Internetdan qo‘rqish kasalligi
O‘zbekiston nashrlarini kuzatib, internet to‘g‘risida turli vahimalar, uning zararini ko‘pirtirib ko‘rsatish barcha nodemokratik tuzumlardagi matbuotga xos xususiyat, degan to‘xtamga kelish mumkin.
O‘zbek matbuotida har kuni bo‘lmasa-da, kunora internetning zarari haqida maqolalar e'lon qilinib turishini avval ham aytgandik. Ularda ko‘proq internetning «milliy mafkuraga salbiy ta'siri, buzg‘unchilikni targ‘ib qilishi» haqida so‘z borardi.
Bu safar esa «Milliy tiklanish» gazetasi (12.10) neyroxirurgiya sohasi professori Ortiqboy Ernazarovga tayanib, «internet shaxsda fikriy rivojlanishni, mushohada, tahlil qilish, qobiliyatini, izlanuvchanlik va xotirani susaytiradi», deya xulosa chiqardi.
Gazetada yozilishicha, o‘zbekchada «chug‘urlamoq», «valjiramoq» ma'nolarini anglatuvchi «Twitter» ijtimoiy tarmog‘ida «axborotlar hech bir mas'uliyatsiz (asos-dalilsiz, yolg‘on-yashiq, mish-mishlar) tarqatilishini kuzatish mumkin».
Albatta, internetning hamma jihatlarini ham yaxshi deb bo‘lmaydi. Chunki unda zararli axborotlar ham ko‘p.
Ammo o‘zbek matbuotidagi maqolalardan ularning mualliflari aslida internetning erkin fikrlashga o‘rgatish, mavjud tuzumning salbiy xatti-harakatlaridan aholini xabardor qilish qudratidan qo‘rqayotganini sezish qiyin emas.
Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com