7 may – Radio kuni
7 may Radio kuni sifatida nishonlanishini hali sovet davrlaridanoq bilar edim. Ammo 7 may otalar kuni ekanini Germaniyaga hijrat qilgach bildim.
Rahmatli otam Rajabboy Bobojon butun umrini radioga bag‘ishlagan edi. Bugungi radio kunida otamni eslayman.
Otam (Alloh rahmat qilsin) Rajabboy Bobojon 40 yil mobaynida O‘zbekiston radiosining Xorazmdagi maxsus muxbiri bo‘lib ishladi.
Otamning ish maydoni Xorazm viloyatining butun hududlari edi. Zil-zambil «reportyor» magnitofoni bilan otam Pitnakdan Do‘simbiygacha, Monoqdan Ovshargacha bo‘lgan masofani pikap «Moskvich»da kezib reportajlar hozirlar edi.
Brejnev dasturxoniga Xorazm qovunlarini yetkazib beradigan Matvafo ota yoki Nikita Xrushchevning shaxsiy do‘sti Iskandar Do‘sov otam hozirlaydigan reportajlar qahramoni edi.
Radioboshlovchi Qodir Maxsumov «Xorazmdagi muxbirimiz Rajabboy Bobojonov biz bilan jonli aloqada, assalomu alaykum, Rajabboy og‘a», deyishi bilan otam baland ovozda «valaykum assalom, Qodirjon», deb reportajni boshlar edi.
Jonli aloqa Urganch kuranti tagidagi aloqa bo‘limidan maxsus UKV kanal orqali amalga oshirilar edi.
Otam uydagi ulkan magnitofondagi osh yeydigan lagan kattaligidagi tasmalarni atseton bilan yopishtirib montaj qilar edi.
Respondentlarning tasmalardagi ovozi esa tekstga tushirilishi lozim edi.
Menga zo‘rg‘a bo‘yim yetadigan ulkan magnitofon tugmalarini bosib o‘chirish kabi zerikarli vazifa tushar edi.
Otam tasmadagi ovozlarni eshitib, jumlama-jumla mashinkada chiqillatar edi.
Montaj bo‘lgan yakuniy mahsulot esa zudlik bilan Urganch aeroportiga yetkazilardi.
Uchuvchilar tasmani Toshkent aeroportidagi maxsus qutiga tashlashar edi. Radio xodimlari esa bu tasmani olib efirga qo‘yishar edi.
Toshkentdan 1000 km uzoqlikdagi Xorazmdan yozilgan lavha ikki soat ichida efirga uzatilar edi.
Men bu kasb bilan shug‘ullanishni hech qachon orzu qilmagan edim.
Shoir, rassom, kinochi bo‘lishni orzu qilardim. Rassom bo‘lib e'tirof qilindim ham.
Ammo bundan 21 yil oldin, 1994 yilning 12 aprelida telejurnalist bo‘lib efirga chiqdim.
O‘zbekiston tarixidagi ilk mustaqil telekanal TV ALC dasturini o‘sha kuni Xorazm, Buxoro, Qoraqalpog‘iston va Turkmanistondagi millionlab odamlar ko‘rdi.
Biz TV zona 4-tizimi orqali Moskva dasturi beriladigan kanaldan chiqib, Moskva dasturlarini kutayotgan o‘rtoqlarga «Janoblar va xonimlar», deb murojaat qildik.
Moskvaning «Vremya» dasturi o‘rniga «Digirjak» (G‘ildirak) degan maxsus dasturni namoyish qildik.
Ana shundan keyin risqu nasibam ota kasbi bilan bog‘landi.
Mana, 16 yildan oshibdiki, radiojurnalistika bilan shug‘ullanaman. Ota kasbida endi.
Shuhrat Bobojon,
«Ozodlik» radiosi jurnalisti