Asosiy mavzular
17 fevral 2017

Farmonga qarab o‘zgaradigan ijtimoiy so‘rov

«Xalq so‘zi» gazetasi (15.02) «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazining yoshlar qiziqish va qarashlarini o‘rganishga bag‘ishlangan so‘rovi natijalarini e'lon qildi.

Unda bildirilishicha, so‘rov respublikaning barcha hududlaridagi 12-16 yoshgacha bo‘lgan maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan.

So‘rovdan respondentlarning 86,5 foizi bekamu ko‘st oilada yashayotgani, ota-onasi hayot kechirishlari va ta'lim olishlari uchun sharoit yaratib berayotgani, umuminsoniy va milliy qadriyatlar ruhida tarbiya olayotgani ayon bo‘lgan.

Bu degani 86 foizdan ortiq o‘zbek oilasi bekamu ko‘st yashayotganiga ishora ekaniga e'tibor qaratgandirsiz. Agar dunyoning eng rivojlangan davlatlari ham bunday ko‘rsatkichga havas qilishini e'tiborga olsak, «xalqimiz farovonligi» to‘g‘risida rasmiylar aytayotgan balandparvoz so‘zlarga ishonib qolishingiz hech gap emas.

Ma'lum bo‘lishicha, so‘rov chog‘ida har o‘ninchi ishtirokchi o‘zi suygan asar nomini aytishga biroz qiynalgan. 43 foizdan ortiq o‘quvchi esa, asosan, o‘quv adabiyotlarini mutolaa qilganini bildirgan.

«Bolalarda mustaqil o‘qishga bo‘lgan qiziqish juda past ekanligi, oilaviy mutolaa an'anasi deyarli yo‘qolib ketgani ham so‘rovda o‘z aksini topdi. Har o‘ninchi o‘smir maktab darsliklaridan tashqari birorta kitob o‘qimasligini tan oldi», deyiladi gazetada.

Shu o‘rinda so‘rovida har doim faqat ijobiy jihatlar ko‘rsatilib, salbiy holatlar tilga olinmaydigan markaz nega birdaniga bunday «haqiqatparvar» bo‘lib qoldi, degan savol tug‘ilishi mumkin.

So‘rov xulosalariga e'tibor qaratilsa, ijobiy jihatlarga oid foizlar hali ham yuzning tagida turibdi. Faqat mutolaa masalasiga kelganda bunday an'anadan voz kechilgan.

Aslida «Ijtimoiy fikr»dagilar bu borada ham ijobiy baholar ko‘rsatishga qodir edi. Ammo prezidentning yaqinda kitobxonlik darajasini oshirish masalasida hujjat imzolagani ularni bunday qilishdan tiyib qolgani aniq.

Bu esa «Ijtimoiy fikr» markazi so‘rovlari aynan hukumatning ko‘rsatmasidan kelib chiqib tayyorlanadigan xulosalardan iborat bo‘lishi haqidagi fikrlar to‘g‘riligini yana bir bor isbotlaydi.

Shuningdek, gazetada «Jahon» axborot agentligi tomonidan tayyorlangan, O‘zbekistondagi ilm-fan ravnaqiga oid xorijiy ekspertlar fikri o‘rin olgan maqola ham chop etildi.

«Respublikamizda ilm-fanni rivojlantirish va uni yangi darajaga olib chiqishga qaratilgan e'tibor xalqaro akademik doiralar hamda xorijiy mamlakatlarning jamoatchilik va ilmiy intelligentsiya vakillari tomonidan ham keng muhokama etilmoqda», degan yolg‘on bilan boshlanadi maqola.

Yolg‘onligi to‘g‘ri-da axir. Xorijlik ilmiy doiralaru jamoatchilik vakillarining bizdagi ilm-fan ravnaqini keng muhokama qilishdan boshqa tashvishi yo‘qmi?

Ayniqsa, Germaniyaning «Yevropa-Berlin» jamiyati raisi Verner Furman bu borada gapirar ekan, O‘zbekiston prezidentining ishlarini olqishlashda hatto o‘zimizning olimlarimizni ham ortda qoldirgan.

Uning maqolada keltirilgan oltita uzundan-uzun gapidan uchtasida o‘zbek prezidentiga «paxta qo‘yilgan».

Agar «Jahon» AAga ishonilsa, Germaniya vakili «…O‘zbekiston rahbarining olim va mutaxassislar hamda ishlab chiqarish sohasi vakillari salohiyatini birlashtirish, imkoniyatlardan unumli foydalanish borasidagi intilishlarini yuqori baholaymiz», deya lutf qilgan.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
19 yanvar 2016
Yetti yildan buyon qamoqda qolayotgan inson huquqlari himoyachisi G‘aybullo Jalilov og‘ir ahvolda Sangorodga o‘tkazilgan. Bu haqda Eltuzga mahkumning hamkasbi ...
8 aprel 2023
Olti yilcha oldin bir aziz do‘stim Saudiyaga zaruriyat yuzasidan borib keldi. Safar tafsilotlarini aytar ekan «Saudiyada yashaydigan o‘zbek olim» ...
22 avgust 2018
Promka hojatxonasi orqasidagi katta o‘ra najas bilan liq to‘la. Qo‘lida uchi ayri uzun xoda ushlagan G‘ulom najas olti nafar ...
10 fevral 2017
Deputatlar ham kutib turgan ekan shekilli, prezidentning faol bo‘ling, degan topshirig‘idan keyin bel bog‘lab xalq bilan ham tillashishga tushib ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...