Asosiy mavzular
28 iyul 2016

«Yo‘lchi yulduz» ko‘rsatgan yo‘ldan yurmayotgan matbuot

«Hurriyat» gazetasi o‘z muassisi bo‘lmish Jurnalistlar uyushmasiga qarashli monitoring guruhining mamlakat matbuoti joriy yilning ikkinchi choragida nima karomatlar ko‘rsatgani haqidagi hisobotini e'lon qildi.

Hisobot «Jurnalist so‘zi: talqin, tanqid va tahlil» deya balandparvoz nomlangan va darrov mamlakatdagi «eng mo‘'tabar shaxs»ning matbuotga qaratayotgan juda ulkan «e'tibori va g‘amxo‘rligi»ga boshi yerga tekkuncha ta'zim bilan boshlangan.

Keyin esa «yurtboshimiz tabrigidagi «ayniqsa jurnalistlarimizning hayotga chuqur kirib borishi, jamiyatimizdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni tub mohiyati va ahamiyati, kerak bo‘lsa, murakkabligi bilan ochib berish, taraqqiyotimiz yo‘liga to‘siq bo‘lib turgan muammolarni dadil ko‘tarib chiqish, mavzuga xolisona va haqqoniy yondashish kabi mezonlar matbuotimizning o‘zgarmas qoidasi va printsipi bo‘lib qolishi darkor», degan so‘zlar har bir jurnalist uchun faoliyat mezoni bo‘lib xizmat qilmoqda, desak yanglishmaymiz», deyiladi.

Albatta, prezident o‘zbek jurnalistlarining bayramida ularga juda katta ishonch bildirdi, 25 yildan beri aytgan yo‘liga yurmagan jurnalistlarga yana bir bor yo‘l ko‘rsatdi.

Jurnalistlarimizga bir tomondan balli deyish kerak. Chunki ular prezidentimiz tabrik yo‘llagandayoq unda ko‘rsatilgan yo‘llarni aniq-tiniq ko‘rib oladi. Prezident ham anoyi emas, jurnalistlarga demokratik yo‘ldan yurishni uqtiradi, tanqid va tahlilni joyiga qo‘yishni o‘rgatadi.

Lekin jurnalistika bizda baribir mustaqil-da. Prezident yo‘l ko‘rsatib bersa ham o‘zi bilganidan qolmaydi. Prezident tanqid qil, deydi, biznikilar maqtaydi. Tezkor bo‘l, deydi, bugungi narsani bir haftada ham ko‘rsatmasligi mumkin. Xolis bo‘l, deydi, hali ayblov e'lon qilinmagan Ahmadboyni televizorda chiqarib, salkam butun o‘zbek xalqining bugungi ahvolga tushishiga asosiy aybdor qilib ko‘rsatib, o‘rtaga olib bir mushtdan urib o‘ldirsa ham kamdek qilib davraga soladi.

Xullas, hisobot butunlay prezidentimizning ko‘zini shamg‘alat qilishga mo‘ljallangan. Unda tilga olingan mavzular prezidentimiz o‘z tabrigida aytgan gaplarga parodiyaga o‘xshaydi.

Chunki unda mamlakatning bugungi ahvolga tushishiga sabab bo‘lgan asosiy jihatlarning birortasi tilga olinmagan. Uning o‘rniga ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizdagi ayrim nuqsonlar tilga olinishi bilan cheklaniladi.

Masalan, hisobotda «O‘zbekiston» telekanalida namoyish etilgan «Xoinlik» ko‘rsatuvida Surxondaryo viloyatida josuslik tarmog‘ini tashkil etgan shaxsning qilmishlari, bu va boshqa telekanallarda «diniy ekstremistik yo‘lga kirganlar» fosh etilgan ko‘rsatuvlar tilga olinadi. Ba'zi nashrlarda «saviyasi past» maqolalar e'lon qilinayotgani ta'kidlanadi.

«Monitoring natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, joriy yilning ikkinchi choragida matbuotda e'lon qilingan tahliliy materiallar, tanqidiy mavzudagi maqolalar bir muncha ko‘paygan», deya xulosa qiladi gazeta, ammo o‘tgan yilgi bilan solishtirma ma'lumotlarni keltirmaydi.

Monitoring xulosalarini o‘qib, avvalo, bir jihatga e'tibor qaratish kerak bo‘ladi. Ya'ni unda siyosiy hayotga tanqidiy nuqtai nazardan qarashga oid birorta maqola tilga olinmagan. Chunki butun O‘zbekiston matbuotida bunday mavzuga oid maqola borligining o‘zi dargumon.

Tanqidiy maqolalar esa aslida, qo‘polroq aytganda, uyiga issiq suv bormayotgan xotin, elektr energiyasi tanqisligiga aholining o‘zi sababchi ekani to‘g‘risidagi eskirgan «haqiqat», o‘qituvchi o‘rniga dars berayotgan agronom kabilar haqidadir.

Yuqorida aytganimizdek, prezident har safar jurnalistlarga tabrik yo‘llaganida ularga hayot haqiqatlarini ochiq aytish, demokratik tamoyillar asosida ish yuritish va hokazo ezguliklarni tilaydi.

Lekin bu jurnalistlarimiz har doim prezidentimizning aytganini qilyapmiz, deya kurakda turmaydigan hisobotlar tayyorlaydi.

Yana qaysidir gazetada (aslida hamma gazetada shu gap bor) Qamchiq dovonida tunnel qurilgani to‘g‘risida tahliliy maqola chop etilganini tilga oladi.

Har kuni deyarli har bir gazetada Internet kishilar ongiga ta'sir o‘tkazayotgani yozilayotgan bo‘lsa-da, alohida bir jurnalni shu mavzudagi maqolasi uchun maqtab: «Muallif maqolaga shunday yakun yasaydi: Biz mingyilliklarning shafqatsiz sinovidan, beayov g‘alviridan o‘tib, bugungi kungacha sog‘-salomat ketib kelgan e'tiqodli xalqmiz. Biz qismat kitobini o‘z qo‘limiz bilan yozib, hayot kundaligini sog‘lom tafakkur va go‘zal tasavvur bilan to‘ldirayotgan bunyodkor xalqmiz», deya ko‘zga qum sochadi.

Bu ham yetmagandek, buzib tashlanayotgan ko‘chalar, uysiz-joysiz qolayotgan yuzlab odamlar haqida gapirmay, falon shaharda falon milliard so‘mlik bunyodkorlik ishlari bajarilayotganini aytishdan o‘zini tiya olmaydi.

O‘ylamay-netmay: «Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, joriy yilning ikkinchi choragida ommaviy axborot vositalarida tahliliy va tanqidiy maqolalar, eshittirish va ko‘rsatuvlarning soni va sifati oshgani yaqqol ko‘zga tashlanmoqda», deb yozishdan ham o‘zini to‘xtata olmaydi bu monitoringchilar.

Yaxshiyamki, prezidentimiz hamma narsani bilsa-da, mahalliy jurnalistlarimizning bu kabi ko‘zbo‘yamachiligiga indamaydi. Chunki davlatimiz rahbari ularning shunday epidemiyaga uchraganini biladi nazarimizda. Bo‘lmasa bunday ko‘zbo‘yamachilik uchun matbuotimiz rahbarlarining hammasi eng kamida ishdan bo‘shatilgan bo‘lardi. Lekin yurtboshimiz «matbuot dushmani» bo‘lib ko‘rinishni istamaydi-da!!!

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
26 aprel 2022
Jahon banki loyihalarida ishtirok etish huquqidan kamida to‘rt yil muddatga mahrum etilgan bu shaxs O‘zbekistondagi keng doiralarda unchalik mashhur ...
19 oktyabr 2018
Muhammad Bekjon esdaliklaridan iborat birinchi kitobning so‘nggi qismi 1999 yil 16 fevral portlashlari yoritilgan maqolalarga asoslangan. Karimov rejimi muxolifi ...
28 fevral 2023
O‘zbek mulozimlari Karimov davrida hozirgidan ancha aqlli ko‘rinardi. Chunki gapirishmasdi. Mirziyoev davriga kelib ularga til bitdi. Qarasak, hammasi o‘qimagan, ...
25 noyabr 2021
“Nuroniy” jamg‘armasi shahar kengashi raisi Rustam Kalonovning 23 noyabr kuni prezident Mirziyoev bilan faollar uchrashuvi chog‘ida “Mahallada duv-duv gap”, ...
Bloglar
17 mart 2024
Rassom Tuz bir mavzu muhokamasini boshlasa ag‘dar to‘ntarini chiqarib barcha qirralarini o‘rganadi. Tanganing ag‘iniyam¸ bag‘iniyam¸ ...
14 fevral 2024
«Yoshlar» telekanalida sodir bo‘layotgan korruptsiya oldida «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov qo‘y og‘zidan cho‘p ololmaydigan ...
13 fevral 2024
Tarmoqning o‘zbek segmenti o‘zbek davlat ramzlariga nafratni parvarishlamoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mahalla raisi va faollarning davlat ...