Uchko‘prik hokimi fermer yerini tortib olib, tuprog‘ini tashib ketmoqda
Uchko‘prik tumanidagi, ichki ishlar boshlig‘iga karashli 3-sektor xududida 80 gektar yuqori ball-bonitetli oldingi yillar bug‘doy, makka va paxta ekiladigan yerlar fermerlardan tortib olindi.
Hozirgi kunda umumiy 80 gektar yer qaysi tadbirkorlarga berilgani qorong‘u. Ammo kechqurunlari HOWO yuk mashinalarida yerning tuprog‘i qaergadir tashib ketilmoqda.
Eng qizig‘i tuproq ortilgan mashinalar tunda harakatlanib tuproqlar noma'lum joylarga tashib ketilyapti. Tunda harakatlanayotgan mashinalar bu tuproqlarni tuman hududidan olib chiqib ketmoqda.
Ismi oshkor etilishini istamagan bilgichlardan biri, bu tuproqlar kimningdir g‘isht zavodiga tashilayotganligini iddao qilmoqda.
Eltuz bilan gaplashgan fermerning aytishicha, unga tegishli 16,5 gektar er bu yil sentyabr oyida tuman hokimi Qodirjon Erkaboev talabi bilan tuman zahirasiga olingan.
Fermerning aytishicha, u har yili g‘alla va paxta planini to‘ldirib kelgan. Lekin hokim unga yerining bir qismini tuman zahirasiga “ixtiyoriy” (aslida majburiy) qaytarish haqida ariza yozish talabini qo‘ygan.
“2015 yil umumiy 53 gektar yerni 49 yilga ijaraga olib har yili bug‘doy va paxta planini bajarib kelganman. Hech qanday sababsiz menga ariza yozdirib yerimning bir qismini qaytarishimni hokimiyatdagilar talab qildi. Men Toshkentga ketib u yerda 3-4 kun qochibam yurdim, to‘xtamasdan chaqirtirib yerni baribir bosim ostida tortib olishdi. Xozir 37 gektar yerim qoldi ”, dedi Eltuz bilan gaplashgan fermer.
Qolgan yerlaridan ham ajralib qolishni istamagan fermer tinchgina o‘z yerini tuman zahirasiga qaytarish to‘g‘risida hokimga ariza yozib bergan.
Fermerning aytishicha, o‘zidan tashqari yana 3 ta fermerning bu kabi ball boniteti yuqori bo‘lgan yerlaridan jami 80 gektar yer tuman zahirasiga qaytarilgan.
2024 yil 11 dekabr xolatiga ko‘ra yerning bir gektardan ortiqroq qismi bir metrdan ko‘proq kavlab tashlangan. Katta yuk mashinalari esa yerni qotirib yo‘l ochib olgan.
Hokim va boshqa mutasaddilar tomonidan bosimga uchrashidan qo‘rqqan fermer ismi familiyasi sir saqlanishini so‘radi, ammo bu yerlarni ball bonitetini yuqori qilish, unumdorligini oshirish uchun juda katta mehnat qilgani, afsuski keyingi kunlarda bo‘layotgan tuproq tashishlar uni tashvishga solayotgani, yerning unumdor qatlami ham qo‘porilib ketayotganligi uchun achinayotgani, 2025 yilda bu yerga paxta ekilishi rejalashtirilganini aytdi.
Tuproq o‘g‘risi kim?
Yerning tagida ilon qimirlasa biladigan IIB boshlig‘i o‘z sektori hududida yer talon taroj bo‘layotgani haqida bilmasmikin?
Biror dehqon 10 metr yer kavlasa yetib keladigan prokuror nahotki gektarlab yerning tuprog‘i olib ketilayotganligi haqida eshitmagan bo‘lsa?
10 sotix yer bering, tadbirkorlik qilaman deb huzuriga kirgan odamga “vooo, bir qarich yer ham davlatning nazoratida. Agar bir qarich yerni nojo‘ya ishlatsam javobgarlikka tortilaman, qamalib ketaman, boshim ketadi. Bu yer bizga non beradi, boylik keltiradi. Kelajak avlodga bu yerlarni qoldirishimiz kerak” deydigan hokim buva nahotki tuman zahirasiga qaytarilgan yerning bu kabi abgor holatidan bexabar bo‘lsa?
Ana shu selektorlarda yerni asrab avaylash, ayniqsa ball boniteti yuqori yerlarni hech qanaqasiga, hech qanday istisnolarsiz asrash, ko‘z qorachig‘idek saqlash kerakligi haqida tez-tez uqtiriladi. Kerak bo‘lsa fermerlarga do‘q po‘pisa ham qilinadi.
Gektarlab yer qo‘porilayotganligini ko‘rib bilib turgan mutasaddilar jim turganiga men hayron qolyapman, deydi fermer. Eltuz O‘zbekistondagi qishloq xo‘jaligi, fermerlar huquqi va yer muammolariga oid xodisalarni yoritishda davom etadi. Kanalimizga obuna bo‘ling, videolarimizga izohlar qoldiring.