Masjid noibi o‘zbek yozuvchisini sotqinlikda aybladi
Andijon shahar «Uyg‘ur» jome masjidi imom‑xatib noibi o‘zbek yozuvchisi Nurilla Otaxonov (Nurulloh Muhammad Raufxon)ning “Bu kunlar” romaniga qarshi maqolani internetda e'lon qildi.
Andijonlik 37 yashar noib Botirjon Tojiboev (Botirali Alisher o‘g‘li yoki Hikmatulloh Ibrohim degan ismlar bilan ham Islom.uz nashrida bloglar yozib turadi) o‘zining FB dagi sahifasida “Podshoga shak keltirgan” o‘zbek yozuvchisidan hazar qilganini ifoda qildi:
“Oxirgi vaqtlarda shu domla o‘z sohasi qolib, siyosat maydonidayam chavandozlik qilgisi kelib qoldi chog‘i, “Turkiya manzaralari” rukni ostida o‘z sayohatnomasini tinmay rasmlari bilan e'lon qila boshladi. Ora-churada o‘z hukumati siyosatidan norizoligiga ham ishoralar qilib, qistirma gaplar aralashtirib turdi. Shunda o‘zi o‘zbek bo‘la turib turklarga maddohlik qilayotgan bu odamdan vataniga sotqinlikning badbo‘y hidi anqib qolganiga hayron bo‘lgandim” deya kirish so‘zidan keyin masjid noibi hujumga o‘tadi:
“Mana asl basharasini oshkor qilib Feysbukda BBS muxbiri bilan o‘zining “Bu kunlar” nomli fitna qo‘zg‘atuvchi kitobi haqida uyushtirilgan suhbatini joylabdi. Suhbatni eshitgan va uning “Bu kunlar”ini o‘qigan har qanday aqlli odam bu odamni Islom aqidasidan to‘liq xabari yo‘qligi, salafi-solihlarning o‘gitlaridan mutlaqo mosuvoligi, o‘z vatani va xalqiga do‘st emasligi balki kimlargadir sotilganiga shubhasiz ishonchi komil bo‘ladi” deya yozg‘irgan imom noibining bu gaplari tarmoqda munozaraga sabab bo‘ldi.
Bir gurux yuzerlar masjid noibini “rejim malayi “ sifatida la'natlashsa, yana bir guruh esa uni “shariat peshvosi” sifatida alqagan.
«Shariat peshvosi»ning podshosi tanqid etilgan kitob
Andijondagi Narxoz institutini tugatib «Uyg‘ur» jome masjidi imom‑xatib noibi bo‘lib ishlayotgan Botirjon Tojiboev bundan oldin “Podsholar zolim bo‘lsa ham tanqid qilib bo‘lmasligi” haqida maqola yozib chiqqan edi.
Taniqli adib Nurullo Otaxonovning «Bu kunlar» asarini esa O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov tanqididan tashkil topgan.
Yozuvchining rasmiy veb sahifasi – nurullohuz.com da chop etilgan asar O‘zbekiston haqida hozirga qadar mamlakat ichkarisida yozilgan asarlardan o‘zining tanqidiyligi bilan ajralib turadi deya e'tirof qilinadi Britaniyadagi BBS Jahon hizmati radiosininng o‘zbek tilidagi sahifasida.
“Bu kunlar” kitobida O‘zbekistondagi o‘zgacha fikrlovchilar, jumladan, dindorlar va siyosiy muxolifatga qarshi repressiyalarni qoralangan.
Kitob muallifi Nurulloh Muhammad Raufxon (Nurullo Otaxonov) 1955 yil 14 fevralida Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumanidagi Oyimcha Qaqir qishlog‘ida tug‘ilgan.
Ëzuvchi 1991-2010 yillarda O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasining «Movarounnahr» nashriyotida bosh muharrir, «Sharq yulduzi» jurnali tahririyatida bo‘lim mudiri va «Hidoyat» jurnali tahririyatida bosh muharrir lavozimida ishlagan.
Ëzuvchi shu kunlarda Turkiyadagi kitob yarmarkasida o‘zining turk tiliga tarjima qilingan kitoblari taqdimoti bilan bog‘liq tadbirlarda ishtirok etmoqda.
Eltuz.com tasarrufidagi ma'lumotlarga, ko‘ra, «Bu kunlar» kitobi O‘zbekistonda taqiqlangan adabiyotlar ro‘yxatiga tirkalgan. Kitob muallifiga qarshi maqolalar yozish borasida Farg‘ona vodiysidagi ulamolar o‘zlarining SNB dagi kuratorlaridan tavsiya olishgan.
Kitobni adibning http://nurullohuz.com/ xos sahifasidan yoki ushbu link orqali ko‘chirib olish mumkin
Eltuz.com