Urganchdagi «xomo-sovetikus»lar
Fotosuratchi Karl de Keyzer (Carl De Keyzer) 1989 yil avvaliga Toshkentga keyin esa Toshkentdan 1000 kilometr uzoq bo‘lgan Urganchga qo‘lida fotokamera bilan sayohat qildi.
«Magnum» fotoagentligi a'zosi Karl de Keyzer Urganch markazidagi chet elliklar uchun mo‘ljallangan ikki qavatli “Xorazm” mehmonxonasiga joylashtirildi.
O‘sha yillari “Xorazm” mexmonxonasida ishlagan Reyimboy ismli mulozimning eslashicha, bu mehmonxonaga joylashgan sayyoxlar Eshchonboy degan KGB zobiti boshchiligidagi ayg‘oqchilarning 24 soat nazoratida tutilgan.
Ammo tarixga “Gorbachev hurriyati” deya kirgan davrning so‘nggi yillaridan bo‘lgan 1989 yili imperiya cho‘ka boshlagan va bu imperiya qo‘riqchilari bo‘lgan josuslar hushyorligi susaygan bir vaqt edi.
Belgiyalik fotosuvratchi 30 aprel kuni mehmonxonadan yuz metrcha piyoda yurib Ogahiy nomli teatrning orqa xovlisida uzun bo‘yli rassomning birinchi may paradida ko‘tariladigan politbyuro a'zolari portretlariga so‘nggi jiloni berayotganiga ko‘zi tushadi.
Bu taniqli rassom, O‘zbekistonda hizmat ko‘rsatgan san'at arbobi Otaxon Olloberganov edi. Birinchi mayda ko‘tarib chiqiladigan bu rasmlar rassom uchun qo‘shimcha daromad manbai edi.
Bu rasmlardan birida peshonasidagi dog‘i retush qilingan SSSR go‘rkovi Mixail Gorbachevni tanish mumkin.
Fotosuratchi Karl de Keyzer 1989 yilning birinchi mayida Urganch shahridagi kommunistik paradni bir-bir tasvirga olar ekan, uning orqasidan poylagan KGB ayg‘oqchilari, nega bu suratchining Xivadagi obidalarni emas, balki har bir sovet shahrida uchratish mumkin bo‘lgan zerikarli parad karvonini suratga olayotganini tushunishmasdi deya eslaydi Reyimboy.
«Esimda Belgiyadan bir individual turist kelib kitob do‘kondan sovet otkritkalari sotib oluvdi. Oddiy otkritkalar. KGBda ishlaydigan Eshchonboy «bu turist sotib olgan otkritka namunalarini olib keling» deb meni do‘konga yuboruvdi. Eshchonboyning qo‘lida zenit–snayper degan fotoapparat bor edi. Mehmonxonaning o‘ng tarafidagi blogida KGB uchun ajratilgan xona bor edi. O‘sha xona balkonidan turib nazoratdagi turistlarni suratga olib o‘tirar edi», deya eslaydi “Sovinturist” shirkatining sobiq mulozimi Reyimboy.
Suhbatdoshga ko‘ra, mehmonxonadagi qorovuldan tortib ofitsiantkalargacha KGB ayg‘oqchilari bo‘lgan:
«Hammasining laqabi bor edi. Ular donos yozganida o‘sha laqabini yozishar edi. Mening laqabim “sarapoyon” edi. Bu men tug‘ilgan qishloqning nomi. Eshchonboydan boshqa o‘ris kgbchilar ham bor edi. Yura degan yigit bor edi, asli Kurskdan. “Mehribon” atelesining yonidagi domda turardi. Ira degan pediatr xotini bor edi, deya eslaydi Reyimboy 1989 yil Urganchni qamragan KGB zobitlari haqida gapirar ekan.
Shu ma'noda Urganch sovet kishilari ya'ni homosovetikuslar yashaydigan oddiy sovet provintsiyasi edi.
Fotosuratchi Karl de Keyzer uchun Xiva minoralaridan ko‘ra, mafkura manqurtlariga aylangan basharalar maftunkor edi.
Urganchda o‘tgan Birinchi may namoyishi haqida eslarkan, Keyzer SSSRning Moskva, Toshkent kabi shaharlaridan ancha yiroq bo‘lgasida ham bu bayram sanamlari – Lenin, Marks haykallariga sig‘inish ob'ektlari kabi qaralishini eslaydi:
«Biroq parad marosimi yakunlangach, odamlar tezgina bu suratlarni bir chetga qo‘yib aroq va shashlik tanovuliga kirishishadi».
O‘sha paytda 30 yoshida bo‘lgan suratchi SSSRning Moskva, Leningrad kabi shaharlari va Sibir, Ukraina, Moldaviya, Litva, Armaniston, Gruziya, Ozarbayjon va O‘zbekistanga sayohatlari asosida “HOMO SOVIETICUS” fotoalbomini chop qildi.
Albom qayta qurish davri deya tarixga kirgan 1986-1989 yillarni qamraydi. Belgiyalik suratchi sobiq sovetlar mamlakatining turli shaharlarida olingan 66 ta rasmi ichidan kitob muqovasi uchun aynan Urganchda olingan suratni tanladi.
Balki u butun sovet hududini kezib Urganchdan ham sovetroq bo‘lgan shaharni topa olmagandir.
Oradan 30 yilga yaqin vaqt o‘tib Litva, Gruziya kabi mamlakatlar “xomo-sovetikus” tamg‘asidan qutulib “xomo-sapiens” – ya'ni tafakkurli insonga aylanishdi.
Faqat Urganch mana 30 yildirki xomosovetikusning “Sug‘ur kunini” yashashga mahkum.
Faqat pogonlardagi KGB kalimasi MXXga almashdi.
Xanuz Urganchga kelgan chet ellikning orqasidan “eshchonboylar” poyloqchilik qiladi.
Ular qaysidir ma'noda KGBdagi ajdodlaridan o‘zib tazyiqning yangi formalarini o‘ylab topishmoqda. Masalan Urganchdagi Anvar ismli MXX xodimining Urganch galereyasidagi dissident rassomlar asarlarini yoqish tashabbusi 1989 yil belgiyalik fotosuvratchini oyog‘ini poylagan KGB zobitlarining hayolidan ham o‘tmagan bo‘lsa kerak.
Fotosuvratlar: www.carldekeyzer.com saytidan olindi
Akmal Rizaev
O‘zbekistonlik muallif tahallusi
Eltuz.com