Asosiy mavzular
27 mart 2017

Bahor keldi – Mirziyoevga raxmat

Bahor dunyoning turli nuqtalarida turlicha keladi. Chunki bahorni hamma o‘zgacha talqin qiladi, o‘z bilganigacha ta'riflaydi.

O‘zbekistonning bosma nashrlari ham bu yil mamlakatda bahor o‘zgacha kelganini o‘z ta'rifida o‘zgacha ta'rifladi.

Eyforiya ham o‘zgacha bo‘ldi. O‘zgachaligi shuki, avval bahor marhum prezident nomiga yondosh kelar edi, bu yil yangi prezident nomi bilan yondosh keldi.

Qaysi gazetani qaramang, Navro‘z bayramini olqishlash qatorida yangi prezidentga hamdu sanolar yonma-yon bo‘ldi.

Navro‘zbop maqolalar bilan to‘lgan nashrlar rasmiy materiallarga ham o‘rin berdi. Busiz bo‘lmaydi, albatta. «Xalq uchun kuyib-yonayotganlar»ning ham ishini ko‘rsatish kerak-ku…

Xususan, «XXI asr» gazetasi (23.03) O‘zLiDePning «bayram shodiyonalari» qanotida partiya guruhlari faollari ishtirokida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazgani to‘g‘risida xabar tarqatdi.

«Ochiq-oydin mulohaza yuritilgan», «ishga qat'iy intizom va mas'uliyat bilan yondashish», «bir kuch bo‘lib birlashish» haqida fikr yuritilgan bu yig‘ilishda tilga olingan bir raqam kishini o‘ylantiradi.

Maqolada yozilishicha, o‘tgan yili Farg‘ona viloyatida 2 ming 632 ta tadbirkorlik sub'ekti ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, 2 ming 845 nafar tadbirkor o‘z faoliyatini tugatgan.

Avvalgi sharhimizda Surxondaryoning bir tumanida ro‘yxatga olingan fermerlarning 40 foizga yaqini umuman ishlamayotganini yozgandek. Endi esa boshqa bir viloyatda ishlayman degan tadbirkordan ko‘ra o‘z ishini yopganlari soni ko‘proq ekaniga guvoh bo‘lib turibmiz.

Bu nimadan darak beradi? Mazkur raqamlarni ko‘rib, nahotki yangi prezidentning tadbirkorlikni himoya qilish, ularga qayishish harakatlari ish bermayotgan bo‘lsa, degan xayolga kelmaysizmi?
Nega fermerlar ishlashni xohlamayapti? Nega tadbirkorlar o‘z ishini tashlab qochyapti? Bu yangi prezidentga ishonchsizlikmi yoki mamlakatda biznes muhiti yaxshilanish o‘rniga yomonlashayotganidan darakmi? Bunday savollarga kimdan javob olish mumkin?

Afsuski, «intizom va mas'uliyat – muvaffaqiyat omili» ekanini ta'kidlagan gazetada bu savollarga javob yo‘q.

Balki Navro‘z eyforiyasi o‘tganidan so‘ng bu gazeta va boshqa bosma nashrlar birgina viloyatda nega minglab tadbirkor o‘z faoliyatini tugatishga majbur bo‘lgani haqida tahliliy maqola e'lon qilar…

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
19 oktyabr 2019
Rassom Tuz Eltuz.com
21 yanvar 2016
Sifatsiz xizmat uchun to‘lovlar oshadi Sputnik internet nashri 2016 yil 1 yanvardan O‘zbekistondagi mobil aloqa operatorlari uchun soliq to‘lovidagi ...
20 iyun 2016
Kam ta'minlanmagan xonadon qolmagan Shibzon mahallasi haqida yozgan «Qishloq hayoti» gazetasini sinchiklab qayta o‘qigan odam, o‘z tomorqasiga tezak olib ...
28 mart 2023
«Yuzuk-Art» tashkiloti faollari tashabbusi bilan 23 mart kuni Amerikadan topilgan va O‘zbekistonga keltirilgan «Buxoroning bombardimon qilinishi» triptixi xotirasini yo‘qotishga ...
Bloglar
22 noyabr 2024
Qudratlar ayrilgan tuzum, ya'ni demokratiya avtokratiyadan yaxshidir. Bu gapni aytaverib tilim qavardi. Demokratik jamiyat bo‘lgan ...
28 oktyabr 2024
(Eltuzga telegram orqali kelgan maktub) “Xorazm viloyati Urganch tumanlararo sud raisi Yo.A.Almosov janobi oliylarining bugungi ...
24 oktyabr 2024
Bir odam hammaga yaxshilik qilishga so‘z beribdi. Qo‘shnisi kelib uni otini so‘rab olib minib ketganicha ...