Asosiy mavzular
3 oktyabr 2016

Saylov bor, ko‘rsatuvlar yo‘q

O‘zbekiston telekanallari sentyabr oyini yig‘i-sig‘i bilan boshlab, bayramona kayfiyatda tugatdi. Prezident Islom Karimovning vafoti munosabati bilan sovet davriga xos motam bilan ish boshlagan o‘zbek telekanallari oy oxirida o‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ular sha'niga madhlar va kuy-qo‘shiqlardan iborat dasturlarni namoyish etdi.

Karimovxonlik ko‘rsatuvlari

rasm1835Islom Karimovning vafoti o‘zbek TVlarini bir muddat karaxt holatga tushirib qo‘ydi. Uning sha'niga madhiya o‘qishni davom ettirish kerakmi yoki yo‘qmi, degan masala o‘z yechimini topishi uchun vaqt kerak bo‘ldi shekilli.

Xullas, oy boshida o‘zbek telekanallari to‘liq sovet davriga qaytgandek taassurot qoldirdi. Mamlakatda uch kunlik motam e'lon qilingani munosabati bilan barcha telekanallar faqat mumtoz kuylarni efirga uzatish bilan band bo‘ldi. Aholi ulardan axborotlar olish imkoniyatidan butunlay mahrum bo‘ldi o‘sha kunlar.

Motamdan so‘ng TVlarning yana tili chiqdi. Chiqqanda ham yangicha usulda chiqdi. Endi ularda karimovxonlik boshlandi.

Biz navoiyxonlik, boburxonlik, mashrabxonlik, hamzaxonlik kabi tadbirlarga ko‘p duch kelganmiz. Sovet davrida bunday kechalar ko‘p o‘tkazilardi. Televizorda ham ularning asarlari o‘qib berilar, odamlar yoqsa-yoqmasa ularni tinglashga majbur bo‘lardi. Chunki boshqa qiziqarli ko‘rsatuvlar yo‘q edi-da.

Sentyabr oyida mana shu «xon»liklar qatoriga karimovxonlik kechalari ham qo‘shildi. Kim o‘ylab topgan bilmadik-ku, bu kutilmagan yangilik bo‘ldi. Chunki o‘lgan davlat rahbarining asarlari televidenie orqali o‘qib berilishi hodisasiga ko‘pchilik duch kelmagan shu vaqtgacha. Balki Turkmanistonda yoki Shimoliy Koreyada telekanallar yana shunday turkmanboshixonlik yoki kim ir senxonlik kechalari o‘tkazgandir, ammo bundan xabarimiz yo‘q.

O‘tgan oyda televidenie diktorlari, taniqli aktyorlar Karimovning «falsafiy, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy qarashlari» aks etgan asarlaridan parchalar o‘qiy boshladi. Ularda yangi gap topish qiyin. Chunki hali «podsho» tirik davrida ham ko‘rsatuvlar shu asarlardan olingan iqtiboslar bilan to‘lib-toshardi. Biz paxtaqo‘yarlarning bunday chiqishlariga o‘rganib ham qolgandek.

Lekin o‘lgan odamning, yana kechagina butun O‘zbekistonni titratib turgan marham «buyuk davlat arbobi»ning asarlarini endi uning o‘zi dorilbaqoga ketganida eshitish baribir boshqacha bo‘lar ekan.

Sharpaning moddiylashuvi

rasm1948
O‘zbekistondagi so‘nggi oydagi vaziyat mana shu multfilm voqealariga o‘xshab ketadi…

Ruslar ishlagan ajoyib multfilm bor. O‘g‘lon va bo‘ri haqidagi bu multfilmni kattalar ham miriqib ko‘radi. Uchtami-to‘rtta alohida qismlardan iborat shu filmning qaysidir qismi stsenariysi sharpaning moddiylashib, podsholikni o‘z qo‘liga olishga intilishi voqeasi asosida qurilgan.

Sharpa to‘lin oy chiqqan kuni podsho xazinasida saqlanayotgan shlyapani kiysa, u moddiylashadi va duch kelgan kishining jonini so‘rib olish orqali tobora kuchga to‘lib boradi. Eng qizig‘i, sharpaga o‘z maqsadiga erishishida podshoning bosh vaziri yordam beradi.

O‘zbekistondagi so‘nggi oydagi vaziyat mana shu multfilm voqealariga aynan bo‘lmasa-da, bir qadar o‘xshab ketadi. Yurtboshi o‘lgandan keyin uning vazifasini bajarishga kirishgan bosh vazir bugun tobora kuchga to‘lib bormoqda.

Haqiqatan ham bir vaqtlar bosh vazir sharpadek edi. Ko‘pchilik qariyb 15 yil davomida mamlakat hukumatini boshqarib kelayotgan bu shaxsning hatto rasmini ham ko‘rmagani bor gap.

Shu yillar davomida televidenie hukumatning o‘nlab majlislari, yig‘ilishlari to‘g‘risida ko‘rsatuvlarni efirga uzatdi. Lekin birortasida bosh vazir aniq-tiniq, alohida ko‘rsatilib, uning gaplari tomoshabinlarga o‘z og‘zidan yetkazilgani yo‘q.

Ammo Karimovning vafoti bu sharpani go‘yoki moddiylashtirdi. So‘nggi vaqtlarda telekanallarimiz kunda bo‘lmasa, kun ora prezident vazifasini bajaruvchi bosh vazirning qaerga borgani, nima ish qilgani, kimlar bilan uchrashgani haqida ko‘rsatuvlarni efirga uzatmoqda.

Bu ko‘rsatuvlarni ko‘rib, bir narsaga e'tibor qaratish mumkin. Hozircha bosh vazir marhum prezidentga o‘xshab xalqqa yaqin ekanini ko‘rsatishga jon-jahdi bilan urinmoqda. Balki bundan maqsad Karimovning obro‘si soyasida qudratga to‘lish bo‘lsa ne ajab.

Telekanallar muvaqqat prezidentning joylardagi uchrashuvlaridan lavhalarni efirga uzatar ekan, bir jihatga ko‘proq e'tibor qaratmoqda. Ya'ni u har yerda bir vaqtlar Karimov tilidan tushmagan mavzuga – tinchlik-osoyishtalikni saqlash birinchi galdagi vazifa ekaniga urg‘u beryapti. Bu vazifa tilga olingandan keyin esa gap yana «qo‘lga kiritilgan ulkan yutuqlarimiz», «ularni yanada ko‘paytirish», «prezident belgilab bergan yo‘ldan aslo qaytmaslik» mavzulari bilan davom etyapti.

Saylov imitatsiyasi

rasm1890
Prezidentlikka saylovlar nomigagina muqobil…

O‘zbekiston o‘z zamonaviy tarixining yana bir muhim davrida turibdi. Uzoq yillar mamlakatni yakkahokimlik, qattiqqo‘llik bilan boshqargan prezidentning kutilmagan vafoti ortidan yangi davlat rahbarini saylash zarurati o‘rtaga chiqdi.

Ammo aslida bu jarayonning eng faol ishtirokchisi bo‘lishi lozim bo‘lgan O‘zbekiston telekanallari hozir faqat bu boradagi rasmiy axborotlarni efirga uzatish bilan band.

Balki bu hali saylov kampaniyasi faol bosqichga o‘tmagani uchun shundaydir, deb o‘ylarsiz. Avvalgi saylovlarni yoritish, bu mavzuda tahliliy ko‘rsatuvlar tayyorlash tajribasidan kelib chiqilsa, o‘zbek telekanallarining o‘zini bunday tutayotganida hech qanday yangilik yo‘q.

Bo‘lajak saylov mamlakat taqdiri uchun o‘ta muhim ekanini hisobga olsak, aslida telekanallar hozirdanoq bu borada o‘ta faol bo‘lishi lozim edi. Afsuski, yana o‘sha eski teshik tog‘ora…

O‘zbek telekanallarining bosh siyosiy tok-shousi bo‘lgan «Munosabat» ko‘rsatuvi ham, uning boshlovchisi Quddus A'zamov ham saylov mavzusiga kelganda hali ham mum tishlab o‘tiribdi. Bundan xulosa shuki, yoki Qunduz amakini tok urib karaxt qilib qo‘ygan, yoki shu paytgacha unga saylov to‘g‘risida gapirishga ruxsat berishmagan.

Mustaqillik bayrami arafasida Q.A'zamov o‘z ko‘rsatuvlariga siyosiy partiyalar vakillarini taklif etib, «erishilgan yutuqlar», «partiyalar tomonidan demokratik, huquqiy davlat qurish yo‘lida prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilgan ulkan ishlar» haqida lof urgan edi.

Bugun esa bosh tok-shou yana eski mavzularda gapxonlik qilish bilan band. Yana o‘sha madhiyabozlik, paxta qo‘yish…

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
28 oktyabr 2015
Sutkalab svet yonmaydigan, gaz o‘tkazilgan holatda, gazni trubasidan havo ham kemaydigan qishloqda, dvijok yoqib o‘tirganizda, xayolingizni bo‘lib, televizordan yonayotgan ...
28 oktyabr 2022
Aziz og‘a ini, opa singil qadrdonlarim. Mana xafta aylanib siz bilan birgaman.MS: Tuz og‘a, O‘zbekistonda “NIMA QILISh KYeRAK?”  RT: ...
17 dekabr 2021
Rassom Tuz pivo quchoqlagan ayol karikaturasini chizib tarmoqqa qo‘ydi. “Rasmga izoh yozing. Eng yaxshi izohlar «Eltuz»da nashr etiladi”. Javoblar ...
8 fevral 2021
O‘zbekiston birinchi prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovani “O‘zbek malikasi” deb atashardi. U estrada xonandasi, moda va zargarlik buyumlari bo‘yicha ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...