Asosiy mavzular
27 fevral 2017

Haq olinur, berilmas!

Oldingi dayjestlarimizda bir necha bor O‘zbekistonda rasman ro‘yxatdan o‘tgan elektron ommaviy axborot vositalarida uyg‘onish epkini esayotgani, ular avval umuman tilga olinmagan mavzularni qalamga olayotganiga e'tibor qaratgan edik.

Bugun ham shu mavzuni davom ettirib, elektron OAVlardagi bu vaziyatga biroz kengroq yondashish istagidamiz.

Ko‘pchilik e'tibor beryaptiki, O‘zbekistondagi OAV, aytish joiz bo‘lsa, yurt uchun hozirgi yangi bir bosqichda biz o‘n yillar davomida ko‘nikib qolganimiz biqiq muhitdan chiqib, o‘zining «qimmatbaho to‘ni»ni teshib chiqqan pilla kapalagi singari toza havodan nafas olish hamda parvoz va erkinlik zavqini tuyish harakatidadir.

Kun.uz, Nuz.uz, Tafsilot.uz kabi saytlarda bu o‘zgarishlar nisbatan ko‘proq ko‘zga tashlanmoqda. Ilgari elektr, gaz tanqisligi muammosini ko‘tarilarmidi? Tekis yuzasidan ko‘ra o‘ydim-chuquri ko‘p yo‘llar masalasi-chi? Ishsizlikni-chi?
Bugun bu muammolar elektron OAVdan tashqari bosma gazetalarimizda ham bot-bot ko‘tarilmoqda.

Hatto hukumatning eng rasmiy axborot vositasi bo‘lish O‘zbekiston Milliy axborot agentligi ham o‘zgarishga uringandek bir-ikki harakatini ko‘rsatdi. Ilgari davlat rahbarining bir viloyatga borgani to‘g‘risidagi xabarni yarim kechagacha kutish kerak edi. Endi O‘zA prezidentning viloyatlarga chiqib, har bir tumandagi uchrashuvi haqida imkoniyati darajasida tezkor xabar tarqatishga harakat qilmoqda.

Hatto bu o‘zgarishni tezda ilg‘agan bir jurnalist rasmiy axborot agentligining bu xatti-harakatlarini maqtab ham chiqdi.

«Mustaqillik tufayli yurtimizda bahor keldi» kabi sarlavhalari bilan mashhur bo‘lgan O‘zA tezkor xabarlar tarqata olishini isbotladi», deganga o‘xshash maqtovni ham aytib o‘tdi.

Ilgari O‘zA prezidentning viloyatlarga tashrifiga ko‘p bo‘lsa, bitta muxbir va bitta fotomuxbir jo‘natardi. Ma'lum bo‘lishicha, hozir davlat rahbarining biror viloyatga tashrifiga O‘zAning kamida o‘nta muxbiri hamroh bo‘lib boryapti.
Televideniedan borayotgan guruhlar a'zolarining soni ham 30 nafarga yaqinlashib qolgan emish.

Biz ham yuqorida tilga olingan jurnalistning maqtoviga to‘liq qo‘shilmagan holda bir istiholani aytib o‘tmasak bo‘lmaydi. O‘zA yangi davrga ham eskicha ruhiyati bilan kirib keldi. Bugun ham agentlikning xabarlari «prezidentimiz rahnamoligida», «muhtaram prezidentimiz» kabi Islom Karimov davridan meros jumlalar bilan to‘la.

To‘g‘ri, O‘zAda aniq muammolar tilga olinmaydi yoki umumiy jumlalarda eslatib o‘tiladi. Eslatib o‘tilganda ham muammolarning ildizlari ochilmaydi, tahlil etilmaydi, aybdorlar ochiq aytilmaydi.
Bu kabi holatlarni muammolarni ayta olayotgan norasmiy elektron OAVlar faoliyatida ham uchratish mumkin. Ammo O‘zAdan farqli o‘laroq, ularda muammolar kengroq tilga olinmoqda, ildizlari imkon qadar ko‘rsatib berilishiga intilish bor.

Bitta misolni keltirib o‘tamiz. Prezident ishtirokidagi turli uchrashuvlar haqidagi maqolalarning O‘zA va boshqa erkin elektron OAVlarda yoritilishida juda katta farq mavjud. Birgina o‘tgan yil yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishning yoritilishiga e'tibor qaratishingiz kifoya.

Albatta, rasmiy agentlik va xususiy saytlar faoliyatining o‘ziga xos jihatlari bor. Shunga qaramay, ma'lumot olish borasida O‘zAning imkoniyatlari kengligini hisobga olsak, agentlikning bugungi holati hali ham ayanchlidir, degan xulosaga kelish mumkin.

Xususiy elektron OAVlarning «maydonni kengroq olish»ga urinayotgani diqqatga sazovor. Ayniqsa, Kun.uz saytining bu boradagi faoliyati e'tiborga loyiq.
Kun.uz saytining bir necha maqolalari shov-shuv bo‘ldi. Ularning ba'zilari sayt tomonidan tayyorlangan, ayrimlari boshqa saytlardan tezkorlik bilan ko‘chirib bosilgan. Shuning o‘ziyoq Kun.uz erkinlik sari boshqalardan ko‘ra ko‘proq intilayotgandek taassurot uyg‘otadi.

Samarqanddagi elektr tanqisligi haqida Nuz.uz dan ko‘chirib bosilgan maqola, bittagina kichkina ma'lumotni taqdim etishni haftalab cho‘zgan Markaziy bank tanqid qilingan mualliflik maqolasi Kun.uz ning bugungi intilishlarini ko‘z-ko‘z qiladigandek ko‘rinadi.

Bundan tashqari, so‘nggi vaqtlarda Kun.uz bir ishga qo‘l urdiki, bu so‘nggi yillardagi o‘zbek jurnalistikasi uchun kattagina yangilik sifatida qabul qilinmoqda. Bu o‘zgarish sayt muxbirlarining viloyat hokimlari bilan yuzma-yuz intervyular uyushtirish harakatlaridir.

Yaqinda bu harakatlarning ilk mahsuli – Andijon viloyati hokimi bilan videointervyu e'lon qilindi. Unda turli mavzular ko‘tarildi, hokim viloyatni rivojlantirish, u yerdagi muammolarni yechish, aholining dardlarini tinglash kabi masalalarda o‘z nuqtai nazarini bildirdi.

Nazarimizda, bu o‘rinda asosiy jihat videointervyuda ko‘tarilgan masalalarda emas, balki hokimning norasmiy OAV vakili bilan suhbatlashganidadir. Chunki shu vaqtgacha o‘zbek jurnalistikasida bunday hodisalar anqoning urug‘i misol bo‘lib kelgandi.

O‘zbek OAVlarida yuz berayotgan bu kabi o‘zgarishlar haqida ko‘p gapirish mumkin. Lekin bu o‘zgarishlarga sabab nima, degan savol o‘rtaga chiqishi tabiiy.

Gap shundaki, yangi prezident qudratga minar-minmas «xalq bilan muloqot qilish» ishtiyoqi balandligini baralla ayta boshladi. U ikki gapining birida «xalq davlat uchun emas, davlat xalq uchun ishlashi kerak»ligini ta'kidlamoqda.
Prezidentning mana shunday umidbaxsh xatti-harakatlari, rahbarlarni «olib borib olib kelayotgani» ortidan oliy hokimiyat doiralarida qandaydir mavhumlik hukmron surayotgandek taassurot paydo bo‘lmoqda.

Bu mavhumlik sharoitida hukmron doiralar vakillari prezident o‘zi e'lon qilgan siyosiy kursini ayni yo‘nalishda davom ettiradimi yoki asta-sekin vaziyat yana avvalgi holatiga qaytadimi, degan savol qarshisida qoldi.

Ammo bu savolning javobini hozircha ko‘pchilik bilmayapti. Fikrimizcha, o‘zbek jurnalistikasi mana shunday bir vaziyatda loyqa hovuzdan keng dengizga chiqish yo‘lini qidirayotgan baliq kabi holatdadir. Go‘yoki hukmron doiraning haqiqat to‘lqinlari yo‘lida qurgan to‘g‘onini imkon qadar yemirishga intilmoqda.

Biroq yillar davomida xalq qonini zulukdek so‘rib kelgan hukmron doiralar hech qaerda, hech qachon osonlikcha o‘ljasidan voz kechgan emas. Erkin matbuot zuluklar yuzidagi pardani ochib tashlashini ular juda yaxshi tushunadi.
Shuning uchun jurnalistlar «endi matbuotga ham erkinlik berildi, asta-sekin maqsadimizga yetamiz», deb chizib berilgan chegara doirasida «erkinlashish» o‘rniga dadil qadamlar qo‘yib, haqiqiy erkinlik uchun hayot-mamot jangiga kirishishi kerak.

Zero, haq olinur, berilmas!

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
27 mart 2019
27 mart kuni o‘zbekistonlik aralash janglar ustasi Murod Xonto‘raev uchinchi bor pichoqlandi. Sportchining jarohati jiddiy emasligi bildirildi. Xonto‘raev dastlab ...
13 may 2019
Bosh vazir Abdulla Aripovning 6 mayda imzolagan IIV, mudofaa, Milliy gvardiya, bojxona xodimlari bolalarining oliy o‘quv yurtlariga imtihonsiz o‘qishga ...
11 noyabr 2017
Jizzaxlik Mahkam Jo‘raeva 18 oktyabr kuni «Jasliq» qamoqxonasida jazo muddatini o‘tayotgan o‘g‘li Furqat Jo‘raevni ko‘rgani borganida uni BMTning inson ...
19 iyul 2016
Rossiya imperiyasi olib borgan ishg‘olchi urushlar natijasida Markaziy Osiyodagi xonliklarga oid ulkan tuproqlar, o‘sha yerlarda yashagan “tuzemets”lar bilan birga ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...