Toshkentlik imom erkak ginekologlarga qarshi chiqdi
Toshkentdagi «Mirza Yusuf» masjidi imom xotibi, 42 yoshli, Rahmatulloh Sayfuddinovning erkaklarning doyalik qilishiga qarshi targ‘iboti ijtimoiy tarmoqda va turli saytlarda ziddiyatli fikrlarga sabab bo‘ldi. (Foto: generation.uz)
“Bu sharmandachilikka mustabid tuzum davrida mubtalo bo‘lganimiz yetadi. U paytlar ko‘pgina qadriyatlarimiz oyoqosti qilingan, qadrimiz toptalgan davr edi. Bu ishlar bizning ixtiyorimizda emasdi, shuning uchun erkak kishining doya bo‘lishiga oddiy narsa deb qaraldi, ayollar orasida esa erkakning qo‘li yengil bo‘lar ekan, degan gap ham tarqab, erkak doyalarga muxlislik ko‘paydi”, deya yozdi hilol.uz Rahmatulloh Sayfuddinovning fikrlaridan iqtibos keltirib.
O‘zbek imomi ko‘targan bu mavzu yuzasidan Eltuz muxbiri bir qancha o‘zbek faollari fikrini o‘rgandi.
Ginekologiya bilan imomlar shug‘ullanmagani ma'qul
Huquqshunoslikdan tahsil olayotgan, kanadalik Dilsora Fozilova masjid imomining fikriga mutlaqo qo‘shilmasligini bildiradi.
“Shifokorlik ulug‘ va mashaqqatli kasb. Uni har kim ham qilolmaydi”, deydi u.
Uning fikricha, quruvchi uchun qurilayotgan uy, injener uchun yangi loyiha rejasi, o‘qituvchi uchun sinf to‘la talaba bo‘lgani kabi, shifokor uchun inson tanasi uning kasbi ob'ektidir.
“Qori akalarga bir boshqa mutaxassis din yoki qur'ondan maslahat berib ko‘rsinchi qanday qabul qilisharkan? Har bir sohaning o‘z bilimdoni bor va ularning sohasida nima eng muhimligini faqat ulargina bilishadi.”
Fozilova shuningdek, tibbiyot sohasidagi vaziyat bugungi kunda Sayfuddinov o‘ylaganidek emasligiga ham e'tibor qaratadi.
«Hamma ginekologlar erkaklar emas, shunday ekan ayollarda tanlash imkoniyati bor, modomiki ular erkak shifokor ko‘rishini istamasa», deydi u Eltuzga bergan intervyusida.
Uning fikricha, qaysi shifokorni tanlash bemorning o‘z huquqidir, haq qanday bemorni davolash shifokorning burchidir.
“Sharmandalik bu menimcha ayolning imkoniyatlarini cheklashga harakat qilish va shu bilan uning hayotini va sog‘lig‘ini havf ostida qoldirishdir.
Munozara shifokorning ayol yoki erkak bo‘lishi haqida emas, malakali mutaxassislik haqida bo‘lishi lozim”, deydi kanadalik huquqshunos Fozilova Dilsora.
Ularning ayollar avratidan boshqa muammosi yo‘qmi?
«Ayol va erkak-tongdan shomgacha» fotoalbomi va «Bokiralik yuki» hujjatli filmi muallifi, taniqli fotorassom, Umida Ahmedova Toshkentlik imomning “Erkaklar doyalik qilmasin!” degan chaqirig‘ini «Do‘ppi o‘rniga kalla olib kelish» deya ataydi.
«Ularga yo‘l qo‘yib berisa hammaning boshini qotirib tashlashadi. Shifokorni erkak va ayolga ajratib bo‘ladimi? U vrachku!
Masalan, qon ketib qolayotgan bo‘lsa-yu, ayolning hayoti havf ostida bo‘lsa, erkak doktor kelmasin, deb o‘tiriladimi?
Axir «kaltakning ikki tomoni bor», deyishadiku.
Juda aqlli bo‘lsa, nima sababdan ayollarimiz mardikorlik qilayotganini gapirishmaydi? Sovet davrida hech qachon ayollar mardikorlik qilmagan. Nima sababdan ayollarimiz ish qidirib tarqab ketishayapti?
Mullalarning o‘zlari xasta xotinlarni qabul qilib ko‘rishlari, bolasiz ayollarning “dam soldirish” uchun mullaga borishlari haqida nega gapirilmaydi. Bunga chek qo‘yish kerakmasmi?
Bu ahmoqgarchilikning oldi olinishi kerak, bu havfli tendentsiya”, deydi Umida Axmedova imomning erkaklarning doyalik qilishiga qarshi chaqirig‘iga javobani.
Shunchaki populistik chiqish
Bugungi kunda O‘zbekistonda «yolg‘on hadislar asosida din tijorati bilan shug‘ullanayotgan» rasmiy mullalarni tanqid qilib kelgani ortidan o‘zi ham ularning tazyiqiga uchragan tahlilchi Kamoliddin Yo‘ldosh, imomning so‘zlarini shunchaki populistik chiqishga o‘xshab ketishini aytadi.
«Bizdagi imomlar, afsuski, o‘z mavzusidan tashqarida sayr etishni xush ko‘rishadi, ayniqsa gap ayollar haqida ketganda», dedi u Eltuz muxbiriga bergan intervyusida .
Kamoliddinning fikricha, imomning vazifasi akusher-ginekologiya mavzusida va'z o‘qish emas, balki har juma xalqqa namoz o‘qib berishdir.
«Agar imomning niyati qat'iy va samimiy bo‘lsa, ya'ni erkak doyalarga chek qo‘yishga qasd qilgan bo‘lsa, uning keyingi qadami – buni huquqiy tashkillashtirishga kirishish bo‘lardi.
Bunga kirishishi dargumon, chunki tepadagilar bir kaltak bilan joyiga o‘tqazib qo‘yadi.
Shu bilan qahramonlik qissasiyam tugaydi», deydi Kamoliddin Yo‘ldosh .
Boshqa tarafdan, Kamoliddinning fikriga ko‘ra, erkak doyalarnig ko‘payishiga sababchi o‘sha mullalarning o‘zlaridir.
«Qizlarni o‘qishi, ilm olishiga, ayniqsa balog‘at yoshiga yetgan qizlarni kasb xunar o‘rganishiga qarshi targ‘ibot qilishadi.
Islomda biror narsani ta'qiqlashdan oldin uning muqobili yuzaga keltiriladi» deydi Kamoliddin Yo‘ldosh.
Kasb jins tanlamaydi
«Masalani ko‘targanda hamma ko‘ngilga yoqmagan ishlarni sobiq tuzumga ag‘darmaslik kerak», deydi o‘zbekistonlik psixolog olim va yozuvchi Mahmud Yo‘ldoshev.
U shifokorlarni ayol va erkakka ajratish masalasi o‘z haqiqatini olishi kerak degan fikrda.
«Agar bu masalaga faqat jins jihatidan qarasak, Ibn Sinoni vrach sifatida, meditsinamizning otasi sifatida go‘rida tinch yotishiga qo‘ymagan bo‘lamiz», deydi u.
«Kishining o‘lim va hayot masalasi turganda bu inson o‘ziga, ya'ni jinsiga qarab vrach tanlamaydi. Mening fikrim Mullalar mo‘llaligini qilsin, dunyoviy ishlarga aralashmasin. Bizning davlatimiz dunyoviy davlat. Agar ular dunyoviy ishlarga burnini suqadigan bo‘lsa albatta ularning burnini qonun yo‘li bilan qisqartirishga, ya'ni O‘zbekiston respublikasining asosiy qonuni Konstitutsiya bilan cheklashga to‘g‘ri keladi.
O‘sha qonunimizda kasb tanlashda kasb jinsga qarab tanlanadi deyilmagan. Demak, mening, yoki boshqa biron kishining vrach ginekolog bo‘lishiga hech qanday to‘siq yo‘q. Kim xohlamasa falonchiga davolanishga borishni , boshqasiga boraversin. Hech kim falon do‘xtirga borasan deb majburlanmaydi», deydi Mahmud Yo‘ldoshev.
Eslatib o‘tamiz, erkaklarni doyalik qilishini sharmandalik deya atagan Rahmatulloh Sayfuddinov 2016 yilning 28 aprelida Yunusobod tumani “Bodomzor” dahasidagi “Mirza Yusuf” jome masjidiga imom xatib qilib tayinlangan edi.
Bundan ilgari uning qiziqchi artistlarni tanqid qilgan videosi tarmoqda tarqalgan, bunda imom “Million” va “Dizayn” jamoasi artistlarini “millat tarbiyasini buzadigan shaytonlar” deya atagan edi.
Eltuz.com