Asosiy mavzular
17 oktyabr 2024

Rossiyaning O‘zbekistondagi «smotryaщiy»si

Agar O‘zbekistonning iqtisodiy va siyosiy manfaatlarini Rossiya foydasiga sotayotgan tijoratchilarning avangardi kim, deb so‘ralsa, Baxtiyor Fozilov deb aytaman.

O‘zbekistonda “tegilmaslik” immunitetiga ega va Prezidentdan ham kuchli “qudrat egasi” kim, deb so‘rashsa, yana Fozilov ismini zikr qilaman.

O‘zbekistonda Rossiya nazoratini kim olib bormoqda? Kim o‘zbek rahbariyatini Rossiya izmida yuritadi?

Boysundagi “Mustaqillikning 25 yilligi” konida texnologik jarayon buzilishi tufayli oltingugurt (vodorod sulfid) gazi chiqishiga sabab bo‘lgan biznes kattasi kim? 

Nega atrofga zaharli gazlar tarqalib odamlar o‘lgan bo‘lsa ham, jinoyat ishi ochilishiga yo‘l qo‘ymagan qudrat sohibi kim? 

Buxoroni atom bomba tushgan kabi vayron qilgan va YuNYeSKO g‘azabiga duchor bo‘lgan vandal kim? – Baxtiyor Fozilov.

O‘ris, sovetparast va Stalinni ulug‘lovchi kinolar, jallod o‘ris soldatiga haykallar va g‘alaba bog‘larini milliardlab o‘zbek byudjeti pulidan yaratishga bosh qosh bo‘lgan kim? Albatta, Fozilov. 

Undan boshqa kim bo‘lardi! Ukrainadagi urushni va SSSRni qayta tiklash g‘oyasini ochiq qo‘llab-quvvatlagan Toshkent kinofestivali homiylaridan biri ERIELL guruhidir.

O‘zbekistonning yirik gaz konlariga egalik qilayotgan ERIELL va uning rahbari Baxtiyor Fozilov Putinga yaqin oligarx o‘laroq rus propagandasining O‘zbekistondagi karnaylarini pul bilan ta'minlamoqda.

Buxoroning tarixiy qismiga tutash hududda “Boqiy Buxoro” sun'iy etnografik sayyohlik majmuasi qurilishi sababli o‘nlab tarixiy binolarni buzib tashlagan 21 asr Gerostratining ismi ham Baxtiyor Fozilov.

O‘zbek xalqi sovuqda dirdirab o‘tirganida, boshqa yurtni gaz bilan ta'minlayotgan mamlakat gaz-transport tizimining “yuragi” sanalgan «Gazli» gaz omborining egasi ham Baxtiyor Fozilov.

Hozir Prezidentning neft-gaz, kimyo va energetika masalalari bo‘yicha maslahatchisi bo‘lgan Alisher Sultonov bilan maxfiy kelishuv va soxta kompaniyalar orqali «Gazli»ni olgan Gennadiy Timchenko bosqinchilik urushi sabab joriy qilingan sanktsiyani aylanib o‘tish uchun omborni Fozilovga topshirdi. 

Bu maxinatsiya 2024 yil 14 fevral kuni imzolangan hujjat asosida amalga oshirildi.

O‘zbekiston gaz-transport tizimining “yuragi” sanalgan “Gazli” gaz omborining Baxtiyor Fozilovga o‘tishi, professor Kristian Lasslett fikricha, mamlakatning energetika mustaqilligini yo‘qqa chiqardi.

Barcha mablag‘ni Rossiyaning urush g‘ildiragini moylash uchun yo‘naltirib, o‘zbek ishchilariga besh oylab maosh bermayotgan Enter Engineering shirkati kimga qaraydi? Albatta, Fozilovga.

O‘n mingga yaqin ishchiga maosh to‘lamay, qaqshatib qo‘ygan ikki kompaniya — Enter Engineering va ERIELL ham Kremlparast oligarx Baxtiyor Fozilovga tegishli.

Yangi O‘zbekistonning o‘risparast hukumati 2019 yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan siylagan Kreml oligarxi Baxtiyor Shuhratovich Fozilov 1975 yilda Samarqandda tug‘ilgan.

Fozilov ERIELL Group, Enter Engineering va Ferkensco kabi yirik kompaniyalarning asosiy aktsiyadoridir. 

Ayni paytda ERIELL Group boshqaruvi raisi, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, asrash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati vasiylik kengashi raisi hamda O‘zbekiston xokkey federatsiyasi prezidenti hisoblanadi.

2022 yilda Fozilov Air Samarkand aviakompaniyasini ta'sis etdi va uning to‘liq nazorat paketiga egalik qila boshladi. Bundan tashqari, u Samarqand aeroportini boshqaradigan Air Marakanda kompaniyasining ham egasidir.

O‘zbekistonning butun hayotiy tomirlari va energetik yuragining Kremlparast tojir qo‘lida bo‘lishi milliy xavfsizlikka jiddiy tahdiddir.

Oligarx va mulozimlar “buyuk kelajak” haqida nutq so‘zlasa, siz cho‘ntagingizga qarab qo‘ying. Vatanparvarlik haqida va'z o‘qiyotganlarning ko‘rinmas qo‘li allaqachon sizning cho‘ntagingizni qoqlaganini keyin bilasiz. 

Ertaga kunlar sovib ketsa nega gaz chiqadigan mamlakatda o‘tin va ko‘mir yoqyapmiz, deb o‘zingizga savol bering.

Qahraton qish anomal sovuqda shahardagi oxirgi daraxtni o‘tin uchun chopayotib qo‘lingizdagi boltaga bir qarang. Odatda, daraxtni chopayotgan boltaning sopi o‘sha daraxtning o‘zidan bo‘ladi.

Agar Baxtiyor Fozilov bolta bo‘lsa, uning sopi Alisher Sultonovdir. Bu juftlikning mamlakat iqtisodiga yetkazayotgan zarari qanchaligini biz sanamasak, kelajak avlodga nisbatan haqsizlik qilgan bo‘lamiz.

Eltuz O‘zbekiston boyliklarini Rossiya manfaati yo‘lida yo‘q qilinayotganiga oid voqealar va shaxslar faoliyatini yoritishda davom etadi. Kanalimizga obuna bo‘ling.

Tag‘in o‘qing
25 yanvar 2016
Qamoqxona boshlig‘i o‘rinbosari poraxo‘r bo‘lib chiqdi “Huquq” gazetasining yozishicha, Navoiy viloyatidagi jazoni ijro etish muassasasi boshlig‘ining umumiy masalalar bo‘yicha ...
17 avgust 2022
Salom qadrli tomoshabinlar, Eltuz portalining bugungi soni odatdagi formatda. Ya'ni undan navbatdagi beshta shikoyat o‘rin olgan. Shikoyatlar mazmuni yangi ...
25 dekabr 2019
Elektr energiyasi tanqisligi muammosi O‘zbekistonda 2019 yilda ham dolzarbligicha qoldi. Rassom Dumham Eltuz.com
2 avgust 2021
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xabariga ko‘ra, «Qumtor» ishi bo‘yicha tergov qidiruvida bo‘lgan Qirg‘izistonning birinchi prezidenti Asqar Akaev 2 ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...