Asosiy mavzular
8 oktyabr 2024

O‘zbek hukumatining ipak yolg‘oni

Ipak tolasi o‘ta nozik bo‘lsa ham nihoyatda pishiq bo‘ladi. Uncha-munchaga uzilavermaydi. Ammo ipak hali tolasi olinmay pilla holatida ichidan teshilsa, foydasi yo‘q chiqindiga aylanadi. O‘zbek pilla sanoati ham tashqaridan butun ko‘ringani bilan ichini yolg‘onlar teshgan keraksiz pufakdir, xolos.

Korruptsiya, yolg‘on hisobot, qo‘shib yozish (pripiska) va byudjetdan sohaga ajratilgan pulni va yerni o‘marish sxemasi, majburiy mehnat o‘zbek pilla sanoatini ichidan teshib yotgan qurt.

Eltuz muxbiri pilla sanoati tepasida turgan va ishdan ajralishidan qo‘rqib ismsiz suhbatlashgan klaster korchalon fikrlari va yuzlab fermerlarning sohaga oid diydiyolari asosida bu maqolani yozdi.

Pripiska (Qo‘shib yozish)

O‘zbekistonda pripiskaning kamida 50 yillik tarixi bor. Sovet davrida yo‘q paxtani bor deb qo‘shib yozib orden olish O‘zbekistonda ildiz otgan edi. Yangi O‘zbekistonning pilla sanoati korchalonlari ana shu eski uslubda qo‘shib yozish bilan obdon shug‘ullanmoqda.

Xuddi sovet davridagi kabi yangi O‘zbekistonda pilla yetishtirishga davlat rejasi ya'ni plan joriy qilingan. Yillik plan viloyat va tumanlarga bo‘lib beriladi va Uzbekipaksanoat tarkibidagi bo‘lgan Agropilla korxonasi pilla planini bajarishiga mas'ul.

Bu plan bajarilishidan qat'iy nazar pillani qayta ishlash korxonalari (klasterlar) planda ko‘rsatilgan pilla eksportidan tushadigan muhtamal pulning ikki foizi miqdoridagi o‘lponni O‘zbekipaksanoat uyushmasiga to‘lab berishga majbur. Pilla asosan Xitoyga eksport qilinadi.

Bir tuman misolida vaziyat tahlili

Arxeolog qadimchilar bir parcha sopol sinig‘iga qarab butun bir ko‘za haqida ma'lumot bera oladi. Biz ham o‘zbek hukumatining pilla yolg‘onini Andijondagi bitta tuman misolida tahlil qilsak.

Andijonning Asaka tumanida pillaga davlat plani 315 tonnani tashkil qiladi. Bu degani tumandagi fermer yoki chakana qurtboqarlar 315 tonna pillani klasterga topshiradi degani. Lekin bu tuman yaralganidan beri bu miqdorda pilla to‘planmagan va to‘plashni iloji ham yo‘q. Masalan, bu yil ayni tumanda faqat 44 tonna pilla yetishtirildi. Lekin klaster har xil soxta shartnomalar asosida 315 tonna ipakni eksport qilgani haqida qog‘oz to‘ldiradi. Ya'ni 270 tonna yo‘q pillani bor deb, pripiska qilinadi. Qo‘shib yozildi. Bu ko‘zbo‘yamachilikdan klaster katta zarar ko‘rdi, lekin “O‘zbekipaksanoat” uyushmasiga 315 tonna hisobidan badal to‘ladi.

315 tonna pilla (ipak tolasi)dan kelgan daromad bir yarim million dollar deb hisoblanib, shuning ikki foizi uyushma karmonidan joy oladi. Bu holatda klaster kamida 100 ming dollar zarar qildi.

Ikki foizlik o‘lpon

Kamida 40 mulozim bemalol ishlab yotgan “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi bu ikki foizlik o‘lponni keng shim kissasiga solib, o‘zi xon ko‘lankasi maydon bo‘lib yurdi. 2023 yilda ishdan olingan uyushma raisi Baxrom Sharipov klasterchilardan banklardan kredit olib grenzavod va pillani qayta ishlash fabrikalari qurishni asossiz talab qilgan.

Yilda bor-yo‘g‘i bir yarim-ikki oy ishlab qolgan paytda tek turadigan zavodlarning eshovi qimmatga tushdi.

Har viloyat va tumanda bittadan zavod bo‘lishi O‘zbekistonda yetishtiriladigan pillaga taqriban ko‘plik qiladi. Bir nechta tumanga bitta zavod yetib ortadi, deydi Eltuz suhbatlashgan klaster rahbari.

O‘zbekipaksanoat uyushmasi cho‘ntagiga pul tushirgan pripiska klaster va fermerlar uchun musibat zanjiriga aylanib ulgurgan.

«Agropilla» keraksiz hamda vazifasi mavhum parazit davlat tashkiloti

Parazit so‘zi haqorat emas, balki tashkilot kun kechirish tarzini ifoda qiladi. Boshqalar hisobidan kun ko‘ruvchi organizm yoki tashkilotga parazit deyiladi. Eltuz suhbatlashgan pillani qayta ishlash tashkiloti rahbarining aytishicha, Agropilla mohiyati va shakliga ko‘ra tipik parazit.

2017 yili prezident qarori bilan «Uzipaksanoat» uyushmasi tuzildi. Uyushma pilla va uni qayta ishlaydigan korxonalarni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, uyushma tarkibida 13 ta regional tuzilmadan iborat «Agropilla» ham bor. Klasterlar rasman kichik korxona bo‘lib, ammo de-fakto davlat idorasi bo‘lgan «Agropilla» xodimlarini oylik bilan ta'minlaydi.

Eltuz muxbiri «Agropilla»ning Andijondagi xodimi bilan suhbatlashdi. Xodimga ko‘ra, tashkilot qog‘ozbozlik girdobida qolgan. 2024 yil yoz oxirida yozib olingan bu suhbatdan uzunti:

«Bugun rosa ko‘p tashkilotda yig‘ilish-da. Hamma yoqni Toshkentdan komissiya bosib ketgan. Hozir bitta o‘zimizga sakkizta kelgan, Prezident administratsiyasidan.  

— Nimaga?

— Polniy tekshiryapti-da.

— Agropilla davlat tashkilotimi?

— Davlat tashkiloti. 2016 yili o‘zgardi, ungacha qishloq xo‘jaligi vazirligiga qarardik. Hozir “O‘zbekipaksanoati” tashkil qilingan, 2016 da. Ashi… tashkil bo‘lganda bitta Sharipov degan odam mashnaqalar qilib xoramini chiqarib ketdi.

— Hozir o‘rniga bo‘lgan odam — Ikrom Sayfullaev yaxshi ish olib boryaptimi? — Yo‘q, uyam yaxshi oborolmayapti. O‘zi ashi qishloq xo‘jaligi vazirligimizda qolsak bo‘lardi. U bolayam yaxshi obormayapti. Haligi…kuyib-yonib ishlaydigan rahbar yo‘qda.

Pillani o‘ragan muammolar qatlami

Suhbatdan chiqadigan xulosa O‘zbekiston pilla yetishtiruvchilarini saraton o‘simtasiday qoplagan pripiska muammolar qatlamini yaratgan.

Har bir tuman pilla hosili haqida Toshkentga raport beradi va o‘tgan yilgidan kam raqam bermasligi kerak.

Andijondagi bitta tuman misolida ko‘rganimiz kabi real 44 tonna pilla yetishtirib, qog‘ozda buni 315 tonna deb ko‘rsatish ortida qancha mashmasha yotibdi.

Maxsus shotirlar soxta kelishuv va shartnomalar yasab berishga ixtisoslashgan. Uchar mulozimlar fiktiv kompaniyalarni topib, pullarni chet el banklaridan «aqqa baqqa» o‘tkazishadi. Borib kelganida pul ancha oriqlab keladi.

Bu ko‘zbo‘yamachilik teatri ortida real pilla hosili yo‘q. Hech qanday eksport ham yo‘q. Tadbirkorlarga zarar keltiradigan soxta raqamlar bor, xolos.

O‘zbekiston mutlaq yopiq bo‘lgan sovet davrida pripiska qilish nisbatan oson bo‘lgan.

Fermerlar sal pal erkin bo‘lib, «tili chiqib», haq-huquqini taniy boshlagan Yangi O‘zbekistonda qo‘shib yozish mushkul ishga aylanmoqda.

Klaster rahbari aytishicha, bug‘doy va sholi ekib boyigan fermerlar mashaqqati ko‘p, daromadi kam pilla yetishtirishdan oshkora bo‘yin tovlamoqda. Hokimlarning ham ilgarigidek qamchisidan qon tomib fermer yoki oddiy aholini pilla yetishtirishga majbur qilish istagi yo‘q.

Aslida fermerlarni pilla yetishtirishga faqat nimadir evaziga moyil qilish mumkin. Ko‘proq bug‘doy va sholi yetishtirishga izn berish orqali fermerlar qalbida «pilla sevgisi»ni yoqsa bo‘ladi. Chunki bug‘doy va sholida daromad ko‘p.

Nimaning badali? Klaster rahbari bilan suhbat

Xo‘sh, klasterlar uyushmadan chiqib ketib o‘zlari pilla yetishtirsa bo‘lmaydimi?

Bo‘lmaydi! O‘zbekistonda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasini aylanib o‘tib ipak yetishtirishning amalda iloji yo‘q. Birinchidan, barcha tutqatorlar viloyat agropilla balansida. O‘zbekipaksanoat uyushmasidan chiqib ketsangiz, tutqatordan foydalanish huquqidan mahrum bo‘lasiz. Yer olib tut eksangiz, uning barg chiqarishi uchun kamida 8 yoki 10 yil kerak.

O‘zbekiston ipak sanoati uchun global falokat bo‘lgan ikkinchi muammo korruptsioner hokimlarning jinoyati. Tut ekish uchun davlat ajratgan yerlarni hokimlar allaqachon sotib yuborgan. Masalan, Andijondagi bitta tumanda tut uchun ajratilgan yerlarning 20-30% mahalliy prokuror va kadastr boshlig‘i sotib yuborgan.

Avvaliga odamlarga yer uchun soxta vasiqa berilgan. Odamlar bu yerga uy qurgan. Keyin esa davlat bu noqonuniy uylarni amnistiya qilgan. 2018 yilgacha qurilgan barcha noqonuniy uylar amnistiyaga tushgan. Tutzorlar kesilgan, tutqatorlar yo‘q. Yer sotib yuborilgan.

Klasterlar prokuratura va O‘zbekipaksanoat uyushmasiga shikoyat qilishdi. Ammo hech kim shikoyatga quloq ham solmadi. Pillaga nisbatan de-fakto davlat plani kundan-kunga o‘smoqda. Pilla yetishtirishning real sur'ati pastga sho‘ng‘imoqda.

Nega kerak bu ko‘zbo‘yamachilik? Pilla yolg‘oni kim uchun? Hisobot uchunmi? Tuman yoki Toshkentdagi yoshullilar uchunmi?

O‘zbekipaksanoat uyushmasi o‘tgan yilgi kamomadni qog‘oz bilan yopa olmay halak.

O‘zbekipaksanoat uyushmasining eks rahbari Baxrom Sharipovga oid korxona Andijondagi to‘rtta tumandan olgan pilla pulini hanuz to‘lamadi. To‘lamasayam kerak.

Klasterlar fermerga pul to‘lay olmayapti. Chunki o‘zlari tomog‘igacha qarz.

Siz ko‘rgan tutlarni xalq sovuqda kesib yoqib yuborgan

Ipak bu tabiatdagi bir biri bilan bog‘liq jarayonlar hosilasi. Tut barg chiqaradi, qurt (navxon) bu bargni yeb pilla o‘raydi. Ya'ni tut bo‘lmasa, pilla ham bo‘lmaydi. Ammo o‘g‘ri hokimlar, poraxo‘r kadastrchi va ta'magir prokuror va DXXchilar shaykasi tutqatorlar o‘rnini odamlarga yer uchastkasi sifatida noqonuniy sotib, pilla yetishtirish sanoatiga o‘nglab bo‘lmas zarba berdi.

Asaka tumanida minglab ko‘p yillik tut daraxtlari kesilgani oqibatida atrof-muhitga nihoyatda katta talofat yetkazilgan. Tut bog‘lari aholi turar joylariga aylantirilmoqda. Ipak yetishtirishga ixtisoslashgan mahalliy klaster rahbarining tashvishidan tutun chiqadi:

“Bu jarayonni to‘xtatishga mahalliy rahbarlarning kuchi yetmayapti. Chunki bu masalaning ildizi Andijon viloyati prokuraturasi va Davlat xavfsizlik xizmatiga borib taqaladi. Bu muammo yuzasidan qilingan ko‘plab shikoyatlar o‘rganilmasdan javobsiz qolmoqda. Yaqinda tutzorlar buzilib o‘rniga qurilgan uylarni o‘rganish jarayonida ham go‘yoki bu joylar 2018 yilda buzilib qayta o‘zlashtirilgan deb hujjatlashtirishgan. Bundan maqsad esa Prezidentning 2018 yilgacha egallab olingan yerlarga amnistiya e'lon qilish to‘g‘risidagi qarorga bog‘lab, hujjatlarni soxtalashtirib qo‘yishmoqda. Bu achinarli holatdan tabiat aziyat chekmoqda.”

Bunday ayanchli ahvol ortidan nega klasterlar bankrot bo‘lmadi? Bu yashovchanlik siri nimada, deb savol berdik suhbatdoshga. Javob optimizmdan xoli bo‘ldi:

“2023 yildan beri klasterlar bu sohada daromad ko‘rayotgani yo‘q, ko‘pchiligining rentabelligi juda past va bankrotlikka yuz tutgan. Klasterlar ishlarini tashlab qochadigan darajada katta ziyon bilan yilni yakunlamoqda. Ayrim klasterlar bundan daromad olayotganining sababi nimada? Buning sababi, ular tuman planini to‘ldirmay turishadi. Buning ortidan esa tuman hokimi fermerlardan unga pul yig‘ib beradi. Pilla rejasini bajara olmagan fermerlarni qo‘rqitish usuli bilan bir kilogram pilla uchun 25-30 mingdan klasterga pul undirib beradi. Shuning hisobiga klaster eksportlarini yopadi. Hozirda 90 foiz klasterlar shu usul bilan tadbirkorligini qilib yuribdi. Viloyat hokimining buyrug‘iga asosan tuman hokimlari, tuman Ichki ishlar bo‘limi va prokuratura xodimlari pilla qurti yetishtirmagan fermerlarga turli usuldagi bosimlarni o‘tkazish orqali ulardan pul undirib klasterlarga berishmoqda. Klaster esa har bir kilogram pilla uchun pulni yig‘ib olganidan keyin tuman pilla rejasi to‘lganligi haqida axborot beradi. Va ipak klasteri shu mablag‘ hisobidan kun kechiradi.”

Bu masala hammaga ayon va bunga hech kim e'tiroz bildira olmaydi. Hamma tumanlarda vaziyat bir xil va klaster fermerlardan pilla uchun yig‘ib olgan mablag‘lari hisobiga daromad ko‘rmoqda. Fermerlar pilla rejasini bajara olmasa va/yoki pilla yetishtirmasa, ular bajarilmagan reja uchun klasterga pul to‘lashlari kerak.

Kuzda sanalmaydigan jo‘ja

Ipak hosili ko‘lami haqida may oxiri iyun boshida to‘la ma'lumot hosil bo‘ladi. Jarayon tut barg chiqarishi bilan boshlangani bu jadvalga asos bo‘lgan. Ammo tabiat bilan bog‘liq bo‘lmagan byurokratik to‘siqlar bois soha tanazzul yoqasida turibdi. Bir vaqtlar ipak yo‘liga asos solgan bu sanoatni o‘zbek mulozimlari o‘ldirib yo‘q qilish uchun astoydil tirishmoqda.

O‘zbek hukumatining pilladan to‘qilgan yolg‘oni boshi berk aylanma ko‘chani eslatadi.

Kasalni berkitsang, isitmasi oshkor qiladi. O‘zbek pilla sanoati ichidagi yolg‘on va soxtalik qurti qanot chiqarib, tizimni ichidan teshib tashqariga chiqishga ham ulgurdi.

Eltuz O‘zbekistondagi pilla yetishtirish bilan bog‘liq muammolar zanjirini kuzatadi va bu so‘nggi maqola emas.

Tag‘in o‘qing
10 oktyabr 2016
O‘zbekiston prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoevning «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik ...
22 noyabr 2016
O‘zbekiston rasmiy matbuoti Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onning mamlakatga tashrifini yoritishda faqat O‘zA tomonidan berilgan rasmiy xabarlarga tayandi. Avvalo, ...
20 yanvar 2017
O‘zbekiston Prezidentining 2017−2021 yil strategiyasiga oid farmoniga ko‘ra, ichki va xorijga chiqish pasportlarini joriy qilish va xorijga chiqish uchun ...
10 avgust 2023
Eltuz e'lon qilgan Bulung‘urda IIB xodimlari kaltaklagan o‘spirin videosi yuzasidan ichki ishlar idorasi munosabat bildirdi. “Xodimlar qo‘pollik qilib urayapti”- ...
Bloglar
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...
10 oktyabr 2024
Yuksalish maktabining gender ayirmachilikka asoslangan boshqaruvi haqidagi maqolaga o‘quvchilar ikki xil munosabat bildirdi. Bir suruv ...