darilib ketdi. Kamaz haydovchisi boshqaruvni uddalay olmasdan beton to‘singa borib urilgani aytilmoqda. Natijada 80-chi rusumli Tank-80 ag‘darilib ketgan. Mashina haydovchisi voqea joyida o‘lgan. Yana bir ekipaj a'zosi og‘ir jarohatlangan.

+++

Eron Rossiyaga 200 dona ballistik raketa jo‘natdi. CNN va Wall street journal nashrlari bu raketalar 112 kilometr masofaga uchuvchi Fath-300 modeli ekanini ta'kidlamoqda.

+++

Rossiya harbiy kuchlari Donetsk viloyatidagi Konstantinovka shahriga hujum qildi. To‘rt kishi qurbon bo‘lgani va uch kishi jarohatlangani xabar qilinmoqda.

+++

6 sntyabr kuni Ukrainadagi ikkinchi jahon urushi tarixi muzeyida yangi ko‘rgazma ish boshladi. Ushbu ko‘rgazma Ukraina harbiy kuchlarining Rossiyadagi Kursk viloyatiga kirib borishini aks ettiradi.

+++

Hisob-kitoblarga ko‘ra, AQSh prezidenti Jo Bayden prezidentlik davrining 40 foizini ta'tilda o‘tkazgan. Hozirga qadar Bayden 1330 kun prezidentlik qilgan. Shundan 532 kuni mehnat ta'tilida o‘tgan.

+++

Dunyo bo‘ylab Iks (X) ijtimoiy tarmog‘I foydalanuvchilari tizimdagi xatoliklar haqida shikoyat qilishdi. Biroq nosozlik sababi aniqlanmadi.

+++

Rossiya saylov komissiyasi a'zosi tarmoqda ukraincha qo‘shiqlar ulashgani uchun qamaldi. Kuch ishlatar tizim vakillari saylovga 5 kun qolganda uning uyiga kelishgan. Saylov komissiyasi a'zosi Aleksandr Nesterenko Bauman nomidagi MGTUda dars beradi. Aleksandr Nesterenko Vkontakte tarmog‘ida uchta ukraincha qo‘shiq klipini bo‘lishgani uchun milliy adovat qo‘zg‘ashda ayblanmoqda.

+++

Rossiya Ukrainaning Sumi va Nikolaev shaharlariga zarba berdi. Sumida bir kishi halok bo‘lgan. Nikolaevda esa ko‘plab odamlar hujumga uchragan mehmonxona vayronalari ostida qoldi.

+++

Rossiyalik Rep ijrochisi Alisher Morgenshtern ustidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. U xorijiy agent vazifalarini bajarmaganlikda ayblanmoqda.

+++

“Rossiya veteranlari” jamiyati a'zolari prezidentning bola huquqlari bo‘yicha mas'uli Mariya Lvova Belovaga murojaat qilib, Alla Pugacheva va Maksim Galkin bolalarini himoya qilishni so‘rab chiqishdi. Liza va Garri Galkinlar Rossiya fuqarolari, ular an'anaviy qadriyatlar va oilaparvarlik ruhida tarbiyalanishi kerak. Ularning tarbiyasi Rossiya standartlariga javob berishi lozim. Shuning uchun Garri va Liza Galkinlarning huquqini himoya qilishingizni so‘raymiz, deyiladi murojaatda.

+++

Ryazan viloyatida ko‘cha hojatxonasidan foydalanayotgan saylov komissiyasi a'zosi hojatxona chuquriga tushib ketdi. Hojatxona butkasi prezident saylovidan keyin qurilgan Agro-Pustыr tibbiyot punktiga qarashli. Saylov komissiyasi a'zosi buzilgan hojatxona chuquridan chiqarib olindi.

+++

Rossiyada ruhiy kasalliklarni elektroshok bilan davolashga qaror qilishdi. 2025 yil 1 yanvardan boshlab kasallarni davolashda elektroshok terapiyasi qo‘llaniladi. Sobiq ittifoq davrida ushbu terapiya mahkumlarni jazolash uchun qo‘llanilgan.

+++

Rossiyaning Irkutsk viloyatida “Toza suv saodati” nomli festival o‘tkazildi. Festival davomida avariya yuz berdi, kanalizatsiya trubalari yorilib axlat chiqindilar Baykaldan oqib keluvchi yagona daryo Angara suvlariga to‘kildi. Daryo sohili qo‘lansa hid bilan qoplandi. Rossiya hukumati “Toza suv saodati” degan sayyohlik brendini yaratish uchun 2023 yilda 250 million rubl sarflagan. Shahar kanalizatsiyasi ta'miriga qancha mablag‘ ajratilgani noma'lum.

+++

Rossiya ukrain askarlarini o‘qqa tutgani bois Ukrainada tutqunda bo‘lgan rossiyalik harbiylarning oilasiga qo‘ng‘iroq qilishi taqiqlandi.

+++

Xorazmlik fuqaro Matyoqubov Oybek Otaboevich Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan «Barkamol Qorako‘l» MChJda ishlab kelib ishxonadan katta miqdorda alyumin o‘g‘irladi. Matyoqubov Oybek 2023 yil 17 dekabr kuni umumiy qiymati 17 million so‘m bo‘lgan quyma alyuminni Labo moshinasiga yuklab chiqarib yuborgan. Xuddi shu kunning o‘zida u umumiy qiymati 10 million so‘m bo‘lgan quyma alyuminni Kobaltga yuklab o‘g‘irlagan. O‘g‘ri bu xom ashyoni Chilonzor tumanidagi metal qabul qilish bazasiga sotib yuborgach? Xorazm viloyatiga qaytib ketgan. «Barkamol Qorako‘l» MChJ direktori murojaati bilan Matyoqubov Oybek ustidan jinoiy ish ochildi. 14 avgust kuni o‘g‘ri ustidan Zangiota tuman sudi hukm o‘qidi. Matyoqubov Oybekka 27 million so‘m zararni qoplab berish majburiyati yuklanib, 4 yil, 8 oy, 8 kun muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

+++

To‘rtko‘l tumani Yonboshqal'a ovulida yashovchi aholi avto yo‘lni o‘z hisobidan hashar qilib ta'mirlamoqda. Yonboshqal'a ovulini To‘rtko‘l shahri bilan bog‘lovchi yo‘l o‘nqir-cho‘nqir bo‘lib ketgan. Yog‘ingarchilik vaqtida bu yo‘llarda yurish yanayam qiyinlashadi. Mutasaddilardan yillar davomida biror harakat bo‘lmagach? xalq o‘zi harakatga tushdi. Yoshu-qari soliq to‘lovchilar o‘nqir-cho‘nqirlarni ta'mirladi.

+++

Toshkentda o‘tkazilgan «Macan» va «Xcho» konsertida ommaviy tartibsizliklar yuzaga keldi. Xavfsizlik choralariga qaramay, muxlislar sahnaga yaqinlashish uchun ommaviy ravishda panjaralarni buzib kirishdi.

+++

Yulduz Usmonovaning Nyu-Yorkda 14-sentyabr kungi kontserti Amerikadagi yahudiy diasporasining noroziligi ortidan bekor qilindi.

+++

Shov-shuvlar bilan yangi lavozimga kelgan, axloqsiz harakatlari sababli tanilgan sobiq Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullaev yangi tayinlangan lavozimidan olib tashlandi. Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov shahar hokimi G‘ofur Abdurahmonovning ushbu o‘ylamasdan qabul qilingan qarorini bekor qildi. Eltuzga yaqin manbalarning aytishicha, uning lavozimidan olib tashlanganligi haqidagi xabarni yana ommaga ma'lum qilib, viloyatni obro‘sizlantirmaslik buyurilgan. Sobiq hokimning lavozimga kelishini shohona tarzda yoritgan mahalliy saytlar lavozimdan olib tashlangani haqida yozishmadi.

+++

Samarqand shahri Maysazor mahallasida yashovchi fuqaro Samandarov Bahriddin Ablaqulovich o‘z uyida nasha yetishtirgani sabab qo‘lga olindi. Samandarov Bahriddin hovlisidagi temir devor atrofidagi unumdor yerda bir tup nasha o‘stirgan. Tintuv jarayonida hovlidagi hali qurilishi tugallanmagan oshxonadan ikki qutida og‘irligi 200 gramdan ortiq nasha va elektron tarozi topildi. Shuningdek, fuqaro uyida gul tuvaklarda kannabis yetishtirgani aniqlandi. Sud jarayonida Samandarov Bahriddin bu o‘simlikni shaxsiy iste'mol uchun o‘stirganini ta'kidladi. Biroq uydan topilgan elektron tarozi va qutilarda sotishga tayyor qadoqlangan nasha fuqaroning narkotik moddasi savdosi bilan shug‘ullanadi deb xulosa qilishga asos bo‘ldi. Samarqand shahar sudi Samandarov Bahriddin Ablaqulovichni 3 yil 8 oyga ozodlikdan mahrum qildi.

Bu 600 sekund edi. Ayni paytga kelib Eltuzning yutub kanalidagi obunachilari soni 675 mingdan oshdi. Yonginangizda yuz bergan ammo siz bilmagan voqealardan xabar topmoqchi bo‘lsangiz Eltuzga obuna bo‘ling. Agar kanalimizni qo‘llab quvvatlamoqchi bo‘lsangiz, superchat, superstiker va super raxmat tugmachalarini bosing,  sog‘ bo‘ling.

Tag‘in o‘qing
11 mart 2019
Farg‘ona viloyatining Bag‘dod tumanidagi 16-o‘rta maktabning 8-sinf o‘quvchisi 7 mart kuni chaqaloqli bo‘ldi. Bu maktab tumandagi Karimbobo qishlog‘ida joylashgan. ...
13 avgust 2019
Taniqli janob Allamjonov rahbarlik qiladigan O‘zbekiston Prezidenti ma'muriyati huzuridgi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tag‘in ayblovlar bilan «Ozodlik»ka xuruj ...
14 oktyabr 2022
O‘zbekistonda birinchi zamonaviy kasaba uyushmasi bir yil avval tashkil etilgan bo‘lsa-da, u duch kelgan muammolar mehnat huquqlari qanchalik keng ...
25 avgust 2018
14 avgust kuni Xonqa tumanining Qoraqosh qishlog‘idagi Yangiariq tumaniga o‘tuvchi ko‘prikning bir qismi qulab tushgan. Yuk mashinasi haydovchisi shifoxonada. ...
Bloglar
22 sentyabr 2024
Vokal va vizual undan oldingi jiguli qo‘shig‘ining siyqa takrori xolos. Qo‘shiq melodiyasi kavkaz diskotekalridagi «Shiki ...
9 sentyabr 2024
Yaqinda miyani o‘rganish bo‘yicha yirik mutaxassis Tatyana Chernigovskaya ma'ruzasida ayollar bir paytning o‘zida hamma narsaga ...
10 avgust 2024
O‘zbekistonda bir arvoh kezib yuribdi. Bu Karimov arvohi. O‘zbekiston Karimov davridagi paranoyaga qaytib matbuotdagi «arvox» ...