O‘zbekiston OTMlarida Ukrainaga qarshi propaganda boshlandimi?
Rossiyaning O‘zbekistondagi ikki chaqaga qimmat propaganda o‘chog‘i VGIK bir o‘qituvchi qarshisida zir titradi.
O‘qituvchi Ilya Kojuxar urushda qatnashishni istamagan rossiyalik relokant. U VGIKda dramaturgiyadan dars berardi. Talabalar uning darslaridan juda mamnun edi.
Biroq Moskvadagi VGIK rahbariyati topshirig‘i bilan Ilya Kojuxar ishdan haydaldi.
Butun dunyoga dag‘dag‘a qilayotgan «shimol ayig‘i» amalda bir o‘qituvchi qarshisida ojiz qoldi.
«Ustozimiz zo‘r edi. Relokant bo‘lsa nima qilibdi? U Urushga bormadi, qondosh, qardosh xalq azoblariga sababchi bo‘lishni istamadi. Ilya Kojuxar siyosiy propaganda qilmasdi, urush mavzusida gapirmasdi. U shunchaki qoyilmaqom dars o‘tardi» deydi talabalardan biri.
Ilya Kojuxar ketib VGIKdagi dramaturgiya darslari propaganda soatiga aylandi.
«Yangi kelgan o‘qituvchi faqat urush haqida gapiradi. Ukrainlar natsist degan safsata bilan darsni o‘tkazib yuboradi. Biz shu yolg‘on-yashiqni eshitish uchun katta pul to‘layapmizmi?» deya taajublanmoqda talabalar.
Rossiya propagandistlari natsizm degan yolg‘on ortiga berkinmoqda. Shu bilan birga Rossiya qolgan vassallar bo‘ysunmasa ularni Ukraina qismati kutayotganiga ham zimdan sha'ma qilyapti.