26 aprel – Toshkentda yer qimirlab, O‘zbekiston poytaxtining katta qismi vayron bo‘lgan edi
1966 yil 26 aprel kuni Toshkentda tonggi soat 5 dan 22 daqiqa 53 soniya o‘tganda Rixter o‘lchovi bo‘yicha 8 ballik, magnitudasi 5,3 ga teng zilzila ro‘y bergan edi.
Zilzilashunoslarga ko‘ra, zilzilaning vayron etish kuchi o‘ta qudratli bo‘lgan.
Shaharni to‘la vayron etilishdan faqat zilzila o‘chog‘i 8 kilometr yer ostida bo‘lgani saqlab qolgani aytiladi.
Shunga qaramay, o‘sha paytdagi O‘zbekiston SSR poytaxti markazining kamida 10 kvadrat kilometri vayron bo‘lgani haqida ma'lumot bor.
O‘sha davr rasmiy ma'lumotiga ko‘ra, 2 million kvadrat metr uy-joy, 236 ta ma'muriy bino, 700 ga yaqin savdo va jamoat ovqatlanish shoxobchasi, 26 ta kommunal xo‘jalik, 181 ta ta'lim muassasasi, 36 ta madaniyat tashkiloti, 185 ta tibbiy va 245 ta sanoat binosi vayron bo‘lgan. 78 ming oila yoki o‘sha paytda Toshkentda yashayotgan bir yarim million aholidan 300 mingdan ortiqrog‘i uysiz qoldi.
SSSR hukumati va ittifoqdosh respublikalar madadi bilan Toshkent 1968 yilga kelib to‘la tiklandi. Toshkent tubdan yangidan qurilgan megapolisga aylanib, aholisi soni 1,5 barobar ko‘paydi.
Ayni paytda butun sobiq SSSRdan har xil odamlar zilzilani bartaraf qilaman deb kelib, o‘zi qurgan uyda o‘zi yashay boshlagani ham iddao qilinadi.
Aytilishicha, kelganlardan 70-80 foizi Toshkentda qolib ketgan va yerli xalqqa juda kam turar joy berilgan.
Shu bois, Toshkentning o‘sha paytdagi etnik tarkibi 51 foizdan ko‘proq rusiyzabon bo‘lib qolgani aytiladi.
Sovet gazetalari zilzila haqida
«Sovet O‘zbekistoni» gazetasi 1966 yilning 30 aprel sonida «Zilzila oqibatlarini tugatish respublika hukumat komissiyasida» sarlavhasi ostida ayrim ma'lumotlar keltirilgan.
Jumladan, «er qimirlagan paytdan buyon 2722 oila shikastlangan uylardan» «vaqtincha qarindosh-urug‘larining uylariga» ko‘chirilgani, «shikastlangan ko‘pgina uylarning hovlilarida vaqtincha yashash uchun chodirlar» o‘rnatilgani,» shuningdek, «1000 oila yangi uylarga ko‘chirilishi» rejalanayotgani aytilgan.
Shuningdek, gazetada «SSSR Qizil krest va Qizil yarim oy komiteti prezidiumi» tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan Toshkent shahri aholisiga 100 ming so‘m ajratish haqida qaror chiqargani bildiriladi.
«Sovet O‘zbekistoni»ning 1 may sonida esa O‘zbekiston hukumati (O‘zSSR KP MK, Oliy sovet prezidiumi va Ministrlar Soveti)ning 1 may bayrami munosabati bilan Toshkent shahri aholisiga bugungi kunlarni eslatuvchi ohangdagi balandparvoz murojaati bosilgan.
Gazetaning ayni sonidan «Toshkent istiqboli» sarlavhasi ostida «SSSR Ministrlar Soveti raisining o‘rinbosari, zilzila oqibatlarini tugatish Hukumat komissiyasining raisi I.T.Novikovning aytganlari» bosilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 1 may arafasida «boshpanasiz qolgan oilalarning uchdan bir qismi boshqa joylarga ko‘chirilgan», SSSR amaldori o‘z «aytganlari»da o‘sha «boshqa joylar» qaer ekaniga izoh bermagan.
Gazetaning 4 may soni bosh sarlavhasida ham Moskva Qizil maydonidagi 1 may paradi haqidagi R.Ya.Malinovskiy nutqiga ko‘zimiz tushadi.
Toshkent zilzilasi haqidagi «Toshkentni qayta quramiz» sarlavhali material esa bu safar sahifaning eng pastida mayda harflarda berilgan.
Gazetaning 4 may kungi sonida, ya'ni zilziladan qariyb o‘n kun o‘tib, SSSR sarkotibi L.I.Brejnev va boshqa hukumat vakillarining fojeada halok bo‘lganlarga hamdardlik ta'ziyasi bosilgan.
Gazetaning ayni sonida Farg‘ona vodiysida 5-6 ball atrofida zilzila bo‘lgani haqida ham tafsilotlarsiz kichik bir xabar berilgan.
O‘zbek gazetalarining Toshkentda dahshatli zilzila yuz bergan davrdagi sonlarini o‘qirkanmiz, ularda shaharliklarni hasharga chorlovchi, hukumat siyosatini madh etuvchi va faktlardan ko‘ra mafkura va quyuq pafosga yo‘g‘rilgan maqolalarni ko‘ramiz.
Go‘yo Toshkentda dahshatli zilzila yuz bergan 1966 yildan buyon yarim asrdan ortiq vaqt davomida o‘zbek hukumati siyosatida hech narsa o‘zgarmagandek taassurot qoldiradi.
Eltuz.com